6-modda. Referendumda ishtirok etish huquqi
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Referendum oʻtkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga toʻla haqlidir.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga koʻra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning referendumda ishtirok etish huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqeyi, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, maʼlumoti, tili, dinga munosabati, mashgʻulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.
