Avtotransport vositalarini tasarruf etish va ularni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni rasmiylashtirish boʻyicha (929-son)
31.05.2000
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmalariga
koʻrsatma
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 31-mayda 929-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Tegishli idoralar tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan avtomototransport vositalari bilan bogʻliq jinoiy xatti-harakatlar soni keskin kamaymayapti. Ushbu jinoyatlarni tezda ochish ularning bir qismi ishonchnoma orqali boshqarilayotganligi va oʻzgaga oʻtkazilayotganligi sababli egalarini aniqlash masalasida birmuncha qiyinchiliklar vujudga kelmoqda. Buning oqibatida esa, aybdorlarni topish va ularni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish davri asossiz choʻzilib ketmoqda.
Qayd etilganlarni inobatga olgan holda quyidagilar topshiriladi:
1. Avtotransport vositalarini tasarruf etish (olish-sotish, almashtirish, hadya etish) va ularni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalar rasmiylashtirilganida vakolatnoma oluvchiga uning ikki nusxasi beriladi. Ishonchnomaning bir nusxasi hududiy DAN boshqarmalarining “Roʻyxatlash va imtihon boʻlim (boʻlinma)larida” qoldiriladi. Notarius tomonidan mazkur vakolatnoma matnida: “u tegishli avtomobil nazorati idorasida 10 kun ichida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi va roʻyxatdan oʻtkazilmagunga qadar haqiqiy emas deb hisoblanadi” deb yozilishi shart.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari rahbarlariga qayd etilganlarni barcha notariuslarga va ular orqali “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan notarial tasdiqlangan hujjatlarga tenglashtiriladigan ishonchnomalarni guvohlantiruvchi shaxslarga yetkazish vazifasi yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.A. POLVON-ZODA
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Z.A. ALMATOV
