Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (3833-son)
08.05.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH AGENTLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI RAQOBATNI RIVOJLANTIRISH VA ISTEʼMOLCHILAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISH QOʻMITASINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 8-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3833]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-fevraldagi 44-son “Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni taʼminlovchi standartlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. BURXANOV
Toshkent sh.,
2026-yil 14-aprel,
18-son
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-mart,
04/11-05/01-son
Kelishildi:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L. KUDRATOV
2026-yil 24-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2026-yil 14-apreldagi 18-son hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining 2026-yil 26-martdagi 04/11-05/01-son qaroriga ILOVA
Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yoʻriqnoma quyidagi yirik investitsiya loyihalariga nisbatan tatbiq etiladi:
davlat budjeti yoki davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari;
davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari;
davlat kafolatlari, imtiyozlar yoki davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa shakllarini nazarda tutuvchi xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari.
2. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organlar — Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi;
yirik investitsiya loyihasi (bundan buyon matnda loyiha deb yuritiladi) — moliyaviy resurslar qiymati kamida 50,0 mln AQSH dollari ekvivalentida (shu jumladan, davlat investitsiyalari, xalqaro moliya institutlari kreditlari) jalb etilgan holda amalga oshiriladigan, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, xizmatlar yoki boshqa infratuzilmani yaratish, kengaytirish yoki modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalari;
loyihani korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish (bundan buyon matnda ekspertiza deb yuritiladi) — loyihani rejalashtirish, moliyalashtirish, tayyorlash, davlat xaridlarini amalga oshirish va ekspluatatsiya, monitoring qilish bosqichlarida korrupsiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan omillar va xavflarni aniqlash hamda tahlil qilish, shuningdek, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish jarayoni;
loyihaning raqobat muhitiga taʼsirini baholash (bundan buyon matnda baholash deb yuritiladi) — loyihaning tegishli bozorlarda raqobatga taʼsirini baholash, raqobatni cheklash, ayrim ishtirokchilarga ustunlik berish yoki monopol holatni yuzaga keltirish xavflarini aniqlash, bartaraf etish, shuningdek barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng boʻlgan shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash jarayoni.
3. Mazkur Yoʻriqnoma talablariga muvofiq ekspertizadan oʻtkazilmagan hamda baholanmagan loyihani tasdiqlashga yoki amalga oshirishning keyingi bosqichiga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-bob. Loyihani ekspertizadan oʻtkazish hamda baholashning maqsad va vazifalari
4. Loyihani ekspertizadan oʻtkazish va baholashning maqsadi loyihaning shaffoflik, hisobdorlik va xolislik tamoyillari asosida amalga oshirish, korrupsiya xavflarini oldindan aniqlash va sogʻlom raqobat muhitini taʼminlashdan iborat.
5. Ekspertizaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
loyihani tayyorlash va amalga oshirish bosqichlarida korrupsiyaga olib kelishi mumkin boʻlgan omillarni aniqlash;
manfaatlar toʻqnashuvi va affillanganlik holatlarni bartaraf etish;
diskretsion vakolatlarning asossiz qoʻllanilishini cheklash;
davlat xaridlarida shaffoflikni taʼminlash;
moliyaviy hisob-kitoblar va loyiha qiymatining iqtisodiy asoslanganligini baholash;
aniqlangan xavflarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash.
6. Baholashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
loyihaning bozorda raqobatni cheklash ehtimolini aniqlash;
barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng boʻlgan shart-sharoitlarni taʼminlash;
davlat tomonidan taqdim etiladigan davlat yordamining (imtiyoz, preferensiya va boshqa turdagi qoʻllab-quvvatlash choralarining) raqobatga taʼsirini baholash;
ayrim ishtirokchilarga ustunlik berish yoki monopol holatni yuzaga keltirish (bozorda ustun mavqe yuzaga kelishi) xavfini bartaraf etish;
ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarga eksklyuziv (mutlaq) huquqlarning asossiz berilishiga yoʻl qoʻymaslik.
3-bob. Loyihani ekspertizadan oʻtkazish tartibi
7. Loyiha quyidagi bosqichlarda majburiy tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi:
loyiha tashabbusi bosqichida — konsepsiya, texnik-iqtisodiy asos, loyihani baholash hujjati yoki loyihani asoslovchi boshqa dastlabki hujjatlar ishlab chiqilayotganda, shuningdek moliyalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi yoki shartnoma tuzilishi (davlat xususiy-sheriklik uchun) oldidan;
davlat xaridi bosqichida — loyiha boʻyicha yetkazib beruvchilar, pudratchilar, investorlar yoki hamkorlarni tanlash uchun raqobatbardosh tanlov jarayonlari oʻtkazilishi paytida;
amalga oshirish bosqichida — loyiha shartlarida sezilarli oʻzgarishlar boʻlganda, qoʻshimcha shartnomalar tuzilganda, shartnomalarning ijrosini monitoring qilish paytida korrupsiya holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida.
