Samarqand viloyatidagi oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-209-son)
26.05.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Samarqand viloyatidagi oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojni xalqaro standartlarga muvofiq qoplash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
1. Ushbu qarorning asosiy maqsadi Samarqand viloyatidagi oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, hududda muhandislik, axborot texnologiyalari, pedagogika va iqtisodiyot sohalari boʻyicha zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashni yanada rivojlantirish hisoblanadi.
II. Ayrim oliy taʼlim tashkilotlarini qayta tashkil etish
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universitetini tashkil etish;
(b) Samarqand davlat universitetiga Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialini qoʻshib olish;
(v) Samarqand davlat pedagogika institutiga Samarqand davlat universiteti Urgut filialini qoʻshib olish hamda mazkur filial bazasida Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
(g) Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialini qoʻshib olish.
3. Belgilansinki:
(a) Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining talabalari oʻqishini Samarqand davlat texnika universitetida;
(b) Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali hamda Samarqand davlat universiteti Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetining talabalari oʻqishini Samarqand davlat universitetida;
(v) Samarqand davlat universiteti Urgut filialining Pedagogika va tillarni oʻqitish fakulteti talabalari oʻqishini Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakultetida;
(g) Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining talabalari oʻqishini Samarqand iqtisodiyot va servis institutida davom ettiradi hamda belgilangan tartibda oʻqish yakuni boʻyicha ularga mazkur oliy taʼlim tashkilotlarining diplomi beriladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Samarqand davlat universiteti Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetining 2025/2026 oʻquv yilida tahsil olayotgan talabalariga oʻqishini tugatgunga qadar Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti binosida taʼlim olish imkoniyati yaratiladi.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Samarqand davlat texnika universiteti davlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
(b) Samarqand davlat texnika universiteti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Samarqand davlat pedagogika instituti mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq tegishli oliy taʼlim tashkilotlarining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadi.
6. Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat texnika universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Samarqand davlat pedagogika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Hududdagi oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
(a) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda mazkur qarorda koʻzda tutilgan oliy taʼlim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan professor-oʻqituvchilar va doktorantlari xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga malaka oshirish va ilmiy stajirovkaga yuborilishini taʼminlasin;
(b) 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab Samarqand davlat texnika universitetida Intellektual suv texnologiyalari ilgʻor muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etsin;
(v) hududdagi sanoat korxonalarining ehtiyojlariga muvofiq bosqichma-bosqich muhandislik va ishlab chiqarish texnologiyalari sohalari boʻyicha yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash choralarini koʻrsin.
8. Samarqand viloyati hokimligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda:
(a) soha xususiyatidan kelib chiqib, Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat texnika universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda hududdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida sanoat hamkorligi oʻrnatilishiga koʻmaklashsin, shuningdek, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini samarali yoʻlga qoʻysin.
Bunda erishilgan kelishuvlar asosida birgalikda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, talabalar va yosh olimlarning ilmiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash buyurtmalarini shakllantirish, taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid hamkorlik loyihalari amalga oshirilishini taʼminlasin;
(b) chet ellik va (yoki) xorijiy yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchisi boʻlgan mutaxassislarni, yetakchi xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni shartnoma asosida oliy taʼlim tashkilotlariga jalb etish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
9. Belgilab qoʻyilsinki, Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat texnika universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda va Samarqand davlat pedagogika instituti faoliyatini moliyalashtirish:
(a) Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari, grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
(b) 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritgan holda amalga oshiriladi, 2027-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. 2026 — 2028-yillarda Samarqand viloyatidagi oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
13. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari I.T. Siradjev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-may,
PQ-209-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PQ-209-son qaroriga 1-ILOVA
Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat texnika universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Samarqand davlat pedagogika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar
ROʻYXATI
Izoh: mazkur ilova va kadastr hujjatlarida davlat koʻchmas mulk obyektlarining manzillarida hamda egallagan, shu jumladan, bino va inshootlar egallagan maydon koʻrsatkichlarida yoki balansda saqlovchilarda tafovut mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu davlat koʻchmas mulk obyektlari kadastr hujjatlari asosida balansdan balansga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PQ-209-son qaroriga 2-ILOVA
2026 — 2028-yillarda Samarqand viloyatidagi oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2026-y., 07/26/209/0546-son)
