Oʻzbekiston arxitektorlar uyushmasining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (254-son)
16.06.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada arxitektura-shaharsozlik faoliyatini yanada rivojlantirish, bunda Oʻzbekiston Arxitektorlar uyushmasining oʻrni va masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Arxitektorlar uyushmasiga oʻz kuch-gʻayratlarini arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirishning quyidagi asosiy yoʻnalishlarini roʻyobga chiqarishga qaratish tavsiya etilsin:
arxitektura va shaharsozlik faoliyatining meʼyoriy-huquqiy asoslarini takomillashtirishda qatnashish, shaharlar va boshqa aholi yashaydigan joylarni obod qilishning arxitektura-rejalashtirish, badiiy sifatini rivojlantirish va yaxshilash;
loyihalashtirish, shuningdek, milliy anʼanalar va xorijiy meʼmorchilikning ilgʻor tajribasini hisobga olgan holda, arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy usullari va texnologiyalarini ishlab chiqish;
meʼmorchilikning milliy madaniy merosini oʻrganish va saqlash, uning yutuqlarini anjumanlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar va eng yaxshi loyihalar uchun tanlovlar oʻtkazish yoʻli bilan targʻib qilish;
respublika arxitektorlarining ijodiy faolligini rivojlantirish, ularning kasb-hunar darajalarini oshirish, oʻziga qarashli arxitektura jamgʻarmasining ishlab chiqarish quvvatlaridan kengroq foydalanish, arxitekturaning malakali kadrlarini tayyorlash.
2. Oʻzbekiston Arxitektorlar uyushmasi “Davarxitekqurilish” qoʻmitasi, respublikaning boshqa vazirliklari va idoralari bilan birgalikda 1998-yil 1-oktabrgacha 2005-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Arxitekturasini rivojlantirishning milliy dasturi konsepsiyasini tayyorlasin.
3. Oʻzbekiston Arxitektorlar uyushmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi, “Oʻzbektransqurilish” davlat uyushmasi va “Oʻzmontajmaxsusqurilish” uyushmasi, “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni, “Oʻzbekgidroenergoqurilish” tresti va respublikaning bir qator loyihalashtirish institutlarining Oʻzbekiston Arxitektorlar uyushmasiga moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin;
1998-yilda Oʻzbekiston Arxitektorlar uyushmasiga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 5 mln. soʻm ajratilsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Arxitektorlar uyushmasiga uning joylardagi boʻlimlarini tashkil etishda, ularni binolar va aloqa vositalari bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatsinlar.
4. Belgilansinki:
homiylar tomonidan oʻtkazilgan mablagʻlardan6 arxitektura ishini yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati, Arxitektorlar uyushmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ijodiy xodimlarni ijtimoiy himoya qilish uchun foydalanilishi kerak.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 16-iyun,
254-son
