Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-178-son)
12.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-84-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish
1. Quyidagilar:
(a) Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligining yagona tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish hamda sohada islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish va sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
3. Ishchi guruh 2026-yil 1-avgustga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya (keyingi oʻrinlarda — oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi) sohasi faoliyati bilan bogʻliq mol-mulkni xatlovdan oʻtkazib, Qoʻmitaga berilishi bilan bogʻliq barcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini tashkil etsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi;
(b) Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Bosh vaziriga boʻysunadi va hisobdordir;
(v) Qoʻmita raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 5 nafar oʻrinbosar, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega boʻladi;
(g) Qoʻmita raisi va uning oʻrinbosarlari maqomi, tibbiy va transport xizmat koʻrsatish shartlari boʻyicha tegishli ravishda vazir va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
(d) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinmalar) boshliqlari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishilgan holda Qoʻmita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
(j) Qoʻmitaning tizim tashkilotlari rahbarlari Qoʻmita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
(z) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida nazoratni amalga oshiradigan xodimlarning formali kiyim-bosh va farqlash belgilarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hamda Qoʻmitaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(i) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida xalqaro grant loyihalari va texnik koʻmak dasturlari Qoʻmita bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi, kelishiladi, muvofiqlashtiriladi, monitoring qilinadi hamda amalga oshiriladi.
II. Qoʻmita faoliyatini moliyalashtirish
5. Belgilansinki, Qoʻmita va uning hududiy boʻlinmalari hamda tizim tashkilotlarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan moliyalashtiriladi (bunda ilmiy hamda taʼlim muassasalariga nisbatan ularni saqlash va moliyalashtirishning amaldagi tartibi qoʻllaniladi).
6. Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi negizida Qoʻmita huzuridagi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan budjetdan tashqari Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
7. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari hamda tizim tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida:
(a) 2026-yilda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarning tegishli qismi hisobidan hamda ular yetmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan zarur mablagʻlarni ajratsin;
(b) 2027-yildan boshlab har yili zarur mablagʻlarni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
III. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini raqamlashtirish
9. Qoʻmita Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2027-yil 1-martga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi yagona avtomatlashtirilgan axborot platformasini ishga tushirsin:
(a) sunʼiy intellekt texnologiyasi imkoniyatlaridan foydalangan holda xavflarni boshqarish hamda xavf tahliliga asoslangan samarali nazoratni tashkil etish. Bunda:
(i) xavflarni boshqarish tizimida qoʻllanadigan mezonlar ilmiy asoslangan xavfni baholash, oziq-ovqat mahsulotlari turlari, ularning kelib chiqish mamlakatidagi fitosanitariya va veterinariya holati, oziq-ovqat biznesi operatorlarining muvofiqlik tarixi, ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar hamda ushbu sohadagi xalqaro tashkilotlar maʼlumotlari asosida shakllantiriladi;
(ii) xavf profillari muntazam ravishda qayta koʻrib chiqiladi, ularni qoʻllash natijalari tahlil qilinadi va kamsituvchi yoki asossiz savdo cheklovlariga olib kelmasligi taʼminlanadi;
(iii) avtomatlashtirilgan xavflarni boshqarish tizimi qarorlarini qayta koʻrib chiqish va ularning ustidan shikoyat qilish mexanizmi joriy etiladi;
(b) aholi va boshqa barcha manfaatdor taraflarga xavfli oziq-ovqat mahsulotlari toʻgʻrisida tezkor xabar berish hamda mahsulotlarni qaytarib olish boʻyicha elektron tizimni yaratish;
(v) oziq-ovqat biznesi operatorlari, yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qoʻshimchalari, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarni roʻyxatga olish va ularning reyestrini yuritish;
(g) oziq-ovqat mahsulotlari tashqi savdo operatsiyalari hamda chegarada veterinariya va fitosanitariya nazoratida xavflarni boshqarish tizimini joriy etish hamda “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi bilan integratsiya qilish.
10. Belgilab qoʻyilsinki, yagona avtomatlashtirilgan axborot platformasini ishlab chiqish uchun 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq zarur mablagʻlar ajratiladi, uni doimiy texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar esa Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
11. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qoʻmita va Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin.
12. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Qoʻmitani tegishli maʼmuriy binoga joylashtirish choralarini koʻrsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi raisi belgilansin.
14. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-may,
PQ-178-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PQ-178-son qaroriga 1-ILOVA
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasining
TASHKILIY TUZILMASI
* Yuridik shaxs maqomiga ega emas.
