Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish toʻgʻrisida (250-son)
18.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-308-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, xorijiy davlatlarda oʻzbek tilida taʼlim olayotgan oʻquvchilarning oʻzbek tiliga boʻlgan qiziqishini va oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-308-son qaroriga muvofiq:
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini (keyingi oʻrinlarda — xalqaro olimpiada) har yili oʻtkazib borish;
xalqaro olimpiada gʻoliblarini respublika oliy taʼlim tashkilotlarining “Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili va adabiyoti” taʼlim yoʻnalishiga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Tashkiliy qoʻmitaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
xalqaro olimpiadani tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish;
xalqaro olimpiadaning dasturi va logotipini ishlab chiqish hamda gʻoliblarga beriladigan medallar eskizini tasdiqlash;
xalqaro olimpiadani tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;
xalqaro olimpiada oʻtkaziladigan joy, ishtirokchilarni roʻyxatga olish va xalqaro olimpiadani oʻtkazish muddatlarini belgilash;
mahalliy va xalqaro ekspertlarni shartnoma asosida jalb etgan holda, xalqaro olimpiadaning Hakamlar hayʼati va apellyatsiya komissiyasi tarkibini tasdiqlash;
xalqaro olimpiadani oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha barcha masalalarni tezkorlik bilan hal etish.
4. Belgilansinki:
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligining Fan olimpiadalari markazi Tashkiliy qoʻmitaning ishchi organi hisoblanadi;
xalqaro olimpiadada 14 — 18 yoshdagi chet elda istiqomat qiladigan vatandoshlar ishtirok etadi;
xalqaro olimpiadada ishtirok etadigan xorijiy ishtirokchilar va jamoa rahbarlarini kutib olish, mehmonxonaga joylashtirish, ovqatlantirish, shaharda harakatlanish uchun transport vositalaridan foydalanish, ekskursiyalar tashkil etish, xalqaro olimpiada ishtirokchilari va gʻoliblariga beriladigan sertifikatlar, medallar va diplomlar, esdalik sovgʻalarini tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar “Vatandoshlar” jamoat fondi, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
xalqaro olimpiada har yili oktabr oyiga qadar oʻtkaziladi hamda gʻoliblar tantanali tarzda taqdirlanadi.
5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yildan boshlab xalqaro olimpiadani tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq har yilgi xarajatlar smetasini Tashkiliy qoʻmitaga kiritib borsin;
Hakamlar hayʼati tomonidan xalqaro olimpiada uchun nazorat materiallari bazasini shakllantirish hamda ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etsin;
ikki oy muddatda xalqaro olimpiada ishtirokchilarini roʻyxatga olish, xalqaro olimpiada, tadbirlar oʻtkaziladigan hamda Oʻzbekistonning boshqa diqqatga sazovor joylari toʻgʻrisida maʼlumotlarni olish imkonini beruvchi maxsus platformani ishga tushirsin;
xalqaro olimpiadani tashkil etish va oʻtkazish jarayonlariga mahalliy va xorijiy volontyorlarni jalb etsin.
6. Tashqi ishlar vazirligi:
Tashkiliy qoʻmita tomonidan taqdim etilgan xalqaro olimpiada haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari va konsullik muassasalariga yetkazgan holda, xalqaro olimpiadani xorijiy davlatlarda targʻib qilsin;
xalqaro olimpiadada ishtirok etuvchi vatandoshlar uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari, konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirmasdan, zaruratga koʻra, I. Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda xalqaro olimpiada jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 18-may,
250-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 250-son qaroriga 1-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini (keyingi oʻrinlarda — xalqaro olimpiada) tashkil etish, oʻtkazish hamda gʻoliblarni taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Xalqaro olimpiadada 14 — 18 yoshdagi chet elda istiqomat qiluvchi vatandosh boʻlgan maktab oʻquvchilari yakka tartibda yoki terma jamoa sifatida oʻz xohishlariga koʻra, ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ishtirokchi — mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan talablarga javob beruvchi va platforma orqali roʻyxatdan oʻtgan oʻquvchi yoki terma jamoa;
nazorat materiallari — xalqaro olimpiada davomida ishtirokchilarning bilim va koʻnikmalarini baholash uchun ishlatiladigan yozma ish va test topshiriqlari toʻplami;
baholash mezoni — xalqaro olimpiada ishtirokchilarining natijalarini aniqlashda qoʻllanadigan talablar va koʻrsatkichlar tizimi;
platforma — Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining xalqaro olimpiada ishtirokchilarini roʻyxatga olish, maʼlumotlarni qabul qilish va maʼlumot almashishga moʻljallangan maxsus elektron tizimi.