8. Loyiha ekspertizasi davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (bundan buyon matnda ichki nazorat tuzilmalari deb yuritiladi) tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
9. Loyihani tayyorlayotgan davlat organi yoki tashkiloti (bundan buyon matnda loyiha tashabbuskori deb yuritiladi) loyihaga aloqador quyidagi hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish uchun ichki nazorat tuzilmasiga taqdim etadi:
oldindan toʻldirilgan mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi Yirik investitsiya loyihasida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash boʻyicha cheklist (bundan buyon matnda korrupsiyaviy xavflar cheklisti deb yuritiladi);
loyiha konsepsiyasi;
texnik-iqtisodiy asos;
loyihani baholash hujjati;
kelishuv loyihasi;
hamkorni tanlashga oid materiallar;
loyihaga aloqador boshqa mavjud hujjatlar va maʼlumotlar.
10. Taqdim etilgan hujjatlar ichki nazorat tuzilmasining masʼul xodimi tomonidan qabul qilinib, ularning toʻliqligi va ekspertizadan oʻtkazish uchun yaroqliligi ikki ish kuni ichida tekshiriladi.
Ichki nazorat tuzilmasi ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan, mavjud qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotlarning taqdim etilishini talab qilishi mumkin.
11. Taqdim etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmagan va (yoki) ekspertizadan oʻtkazish uchun yaroqsiz deb topilgan taqdirda ichki nazorat tuzilmasi aniqlangan kamchiliklar roʻyxatini koʻrsatgan holda ularni loyiha tashabbuskoriga qaytaradi.
12. Taqdim etilgan hujjatlar toʻliq va ekspertizadan oʻtkazish uchun yaroqli deb topilgan kunning oʻzida idoraviy nazorat jurnalida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Loyiha idoraviy nazorat jurnalida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida ekspertizadan oʻtkaziladi.
13. Ekspertiza taqdim etilgan hujjatlarni mazmunan oʻrganish va alohida korrupsiyaviy xavflar cheklistini toʻldirish orqali quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
1) tashkil etish va oʻtkazish jarayonining oshkoraligi.
Loyihani tashkil etish va oʻtkazish, shu jumladan rejalashtirish va ijrochilarni tanlash jarayonining oshkoraligi quyidagilar asosida baholanadi:
salohiyatli ishtirokchilar uchun loyiha boʻyicha barcha zarur maʼlumotlar (predmet, qiymat, moliyalashtirish manbalari, tanlash mezonlari, muddatlar va boshqalar) toʻliq eʼlon qilinganligi;
takliflarni taqdim etish uchun yetarli muddatning mavjudligi;
qabul qilingan qarorlar tegishli bayonnoma yoki xulosalar bilan rasmiylashtirilganligi;
ishtirokchilarning savollari va murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi taʼminlanganligi;
2) meʼyorlarning aniqligi va xolisligi.
Investorni (yetkazib beruvchi, pudratchi, hamkor) tanlash mezonlari va loyiha natijalarini baholash koʻrsatkichlari oldindan aniq belgilanganligi hamda barcha ishtirokchilarga bir xil tartibda qoʻllanganligi tekshiriladi.
Meʼyorlarning aniqligi va xolisligi quyidagilar asosida baholanadi:
gʻolibni tanlash mezonlari va baholash koʻrsatkichlarining oldindan belgilanganligi;
gʻolibni tanlash va qaror qabul qilish bosqichlarining tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirilganligi;
gʻolibni tanlash natijalarining har bir mezon boʻyicha asoslantirilganligi;
baholash mezonlarining barcha ishtirokchilarga nisbatan bir xil tartibda qoʻllanganligi;
3) manfaatlar toʻqnashuvi mavjud emasligi.
Ekspertiza jarayonida loyihani tayyorlash va amalga oshirishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi, ularning oʻz lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatayotgan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlar mavjud emasligi tekshiriladi.
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjud emasligi quyidagilar asosida baholanadi:
loyihani tayyorlash va amalga oshirishda ishtirok etuvchi mansabdor shaxslar tomonidan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya taqdim etilganligi;
qaror qabul qilishda ishtirok etuvchi shaxslarning loyihada ishtirok etuvchi investor (yetkazib beruvchi, pudratchi, hamkor) bilan mulkiy, moliyaviy yoki boshqaruvga oid manfaatdorligi mavjud emasligi;
manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarda manfaatdor shaxslarning qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etmasligi taʼminlanganligi;
manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha belgilangan ichki tartiblarga rioya etilganligi;
4) diskretsion vakolatlar mavjud emasligi.
