Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-84-son)
12.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvini tashkil etish, aholiga xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi ustidan samarali nazorat tizimini joriy etish, masʼuliyat va javobgarlikka asoslangan tadbirkorlik muhitini shakllantirish hamda sohaga ilgʻor xalqaro amaliyotlarni joriy etish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashga masʼul boʻlgan idoralarning bir-birini takrorlovchi funksiyalarini bartaraf etish va maqbullashtirish orqali yagona davlat boshqaruvini tashkil etish;
(b) “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish zanjiridagi barcha ishtirokchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashning xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimini joriy etish;
(v) amaldagi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalarini, fitosanitariya talablari va choralarini Alimentarius kodeksi standartlari, Butunjahon hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish tashkiloti (WOAN), Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiya (IPPC) talablariga muvofiqlashtirish;
(g) oziq-ovqat biznesi operatorlari faoliyatiga xavf-xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (HACCP) tamoyillari keng joriy etilishini taʼminlash hamda ularning isteʼmolchilarga xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdagi masʼuliyatini oshirish;
(d) sohada xususiy sektor bilan maslahatlashuvlarning tizimli va shaffof mexanizmlarini yaratish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalaridagi davlat funksiyalarini xalqaro tajriba asosida bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkazish;
(j) mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini hamda nufuzini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish.
II. Yagona davlat boshqaruvini tashkil etish
2. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi negizida:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita);
(b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Chorvachilik agentligi) tashkil etilsin.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuzilmasiga qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari — Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi direktori lavozimi kiritilsin.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi zimmasiga oziq-ovqat sanoati korxonalari (alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan tashqari) va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash quvvatlarini rivojlantirish vazifalari yuklansin.
5. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 1 — 3-ilovalarga muvofiq vazifalari, tizim tashkilotlari va shtat birliklari tegishliligi boʻyicha Qoʻmita, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va uning huzuridagi tashkilotlar oʻrtasida qayta taqsimlansin.
6. Belgilansinki:
(a) Qoʻmita oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya (keyingi oʻrinlarda — oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi) sohasidagi davlat boshqaruvi hamda nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organ sifatida faoliyat olib boradi;
(b) quyidagilar:
(i) Qoʻmita Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash qismida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining;
(ii) Chorvachilik agentligi chorvachilik, shu jumladan, naslchilikni rivojlantirish, yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish qismida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari, shartnomalari va xalqaro bitimlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
7. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 4-ilovaga muvofiq;
(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab xususiy sektorga xalqaro tajriba asosida bosqichma-bosqich oʻtkaziladigan (turlari kengaytiriladigan) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash sohasidagi funksiyalar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda ilmiy-amaliy yondashuvni keng qoʻllash
8. Qoʻmita huzurida davlat muassasasi shaklidagi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin.
9. Belgilansinki:
(a) Institut mazkur Farmonga 6-ilovada nazarda tutilgan vazifalarni bajaradi;
(b) Institut xodimlarining umumiy cheklangan soni Qoʻmita raisi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi va mazkur Farmonga 3-ilovaga muvofiq Qoʻmitaga qayta taqsimlanayotgan shtat birliklari doirasida shakllantiriladi;
(v) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsizlik talablariga muvofiqligi boʻyicha sinovdan oʻtkazuvchi tibbiy jihozlari hamda Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsizlik talablariga muvofiqligi boʻyicha sinovdan oʻtkazuvchi laboratoriyalari, uskunalari va jihozlari Institutga oʻtkaziladi.
IV. Sohada manfaatdor taraflar ishtirokini taʼminlash
10. Qoʻmita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi masalalari boʻyicha maslahat kengashi (keyingi oʻrinlarda — Maslahat kengashi) tashkil etilsin hamda uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Belgilansinki:
(a) Maslahat kengashi tarkibiga davlat idoralari va boshqa barcha manfaatdor taraflar vakillari oʻz ixtiyoriga koʻra quyidagi guruhlarga taqsimlangan holda kiritiladi va har bir guruh bitta ovozga ega boʻladi:
(i) masʼul davlat boshqaruvi va nazorati organlari;
(ii) oziq-ovqat biznesi operatorlari hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida faoliyat yurituvchi boshqa tadbirkorlik subyektlari va ularning birlashmalari;
(iii) isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlari;
(iv) ilmiy va akademik muassasalar hamda muvofiqlikni baholash organlari;
(v) ommaviy axborot vositalari va blogerlar;
(b) Maslahat kengashi faoliyatini tashkil etish va yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
(v) Maslahat kengashi takliflari Qoʻmita tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasiga oid davlat siyosatini ishlab chiqishda inobatga olinadi.
V. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimini isloh qilish boʻyicha keyingi chora-tadbirlar
12. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimini isloh qilish davrida institutsional barqarorlikni taʼminlash uchun quyidagilar amalga oshirilsin:
(a) vakolatlarni uygʻunlashtirish va ularning takrorlanishini bartaraf etish, institutsional majburiyatlarni belgilash;
(b) mavjud malakali xodimlarni saqlab qolish va ularning safini kengaytirish;
(v) davlat nazorati va laboratoriya xizmatlarini koʻrsatishning operatsion uzluksizligini taʼminlash.
13. Qoʻmita 2026-yil 1-dekabrga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi milliy strategiyasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin:
(a) Alimentarius kodeksi standartlariga asoslangan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoidalari va normalarini qabul qilish hamda amaliyotga joriy etish;
(b) oziq-ovqat biznesi operatorlari bilan maslahatlashuvlarni olib borish va ular uchun uzluksiz treninglar tashkil etish;
(v) xavflarni baholash, boshqarish, xavf toʻgʻrisida xabardor qilish, shuningdek, xavfga asoslangan tekshiruv tartibini joriy etish;
(g) xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan inspeksiya, roʻyxatga olish, monitoring qilish, kuzatish va xavf tahlilini oʻtkazish tartib-taomillarini joriy etish hamda ularning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish;
(d) inspektorlar, laboratoriya va soha mutaxassislari uchun uzluksiz professional tayyorlash hamda qayta tayyorlash tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish;
(j) Qoʻmita faoliyati samaradorligining eng muhim koʻrsatkichlari (KPI) sifatida ichki bozorning xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanganligi darajasi hamda muammolari hal etilgan oziq-ovqat biznesi operatorlari sonining oshib borishini belgilash.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
14. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Qoʻmita va Chorvachilik agentligi faoliyatini tashkil qilish boʻyicha qarorlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 8-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Adliya vazirligi Qoʻmita, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi raisi belgilansin.
18. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-may,
PF-84-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-son Farmoniga 1-ILOVA
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining qayta taqsimlanayotgan vazifalari
* Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining mazkur ilovada keltirilmagan amaldagi boshqa vazifalari oʻz vakolatida saqlab qolinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-son Farmoniga 2-ILOVA
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining qayta taqsimlanayotgan tizim tashkilotlari roʻyxati
I. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi
1.1. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasiga:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlari;
(b) Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tuman (shaharlar) hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari;
(v) Veterinariya dori vositalari va mahsulotlarni sinovdan oʻtkazish davlat ilmiy nazorat markazi;
(g) Davlat chegarasi va transportda davlat veterinariya nazorati boshqarmasi;
(d) Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish markazi;
(j) Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, filiallari hamda akademik litseyi;
(z) Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti;
(i) Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti.
1.2. Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligiga:
(a) Naslchilik ilmiy-ishlab chiqarish markazi;
(b) Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xoʻjaliklari;
(v) “Parrandasanoat” uyushmasi*;
(g) “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi*;
(d) Oʻzbekiston asalarichilari uyushmasi*;
(j) Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi*.
II. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi
2.1. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasiga:
(a) Respublika agrokimyoviy tahlil markazi va uning hududiy boʻlinmalari;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmatlari;
(v) Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari.
2.2. Qishloq xoʻjaligi vazirligiga — “Biosifat” respublika markazi.
* Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi oʻz faoliyatini mazkur uyushmalar bilan hamkorlikda olib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va uning huzuridagi tashkilotlar oʻrtasida qayta taqsimlanayotgan shtat birliklari
* Ishlab chiqarish shtat birliklari soni tashkilot uchun tasdiqlanadigan normativ asosida qayta belgilanishi mumkin.
** 10 ta shtat birligi Agrar sohada toʻlovlar agentligiga beriladi.
*** Xodimlarning umumiy cheklangan soni tarkibida Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xoʻjaliklarining 18 ta boshqaruv hamda 32 ta ishlab chiqarish shtat birliklari inobatga olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-son Farmoniga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari
1. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish, xususan:
(a) qonunchilik hujjatlari, milliy standartlar, qoidalar va normalar, maqbul ishlab chiqarish amaliyotlari, shuningdek, ulardan foydalanish qoʻllanmalarini xalqaro talablarga muvofiq holda ishlab chiqish va ularning amaliyotga joriy etilishini taʼminlash;
(b) oziq-ovqat biznesi operatorlari, yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qoʻshimchalari, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarni roʻyxatga olish;
(v) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasidagi litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
(g) xatar omillari aniqlanganda, xavflarni baholash asosida oziq-ovqat mahsulotlari savdosi va (yoki) importini cheklovchi vaqtinchalik choralarni qoʻllash, xavfli deb topilgan mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish choralarini koʻrish.
