Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida (PF-98-son)
26.05.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari uchun ilgʻor yechimlarni yarata oladigan yangi avlod ilmiy kadrlarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish, ilmiy kengashlar faoliyatida zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, izlanuvchilarni tayyorlashda ustuvorlik mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Belgilansinki, ushbu Farmonning asosiy maqsadi oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini takomillashtirish, doktorantlar tayyorlash jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, dissertatsiya tadqiqotlarining sifati, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish hisoblanadi.
II. Ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlari
2. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida nazarda tutilgan mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib, ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tayanch doktorantura va doktorantura (keyingi oʻrinlarda — doktorantura)da kadrlar tayyorlashda:
(i) doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi 1-ilovaga muvofiq ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlariga oid ixtisosliklar (keyingi oʻrinlarda — ustuvor ilmiy ixtisosliklar)ga ajratiladi;
(ii) differensial stipendiya tizimi joriy etilib, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya toʻlanadi;
(iii) ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga tadqiqot ishida zarur boʻladigan asbob-uskuna va boshqa tovarlarning xaridi uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qoʻshimcha mablagʻ doktorant tahsil olayotgan oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilotga yoʻnaltiriladi;
(iv) tayanch doktorantura bosqichining birinchi oʻquv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish, statistika va maʼlumotlar tahlili kabi fanlar boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi;
(b) ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul kirish imtihoni oʻrniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti asosida amalga oshiriladi. Bunda taqdimotga qoʻyiladigan talablar oliy taʼlim va ilmiy tashkilot tomonidan mustaqil belgilanadi;
(v) ilmiy rahbarga doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmogʻida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega boʻlish talabi joriy etiladi;
(g) oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilishda tegishli fan yoʻnalishlarida milliy sertifikatga ega boʻlgan talabgorni mutaxassislik fani boʻyicha imtihondan ozod etib, unga maksimal ball berish tartibi bekor qilinadi;
(d) 2027-yil uchun qabuldan boshlab ilmiy rahbarlik (maslahatchilik) uchun oylik toʻlov oʻrniga tayanch doktoranturaga qabul qilingan stajyor-tadqiqotchi va oʻz vaqtida himoya qilgan doktorant uchun bir martalik ragʻbatlantiruvchi toʻlov toʻlanadi. Bunda:
(i) Xirsh indeksi boʻyicha koʻrsatkichi 5 dan kam boʻlgan ilmiy rahbarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 40 baravarigacha miqdorida;
(ii) Xirsh indeksi boʻyicha koʻrsatkichi 5 dan yuqori boʻlgan ilmiy rahbarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha miqdorida toʻlanadi;
(j) mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar doktoranturaga umumiy qabul kvotasini maqbullashtirish hisobidan moliyalashtiriladi.
III. Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashda loyihaviy yondashuv
4. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) yoʻlga qoʻyilsin.
5. Dastur doirasida ilmiy loyihalarni amalga oshirishning shunday tartibi oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ustuvor ilmiy ixtisosliklar boʻyicha muddati uch yildan koʻp boʻlmagan tadqiqot loyihalari uchun har yili bir marta tanlov eʼlon qilinadi;
(b) tadqiqot loyihasida ishtirok etuvchi doktorant loyiha rahbari tomonidan tanlov asosida qabul qilinadi hamda loyiha rahbari bir vaqtning oʻzida doktorantning ilmiy rahbari hisoblanadi;
(v) doktorant tadqiqot loyihasi bajarilayotgan tashkilotning izlanuvchisi hisoblanadi va unga tayanch doktorantura uchun belgilangan miqdorda stipendiya toʻlanadi;
(g) tadqiqot loyihasi davrida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani himoya qilgan tadqiqotchi loyihasining ilmiy hisoboti ekspertizadan oʻtkazilmaydi;
(d) Dastur ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
(j) Dastur doirasida tayyorlanadigan doktorantlar soni Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tayanch doktoranturaga har yili ajratiladigan qabul kvotasini shakllantirishda hisobga olinmaydi.