Loyiha yoki unga bogʻliq qarorlarda davlat organlari yoki mansabdor shaxslarga ortiqcha yoki noaniq vakolatlar berilmaganligi tekshiriladi.
Qarorlar qabul qilishda mansabdor shaxslarning asossiz ravishda oʻz ixtiyoriga koʻra harakat qilish imkoniyati cheklangan boʻlishi lozim.
Diskretsion vakolatlar mavjud emasligi quyidagilar orqali baholanadi:
qaror qabul qilishning shartlari, asoslari va tartib-taomillari aniq va tushunarli tarzda belgilanganligi;
loyihada davlat organlari yoki mansabdor shaxslarga noaniq yoki cheklanmagan vakolatlar berishga olib keluvchi qoidalarning mavjud emasligi (shartnomaning muhim shartlarini belgilangan tartib-taomillardan tashqari oʻzgartirish imkoniyati berilmaganligi, zaxira mablagʻlarini yakka tartibda tasarruf etish huquqi nazarda tutilmaganligi va boshqalar);
davlat organlari yoki mansabdor shaxslarga ularning vakolat doirasiga kirmaydigan vazifalar yuklatilmaganligi;
5) cheklovlar va toʻsiqlar mavjud emasligi.
Loyihada ishtirokchilar uchun belgilangan cheklovlar va toʻsiqlar maqsadga muvofiqligi, asoslanganligi hamda ortiqcha maʼmuriy yoki moliyaviy yuklamalarga olib kelmasligi tekshiriladi.
Cheklovlar va toʻsiqlar mavjud emasligi quyidagilar orqali baholanadi:
cheklovlar va toʻsiqlarning loyiha maqsadidan kelib chiqqan holda asoslanganligi;
litsenziyalash, ruxsatnoma berish va xabardor qilish tartib-taomillarining qonunchilik talablariga muvofiq belgilanganligi;
noaniq yoki asossiz talablarning nazarda tutilmaganligi;
loyihada belgilangan maqsad va vazifalar bilan bogʻliq boʻlmagan tashkiliy, moliyaviy yoki maʼmuriy talablarning nazarda tutilmaganligi;
muayyan doiradagi ishtirokchilarga ustunlik beruvchi talablarning belgilanmaganligi.
Loyihada jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini asossiz cheklashga olib keluvchi yoki muayyan ishtirokchining manfaatini koʻzlab belgilangan talablar mavjud boʻlmasligi lozim;
6) nazorat va hisobot.
Loyihada uni amalga oshirish ustidan tashqi nazorat mexanizmlari hamda loyihani amalga oshirish natijalari boʻyicha hisobot berish tartiblari mavjudligi tekshiriladi.
Nazorat va hisobot mexanizmlari mavjudligi quyidagilar orqali baholanadi:
loyiha amalga oshirilishi ustidan tashqi nazorat shakllarining (audit, monitoring, jamoatchilik nazorati) nazarda tutilganligi;
loyihani amalga oshirish jarayonini monitoring qilish tartibining belgilanganligi;
loyihani amalga oshirish natijalari toʻgʻrisida ommaviy hisobot taqdim etish tartibining belgilanganligi;
7) javobgarlik choralari.
Loyiha hujjatlarida korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun taʼsirchan javobgarlik choralarining mavjudligi tekshiriladi.
Javobgarlik choralari mavjudligi quyidagilar orqali baholanadi:
korrupsiyaviy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda shartnomani bekor qilish, jarima sanksiyalarini qoʻllash, pudratchini chetlatish va boshqa choralarning mavjudligi;
loyiha ishtirokchilarining korrupsiyaga qarshi qoidalarga rioya etish majburiyatining mavjudligi;
xalqaro tajribaga, shu jumladan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti standartlariga muvofiq loyiha ishtirokchilaridan korrupsiyaga qarshi ichki qoidalar, komplayens dasturlari yoki odob-axloq siyosatining mavjudligi toʻgʻrisida axborot taqdim etish talabining mavjudligi;
8) boshqa omillar.
Loyihada korrupsiyaviy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan boshqa omillarning mavjudligi tekshiriladi.
Boshqa korrupsiyaviy xavflar quyidagilar orqali baholanadi:
huquqiy masalalardagi boʻshliqlarning mavjud emasligi;
huquq va majburiyatlarning aniq va tushunarli tarzda belgilanganligi;
qoidalarni turlicha talqin qilish imkoniyatining mavjud emasligi;
qaror qabul qilish yoki amalga oshirish tartib-taomillarining toʻliq belgilanmaganligi.