2. Respublika hududidagi oʻsimliklar va hayvonlar kasalliklarining hamda zararkunandalarining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, ularga qarshi kurashishning samarali usullarini belgilash hamda ijrosini nazorat qilish.
3. “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida xavf tahliliga asoslangan davlat nazoratini amalga oshirish, xususan:
(a) oziq-ovqat biznesi operatorlari tomonidan xavf-xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (NACCP) tamoyillariga rioya etilishini inspeksiya qilish;
(b) oziq-ovqat mahsulotlari ustidan bozor nazoratini amalga oshirish, isteʼmolchilarni xavfsizligi kafolatlanmagan va qalbaki mahsulotlardan himoyalash.
4. Oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoli bilan bogʻliq kasalliklarning sabablarini tahlil qilish, jamoat salomatligi va isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish.
5. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, sohaga raqamli texnologiyalarning joriy etilishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-son Farmoniga 5-ILOVA
2027-yil 1-yanvardan boshlab xususiy sektorga xalqaro tajriba asosida bosqichma-bosqich oʻtkaziladigan (turlari kengaytiriladigan) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash sohasidagi funksiyalar
ROʻYXATI
* Mazkur funksiyalarni xususiy sektorga oʻtkazish shakllari (ularni toʻliq xususiy sektorga oʻtkazish, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish, xususiy sektorga amalga oshirish huquqini berish) ushbu funksiyalarni xususiy sektor tomonidan amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-son Farmoniga 6-ILOVA
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi institutining vazifalari
1. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ilmiy va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish hamda xavf tahliliga asoslangan innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish.
2. Tizimli ravishda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi holatini monitoring qilish, ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjiridagi mikrobiologik patogenlar va kimyoviy ifloslantiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va baholash.
3. Yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qoʻshimchalari, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalar boʻyicha milliy va xalqaro tajribani oʻrganib borish, ularni roʻyxatga olish maqsadidagi tadqiqotlarni olib borish va hisobotlar rasmiylashtirish.
4. Oziq-ovqat mahsulotlarining muvofiqligini baholash hamda ilmiy sinov jarayonlariga innovatsion va zamonaviy sinov uslubiyotlarini joriy etish.
Izohlar:
1. Institut tomonidan roʻyxatga olish maqsadida oʻtkaziladigan tadqiqotlar belgilangan uslubiyatlar, akkreditatsiya talablari, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, natijalarni qayta koʻrib chiqish va mustaqil apellyatsiya mexanizmi asosida amalga oshiriladi.
2. Institut tadqiqotlari va xulosalari Qoʻmita tomonidan ruxsat berish yoki roʻyxatga olish boʻyicha qaror qabul qilishda yagona va majburiy manba sifatida qoʻllanilmaydi, qaror qabul qilishda boshqa akkreditatsiyalangan laboratoriya yoki ekspert tashkiloti xulosalari teng kuchga ega asos sifatida inobatga olinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-son Farmoniga 7-ILOVA
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi masalalari boʻyicha maslahat kengashining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
I. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini takomillashtirish borasida
1. Sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini xalqaro talablar hamda savdo majburiyatlariga muvofiqlashtirishga koʻmaklashish.
2. Xavflarni boshqarish, inspeksiya amaliyoti va tartibga solish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish.
3. Yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qoʻshimchalari, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarni roʻyxatga olish masalalarini oʻrganib borish va Qoʻmitaga taklif kiritish.
II. Manfaatdor taraflar bilan maslahatlashuv borasida
4. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash sohasida mavjud muammolarning idoralararo muhokamasini tashkil etish.
5. Davlat organlari va oziq-ovqat sohasidagi tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi konstruktiv va natijaviy muloqotni yoʻlga qoʻyish.
Izohlar:
1. Maslahat kengashi xulosalari va takliflari Qoʻmita tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi.
2. Qoʻmita Maslahat kengashi takliflarini qabul qilish yoki rad etish sabablarini yozma ravishda asoslantiradi.
3. Maslahat kengashi xulosalari, takliflari va ularni koʻrib chiqish natijalari Qoʻmitaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi, bundan konfidensial maʼlumotlar mustasno.
4. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalariga oid yangi majburiy talablarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy va normativ hujjatlar loyihalari Maslahat kengashida oldindan koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PF-84-son Farmoniga 8-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmonida:
(a) 1-ilovada:
(i) “4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
(ii) “12. Sogʻliqni saqlash vazirligi” boʻlimida 1-pozitsiyaning “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “68” raqami “59” raqami bilan almashtirilsin;
(iii) quyidagi mazmundagi “40. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi” boʻlimi bilan toʻldirilsin:
(iv) izohlar qismida:
5.2-kichik band “Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimida” soʻzlaridan keyin “Biosifat” respublika markazi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
5.3-kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(b) 2-ilovada:
(i) 4.1 — 4.4-kichik bandlar quyidagi mazmundagi 4.1-4.2-kichik bandlar bilan almashtirilsin:
“4.1. Chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish agentligi
4.2. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi”;
(ii) quyidagi mazmundagi 43-band bilan toʻldirilsin:
“43. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi”;
(iii) izoh qismining uchinchi xatboshisidagi “7” raqami “8” raqami bilan almashtirilsin;
(v) 2a-ilovada:
(i) 4.1 — 4.4-pozitsiyalar quyidagi mazmundagi 4.1-4.2-pozitsiyalar bilan almashtirilsin:
(ii) quyidagi mazmundagi 43-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-iyundagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-90-son Farmonida:
(a) 1-bandda:
(i) toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
(ii) oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(b) 2-ilova “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi” blokidan keyin “Biosifat” respublika markazi” bloki bilan toʻldirilsin;
(v) 3 va 5-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-77-son Farmonida:
(a) 3-band quyidagi mazmundagi “j” kichik band bilan toʻldirilsin:
“(j) ushbu Farmonda belgilangan vazifalarni bajarish uchun shtat birliklarini malakali mutaxassislar bilan toʻldirish maqsadida, istisno tariqasida, Sogʻliqni saqlash vazirligining markaziy apparatiga 2026-yil yakuniga qadar xodimlarni tanlovsiz ishga qabul qilish”;
(b) 6-bandning “b” kichik bandidagi “68” raqami “59” raqami bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-431-son qarori 4-bandi “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisidan “va foydalanish darajasi ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan motoresursning 50 foizidan” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-465-son qarorida:
(a) 1-bandning “a” kichik bandida:
(i) ikkinchi xatboshidagi “Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)” soʻzlari “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) uchinchi, beshinchi, yettinchi va toʻqqizinchi xatboshilardagi tegishli kelishikdagi “Agentlik” soʻzi tegishli kelishikdagi “Qoʻmita” soʻzi bilan almashtirilsin;
(iii) toʻrtinchi xatboshidagi “Agentlikka” soʻzi “Qoʻmitaga” soʻzi bilan almashtirilsin;
(b) 4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Agentlik direktori” soʻzlari “Qoʻmita raisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(v) 5-bandning “b” kichik bandidagi “Agentlik” soʻzi “Qoʻmita” soʻzi bilan almashtirilsin;
(g) 8-bandning “v” kichik bandidagi “Agentlik (I. Ergashev)” soʻzlari “Qoʻmita” soʻzi bilan almashtirilsin;
(d) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Respublika ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlar faoliyati yuzasidan maʼlumotlarni umumlashtirish, tahlil qilish, chora-tadbirlar va tegishli takliflar ishlab chiqish uchun masʼul boʻlgan Qoʻmita markaziy apparatida 8 ta shtat birligidan iborat boshqarma, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmalarida 2 ta shtatdan iborat boʻlimlar tashkil qilinsin.
Belgilansinki, mazkur shtat birliklari, istisno tariqasida, 2025-2026-yillar uchun joriy etiladi hamda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan saqlanadi”;
(j) 11-bandda:
(i) birinchi xatboshidagi “Agentlik” soʻzi “Qoʻmita” soʻzi bilan almashtirilsin;
(ii) oltinchi xatboshidagi “Agentlik direktori I. Ergashev” soʻzlari “Qoʻmita raisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(z) 16-banddagi “Agentlik direktori I.K. Ergashev” soʻzlari “Qoʻmita raisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(i) 1-ilovada:
(i) “I. Ergashev — Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori, ishchi guruh rahbari” soʻzlari “Lavozimi boʻyicha — Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi raisi, ishchi guruh rahbari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) “B. Xamrayev — Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari” soʻzlari “Lavozimi boʻyicha — Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi raisining oʻrinbosari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(iii) “D. Anarbayev — Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi boshqarma boshligʻi, ishchi guruh kotibi” soʻzlari “Lavozimi boʻyicha — Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi boshqarma boshligʻi, ishchi guruh kotibi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