Izohlar:
1. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi raisi mazkur ilovada nazarda tutilgan tashkilotlar oʻrtasida boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklarini qayta taqsimlash vakolatiga ega. Bunda:
a) shtat birliklarini qayta taqsimlash Qoʻmita vazifalarining takrorlanishini bartaraf etish, xavf tahliliga asoslangan nazoratni kuchaytirish va maʼmuriy yukni kamaytirish maqsadida amalga oshiriladi;
b) shtat birliklarini qayta taqsimlash natijasida tadbirkorlik subyektlari uchun yangi nazorat, litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor qilish, muvofiqlikni baholash, roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish tartib-taomillari yoki pullik xizmatlarni asossiz ravishda joriy etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
2. Qoʻmitaning shtat tuzilmasi, moliyalashtirish modeli va moddiy ragʻbatlantirish tizimi nazorat, litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor qilish va muvofiqlikni baholash, roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish tartib-taomillari yoki pullik xizmatlar sonini asossiz ravishda oshirmasligi lozim.
3. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi tashkil etilgan kundan boshlab uch oy muddatda:
(a) mehnat munosabatlari va moliyaviy masalalar boʻyicha Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va ularning hududiy boʻlinmalari hamda tizim tashkilotlarining amaldagi rahbarlari (rahbarlar mavjud boʻlmasa, ularning oʻrinbosarlaridan biri):
(i) ish beruvchi va xodimlar oʻrtasidagi mehnat munosabatlarini rasmiylashtiradi (mehnat shartnomasini bekor qilish, mehnat taʼtiliga chiqish va mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish);
(ii) tasdiqlangan yillik budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar doirasida moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiradi (oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar berish, xizmat safarlari hamda tashkilotga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni moliyalashtirish);
(b) tartibga solish va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni taqdim etish boʻyicha:
(i) Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan ruxsatnoma, roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma va litsenziya beriladi;
(ii) Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya va transport birligini ochish dalolatnomasi beriladi;
(iii) Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan veterinariya faoliyati uchun litsenziya, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar eksporti, importi va tranziti uchun ruxsatnoma, davlat veterinariya xizmati tomonidan nazorat qilinadigan tovarlar eksporti va importida veterinariya sertifikati, dori vositalari hamda ozuqabop qoʻshimchalar roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma beriladi.
4. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi raisi 2026-yil yakuniga qadar Qoʻmitaga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun shtat birliklarini malakali mutaxassislar bilan toʻldirish maqsadida shtat birliklari qisqartirilayotgan Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining malakali xodimlarini tanlovsiz toʻgʻridan-toʻgʻri ishga qabul qilish vakolatiga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PQ-178-son qaroriga 2-ILOVA
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligining yagona tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish hamda sohada islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PQ-178-son qaroriga 3-ILOVA
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish va sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh tarkibi
Izohlar:
1. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
2. Ishchi guruh oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda boshqa vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning mutasaddi rahbar va masʼul xodimlarini jalb etishga haqli.
3. Ishchi guruh qarorlarini tayyorlashda oziq-ovqat biznesi operatorlari, importyorlar, eksportyorlar, xususiy laboratoriyalar, muvofiqlikni baholash organlari, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari va xalqaro ekspertlar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PQ-178-son qaroriga 4-ILOVA
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari hamda tizim tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish
TARTIBI
1. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) va uning hududiy boʻlinmalari hamda tizim tashkilotlari (ilmiy va taʼlim muassasalaridan tashqari) xodimlariga toʻlanadigan ish haqi qonunchilikda nazarda tutilgan oylik ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha haq, ustamalar va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
2. Qoʻmita markaziy apparati xodimlarining mehnatiga haq toʻlashda Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 12-apreldagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning tarif setkasini joriy etish toʻgʻrisida”gi 147-son qarorining 3-ilovasi hamda Qoʻmitaning hududiy boʻlinmalari xodimlariga koʻrsatilgan qarorning 9-ilovasida nazarda tutilgan miqdorlardagi razryadlar qoʻllaniladi.
3. Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan:
(a) Qoʻmitaning markaziy apparati xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,8 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi;
(b) hududiy boʻlinmalar hamda tizim tashkilotlari (ilmiy va taʼlim muassasalaridan tashqari) xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,4 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi;
(v) Qoʻmita markaziy apparatining barcha xodimlariga koʻp yillik xizmatlari uchun (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) har oylik ustama quyidagicha toʻlanadi:
(i) 1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
(ii) 3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
(iii) 5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
(iv) 10 yildan 15 yilgacha — 1,0;
(v) 15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
(vi) 20 yildan ortiq — 1,5;
(g) hududiy boʻlinmalar hamda tizim tashkilotlarining (ilmiy va taʼlim muassasalaridan tashqari) barcha xodimlariga koʻp yillik xizmatlari uchun (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) har oylik ustama quyidagicha toʻlanadi:
(i) 1 yildan 3 yilgacha — 0,2;
(ii) 3 yildan 5 yilgacha — 0,4;
(iii) 5 yildan 10 yilgacha — 0,6;
(iv) 10 yildan 15 yilgacha — 0,8;
(v) 15 yildan 20 yilgacha — 1;
(vi) 20 yildan ortiq — 1,2;
(d) koʻp yillik ishlaganlik uchun oylik ustama olish huquqini beruvchi ish staji Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga koʻra hisoblanadi.
