Yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarini belgilash toʻgʻrisida (243-son)
15.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Soʻnggi yillarda jahonda yuz berayotgan geosiyosiy ziddiyatlar va keskinliklar, global iqtisodiyotdagi, shu jumladan, xalqaro neft bozoridagi uzoq muddatli noaniqliklar va xalqaro yuk tashishlar bozori konyunkturasining oʻzgarishi sharoitida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan ishonchli taʼminlash, shuningdek, yoqilgʻi-energetika korxonalari moliyaviy holatini barqarorlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yoqilgʻi-energetika resurslarining 2026-yil 1-iyundan kuchga kiradigan narxlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Energetika vazirligi ushbu qarorga muvofiq yoqilgʻi-energetika resurslarining joriy etilayotgan yangi narxlarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazsin.
3. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda neft-gaz va energetika sohasini rivojlantirish, yoqilgʻi-energetika resurslarini yetkazib berish sifatini yaxshilash va ularning narxlari oʻzgarishiga oid mavzular ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin;
bir oy muddatda “Hududgaztaʼminot” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda tabiiy gaz va elektr energiyasini yetkazib berishdagi yoʻqotishlarni qisqartirishga qaratilgan maqsadli koʻrsatkichlarni belgilagan holda, hududgaz taʼminoti filiallari hamda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) tasdiqlasin.
Bunda eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini bajarishda qoloqlikka yoʻl qoʻygan rahbarlarga nisbatan qatʼiy moliyaviy va intizomiy jazo choralarini qoʻllash inobatga olinsin.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan birgalikda tizimli ravishda yirik tarmoq va davlat korxonalarida bir birlik mahsulot ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) uchun sarflanadigan yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash choralarini belgilab borsin va ularning amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2026-yil 1-iyulga qadar:
tabiiy gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish tariflarini;
elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz isteʼmolchilari va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan mablagʻlarni taqsimlash tartibini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin va 2026-yil 1-iyundan boshlab kuchga kiritilsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-may,
243-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-maydagi 243-son qaroriga 1-ILOVA
Yoqilgʻi-energetika resurslarining 2026-yil 1-iyundan kuchga kiradigan yangi narxlari
Izoh.
* Isitish mavsumi (boshqa mavsum) Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik isteʼmolining bazaviy meʼyorlarini (2-ilova) amal qilish muddatlari bilan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-maydagi 243-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-apreldagi 204-son qaroriga 1-ilovaning “I. Elektr energiyasi” qismining 1.1., 1.2., 1.2.1., 1.2.2. va 1.3. pozitsiyalari, “II. Tabiiy gaz” qismining 2.1., 2.2., 2.3., 2.4., 2.5. va 2.6. pozitsiyalari hamda izohining birinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-2025-yillarda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich oʻzgarish grafigiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida” 2025-yil 31-martdagi 194-son qaroriga ilovaning 1 va 2-bandlari chiqarib tashlansin.