14. Korrupsiyaviy xavflar cheklistini toʻldirish ushbu cheklistda belgilangan har bir savolga javob berish orqali amalga oshiriladi.
Savolda nazarda tutilgan talablar taʼminlangan taqdirda “Ha” ustunining tegishli qatoriga tasdiq belgisi (“✓”) qoʻyiladi.
Savolda nazarda tutilgan talablar taʼminlanmagan taqdirda “Yoʻq” ustunining tegishli qatoriga tasdiq belgisi (“✓”) qoʻyiladi hamda “Izoh (asoslash)” ustunining tegishli qatorida korrupsiyaviy xavfni keltirib chiqaruvchi omillar qisqacha asoslantiriladi.
Savol loyihaga taalluqli boʻlmagan taqdirda “Tegishli emas” ustunining tegishli qatoriga tasdiq belgisi (“✓”) qoʻyiladi hamda “Izoh (asoslash)” ustunining tegishli qatorida savol loyihaga taalluqli emasligining sabablari koʻrsatiladi.
15. Loyihaning korrupsiyaviy xavf darajasi ekspertiza natijasiga koʻra toʻldirilgan korrupsiyaviy xavflar cheklisti asosida yuqori, oʻrtacha va past xavf toifalariga ajratiladi.
Xavf darajasi quyidagicha tasniflanadi:
yuqori xavf — 10 ta va undan ortiq korrupsiyaviy omil aniqlangan taqdirda;
oʻrtacha xavf — 5 — 9 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan taqdirda;
past xavf — 1 — 4 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan taqdirda;
korrupsiyaviy xavf aniqlanmagan — korrupsiyaviy omil mavjud boʻlmagan taqdirda.
Belgilangan xavf toifasi korrupsiyaga qarshi ekspertiza xulosasida aks ettiriladi va loyihaning korrupsiyaviy xavf darajasini belgilash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
16. Ekspertiza natijalariga koʻra ichki nazorat tuzilmasi tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasida nazarda tutilgan Yirik investitsiya loyihasi boʻyicha korrupsiyaga qarshi ekspertiza xulosasining namunaviy shakliga muvofiq korrupsiyaga qarshi ekspertiza xulosasi tayyorlanadi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza xulosasi ekspertiza jarayonida oʻtkazilgan tahlil natijalariga asoslanadi hamda loyihada aniqlangan korrupsiyaviy xavflar, ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar va loyihaning maqbulligi boʻyicha yakuniy xulosani oʻz ichiga oladi.
17. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza xulosasida quyidagilar koʻrsatiladi:
loyihadagi korrupsiyaviy xavf darajasining umumlashtirilgan bahosi — aniqlangan korrupsiyaviy omillar asosida loyihaning past, oʻrtacha yoki yuqori xavf darajasi;
aniqlangan korrupsiyaviy xavflar va qonun buzilishi holatlari roʻyxati;
korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar — chora-tadbirlar rejasi, loyiha hujjatlariga kiritilishi lozim boʻlgan oʻzgartishlar, qoʻshimcha tartib-taomillar, nazorat mexanizmlari yoki preventiv choralar;
yuqori xavfli loyihalar uchun alohida choralar — loyihani amalga oshirish jarayoniga mustaqil kuzatuvchi (monitor) jalb etish, korrupsiyaga qarshi auditlar oʻtkazish yoki doimiy monitoring tashkil etish boʻyicha takliflar;
tavsiyalarni bajarish muddatlari va masʼul shaxslar — tavsiyalarni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan tashkilotlar yoki shaxslar hamda ularni bajarish muddatlari;
loyihaning maqbulligi boʻyicha yakuniy xulosa — aniqlangan korrupsiyaviy xavflar bartaraf etilgan taqdirda loyihani amalga oshirish mumkinligi yoki xavflar bartaraf etilmagan taqdirda loyihani qayta ishlash yoxud loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumot.
18. Loyihaning xavf darajasi yuqori boʻlgan taqdirda loyihaning maqbulligi boʻyicha salbiy xulosa beriladi.
Loyihaning xavf darajasi past yoki oʻrtacha boʻlgan taqdirda korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar asosida loyihaning maqbulligi boʻyicha ijobiy xulosa beriladi. Bunda ichki nazorat tuzilmasi korrupsiyaviy omilning jiddiyligi hamda kelgusida tavsiyalar ijrosi ustidan nazorat qilish imkoniyatidan kelib chiqib, loyihaning maqbulligi boʻyicha salbiy xulosa berishi mumkin.
19. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza natijalariga koʻra aniqlangan korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish yoki bartaraf etish maqsadida ichki nazorat tuzilmasi tomonidan tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Tavsiyalar oʻtkazilgan tahlil natijalariga asoslangan holda ishlab chiqilib, aniq va amalga oshirilishi mumkin boʻlgan shaklda bayon qilinishi hamda ularni bajarish uchun masʼul ijrochilar va muddatlar koʻrsatilishi lozim.
Tavsiyalar quyidagi chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
loyiha hujjatlariga korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
tanlash mezonlarini aniqlash, noaniq yoki asossiz (subyektiv) talablarni chiqarib tashlash yoki asoslash;
manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan holatlarni bartaraf etish, shu jumladan manfaatdor shaxslarni qaror qabul qilish jarayonidan chetlatish;
loyihani muhokama qilishda mustaqil ekspertlar yoki jamoatchilik ishtirokini taʼminlash;
loyihani amalga oshirish boʻyicha shartnomalarga korrupsiyaga qarshi talablarni kiritish, shu jumladan korrupsiya holatlari aniqlangan taqdirda shartnomani bekor qilish huquqini nazarda tutish;
loyihani amalga oshirish jarayoni ustidan qoʻshimcha nazorat mexanizmlarini joriy etish.
20. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza xulosasi korrupsiyaviy xavflar cheklisti hamda loyihaga aloqador boshqa hujjatlar bilan birgalikda loyiha tashabbuskoriga hamda loyiha boʻyicha qaror qabul qiluvchi vakolatli davlat organi yoki tashkilotiga yuboriladi.
4-bob. Loyihani baholash tartibi
21. Loyihaning raqobat muhitiga taʼsiri korrupsiyaga qarshi ekspertiza bilan bir vaqtda yoki undan soʻng baholanadi.
22. Baholash davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari va (yoki) monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etilgan davlat organlari va tashkilotlarida monopoliyaga qarshi komplayens boʻyicha masʼul xodim (bundan buyon matnda masʼul xodim deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
23. Loyiha tashabbuskori loyihaga aloqador quyidagi hujjatlarni baholash uchun ichki nazorat tuzilmasi va (yoki) masʼul xodimga taqdim etadi:
loyiha konsepsiyasi;
texnik-iqtisodiy asos;
loyihani baholash hujjati;
kelishuv loyihasi;
hamkorni tanlashga oid materiallar;
loyihaga aloqador boshqa mavjud hujjatlar va maʼlumotlar.
24. Taqdim etilgan hujjatlar ichki nazorat tuzilmasi va (yoki) masʼul xodim tomonidan qabul qilinib, ularning toʻliqligi va baholash uchun yaroqliligi ikki ish kuni ichida tekshiriladi.
Ichki nazorat tuzilmasi va (yoki) masʼul xodim baholash uchun zarur boʻlgan, mavjud qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotlarning taqdim etilishini talab qilishi mumkin.
25. Taqdim etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmagan va (yoki) baholash uchun yaroqsiz deb topilgan taqdirda ichki nazorat tuzilmasi va (yoki) masʼul xodim aniqlangan kamchiliklar roʻyxati koʻrsatilgan holda ularni loyiha tashabbuskoriga qaytaradi.
26. Taqdim etilgan hujjatlar toʻliq va baholash uchun yaroqli deb topilgan kunning oʻzida idoraviy nazorat jurnalida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Loyiha idoraviy nazorat jurnalida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida baholanadi.
Loyihaning murakkabligi va materiallar hajmidan kelib chiqib, baholashning umumiy muddati asoslantirilgan holda yigirma ish kunigacha uzaytirilishi mumkin.
27. Taqdim etilgan hujjatlar va materiallar roʻyxatdan oʻtkazilganidan soʻng baholashni amalga oshirish uchun ichki nazorat tuzilmasi va (yoki) masʼul xodim tomonidan mutaxassislar tayinlanadi yoki kollegial tarzda koʻrib chiqish uchun komissiya shakllantiriladi.
Loyiha murakkab yoki koʻp tarmoqli boʻlgan taqdirda baholashni amalga oshirish uchun sohaviy mutaxassislar, zarur hollarda vakolatli organlarning vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzilishi mumkin.
28. Baholash taqdim etilgan hujjatlarni mazmunan oʻrganish va mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi Yirik investitsiya loyihasining raqobat muhitiga taʼsirini baholash boʻyicha cheklistni (bundan buyon matnda baholash cheklisti deb yuritiladi) toʻldirish orqali quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
1) bozor va ishtirokchilar.
Loyihani amalga oshirishga taʼsir koʻrsatadigan tegishli bozor yoki faoliyat sohasi, bozordagi asosiy va salohiyatli ishtirokchilar, ularning ulushlari hamda raqobat muhitiga taʼsiri tekshiriladi.
