10-modda. Referendumga qoʻyilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (265-II-son) · Sana: 30.08.2001 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari referendum oʻtkazilishini yoqlab yoki unga qarshi, referendumga qoʻyilayotgan qonun loyihasi, amaldagi qonun yoki boshqa masalani yoqlab yoki unga qarshi moneliksiz tashviqot olib borishga haqlidirlar.
Referendumga qoʻyiladigan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish maqsadida radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish mumkin.
Tashviqotni fuqarolarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish (axborot xizmatlari bundan mustasno), shuningdek pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borish taqiqlanadi.
Referendum oʻtkaziladigan kunda va referendumni oʻtkazishga bir kun qolganda tashviqot yuritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
