Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritishni ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-83-son)
08.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni
Respublikaning togʻ va togʻ oldi, qir-adir hamda choʻl mintaqalaridagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini (keyingi oʻrinlarda — lalmi va yaylov yer uchastkalari) foydalanishga kiritishga xususiy sektorni jalb qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini koʻpaytirish hamda chorva mahsuldorligini oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib 2026 — 2030-yillarda 938 ming gektar lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish belgilansin.
II. Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritishning yangi mexanizmlari
2. Quyidagilar:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 938 ming gektar lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish tadbirlariga biriktirilgan masʼullar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026 — 2030-yillarda lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish reja-grafigi 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2026-2027-yillarda yuqori tezlikdagi temir yoʻl uchastkalari atrofidagi yaylov yer maydonlarini foydalanishga kiritish reja-koʻrsatkichlari 2a-ilovaga muvofiq;
(g) Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish reja-grafigi 2b-ilovaga muvofiq;
(d) 2026 — 2028-yillarda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan lalmi va yaylov yer uchastkalarida sanoatlashgan intensiv bogʻ va uzumzorlar barpo etish reja-grafigi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur Farmonga 2-ilovadagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish ishlarini yer tuzish loyihasi va texnik-iqtisodiy asos (keyingi oʻrinlarda — TIA)ga muvofiq amalga oshirishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hududga biriktirilgan masʼullar bilan birgalikda har yili yer uchastkalarini foydalanishga kiritish dasturini tasdiqlaydi, yer tuzish loyihasi va TIA ishlab chiqish boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligiga buyurtmanoma beradi;
(b) yer tuzish loyihasi va TIA ishlab chiqilishi, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilishi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil qilinadi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va hududga biriktirilgan masʼullar tomonidan tasdiqlanadi. Bunda TIAda quyidagilar nazarda tutiladi:
(i) yer uchastkalarining tahlili, ularni foydalanishga kiritishning har bir bosqichidagi chora-tadbirlar, masʼullar, muddatlar, xarajatlar, moliyalashtirish manbalari, loyiha samaradorligi, nazorat;
(ii) chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun talab qilinadigan instrumentlar hamda davlat tomonidan taqdim etiladigan qoʻllab-quvvatlash choralari;
(v) yer uchastkalari (yer tuzish loyihasi va TIA bilan birgalikda) qonunchilikda belgilangan qiymatda “E-auksion” savdo platformasida elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi;
(g) yer uchastkalarini foydalanishga kiritish muddati u oʻrnatilgan tartibda ajratilgan kundan boshlab koʻpi bilan ikki yilgacha etib TIAda belgilanadi;
(d) TIAda koʻzda tutilgan ishlar sifatli va belgilangan muddatlarda bajarilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari va hududga biriktirilgan masʼullar tomonidan monitoring qilinadi hamda yakuni boʻyicha yer uchastkasi foydalanishga kiritilganligi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi;
(j) yer uchastkasi oʻrnatilgan muddatda foydalanishga kiritilmaganligi yer uchastkasidan oqilona foydalanilmagan deb baholash uchun asos boʻladi. Bunda:
(i) yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni bekor qilish va uni keyinchalik qayta auksion savdolariga chiqarish choralari koʻriladi;
(ii) imtiyozli kreditlar tijorat krediti shartlariga oʻtkaziladi hamda bir yoʻla undirishga qaratiladi;
(iii) berilgan subsidiyalar va imtiyozlar bekor qilinadi hamda ulardan foydalanilgan qismi qaytarib olinadi;
(z) TIAda belgilangan chora-tadbirlarni bajarish lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritishga olib kelmaganda tashabbuskorlarga nisbatan javobgarlik choralari qoʻllanilmaydi va ular tomonidan qilingan xarajatlar TIAni ishlab chiqishda ishtirok etgan masʼul tashkilotlar tomonidan qoplab beriladi.
4. Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Mazkur Farmonga muvofiq foydalanishga kiritiladigan lalmi va yaylov yer uchastkalaridagi har bir kesilgan daraxt va buta uchun kompensatsiya tarzida teng miqdorda daraxt va buta ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish majburiyatini yuklash tartibi joriy etilsin.
III. Moliyaviy resurslar
6. Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritishni moliyalashtirish uchun jami 300 million AQSH dollari yoʻnaltirilsin, jumladan:
(a) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan “Agrobank” ATBga uning buyurtmanomalari asosida 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan (hisoblangan foizlar uchun 2 yil imtiyozli davr belgilanadi, ushbu davrdagi foizlar 8 yil davomida teng ulushlarda undiriladi) yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada 100 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlar ajratiladi;
(b) 2026-2027-yillarda “Agrobank” ATB xorijiy moliya institutlaridan 200 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlar jalb qiladi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) “Agrobank” ATB tomonidan mazkur Farmonning 6-bandi:
(i) “a” kichik bandidagi mablagʻlar hisobidan lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish uchun kreditlar 10 yil muddatga 4 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada (shundan bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada har bir gektarga 20 million soʻmgacha miqdorda ajratiladi;
(ii) “b” kichik bandidagi mablagʻlar hisobidan beriladigan kreditlarga “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan milliy valyutada 14 foizdan yuqori, biroq 27 foizlik punktdan oshmagan miqdorda, xorijiy valyutada 8 foizdan yuqori, biroq 12 foizlik punktdan oshmagan miqdorda kompensatsiya taqdim etadi;
(b) “Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” AJ tomonidan mazkur band doirasida ajratiladigan kredit boʻyicha kafillik berish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda taʼminotning kamida 20 foiziga qarz oluvchi tomonidan garov taqdim etiladi.
