Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-191-son)
15.05.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Toshkent metropolitenida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifati va xavfsizligini hamda metropoliten infratuzilmasidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, metropoliten faoliyatini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2030-yilgacha metropolitenda yoʻlovchi tashishni rivojlantirishning asosiy maqsadlari va ustuvor vazifalari etib belgilansin:
(a) metropolitenda tashiladigan kunlik yoʻlovchilar sonini 1,8 million nafarga, bekatlar sonini 79 taga va liniyalar uzunligini 103 kmga yetkazish;
(b) harakat intervalini 2-3 daqiqagacha tushirish;
(v) investitsiya muhitini yaratish orqali metropoliten infratuzilmasiga xususiy investitsiyalarni jalb etish;
(g) metropoliten faoliyatini transformatsiya qilish va raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, xizmatlar koʻrsatish jarayonining uzluksizligi, sifati, xavfsizligi va barqarorligini taʼminlash;
(d) Toshkent metropolitenining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va korporativ boshqaruv tizimini tubdan yaxshilash hamda malakali xorijiy menejerlar va mutaxassislarni jalb etish.
II. Tashkiliy-institutsional isloh qilish choralari
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-yanvardagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarning tashkiliy-huquqiy shakllarini oʻzgartirish hamda ayrimlarini tugatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-8-son qarori bilan “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasini “Toshkent metropoliteni” aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Toshkent shahar hokimligining Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi negizida “Toshkent metropoliteni” AJ huzurida “Yagona buyurtmachi injiniring xizmati” MCHJni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) “Toshkent metropoliteni” AJning davlat ulushi boʻyicha aksiyador funksiyasi Transport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
(b) “Toshkent metropoliteni” AJ “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasining, “Yagona buyurtmachi injiniring xizmati” MCHJ Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasining barcha mol-mulki, shartnomalari, huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
5. Transport vazirligi “Toshkent metropoliteni” AJ bilan birgalikda:
(a) uch oy muddatda “Toshkent metropoliteni” AJ kuzatuv kengashi tarkibining kamida 50 foizi mustaqil aʼzolardan shakllantirilishini taʼminlasin;
(b) 2026-yil 1-avgustga qadar “Toshkent metropoliteni” AJ raisining moliya va transformatsiya masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimiga yuqori malakali va xorijiy tajribaga ega nomzodlarni “Toshkent metropoliteni” AJ kuzatuv kengashiga tasdiqlash uchun kiritsin.
III. Metropoliten infratuzilmasini yaxshilash hamda moliyaviy sogʻlomlashtirish
6. Quyidagilar:
(a) “Toshkent metropoliteni” AJni transformatsiya qilish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, yoʻlovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
(b) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kredit mablagʻlari hisobidan 2026 — 2028-yillarda metropolitenda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish hamda fuqaro muhofazasi obyektlari texnik bazasini mustahkamlashga oid chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — Chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Belgilansinki:
(a) Chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish doirasida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi “Toshkent metropoliteni” AJga 2026 — 2028-yillarda bosqichma-bosqich 84,3 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit ajratilishini taʼminlaydi. Bunda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan kredit mablagʻlari 10 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavkada “Toshkent metropoliteni” AJ buyurtmanomalari asosida ajratiladi;
(b) Chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan jalb qilinayotgan kreditlar, foizlar va vositachilik haqi toʻlovlari, shuningdek, boshqa xarajatlar toʻlovlari “Toshkent metropoliteni” AJ mablagʻlari hisobidan qaytariladi. Bunda jalb qilinayotgan kreditlar, foizlar va vositachilik haqi toʻlovlari, shuningdek, boshqa xarajatlar toʻlovlari Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida cheklangan tariflar boʻyicha aholiga xizmatlar koʻrsatish munosabati bilan shaharda yoʻlovchilarni muntazam tashish bilan band boʻlgan tashuvchilar koʻradigan zararlarni moliyalashtirish va qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom boʻyicha qoplanadi.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorning 7-bandidagi qoʻshimcha xarajatlarni inobatga olib, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
9. “Toshkent metropoliteni” AJ Chora-tadbirlar rejasidagi loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Transport vazirligi ikki oy muddatda:
(a) “Toshkent metropoliteni” AJ, Toshkent shahar hokimligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda metropolitenning kengayishini inobatga olgan holda 2027 — 2030-yillarda metropoliten uchun talab etiladigan metro vagonlari harakat tarkiblari boʻyicha takliflarni;
