Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va ular boʻyicha bojxona toʻlovlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (266-son)
21.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va ular boʻyicha bojxona toʻlovlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya tomonidan bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona qiymati belgilanadigan va ular boʻyicha alohida bojxona toʻlovlari hisoblanadigan tovarlar roʻyxatini shakllantirish;
ushbu Komissiya tomonidan shakllantirilgan roʻyxat boʻyicha qayta ishlanadigan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona bojini hisoblash tartibi.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 21-may,
266-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 266-son qaroriga ILOVA
Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va ular boʻyicha bojxona toʻlovlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni (keyingi oʻrinlarda — qayta ishlangan tayyor mahsulotlar) erkin muomalaga chiqarishda tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va ular boʻyicha bojxona toʻlovlarini hisoblash tartibini belgilaydi.
2. Qayta ishlanadigan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda import bojxona boji qayta ishlash uchun olib kirilgan xomashyo va materiallarning bojxona qiymatidan va (yoki) qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasiga muvofiq ishlatilgan miqdoridan (sonidan) hisoblanadi.
3. Tovarlarni qayta ishlash uchun olib kiriladigan xomashyo va materiallarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimidan soʻng erkin muomalaga chiqarishda import bojxona boji ularning kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar, boj tarifi bilan belgilangan stavkalar miqdorida qayta ishlash mahsulotidan undiriladi.
4. Qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar qayta ishlanadigan mahsulotlariga nisbatan qoʻllanadi.
5. Ushbu Nizom tajriba-sinov tariqasida 2027-yil 1-martga qadar amal qiladi.
6. Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona boji mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida hisoblanadi.
2-bob. Komissiya tomonidan tovarlar roʻyxatini shakllantirish
7. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tomonidan tayyor mahsulotlar uchun bojxona boji summasidan koʻra ularni ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyo va materiallar importi uchun undiriladigan bojxona boji summasi balandroq hisoblanadigan tovarlar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — tovarlar roʻyxati) manfaatdor vazirlik va idoralar takliflariga asosan shakllantiriladi.
Ushbu jarayonda tadbirkorlik subyektlarining ishtirokini kengaytirish maqsadida, ular tomonidan shakllantirilgan takliflar Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi orqali Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiyaga taqdim etilishi mumkin.
Taklif etilayotgan tovarlar boʻyicha respublika hududida ishlab chiqarish salohiyati mavjud yoki ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan boʻlishi, qayta ishlab chiqish normalari, hisob-kitoblari hamda texnologik jarayonlari texnik-iqtisodiy asoslar bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Misol uchun, 1 dona LED lampani toʻgʻridan-toʻgʻri import qilishda va shu lampani ishlab chiqarish uchun komponentlarni olib kirishda import bojxona boji quyidagicha hisoblanadi (stavkalar va qiymatlar shartli):
1) tayyor LED lampani toʻgʻridan-toʻgʻri import qilishda:
bojxona qiymati = 2 AQSH dollari/dona;
bojxona boji stavkasi = 5 foiz;
import bojxona boji hisobi: 2 × 5 foiz = 0,10 AQSH dollari;
2) LED lampani ishlab chiqarish uchun komponentlarni import qilishda:
a) LED chip/moduli:
bojxona qiymati = 0,80 AQSH dollari;
bojxona boji stavkasi = 10 foiz;
import bojxona boji hisobi: 0,80 × 10 foiz = 0,08 AQSH dollari;
b) drayver (elektron blok):
bojxona qiymati = 0,50 AQSH dollari;
bojxona boji stavkasi = 10 foiz;
import bojxona boji hisobi: 0,50 × 10 foiz = 0,05 AQSH dollari;
v) korpus/radiator:
bojxona qiymati = 0,40 AQSH dollari;
bojxona boji stavkasi = 15 foiz;
import bojxona boji hisobi: 0,40 × 15 foiz = 0,06 AQSH dollari;
g) kolba/diffuzor:
bojxona qiymati = 0,20 AQSH dollari;
bojxona boji stavkasi = 15 foiz;
import bojxona boji hisobi: 0,20 × 15 foiz = 0,03 AQSH dollari.
