Davlat arxivlari xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning namunaviy mehnat normalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3840-son)
26.05.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 26-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3840]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-son “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Davlat arxivlari xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning namunaviy mehnat normalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq 2027-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-may,
20-mh-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2026-yil 25-may
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2026-yil 30-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 26 maydagi 20-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Davlat arxivlari xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning namunaviy mehnat normalari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi Oʻzbekiston milliy arxivlari va markaziy, viloyat, tuman, shahar davlat arxivlari (bundan buyon matnda davlat arxivlari deb yuritiladi) xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning namunaviy mehnat normalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Davlat arxivlari xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning namunaviy normalari mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq belgilanadi.
2. Davlat arxivlari xodimlarining tarkibiga boshqaruv xodimlari, ishlab chiqarish xodimlari va yordamchi xodimlar kiradi.
2-bob. Davlat arxivlari xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning namunaviy mehnat normalarini shakllantirish
3. Oʻzbekiston milliy arxivlarida hamda saqlov birligi hajmi 500 mingdan ortiq boʻlgan davlat arxivlarida quyidagi tegishli tarkibiy tuzilmalar (boʻlimlar) tashkil etiladi:
Arxiv hujjatlarining saqlovini taʼminlash va davlat hisobini yuritish boʻlimi;
Arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha jamlash manbalari bilan ishlash boʻlimi;
Maxsus fondlar boʻlimi;
Rejalashtirish va ilmiy-metodik ishlari boʻlimi;
Arxiv hujjatlaridan foydalanishni tashkil etish boʻlimi;
Raqamlashtirish va restavratsiya qilish laboratoriyasi.
4. Saqlov birligi hajmi 500 minggacha boʻlgan davlat arxivlarida tarkibiy tuzilmalar (boʻlimlar) tashkil etilmasdan, tegishli shtat birliklari saqlanadi.
5. Saqlovdagi hujjatlarning hajmi arxiv tomonidan har yili 1-yanvar holatiga tasdiqlanadigan 1-shakl “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining davlat saqlovidagi hujjatlarni saqlashni tashkil qilish haqida” statistik hisoboti boʻyicha aniqlanadi.
Davlat arxivlarida saqlanadigan hujjatlarning umumiy hajmi boshqaruv, shaxsiy tarkib, shaxsiy kelib chiqish, ilmiy-texnikaviy va tibbiyot, kino, surat va ovozli hujjatlardan iborat.
6. Arxivlarning asosiy ish turlari boʻyicha vaqt va ishlab chiqarishning namunaviy meʼyorlaridan kelib chiqib, davlat arxivlarining shtat birliklari soni iqtisodiyot va moliya organlari bilan kelishilgan holda 10 foizgacha oshirilishi mumkin.
Ayrim lavozim shtat birliklarining ajratilishida davlat arxivlari tomonidan foydalanayotgan, balansda saqlovchisi arxiv ishi hududiy boshqarmasi boʻlgan binolar inobatga olinadi. Davlat arxivlari tomonidan binoni (xonani) ijaraga olayotganda, ushbu lavozimlar iqtisodiyot va moliya organlari bilan kelishilgan holda (ijara shartnomasini koʻrsatgan holda) kiritiladi.
3-bob. Yakuniy qoida
7. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Davlat arxivlari xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning namunaviy mehnat normalari maydagi nizomga ILOVA
Davlat arxivlari xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning
NAMUNAVIY MEHNAT NORMALARI
Izoh:
1) Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi va Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi xodimlarining soni va lavozimlarni kiritishning mehnat normalari saqlov birligi hajmi 500 mingdan 1000 minggacha boʻlgan davlat arxivlari uchun belgilangan normalar asosida belgilanadi;
2) Ish hajmi va sharoitlariga koʻra mazkur namunaviy mehnat normalarini qoʻllash mumkin boʻlmasa, qoʻshimcha shtat birliklari, shuningdek ushbu jadvalda nazarda tutilmagan yordamchi xodimlar boʻyicha qoʻshimcha shtat birliklari (lavozimlar) iqtisodiyot va moliya organlari bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