Bozor va ishtirokchilar quyidagilar asosida baholanadi:
loyihaning tegishli bozorlarga (faoliyat sohalariga) taʼsiri aniqlanganligi;
loyihani amalga oshirish davomida tovar yoki xizmatlar bozoridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning soni yoki doirasi cheklanmasligi;
loyihaning yetkazib beruvchilar (pudratchilar, taʼminotchilar) soniga taʼsiri baholanganligi;
taʼminotchilar soni qisqargan taqdirda uning texnologik yoki iqtisodiy jihatdan asoslanganligi;
2) kirish shartlari va maxsus huquqlar.
Loyiha doirasida xususiy sherik yoki investorga davlat yordamini berish nazarda tutilgan holatlarda bozorga kirish shartlari hamda maxsus huquqlar raqobat muhitiga taʼsiri nuqtayi nazaridan tekshiriladi.
Kirish shartlari va maxsus huquqlar quyidagilar asosida baholanadi:
loyihada ayrim ishtirokchilarga eksklyuziv huquqlar yoki imtiyozlar berish nazarda tutilganligi;
eksklyuziv huquqlar yoki imtiyozlarning (shartlarning) asoslanganligi;
eksklyuziv huquqlar yoki imtiyozlarning amal qilish muddati va qayta koʻrib chiqish mexanizmining mavjudligi;
3) davlatning aralashuvi.
Loyihada nazarda tutilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarining (subsidiyalar, minimal daromad kafolati, mahsulotni xarid qilib olish va boshqalar) raqobat muhitiga taʼsiri hamda ularning asoslanganligi tekshiriladi.
Davlatning aralashuvi quyidagilar asosida baholanadi:
davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralarining raqobat muhitiga salbiy taʼsiri, shu jumladan raqobatchi subyektlarning oʻzaro raqobatlashishga boʻlgan qiziqishini pasaytirish ehtimolining mavjud yoki mavjud emasligi;
davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralarining ochiqligi va shaffofligi taʼminlanganligi;
davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralarining vaqtinchaligi hamda boshqa ishtirokchilar uchun teng shart-sharoitlarni buzmasligi;
4) bogʻliq bozorlarga taʼsir.
Loyihaning bogʻliq tarmoq va bozorlarga ehtimoliy taʼsiri hamda raqobat muvozanatiga taʼsiri tekshiriladi.
Bogʻliq bozorlarga taʼsir quyidagilar asosida baholanadi:
loyihaning bogʻliq bozorlarda raqobatni cheklash ehtimolining mavjud yoki mavjud emasligi;
bogʻliq bozorlarda ustun mavqe vujudga kelish ehtimolining mavjud yoki mavjud emasligi;
bogʻliq bozorlarda raqobatni saqlash va ustun mavqe vujudga kelishining oldini olish choralari nazarda tutilganligi;
5) raqobat qonunchiligiga muvofiqlik.
Loyihaning shartlari raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligi tekshiriladi.
Raqobat qonunchiligiga muvofiqlik quyidagilar asosida baholanadi:
loyihada raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga zid boʻlgan shartlar nazarda tutilmaganligi;
raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan shartlar mavjud boʻlgan taqdirda ularning Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan kelishilganligi;
ishtirokchilar faoliyatini cheklashga olib keluvchi shartlar nazarda tutilmaganligi.
29. Baholash cheklistini toʻldirish ushbu cheklistda belgilangan har bir savolga javob berish orqali amalga oshiriladi.
Savolda nazarda tutilgan talablar taʼminlangan taqdirda “Ha” ustunining tegishli qatoriga tasdiq belgisi (“✓”) qoʻyiladi.
Savolda nazarda tutilgan talablar taʼminlanmagan taqdirda “Yoʻq” ustunining tegishli qatoriga tasdiq belgisi (“✓”) qoʻyiladi hamda “Izoh (asoslash)” ustunining tegishli qatorida raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan omillar asoslantiriladi.
Savol loyihaga taalluqli boʻlmagan taqdirda “Tegishli emas” ustunining tegishli qatoriga tasdiq belgisi (“✓”) qoʻyiladi hamda “Izoh (asoslash)” ustunining tegishli qatorida savol loyihaga taalluqli emasligining sabablari koʻrsatiladi.
