“Oʻzbekiston Respublikasi markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari hamda bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga 1-son qoʻshimcha va oʻzgartirishlarni tasdiqlash haqida (1204-1-son)
03.07.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 3-iyulda 1204-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari hamda bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga 1-son qoʻshimcha va oʻzgartirishlar loyihasini koʻrib chiqib va muhokama qilib, Boshqaruv qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari hamda bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga 1-son qoʻshimcha va oʻzgartirishlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingandan soʻng 10 kundan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Raisi F. M. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 7-iyun,
12/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2003-yil 7-iyundagi 12/5-sonli qarori bilan “TASDIQLANGAN” 521-1 son
“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari hamda bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qoʻyish tartibi toʻgʻrisida” Nizomga
1-son qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
5-bandning 2-xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“oliy iqtisodiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar;”
11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. Tijorat banklarining respublika apparati, ularning viloyat va Toshkent shahar boshqarmalari (filiallari), shahar va tuman boʻlimlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar bank tizimida yetarli ish tajribasiga hamda oxirgi ish joyidan tavsiyaga ega boʻlishi lozim.”
12-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“12. Tijorat banklarining respublika apparati, ularning viloyat va Toshkent shahar boshqarmalari (filiallari), shahar va tuman boʻlimlari bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar bank tizimida va buxgalteriya sohasida yetarli ish tajribasiga hamda oxirgi ish joyidan tavsiyaga ega boʻlishi lozim.”
23-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimining rahbar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida” 1998-yil 24-sentabrdagi R-896-sonli Farmoyishiga muvofiq holda oʻtkaziladigan attestatsiya yakunlari boʻyicha egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topilgan rahbar xodimlar 1 yildan soʻng Komissiyaga qayta suhbatga qoʻyilishi mumkin. Buning uchun qoʻshimcha ravishda quyidagilar taqdim etilishi lozim:
a) bank Boshqaruvi raisining tavsiyanomasi;
b) bank Kengashi yoki Boshqaruvining kamida ikkita aʼzosining fikrnomasi;
v) Markaziy bank hududiy Bosh boshqarmasining fikrnomasi;
g) xodimning oʻtgan vaqt mobaynida ish faoliyati natijalari, malakasi, nazariy va amaliy bilimlarini oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar (agar shunday tavsiyalar berilgan boʻlsa).”
Tavsiya etilayotgan nomzod uchun attestatsiyada egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topilgan sanadan 3 yil oʻtgandan soʻng qoʻshimcha ravishdagi hujjatlar talab qilinmaydi.