4. Xalqaro olimpiada yagona ilmiy-uslubiy yondashuv, adolatlilik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida oʻtkaziladi.
5. Xalqaro olimpiada ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
2-bob. Xalqaro olimpiadaning maqsadi va asosiy vazifalari
6. Xalqaro olimpiadaning maqsadi xorijiy davlatlarda oʻzbek tili yoki xorijiy tillarda taʼlim olayotgan maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻzbek tilini oʻrganishni keng targʻib qilish va xorijiy davlatlarda oʻquvchilarning oʻzbek tilini chuqur oʻrganishga qiziqishlarini oshirishdan iborat.
7. Xalqaro olimpiadaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
xorijiy davlatlardagi taʼlim tashkilotlarida oʻzbek tili fanini zamonaviy talablar darajasida oʻqitishga erishish;
xorijiy davlatlarda taʼlim olayotgan vatandosh maktab oʻquvchilari orasida oʻzbek tilini oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqni oshirish va ragʻbatlantirish;
xorijiy davlatlarda oʻzbek tili fani oʻqitilayotgan taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik oʻrnatish va oʻquvchilarning xalqaro miqyosda bilimini sinovdan oʻtkazish.
3-bob. Tashkiliy qoʻmita
8. Xalqaro olimpiadaning belgilangan talablar asosida oʻtkazilishi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligining Fan olimpiadalari markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz), “Vatandoshlar” jamoat fondi (keyingi oʻrinlarda — Fond) hamda tegishli davlat tashkilotlari mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladigan Tashkiliy qoʻmita tomonidan taʼminlanadi.
Markaz Tashkiliy qoʻmitaning ishchi organi hisoblanadi.
9. Quyidagilar Tashkiliy qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
xalqaro olimpiadani tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish;
xalqaro olimpiadaning dasturi va logotipini ishlab chiqish hamda gʻoliblarga beriladigan medallar eskizini tasdiqlash;
xalqaro olimpiadani tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;
xalqaro olimpiada oʻtkaziladigan joy, ishtirokchilarni roʻyxatga olish va xalqaro olimpiadani oʻtkazish muddatlarini belgilash;
xalqaro olimpiadaning Hakamlar hayʼati va apellyatsiya komissiyasi tarkibini tasdiqlash;
xalqaro olimpiadani oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha barcha masalalarni tezkorlik bilan hal etish.
Tashkiliy qoʻmita xalqaro olimpiadani yuqori saviyada oʻtkazish uchun masʼul hisoblanadi.
10. Markaz va Fond birgalikda Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilangan xalqaro olimpiada boʻlib oʻtadigan manzillarni (imtihon boʻlib oʻtadigan joy va mehmonxonalar) tayyorlaydi.
4-bob. Hakamlar hayʼati
11. Xalqaro olimpiada gʻoliblarini aniqlashda xolislik, adolat va shaffoflikni taʼminlash maqsadida xorijiy va mahalliy malakali mutaxassislardan iborat Hakamlar hayʼati tashkil etiladi va uning tarkibi Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlanadi.
Hakamlar hayʼati aʼzolari orasidan hayʼat raisi saylanadi.
