38-modda. Referendum natijalarini aniqlash
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hududiy komissiyalarning bayonnomalari asosida:
Oʻzbekiston Respublikasining ovoz beruvchi fuqarolari umumiy sonini;
ovoz berish byulletenlarini olgan fuqarolarning sonini;
ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning sonini;
referendumga qoʻyilgan masalani yoqlab berilgan ovozlar sonini;
referendumga qoʻyilgan masalaga qarshi berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan ovoz berish byulletenlarining sonini aniqlaydi.
Agar ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan koʻprogʻi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qaror referendumda qabul qilingan deb topiladi.
Agar roʻyxatga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kami referendumda ishtirok etgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi referendumni oʻtmagan deb topadi.
Ovoz berish chogʻida yoʻl qoʻyilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga taʼsir qilgan qoidabuzarlik tufayli ovoz berish yakunlari umuman yoki ayrim hududlar yoxud ayrim uchastkalar boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va bu qaror ustidan referendum yakunlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Ayrim hududlarda yoki ayrim uchastkalarda ovoz berish yakunlari haqiqiy emas deb topilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qaroriga binoan ana shu hududlar yoki uchastkalar boʻyicha ovoz berish natijalari (agar bu natijalarsiz ham referendum umuman haqiqiy deb topilishi mumkin boʻlsa) umumiy natijalardan chiqarib tashlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi majlisida ovoz berish yakunlari chiqariladi va bu haqda bayonnoma tuziladi. Bayonnoma rais, rais oʻrinbosari, komissiyaning kotibi, boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadi. Referendum yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qabul qiladi.