IV. Ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish
6. Ilmiy darajalar berishda 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartiblar bekor qilinsin:
(a) chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish, mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno;
(b) Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini roʻyxatdan oʻtkazish va dissertatsiya himoyasi toʻgʻrisida eʼlon berish;
(v) dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan oʻtkazish;
(g) ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari boʻyicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun tayyorlangan dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya eʼlon qilish;
(d) dissertatsiya avtoreferatini chop etish;
(j) dissertatsiya ilmiy natijasi amaliyotga joriy etilganligi toʻgʻrisida xulosa olish;
(z) Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari boʻyicha ekspert kengashi tomonidan dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan oʻtkazish;
(i) himoya qilingan dissertatsiya boʻyicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash;
(k) taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun jalb qilingan chet ellik fuqaroning xorijda olgan ilmiy darajasi toʻgʻrisidagi hujjatlarini nostrifikatsiya qilish. Bunda ilmiy daraja toʻgʻrisidagi hujjat uning Oʻzbekistondagi faoliyati davomida toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi.
7. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvarga qadar Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya himoyasi toʻgʻrisida eʼlon berilgan va dissertatsiya himoyasini oʻtkazgan izlanuvchilarga ilmiy darajalar mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar amalda boʻlgan tartibga muvofiq beriladi.
8. 2027-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar (keyingi oʻrinlarda — ilmiy kengash) faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy etilsin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) ilmiy kengashlar tomonidan maʼqullangan dissertatsiyalar tanlov asosida mustaqil, jumladan xorijiy mutaxassislarning ekspertizasidan oʻtkazilib, reyting natijalarida aks ettiriladi;
(b) reyting Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan yagona avtomatlashtirilgan elektron axborot portalida reyting mezonlari va baholash natijalarini aks ettirgan holda internet tarmogʻi orqali barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq holda yuritiladi;
(v) reyting natijalariga koʻra samaradorligi past boʻlgan ilmiy kengashlarga nisbatan Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi choralar qoʻllanadi:
(i) ilmiy kengashning raisi va kotibini muayyan muddatga ilmiy kengashlar faoliyatidan chetlashtirish;
(ii) ilmiy kengash faoliyatini tugatish;
(iii) oliy taʼlim va ilmiy tashkilotda tegishli ixtisoslik boʻyicha ilmiy kengash tashkil etishni muayyan muddatga cheklash;
(g) Oliy attestatsiya komissiyasiga ilmiy kengashlar tomonidan maʼqullangan ilmiy ishlarni tanlov asosida tekshirish va asoslarni koʻrsatgan holda ularning qarorini bekor qilish vakolati beriladi.
10. Ilmiy kengashlar dissertatsiyalar ekspertizasining xolis va sifatli oʻtkazilishi, ilmiy ishlarda koʻchirmachilikni aniqlash hamda qabul qilgan qarorlarining asosliligiga masʼul etib belgilansin.
V. Tadqiqot jarayonlariga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish
11. Tadqiqot jarayonlarida tadbirkorlik subyektlari ishtirokini kengaytirish boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda ilmiy darajali kadrlarni sanoat hamkorlari bilan birgalikda tayyorlash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi “Amaliy doktorantura (PhD)” dasturi amalga oshiriladi, bunda:
(i) dissertatsiya mavzusi sanoat hamkorining talabidan kelib chiqib belgilanadi hamda doktorantga tadqiqot mavzusiga mos boʻlgan ilmiy va amaliy rahbarlar biriktiriladi;
(ii) “Amaliy doktorantura (PhD)” dasturiga izlanuvchi oliy taʼlim va ilmiy tashkilot tomonidan unga ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan tayanch doktorantura qabul kvotasini mustaqil qayta yoʻnaltirish orqali qabul qilinadi;
(iii) doktoranturaga kirish imtihonlarini oʻtkazish tartibi sanoat hamkori bilan kelishilgan holda oliy taʼlim va ilmiy tashkilot tomonidan belgilanadi;
(iv) tadqiqot loyihasi sanoat hamkori bilan hamkorlikda moliyalashtiriladi. Bunda oliy taʼlim va ilmiy tashkilotning majburiyatlari Davlat budjetidan oliy taʼlimdan keyingi taʼlim uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;
(b) yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik subyektlarining foyda soligʻi bazasi ularning ilmiy loyihalarni sanoat hamkori sifatida moliyalashtirishga sarflagan mablagʻlarini 150 foiz miqdorda chegirgan holda aniqlanadi;
(v) ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida yaratilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan olingan foyda ushbu realizatsiya boshlangan kundan boshlab uch yil davomida foyda soligʻidan ozod etiladi.