12. Hakamlar hayʼatining faoliyati Markaz tomonidan muvofiqlashtiriladi.
13. Hakamlar hayʼati:
xalqaro olimpiada jarayonida beriladigan nazorat materiallarini ishlab chiqadi va ekspertizadan oʻtkazadi, topshiriqlarning murakkabligiga qoʻyiladigan talablarning darajasiga muvofiq boʻlishini taʼminlaydi;
ishtirokchilar tomonidan bajarilgan ishlarni tasdiqlangan baholash mezonlari asosida tekshiradi, baholaydi va gʻoliblarni aniqlaydi;
ishtirokchilarga xalqaro olimpiadaning tartib-qoidalari toʻgʻrisida tushuntirish beradi;
xalqaro olimpiadaning boshlanishi va tugash vaqtini eʼlon qiladi hamda xalqaro olimpiada jarayonini nazorat qiladi;
xalqaro olimpiada jarayonida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilmagan ishtirokchilarni xalqaro olimpiadadan dalolatnoma tuzib, chetlashtiradi;
xalqaro olimpiada yakunlari yuzasidan belgilangan tartibda qarorlarni tayyorlaydi va rasmiylashtiradi;
xalqaro olimpiada natijalarini xalqaro olimpiada ishtirokchilari va jamoa rahbarlari ishtirokida eʼlon qiladi;
xalqaro olimpiada natijalari haqida Tashkiliy qoʻmitaga batafsil hisobot beradi va zarur hujjatlarni taqdim etadi.
14. Hakamlar hayʼati aʼzolari xalqaro olimpiada gʻoliblarini xolisona aniqlashda va nazorat materiallarining maxfiyligini taʼminlashda shaxsan javobgar hisoblanadi.
5-bob. Xalqaro olimpiadani oʻtkazish
15. Tashkiliy qoʻmita xalqaro olimpiada boʻlib oʻtadigan muddatlar hamda joyni belgilaydi va bu haqida eʼlon beradi.
16. Xalqaro olimpiada ishtirokchilari platforma orqali roʻyxatga olinadi.
17. Roʻyxatga olish davomida ishtirokchilar quyidagi maʼlumotlarni platformaga yuklaydilar:
xalqaro olimpiadada ishtirok etuvchi oʻquvchi yoki terma jamoa tarkibi;
terma jamoa aʼzolari haqida maʼlumotlar (tugʻilgan kun, oy, yil, taʼlim tashkiloti, taʼlim tili, fuqaroligi);
ishtirokchilarning shaxsiy ehtiyojlari haqida maʼlumotlar (sogʻligʻi, ovqatlanish va boshqalar).
18. Xalqaro olimpiada har yili oktabr oyiga qadar ikki bosqichda (test topshiriqlari va yozma ish shaklida) oʻtkaziladi.
19. Xalqaro olimpiadada ishtirokchilar jamoaviy yoki yakka tartibda offlayn va onlayn shaklda ishtirok etishlari mumkin.
20. Xalqaro olimpiadada xorijiy davlat terma jamoalari tarkibi 6 nafargacha ishtirokchi va 1 nafar jamoa rahbaridan iborat boʻladi. Xalqaro olimpiadada bitta davlatdan 3 tagacha terma jamoa ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
21. Birinchi bosqichda (test) ishtirokchilar umumiy 50 ball bilan baholanadigan 30 ta test topshiriqlarini 120 daqiqa ichida bajaradilar. Bunda:
test topshiriqlarining dastlabki 10 tasi oddiy qiyinchilik darajasidagi yopiq test boʻlib, har bir toʻgʻri javob uchun 0,9 ball bilan;
keyingi 10 tasi oʻrta qiyinlik darajasidagi yopiq test boʻlib, har bir toʻgʻri javob uchun 1,5 ball bilan;
qolgan 10 tasi yuqori qiyinlik darajasidagi yopiq test boʻlib, har bir toʻgʻri javob uchun 2,6 ball bilan baholanadi.
22. Ishtirokchilarning test topshiriqlariga bergan javoblar varagʻida bitta savolga ikki va undan ortiq javoblar toʻgʻri deb belgilangan boʻlsa, ularning birontasi ham inobatga olinmaydi hamda ushbu savolning javobi uchun 0 ball qoʻyiladi.
23. Ikkinchi bosqichda (yozma ish) ishtirokchilar Hakamlar hayʼati tomonidan taqdim etilgan 5 tagacha yozma ish (esse) mavzulari orasidan qurʼa tashlash yoʻli bilan tanlangan bitta mavzu asosida ijodiy ish yozadilar.
Yozma ish bajarish uchun 180 daqiqa vaqt ajratiladi va umumiy 50 ball bilan baholanadi.
