“Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (261-2-son)
29.01.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi Rayosatining
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 29-yanvarda 261-2-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari” toʻgʻrisidagi qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 1996-yil 25-yanvardagi 34/2-son hamda 2003-yil 17-iyuldagi 96/4-son qarorlari bilan tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1996-yil 10-iyulda 261-raqam bilan hamda 2003-yil 12-avgustda 261-1-raqam bilan roʻyxatga olingan “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilsin.
Rais M. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2003-yil 13-noyabr,
98/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2003-yil 13 noyabrdagi 98/4-son qaroriga ILOVA
Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR
1. 1-band birinchi xatboshisining ikkinchi jumlasida “Oliy maʼlumotga” soʻzlaridan keyin “shu jumladan bakalavr” soʻzlari chiqarilsin.
2. 12-band boʻyicha:
a) birinchi xatboshidan “gazeta va” soʻzlari chiqarilsin.
b) ikkinchi xatboshida “30” soni “20” soniga almashtirilsin.
v) beshinchi xatboshidan “gazeta”, “gazeta va” soʻzlari chiqarilsin; oʻn uchinchi xatboshidan “gazeta” soʻzi chiqarilsin.
g) beshinchi xatboshi quyidagi jumla bilan toʻldirilsin:
“ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot sohalari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasi natijalari yuzasidan monografiya nashr etilgan boʻlishi, boshqa fanlar sohalari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasi natijalari yuzasidan esa, ushbu fan sohasi yuqori darajada rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilmiy jurnallarida kamida ikkita maqola nashr etilgan boʻlishi shartdir”.