(b) Chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish doirasida zarur texnologik asbob-uskunalar, ehtiyot va butlovchi qismlar boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 352-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. “Toshkent metropoliteni” AJ 2028-yil yakuniga qadar qoʻshimcha mablagʻlar manbalarini shakllantirish hamda “Toshkent metropoliteni” AJni moliyaviy sogʻlomlashtirish maqsadida:
(a) metropolitenda reklama va media faoliyatini rivojlantirish, platforma va vagonlarda raqamli ekranlar oʻrnatish maqsadida xususiy media kompaniyalariga reklama maydonlarini auksion orqali ijaraga berish choralarini koʻrsin. Bunda ijaraga berishdan tushgan mablagʻlar toʻliq “Toshkent metropoliteni” AJ tasarrufida qoladi va metropolitenni rivojlantirish uchun yoʻnaltiriladi;
(b) metro bekatlariga kirish joylarida hamda bekatdan-bekatga oʻtish yoʻlaklarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlagan holda vending apparatlari va kichik koʻchma savdo obyektlarini joylashtirish choralarini koʻrsin. Bunda ushbu koʻchma obyektlarni joylashtirish va foydalanish huquqi auksion savdolari orqali tashkil etilsin;
(v) metro stansiyalari oldida avtoturargohlarni tashkil qilish orqali quyidagilarni nazarda tutuvchi “Park & Ride” tizimini yoʻlga qoʻysin:
(i) avtoturargohdan foydalanganlarga chiptadan chegirmalar berish;
(ii) avtoturargoh toʻlovini metro chiptasi orqali qoplash mexanizmlarini joriy etish;
(g) xususiy tadbirkorlarga metropoliten tonnel va bekatlarida auksion orqali ijara asosida xavfsiz faoliyat turlari bilan shugʻullanishga ruxsat bersin;
(d) metropolitenga tegishli boʻsh turgan bino va xonalarni kovorking markazi va kichik ofis sifatida foydalanish uchun xususiy tadbirkorlarga auksion savdolari orqali ijaraga berish choralarini koʻrsin.
12. Transport vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Toshkent metropoliteni” AJ bilan birgalikda 2027-yil 1-aprelga qadar, zarur hollarda, xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda Toshkent shahrining yirik megapolis shahar sifatida barqaror rivojlanayotgani hamda Toshkent shahrining bosh rejasini inobatga olib, 2027 — 2035-yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda ishlab chiqiladigan strategiya loyihasida quyidagilar nazarda tutilsin:
(a) metropoliten tarmoqlarini ikki barobarga kengaytirish;
(b) yoʻlovchi tashish hajmini 2,5 barobarga oshirish;
(v) “Toshkent metropoliteni” AJning iqtisodiy-moliyaviy holatini yaxshilash;
(g) ekologik barqaror, energiya tejamkor va xavfsiz transport tizimini yaratish;
(d) metropoliten daromadlarining qoʻshimcha manbalarini yaratish;
(j) yoʻlovchilar uchun qulayliklar va servis sifatini oshirish;
(z) xavfsizlik tizimlarini takomillashtirish.
13. “Toshkent metropoliteni” AJ Toshkent viloyati hokimligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamiyat faoliyatining kengayishi va yangi harakatdagi tarkiblarni xarid qilish choralari koʻrilayotganligi munosabati bilan Toshkent viloyati hududidan “Toshkent metropoliteni” AJga elektrodepo qurilishi uchun zarur boʻlgan yer maydonini aniqlagan holda Transport vazirligiga doimiy foydalanish uchun ajratish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. “Toshkent metropoliteni” AJ Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar metropolitendan foydalanish uchun xorijiy turistlarga qulayliklar yaratish choralarini koʻrsin.
15. Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Toshkent metropoliteni” AJ va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda xorijiy tajribani oʻrgangan holda 2027-yil 1-yanvardan boshlab metropolitendan foydalanishda yoʻlkira haqini toʻlashning yangicha tizimini joriy etish yuzasidan takliflarni olti oy muddatda “Toshkent metropoliteni” AJ kuzatuv kengashi bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda yoʻlkira haqini toʻlashning yangicha tizimini joriy etishda quyidagilar nazarda tutilsin:
(a) masofaga qarab toʻlash;
(b) aholi toifalariga imtiyozlar berish;
(v) abonementlar (kunlik, haftalik, oylik) tizimini joriy etish.
16. Chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish doirasida “Toshkent metropoliteni” AJga 2029-yil 1-yanvarga qadar “taklif soʻrovi” xarid qilish tartib-taomili asosida salohiyatli yetkazib beruvchilarning takliflarini va (yoki) ofertalarini oʻrganib, metropoliten ehtiyojlari uchun zarur boʻladigan asbob-uskunalar, ehtiyot va butlovchi qismlar xaridini amalga oshirishga ruxsat berilsin. Bunda tuzilgan shartnomalar “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” DM tomonidan belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov va transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.
18. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-may,
PQ-191-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-maydagi PQ-191-son qaroriga 1-ILOVA
“Toshkent metropoliteni” AJni transformatsiya qilish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, yoʻlovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-maydagi PQ-191-son qaroriga 2-ILOVA
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kredit mablagʻlari hisobidan 2026 — 2028-yillarda metropolitenda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish hamda fuqaro muhofazasi obyektlari texnik bazasini mustahkamlashga oid
CHORA-TADBIRLAR REJASI
