35-modda. Ovoz berish tartibi
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Referendumda ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida toʻldiriladi. Ovoz berish byulletenini toʻldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda toʻldirish imkoniyatiga ega boʻlmagan fuqaro oʻz xohishiga koʻra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan referendum oʻtkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.
Fuqarolar ovoz berish byulletenida referendumga qoʻyilayotgan masala boʻyicha oʻzi ovoz berayotgan variant roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga “+” yoki “” yoxud “x” belgisini qoʻyadi.
Toʻldirilgan byulletenni fuqaro ovoz berish qutisiga tashlaydi. Ovoz berish qutilari referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi aʼzolariga hamda kuzatuvchilarga koʻrinib turishi kerak.
Buzib qoʻyilgan ovoz berish byulleteni fuqaroning iltimosiga koʻra yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qoʻyilgan ovoz berish byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.
Ayrim fuqarolar sogʻligʻining holatiga yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka komissiyasi ovoz berishni ushbu fuqarolarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.
Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar aʼzosi koʻchma ovoz berish qutisi bilan fuqaroning turgan joyiga yuboriladi, ular fuqaroning xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini taʼminlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir boʻlishi mumkin.
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining aʼzosi, ommaviy axborot vositasi vakili yoki kuzatuvchi ovoz berish sirini oshkor qilsa yoki fuqarolarning xohish-irodasiga taʼsir koʻrsatishga harakat qilsa, uchastka komissiyasining aʼzosi komissiya ishida ishtirok etishdan chetlashtiriladi, ommaviy axborot vositasi vakili, kuzatuvchi esa ovoz berish binosidan darhol chiqarib yuboriladi. Bu haqda referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi qaror qabul qiladi.