VI. Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini takomillashtirish
12. Oliy attestatsiya komissiyasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridan Fanlar akademiyasi tizimiga oʻtkazilsin.
13. Belgilansinki:
(a) Oliy attestatsiya komissiyasi oliy malakali ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi, ilmiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organ hisoblanadi;
(b) Oliy attestatsiya komissiyasi ilmiy daraja va unvonlarga qoʻyiladigan malaka talablarining xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlaydi;
(v) Oliy attestatsiya komissiyasi Fanlar akademiyasiga faqat tashkiliy-boshqaruv jihatidan boʻysunadi, oʻziga yuklangan vazifalarni kollegiallik asosida Fanlar akademiyasidan toʻliq mustaqil holda amalga oshiradi;
(g) Oliy attestatsiya komissiyasining tuzilmasi Fanlar akademiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
(d) Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Fanlar akademiyasi prezidenti tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga belgilangan tartibda tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, bunda:
(i) Oliy attestatsiya komissiyasi raisi 5 yil muddatga tayinlanadi;
(ii) ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq raislik lavozimiga tayinlanishi mumkin emas;
(j) Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi, bunda har 2 yilda Rayosat aʼzolarining uchdan bir qismi va 6 yilda Rayosat tarkibi toʻliq yangilanadi, Rayosatga rahbarlik qiluvchi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bundan mustasno;
(z) Oliy attestatsiya komissiyasi raisi maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra Fanlar akademiyasi vitse-prezidentiga tenglashtiriladi;
(i) Oliy attestatsiya komissiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash miqdorlari va moddiy ragʻbatlantirish shartlari boʻyicha Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlariga tenglashtiriladi.
14. Oliy attestatsiya komissiyasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar barcha dissertatsiya himoyasi jarayonlari, jumladan, ilmiy ish va avtoreferatni taqdim etish, retsenzent va opponentlar fikrlarini yuborish, himoya jarayonlarini rejalashtirish va ilmiy ishni baholash jarayonlari yagona onlayn tizim orqali amalga oshirilishini taʼminlasin.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
15. Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027-yildan boshlab har yili Davlat budjetidan:
(a) Fanlar akademiyasiga birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida ilmiy kengashlar reytingini yuritish, jumladan, ilmiy ishlarni tanlov asosida ekspertizadan oʻtkazishda mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash uchun qoʻshimcha ravishda 5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni;
(b) ilmiy rahbarlarga bir martalik ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni moliyalashtirish uchun Innovatsion rivojlanish agentligiga zarur mablagʻlarni ajratib borsin.
17. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Mazkur Farmon ijrosini taʼminlash uchun masʼul va shaxsan javobgar etib Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
19. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-may,
PF-98-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-98-son Farmoniga 1-ILOVA
Ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlari
Ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
(a) raqamli va axborot texnologiyalari, jumladan, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, maʼlumotlar tahlili va raqamli yechimlarni ishlab chiqish;
(b) atom va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shu jumladan, vodorod texnologiyalari, energiya tejamkorligi va energiyani saqlash tizimlari;
(v) agroinnovatsiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi, urugʻchilik, seleksiya, gen texnologiyalari;
(g) tibbiyot va biotexnologiyalar, jumladan, biomeditsina, genetika, farmatsevtika, telemeditsina va yuqumli kasalliklarning oldini olish;
(d) suv resurslaridan oqilona foydalanish va iqlimga barqarorlikni taʼminlash, jumladan, choʻllanishning oldini olish va iqlim oʻzgarishiga moslashish;
(j) yangi materiallar va ilgʻor ishlab chiqarish texnologiyalari, shu jumladan, nanotexnologiyalar, additiv ishlab chiqarish, robototexnika va avtomatlashtirilgan tizimlar;
(z) seysmik xavfsizlikni taʼminlash.
Izohlar:
1. Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashiga ilmiy-texnologik tendensiyalardagi oʻzgarishlar va mamlakat strategiyasidagi yangi yoʻnalishlardan kelib chiqib, ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
2. Ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlariga oid ixtisosliklar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-98-son Farmoniga 2-ILOVA
Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.05.2026-y., 06/26/98/0542-son)