30. Baholashda quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratiladi:
loyihada ishtirokchilar doirasi asossiz cheklanmaganligi hamda loyiha muayyan bir ijrochiga moʻljallab ishlab chiqilmaganligi;
loyihada bozorga kirish toʻsiqlari mavjud emasligi, shu jumladan ishtirokchilarga nisbatan haddan tashqari talablar belgilanmaganligi, qonunchilikda nazarda tutilmagan litsenziya yoki sertifikatlash shartlari joriy etilmaganligi hamda boshqa asossiz cheklovlar nazarda tutilmaganligi;
tender (tanlov) jarayonining shaffof va ochiq tashkil etilganligi, kamsituvchi talablar belgilanmaganligi hamda oʻzaro kelishuv xavfini keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlar mavjud emasligi;
loyihada nazarda tutilgan davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralarining (subsidiyalar, minimal daromad kafolati, mahsulotni xarid qilib olish va boshqalar) zarurligi va asoslanganligi, davlatning moliyaviy majburiyatlari oshkora aks ettirilganligi hamda xususiy sherikka berilayotgan imtiyozlarning davlat manfaatlariga mosligi;
loyihani amalga oshirishning yakuniy isteʼmolchilarga koʻrsatishi mumkin boʻlgan taʼsiri, shu jumladan raqobatning cheklanishi natijasida sifat yomonlashishi, tanlov imkoniyatlari kamayishi yoki narxlar oshishi ehtimoli mavjudligi hamda bunday xatarlarni kamaytirish mexanizmlari nazarda tutilmaganligi;
loyihada xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar bilan tuzilgan kelishuvlarda nazarda tutilgan raqobatni taʼminlashga oid talablar inobatga olinganligi hamda ularga rioya etilishi taʼminlanganligi.
31. Loyihaning raqobat muhitiga taʼsiri boʻyicha xavf darajasi baholash natijasiga koʻra toʻldirilgan baholash cheklisti asosida yuqori, oʻrtacha va past xavf toifalariga ajratiladi.
Xavf darajasi quyidagicha tasniflanadi:
yuqori xavf — 4 ta va undan ortiq raqobatni cheklashi mumkin boʻlgan omil aniqlangan taqdirda;
oʻrtacha xavf — 2-3 ta raqobatni cheklashi mumkin boʻlgan omil aniqlangan taqdirda;
past xavf — 1 ta raqobatni cheklashi mumkin boʻlgan omil aniqlangan taqdirda;
xavf aniqlanmagan — raqobatni cheklashi mumkin boʻlgan omil mavjud boʻlmagan taqdirda.
Belgilangan xavf toifasi baholash xulosasida aks ettiriladi va loyihaning raqobat muhitiga taʼsiri boʻyicha xavfi darajasini belgilash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
32. Baholash natijalari boʻyicha ichki nazorat tuzilmasi va (yoki) masʼul xodim tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 4-ilovasida nazarda tutilgan Yirik investitsiya loyihasining raqobat muhitiga taʼsirini baholash natijasi boʻyicha xulosaning namunaviy shakliga muvofiq xulosa tayyorlanadi.
Xulosada quyidagilar koʻrsatiladi:
raqobatni cheklovchi holatlar (mavjud boʻlsa);
cheklovlarning qonuniyligi va maqbulligi boʻyicha baholash;
raqobatni taʼminlash boʻyicha aniq tavsiyalar (lotlarga ajratish, ochiq tanlov oʻtkazish, eksklyuziv huquq berishni rad etish yoki muddatini qisqartirish, uchinchi shaxslar uchun kirishni taʼminlash, qoʻshimcha tenderlar va boshqalar);
monitoring va keyingi nazorat shartlari;
loyihani amalga oshirish imkoniyati boʻyicha yakuniy xulosa va boshqalar.
33. Loyihaning xavf darajasi yuqori boʻlgan taqdirda loyihani amalga oshirish imkoniyati boʻyicha salbiy xulosa beriladi.
Loyihaning xavf darajasi past yoki oʻrtacha boʻlgan taqdirda raqobatni taʼminlash yuzasidan tavsiyalar asosida loyihani amalga oshirish imkoniyati boʻyicha ijobiy xulosa beriladi. Bunda ichki nazorat tuzilmasi va (yoki) masʼul xodim raqobatni cheklashi mumkin boʻlgan omilning jiddiyligi hamda kelgusida tavsiyalar ijrosi ustidan nazorat qilish imkoniyatidan kelib chiqib, loyiha boʻyicha salbiy xulosa berishi mumkin.
34. Xulosa baholash cheklisti bilan birgalikda va loyiha tashabbuskori, loyiha boʻyicha qaror qabul qiluvchi vakolatli organ hamda zarur hollarda vakolatli organlarga yuboriladi.
35. Loyiha tashabbuskori xulosada keltirilgan tavsiyalarni loyihani maʼqullash, moliyalashtirishni tasdiqlash yoki shartnoma tuzishdan oldin bajarishi shart.
Tavsiyalarning ijrosi ichki nazorat tuzilmasi va (yoki) masʼul xodim tomonidan nazorat qilinadi.