24. Ikkinchi bosqichda ishtirokchilar tomonidan yozilgan ishlar mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan yozma ish boʻyicha baholash mezonlari asosida baholanadi.
25. Ikki bosqich yakunlariga koʻra sovrinli oʻrinlar uchun bir nechta ishtirokchilarning ballari teng boʻlgan taqdirda, yozma ish (ikkinchi bosqich) boʻyicha koʻp ball toʻplagan ishtirokchiga ustunlik beriladi. Bunda:
yozma ish boʻyicha ballar teng boʻlganda, test topshiriqlarining yuqori qiyinlik darajasidagi topshiriqlar boʻyicha koʻp ball toʻplagan ishtirokchiga ustunlik beriladi;
koʻzda tutilgan barcha holatlar boʻyicha gʻolib oʻrinlar uchun ishtirokchilarning natijalari teng boʻlgan taqdirda, Hakamlar hayʼati tomonidan qoʻshimcha test savollari berish orqali gʻolib aniqlanadi.
26. Xalqaro olimpiada oʻtkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Auditoriyada telefon va turli aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari vakillariga xalqaro olimpiada jarayoniga xalaqit qilmagan holda kuzatishlariga ruxsat beriladi.
27. Xalqaro olimpiadada offlayn ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan ishtirokchilar quyidagi talablarga javob beradigan joylarda xalqaro olimpiadada ishtirok etishlari mumkin:
toʻliq ovozli videokuzatuv ostidagi xonada joylashish;
xalqaro olimpiada boʻlib oʻtadigan muddatda mazkur xonaning ovozli videokuzatuvlarini onlayn shaklda markazlashgan holda xalqaro olimpiada boʻlib oʻtadigan manzilda uzatilishini taʼminlash;
xalqaro olimpiada jarayonlari yakunlangandan soʻng ishtirokchilarning bajargan ishlarini videokuzatuv ostidagi xonaning oʻzida skaner qilish va Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilangan elektron manzilga yuborish.
28. Xalqaro olimpiada oʻtkaziladigan jarayonda ishtirokchilarning oʻzaro gaplashishi, aloqa vositalari va qoʻshimcha manbalardan foydalanishi taqiqlanadi.
Bunday holatlar uchun ishtirokchi xalqaro olimpiadadan chetlashtiriladi, bajargan ishlari tekshirilmaydi va baholanmaydi.
29. Xalqaro olimpiada yakunida ishtirokchilarning toʻplagan ballariga koʻra gʻoliblar aniqlanadi va gʻoliblar ulushi ishtirokchilarning 60 foizidan ortiq boʻlmasligi lozim.
Xalqaro olimpiada gʻoliblariga oltin, kumush, bronza medallari hamda tegishli diplom va sertifikatlar topshiriladi. Medallar soni mos ravishda 1:2:3 nisbatda boʻlinadi.
30. Tashkiliy qoʻmita xalqaro olimpiadaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda yagona ilmiy-uslubiy yondashuvni taʼminlaydi.
6-bob. Apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish
31. Apellyatsiya komissiyasi Hakamlar hayʼati tarkibiga kirmagan uch nafargacha mutaxassislardan iborat tarkibda tashkil etiladi.
32. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan xalqaro olimpiada ishtirokchilarining arizalari xalqaro olimpiada natijalari eʼlon qilingan kunning oʻzida qabul qilinadi. Apellyatsiya jarayonida Hakamlar hayʼati aʼzolari, ishtirokchi va jamoa rahbari ishtirok etishi mumkin.
33. Apellyatsiyaga xalqaro olimpiada ishtirokchilarining faqatgina oʻzlari tomonidan bajarilgan ishlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha arizalari qabul qilinadi.
34. Apellyatsiya komissiyasi ishtirokchilar arizalarini mazkur Nizom talablari hamda baholash mezonlari asosida koʻrib chiqadi va Hakamlar hayʼati qarorini oʻzgartirish, bekor qilish yoki oʻzgartirishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
35. Apellyatsiya komissiyasi Hakamlar hayʼati qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, ushbu qaror boʻyicha Hakamlar hayʼatiga izoh beradi. Bunda Hakamlar hayʼati qarori qayta tasdiqlanadi.
36. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan qaror ariza bilan murojaat etgan ishtirokchi, jamoa rahbari va Hakamlar hayʼatiga qaror qabul qilingan kunda eʼlon qilinadi.
37. Tashkiliy qoʻmita Hakamlar hayʼati va apellyatsiya komissiyasi qarorlari asosida shakllangan yakuniy natijalarni xalqaro olimpiada boʻlib oʻtgan kunda eʼlon qiladi.
7-bob. Xalqaro olimpiada gʻoliblarini taqdirlash va moliyalashtirish
38. Xalqaro olimpiada ishtirokchilari sertifikatlar, gʻolib va sovrindorlari Tashkiliy qoʻmita tomonidan oltin, kumush, bronza medallari, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
Bunda xalqaro olimpiada gʻoliblari, sovrindorlari va ishtirokchilariga tashkilotchilar yoki homiylar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari berilishi mumkin.
39. Xalqaro olimpiadada oltin, kumush, bronza medallarini qoʻlga kiritgan gʻoliblar respublika oliy taʼlim tashkilotlarining “Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili va adabiyoti” bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida oʻqishga kirish boʻyicha imtiyozdan uch yil mobaynida foydalanish huquqini qoʻlga kiritadi.
40. Xalqaro olimpiadada ishtirok etadigan ishtirokchilar va terma jamoa rahbarlarini kutib olish, mehmonxonaga joylashtirish, ovqatlantirish, shaharda harakatlanish uchun transport vositalaridan foydalanish, ekskursiyalar tashkil etish, xalqaro olimpiada ishtirokchilari va gʻoliblariga sertifikatlar, medallar va diplomlar, esdalik sovgʻalarini tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar Fond mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
41. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
42. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar Masʼullar Chora-tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Tashkiliy qoʻmita Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasi (keyingi oʻrinlarda — xalqaro olimpiada) Hakamlar hayʼatini shakllantiradi, xalqaro olimpiada boʻlib oʻtadigan muddatlar hamda joyni belgilaydi va bu haqida eʼlon beradi. Har yili 1-mayga qadar 2-bosqich Ishtirokchilar (14 — 18 yoshdagi chet elda istiqomat qiluvchi vatandosh boʻlgan maktab oʻquvchilari) Maxsus platformada roʻyxatdan oʻtadi. Har yili iyul — avgust oylarida 3-bosqich Hakamlar hayʼati Xalqaro olimpiada nazorat materiallarini tayyorlaydi. Har yili 1-avgustga qadar 4-bosqich Fan olimpiadalari markazi, “Vatandoshlar” jamoat fondi Xalqaro olimpiada boʻlib oʻtadigan manzillarni (imtihon boʻlib oʻtadigan joy va mehmonxonalar) tayyorlaydi. Har yili 1-sentabrga qadar 5-bosqich Tashkiliy qoʻmita, Fan olimpiadalari markazi, “Vatandoshlar” jamoat fondi Xalqaro olimpiadani yuqori saviyada tashkil etadi, oʻtkazadi va gʻoliblarni aniqlaydi. Har yili oktabr oyiga qadar
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasi ikkinchi bosqichi (yozma ish) boʻyicha
BAHOLASH MEZONLARI
Izoh. Quyidagi hollarda yozma ish tekshirilmaydi va ishtirokchi 4 ball bilan baholanadi:
esse yozilgan, lekin mavzuga mos boʻlmasa;
essening hajmi 100 ta soʻzdan kam boʻlsa;
esse boshqa manbadan koʻchirilgan boʻlsa.
Esseni yozish uchun ajratiladigan umumiy vaqt — 180 daqiqa.
Esse matni tarkibiy qismlar kesimida: kirish 15 — 25 ta soʻz, asosiy qism 200 tagacha soʻz, xulosa 15 — 25 ta soʻz.
Esse matnining belgilangan soʻz hajmidan ortiq qismi baholanmaydi (jumla yakuni bundan mustasno).
Esse yozilmagan boʻlsa, 0 ball beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 250-son qaroriga 2-ILOVA
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