Jami import qilingan komponentlar bojxona boji = 0,22 AQSH dollari;
3) solishtirish (natija):
tayyor mahsulot importida bojxona boji: 0,10 AQSH dollari;
komponentlar importida jami bojxona boji: 0,22 AQSH dollari;
oʻrtadagi farq = 0,12 AQSH dollari.
Mazkur misolda LED lampani ishlab chiqarish uchun komponentlarni import qilishda undiriladigan import bojxona boji summasi tayyor mahsulotni toʻgʻridan-toʻgʻri import qilishda undiriladigan import bojxona boji summasidan yuqori hisoblanadi.
8. Komissiya tomonidan 15 ish kunida kiritilgan takliflar koʻrib chiqiladi, tayyor mahsulotlar uchun bojxona boji summasidan koʻra ularni ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyo va materiallar importi uchun undiriladigan bojxona boji summasi balandroq hisoblanadigan tovarlar roʻyxati har oyning 5-sanasiga qadar Komissiya bayoni bilan tasdiqlanadi.
3-bob. Komissiya tomonidan shakllantirilgan roʻyxat boʻyicha qayta ishlangan tayyor mahsulotni erkin muomalaga chiqarishda bojxona bojini hisoblash tartibi
9. Roʻyxatdagi tovarlarni qayta ishlash uchun olib kiriladigan xomashyo va materiallarni bojxona hududida qayta ishlangandan soʻng erkin muomalaga chiqarishda bojxona boji qayta ishlash mahsulotidan hisoblanadi va undiriladi.
10. Import bojxona boji quyidagi formula asosida hisoblanadi:
B = C × D
bunda:
B — hisoblanadigan bojxona boji summasi;
C — olib kirilgan xomashyo yoki materialning bojxona qiymati (shartnoma valyutasida);
D — qayta ishlangan tayyor mahsulotlarga nisbatan bojxona boji stavkasi (%).
11. Roʻyxat boʻyicha qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona toʻlovlari deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan hisob-kitob qilinadi va bojxona deklaratsiyasining tegishli grafalarida belgilangan tartibda aks ettiriladi.
12. Bojxona organlari roʻyxatdagi qayta ishlangan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda:
qayta ishlangan tayyor mahsulotlarning bojxona qiymati toʻgʻri aniqlangani;
qoʻllanilgan import bojxona boji toʻgʻri hisoblangani;
hisob-kitoblar mazkur Nizom talablariga muvofiq amalga oshirilganini nazorat qiladi.
13. Roʻyxat boʻyicha qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarish deklaratsiyasi rasmiylashtirilgandan soʻng erkin muomalaga chiqarilgan deb hisoblanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
14. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va ular boʻyicha bojxona toʻlovlarini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona bojini hisoblash
sxemasi
BosqichlarSubyektlarTadbirlarMuddat1-bosqichManfaatdor vazirlik va idoralarTayyor mahsulotlar uchun bojxona boji summasidan koʻra ularni ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyo va materiallar importi uchun undiriladigan bojxona boji summasi balandroq hisoblanadigan tovarlar roʻyxatiga tovarlarni kiritish boʻyicha takliflarni Komissiyaga yuboradi.DoimiyTadbirkorlik subyektlari Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi orqali2-bosqichJahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiyaTakliflar Komissiya tomonidan 15 ish kunida koʻrib chiqilib, maʼqul deb topilgan tovarlar roʻyxati Komissiya bayoni bilan tasdiqlanadi.Har oyning 5-sanasida3-bosqichVakolatli shaxs(deklarant yoki bojxona brokeri)Roʻyxat boʻyicha qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona toʻlovlarini hisob-kitob qilib, bojxona deklaratsiyasining tegishli grafalarida belgilangan tartibda aks ettiradi.Qayta ishlash uchun berilgan ruxsatnomada koʻrsatilgan muddat tugaguniga qadar4-bosqichBojxona organlariQuyidagilarni:qayta ishlangan mahsulotlarning bojxona qiymati toʻgʻri aniqlangani;qoʻllanilgan import bojxona boji toʻgʻri hisoblangani;hisob-kitoblar mazkur Nizom talablariga muvofiq amalga oshirilganini nazorat qiladi.Qayta ishlash mahsulotini erkin muomalaga chiqarishda
