12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumni oʻtkazish tashabbusini amalga oshirish tartibi
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari agar, referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar umumiy sonining kamida besh foizini tashkil etgan fuqarolar imzosi toʻplangan boʻlsa, basharti bunda imzolayotgan fuqarolar miqdori har bir maʼmuriy-hududiy tuzilma (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri) boʻyicha bir tekis va mutanosib ravishda taqsimlangan boʻlsa, referendumni oʻtkazish tashabbusi huquqini amalga oshiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasining referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan har bir fuqarosi yoki fuqarolar guruhi referendumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlovchi imzolarni toʻplash uchun kamida yuz kishidan iborat tashabbuskor guruhni tuzishi mumkin.
Fuqarolar tashabbuskor guruhining vakolatli vakili guruhni roʻyxatdan oʻtkazishni soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
fuqarolar tashabbuskor guruhi aʼzolarining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, turar joy manzili, pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining seriyasi va raqami koʻrsatilgan roʻyxati;
fuqarolar tashabbuskor guruhi yigʻilishining vakolatli vakilni tayinlash toʻgʻrisidagi qarori va uning nomiga qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
fuqarolar tashabbuskor guruhi referendum oʻtkazish toʻgʻrisida tashabbus koʻrsatib qaror qabul qilgan yigʻilishining bayoni;
referendumga olib chiqish uchun fuqarolar tashabbuskor guruhi taklif etayotgan masalaning (masalalarning) taʼrifi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarning ushbu Qonun talablariga muvofiqligini aniqlagach, ular tushgan kundan eʼtiboran besh kun ichida fuqarolar tashabbuskor guruhini roʻyxatga olish yoki roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Fuqarolar tashabbuskor guruhini roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin vakolatli vakilga tegishli roʻyxatdan oʻtganlik guvohnomasi beriladi.
Fuqarolar tashabbuskor guruhini roʻyxatga olish rad etilgani taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi asosli javob beradi.
