Oʻzbekiston Respublikasida gidrometeorologiya xizmati infratuzilmasini rivojlantirish va monitoring qilish tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi havo kemalari parvozlarining xavfsizligini meteorologik taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (252-son)
18.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, gidrometeorologik hodisalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tayyorlash va tarqatishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish hamda fuqaro aviatsiyasi havo kemalari parvozlarining xavfsizligini meteorologik taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2027-2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining baland togʻli hududlarida qor qoplamlarini monitoring qilish uchun masofaviy qor oʻlchash nuqtalarini zamonaviy qor oʻlchov uskunalari bilan jihozlash boʻyicha dastur 1-ilovaga muvofiq;
2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi aeroportlarning avtomatik aviatsiya meteorologiya stansiyalarini modernizatsiya qilish boʻyicha dastur 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida parvozlar xavfsizligini gidrometeorologik taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzgidromet):
ushbu qarorga 1 va 2-ilovalarga muvofiq qor oʻlchov uskunalari hamda aeroportlarning avtomatik aviatsiya meteorologiya stansiyalarini modernizatsiya qilish uchun zarur jihozlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilinishini hamda oʻrnatilishini taʼminlasin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda qor oʻlchov uskunalaridan olingan maʼlumotlarni telekommunikatsiya tarmoqlari hamda yoʻldosh aloqa kanallari orqali yagona gidrometeorologik maʼlumotlar geoaxborot monitoring tizimiga (keyingi oʻrinlarda — monitoring tizimi) uzatish choralarini koʻrsin;
qor oʻlchov uskunalaridan olingan maʼlumotlarni monitoring tizimiga integratsiya qilish orqali vizuallashtirgan holda, doimiy ravishda oʻzining rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida eʼlon qilib borsin;
“Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq aeroportlarni avtomatik aviatsiya meteorologiya stansiyalari bilan jihozlash, ularga sifatli xizmat koʻrsatish uchun malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda ularning malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish choralarini koʻrsin;
Transport vazirligi huzuridagi “Oʻzaeronavigatsiya markazi” davlat unitar korxonasi bilan birgalikda aeroportlar hududidagi dispetcherlik markazlari bilan oʻzaro aviatsiya maʼlumotlari almashinuvini toʻliq raqamlashtirish orqali meteorologik maʼlumotlarni uzatishning yagona elektron tarmogʻini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (ICAO) standartlari hamda tavsiyalari asosida aeroportlardagi havo kemalari parvozlarini sifatli meteorologik maʼlumotlar bilan taʼminlasin.
3. Oʻzgidromet ushbu qarorga 1 va 2-ilovalarga muvofiq qor oʻlchov uskunalari hamda aeroportlarning avtomatik aviatsiya meteorologiya stansiyalarini modernizatsiya qilish uchun zarur jihozlarni xarid qilish hamda ular orqali olingan maʼlumotlarni monitoring tizimiga uzatish bilan bogʻliq xarajatlarni kelgusi yillarga moʻljalangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida nazarda tutish toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritsin.
4. “Uzbekistan Airports” AJga:
Oʻzgidrometning aviameteorologik stansiyalarini xizmat xonalari, aloqa, mebel va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash;
aeroportlarning meteorologik uskunalari va aloqa vositalari belgilangan tartibda zaxira elektr tarmogʻiga ulanishini va sinovdan oʻtkazilishini taʼminlash;
aviameteorologik stansiyalarning xodimlari hamda Oʻzgidrometning maxsus avtotransport vositalari aeroportlar hududlariga kirib-chiqishi uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tavsiya etilsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 18-may,
252-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 252-son qaroriga 1-ILOVA
2027-2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining baland togʻli hududlarida qor qoplamlarini monitoring qilish uchun masofaviy qor oʻlchash nuqtalarini zamonaviy qor oʻlchov uskunalari bilan jihozlash boʻyicha
DASTUR
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 252-son qaroriga 2-ILOVA
2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi aeroportlarning avtomatik aviatsiya meteorologiya stansiyalarini modernizatsiya qilish boʻyicha
DASTUR
Izoh. Ushbu dasturdagi uskunalarning qiymati real vaqtdagi narxdan kelib chiqib oʻzgarishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 252-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida parvozlar xavfsizligini gidrometeorologik taʼminlash boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
