Qonun ijodkorligi jarayonining sifati va samaradorligini oshirishda keng jamoatchilik imkoniyatlaridan unumli foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (2016-V-son)
29.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining faoliyatida, shu jumladan qonun ijodkorligi jarayonida va parlament nazoratini amalga oshirishda keng jamoatchilikni jalb qilishga, qonun loyihalarini fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflarini oʻrgangan holda ishlab chiqishga, koʻrib chiqilayotgan loyihalar yuzasidan aholi oʻrtasida muhokamalar oʻtkazishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
“Xalq — qonunlarning tom maʼnoda yagona manbai va muallifi hisoblanadi” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida, jamoatchilikning fikri hisobga olingan holda qabul qilinadi” degan prinsiplar milliy parlamentimiz faoliyatining bosh mezoniga aylandi.
Qonun ijodkorligi jarayonining va parlament nazoratining huquqiy, tashkiliy va amaliy jihatdan takomillashib borishi parlament faoliyatining sifat koʻrsatkichlarini yanada yaxshilash, xalqimiz hayoti va farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan qonunlar qabul qilinishiga erishish uchun muhim omil boʻlmoqda.
Jamoatchilik fikrini oʻrganish qabul qilinayotgan qonun loyihalarida saylovchilarning manfaatlarini yanada toʻliqroq ifodalashga va qonunlarning hayotimizda samarali qoʻllanilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu bois qonun loyihalarini koʻrib chiqish va parlament nazoratini amalga oshirish chogʻida keng jamoatchilik fikrini oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazish, shu jumladan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi imkoniyatlaridan samarali foydalanish amaliyotini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi boʻyicha Amaliy tadbirlar rejasining 251-bandidan kelib chiqib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2026-yildagi faoliyati asosiy yoʻnalishlarining 2-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) qonun loyihalarini koʻrib chiqish va parlament nazoratini amalga oshirish chogʻida jamoatchilik fikrining oʻrganilishini taʼminlash maqsadida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilsin.
2. Qonunchilik palatasi qoʻmitalari Markaz bilan hamkorlikni amalga oshirish chogʻida quyidagilarga eʼtibor qaratsin:
muhim ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan qonun loyihalariga nisbatan jamoatchilikning munosabatini aniqlash yuzasidan Markaz bilan birgalikda sotsiologik tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazishga;
parlament nazoratini amalga oshirish doirasida davlat dasturlari hamda qonun hujjatlari ijrosini baholashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazilishini tashkil etishga;
sotsiologik tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazilishi chogʻida jamoatchilik fikri har tomonlama va chuqur oʻrganilishini taʼminlash maqsadida zarur hollarda, “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga kelib tushayotgan murojaatlarning tahlilidan keng foydalanishga;
Markaz tayyorlagan sotsiologik tadqiqot natijalaridan va soʻrovga oid maʼlumotlardan qoʻmitalar faoliyatida, shu jumladan qonun loyihalarini koʻrib chiqish jarayonida hamda parlament nazorati tadbirlarida unumli foydalanishga.
3. Qayd etilsinki, Markaz bilan hamkorlikda sotsiologik tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazishga doir masalalar hamda ularning oʻtkazilishini tashkil etish tartibi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari:
qoʻmitaning har yilgi ish rejasini shakllantirish chogʻida jamoatchilik fikrining oʻrganilishi talab etiladigan qonun loyihalari hamda parlament nazorati tadbirlari uchun sotsiologik tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazilishini nazarda tutsin;
qonun loyihasi boʻyicha masʼul qoʻmita zaruratga koʻra, loyihaning ijtimoiy taʼsirini va jamoatchilik tomonidan qabul qilinishi ehtimolini baholash uchun sotsiologik tadqiqot yoki soʻrov oʻtkazish tashabbusi bilan chiqsin;
qonun loyihalarini takomillashtirishda, parlament nazorati obyektlariga tegishli tavsiyalar tayyorlashda hamda qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqishda sotsiologik tadqiqotlar va soʻrovlar natijalaridan keng foydalansin.
4. Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti:
Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga va siyosiy partiyalar fraksiyalariga qonun loyihalarini koʻrib chiqish hamda parlament nazoratini amalga oshirish chogʻida jamoatchilik fikrini oʻrganish uchun sotsiologik tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazilishini tashkil etishda ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan koʻmaklashsin;
qonun loyihalarini koʻrib chiqish hamda parlament nazoratini amalga oshirish chogʻida keng jamoatchilik fikrining oʻrganilishi yuzasidan xorijiy davlatlar parlamentlarida qoʻllanilayotgan ilgʻor tajribani muntazam oʻrganib borsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-aprel,
2016-V-son