8. Belgilansinki, lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish ishlarini amalga oshirish uchun elektron onlayn auksion savdolari gʻoliblariga 5-ilovaga muvofiq moliyaviy qoʻllab-quvvatlash paketi taqdim etiladi.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga buldozer hamda zovurlarni tozalashga moʻljallangan ekskavatorlar xaridi uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yer maydonlarini yangidan oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritish boʻyicha irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish xarajatlarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan har bir hududga teng ulushlarda jami 50 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratsin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
(a) hududga biriktirilgan masʼullar bilan birgalikda bir oy muddatda 2026-yil uchun lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish dasturini tasdiqlasin;
(b) mahalliy budjetlarning 2026-yil I va II choraklari yakuni boʻyicha daromadlarning rejadan oshirib bajarilgan qismi hisobidan 4 milliard soʻmdan ajratib, buldozer va zovurlarni tozalashga moʻljallangan ekskavatorlarni xarid qilsin;
(v) mazkur Farmon doirasida xarid qilingan texnikalarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga (keyingi oʻrinlarda — hududiy suv xoʻjaligi boʻlinmalari) ajratib, ular tomonidan yer uchastkalarini foydalanishga kiritish ishlarini amalga oshirayotgan tashabbuskorlarga xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻysin.
11. Quyidagilar:
(a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Abdurahmonov):
(i) ikki hafta muddatda Vazirlik tizimidagi “Maʼmuriy xoʻjalik xizmati” DM balansidagi 6-ilovaga muvofiq burgʻilash texnikalarini hududiy suv xoʻjaligi boʻlinmalari balansiga begʻaraz oʻtkazib bersin;
(ii) bir oy muddatda mazkur Farmonning 3-bandi “b” kichik bandi talablari asosida lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish boʻyicha TIAning namunaviy shaklini tasdiqlasin;
(iii) ikki oy muddatda vakolatli organlar bilan birgalikda 2026-yilga moʻljallangan lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish dasturiga muvofiq yer tuzish loyihasi va TIA ishlab chiqilishi hamda yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin;
(b) Suv xoʻjaligi vazirligi (Xamrayev) texnik-iqtisodiy asoslarga asosan mazkur Farmonga muvofiq foydalanishga kiritiladigan lalmi va yaylov yer uchastkalariga zarur irrigatsiya-melioratsiya infratuzilmasi yaratilishi va ekin maydonlarining suv taʼminoti bilan bogʻliq masalalar hal qilib borilishini taʼminlasin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, hududga biriktirilgan masʼullar:
(a) mazkur Farmonga muvofiq lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga shaxsan javobgar etib belgilansin;
(b) har oy lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish boʻyicha loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazsin, yuzaga kelayotgan masalalarni joyida hal qilish choralarini koʻrib borsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi Sh.M. Gʻaniyev va Bosh prokuratura (Toʻxtaboyev) mazkur Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi, jumladan, yer uchastkalari reja-grafik boʻyicha auksion savdolariga chiqarilishi, loyiha tashabbuskorlariga qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi va yer uchastkalari belgilangan muddatlarda foydalanishga kiritilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
14. Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 8-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
16. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J. Xodjayev va J. Qoʻchqorov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
18. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 8-may,
PF-83-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 938 ming gektar lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish tadbirlariga biriktirilgan masʼullar roʻyxati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 2-ILOVA
2026 — 2030-yillarda lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish
REJA-GRAFIGI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 2a-ILOVA
2026-2027-yillarda yuqori tezlikdagi temir yoʻl uchastkalari atrofidagi yaylov yer maydonlarini foydalanishga kiritish
REJA-KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 2b-ILOVA
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish
REJA-GRAFIGI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 3-ILOVA
2026 — 2028-yillarda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan lalmi va yaylov yer uchastkalarida sanoatlashgan intensiv bogʻ va uzumzorlar barpo etish
REJA-GRAFIGI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 4-ILOVA
Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 5-ILOVA
Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish ishlarini amalga oshirish uchun elektron onlayn auksion savdolari gʻoliblariga davlat tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash paketi
Izoh: Tashabbuskorlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa qoʻllab-quvvatlash choralaridan ham foydalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 6-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga oʻtkazib beriladigan texnikalar roʻyxati
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-96-son qaroriga asosan ajratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 7-ILOVA
Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 8-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bogʻ va tokzorlarni barpo qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-151-son Farmoniga 3-ilovaning 13-pozitsiyasi “TIF TN kodi” ustunidagi “94 100 0” raqamlari “94 100 9” raqamlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi “Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-157-son Farmoni 9-bandining “a” kichik bandidagi “taalluqli boʻlgan” soʻzlari “taalluqli boʻlgan hamda “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi orqali koʻrsatiladigan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