36. Agar baholash jarayonida raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzish alomatlari aniqlansa, tegishli materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga yuboriladi.
5-bob. Ekspertiza va baholash natijalarini koʻrib chiqish tartibi
37. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza hamda raqobat muhitiga taʼsirni baholash natijalarini kelishilgan holda taʼminlash maqsadida mazkur Yoʻriqnomaning 3 va 4-boblari doirasida masʼul xodimlar oʻzaro maʼlumot almashadi, zaruratga koʻra qoʻshma muhokama oʻtkazadi va umumiy tavsiyalar yoki qoʻshma xulosa tayyorlashi mumkin.
38. Ekspertiza va baholash natijalari boʻyicha tayyorlangan xulosalar (qoʻshma xulosa) (bundan buyon matnda ekspertiza va baholash xulosalari deb yuritiladi) va cheklistlar loyihani maʼqullash yoki moliyalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish vakolati berilgan davlat organlari va tashkilotlari (bundan buyon matnda vakolatli davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) tomonidan kollegial tartibda oʻtkaziladigan yigʻilishlarda majburiy tartibda koʻrib chiqiladi.
Ekspertiza va baholash xulosalari vakolatli davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Ekspertiza va baholash xulosalari koʻrib chiqilmasdan turib loyihani maʼqullash, moliyalashtirishni tasdiqlash yoki kelishuv tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
39. Vakolatli davlat organlari va tashkilotlari ekspertiza va baholash xulosalarini loyiha boʻyicha qaror qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan komissiyalar yoki boshqa kollegial organlar yigʻilishlarida koʻrib chiqilishi uchun kiritadi.
Loyiha boʻyicha qaror ekspertiza va baholash xulosalarida koʻrsatilgan yakuniy xulosa va tavsiyalarni hisobga olgan holda qabul qilinadi.
Agar ekspertiza va baholash xulosalarida loyihani amalga oshirishdan oldin bajarilishi zarur boʻlgan shartlar yoki loyiha ijrosi davomida rioya etilishi lozim boʻlgan cheklovlar koʻrsatilgan boʻlsa, ular loyiha boʻyicha qabul qilinadigan qarorga kiritiladi.
40. Ekspertiza yoki baholash natijalari boʻyicha salbiy xulosa berilgan boʻlsa, ekspertiza va baholash xulosalarida koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmasdan loyihani maʼqullashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda ekspertiza va baholash xulosalarida koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin loyiha qayta ekspertizadan va (yoki) qayta baholashdan oʻtkaziladi.
41. Vakolatli davlat organlari va tashkilotlari qaror qabul qilishda ekspertiza va baholash xulosalarida keltirilgan tavsiyalar qanday inobatga olinganini qarorning asoslovchi qismida yoki yigʻilish bayonnomasida aks ettiradi.
Agar ayrim tavsiyalar qabul qilinmagan boʻlsa, ularni rad etish sabablari yozma ravishda asoslab beriladi.
Qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqadigan majburiy talablarni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
42. Ekspertiza va baholash xulosalari loyiha materiallariga ilova qilinadi.
Loyihani amalga oshirish boʻyicha qabul qilinadigan qarorlar va boshqa hujjatlarda oʻtkazilgan ekspertiza va baholash natijalari hamda ular asosida koʻrilgan choralar haqida maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.
43. Ekspertiza va baholash xulosalari asosida loyiha tashabbuskori tomonidan vakolatli organlar bilan hamkorlikda korrupsiyaviy xavflar hamda raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan loyiha tashabbuskorining rahbari tomonidan tasdiqlanadigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.
44. Loyihani amalga oshirish jarayonida yoki qoʻshimcha oʻrganishlar natijasida yangi korrupsiya xavflari yoki raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlangan taqdirda vakolatli organlar:
ekspertiza yoki baholashni loyihaning bosqichidan qatʼi nazar navbatdan tashqari tartibda qayta oʻtkazishni talab qilishga;
aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha majburiy koʻrsatmalar berishga;
jiddiy qonun buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda loyihani amalga oshirishni yoki moliyalashtirishni toʻxtatish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartnomasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
45. Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi barcha subyektlar vakolatli organlar bilan hamkorlik qilishi, zarur maʼlumotlarni taqdim etishi, oʻrganishlarga koʻmaklashishi va berilgan koʻrsatmalarni bajarishi lozim.
6-bob. Yakuniy qoida
46. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 1-ILOVA
Yirik investitsiya loyihasida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash boʻyicha
CHEKLIST
Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 2-ILOVA
Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 3-ILOVA
Yirik investitsiya loyihasining raqobat muhitiga taʼsirini baholash boʻyicha
CHEKLIST
Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 4-ILOVA
