Normativ hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (194-son)
06.05.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Lizing operatsiyalarini oʻtkazishda bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish va bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1998-yil 6-may,
194-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 6-maydagi 194-son qaroriga 1-ILOVA
Lizing operatsiyalarini oʻtkazishda bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish va bojxona nazoratini amalga oshirish
TARTIBI
Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-dekabrdagi 556-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va lizing operatsiyalari boʻyicha yuklarni bojxonada oʻz vaqtida rasmiylashtirishni nazarda tutadi.
1. Lizing operatsiyalari boʻyicha yuklarni bojxonada rasmiylashtirish, asosan, eksport-import operatsiyalarini oʻtkazishda qoʻllaniladigan umumiy ravishda belgilangan sxema boʻyicha hech qanday toʻsiqlarsiz va mazkur Tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Lizing kontraktlari boʻyicha tovarlarni eksport qilish qonunchilik bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Eksport qiluvchi yuklarni transport vositalariga ortish boshlangunga qadar bojxona organlariga mustaqil ravishda yoki mazkur uchastkaga xizmat koʻrsatadigan bojxona brokeri orqali barcha hujjatlarni (Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarida, shu jumladan, vakil qilingan bankda va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasida roʻyxatdan oʻtkazilgan kontraktni, tovarning kelib chiqish sertifikatini, muvofiqlik sertifikati va transport-tashish hujjatlarini), agar belgilangan namunadagi yukning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish uchun qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, taqdim etadi.
3. Bojxona brokeri yoki deklarant, yuklar, hujjatlar tegishli tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng, belgilangan namunada yukning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtiradi va uni barcha boshqa hujjatlar bilan birga bojxona organi xodimiga taqdim etadi.
Lizing obyekti sifatida olib ketiladigan tovarlarga bojxona toʻlovlarini hisoblash belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Lizing obyektini olib ketish chogʻida bojxona toʻlovlarini toʻlash uning bojxona qiymatining toʻlangan qismi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshirilib (lizing toʻlovlari), bank hujjatlari bilan tasdiqlanadi. Keyinchalik bojxona toʻlovlari lizing toʻlovlari kelib tushishiga koʻra 20 kun mobaynida toʻlanadi.
4. Bojxona organi xodimi hujjatlarni, yuklarni va deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini tekshiradi. U yuk ortishga tayyorlab qoʻyilgan transport vositalarini, ularning bojxona organlari tomonidan qoʻyiladigan talablarga muvofiqligini ham puxta tekshiradi, shundan soʻng yuklarni ortishga ruxsat beradi.
5. Yuklar bojxona nazoratida ortiladi. Yuklar transport vositalariga ortib boʻlingach, yuklarni muhofaza qilish maqsadida, bojxona organi xodimi yukni joʻnatuvchi ishtirokida transport vositasining tegishli joylariga bojxona belgisini qoʻyishga majburdir.
6. Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan toʻldirilgan yukning bojxona deklaratsiyasi, bojxona posti nazoratchisi tomonidan tegishli tekshirishdan oʻtkazilgandan soʻng, qonunchilik bilan belgilangan tartibda bojxona nuqtai nazaridan rasmiylashtiriladi. Bojxona tekshiruvidan oʻtgan eksport qilinayotgan tovar (yuk)ning transport-tashish hujjatlariga bojxona postining “Bojxona yuki” va “Chiqarishga ruxsat etilgan” yozuvli tamgʻalari qoʻyiladi.
7. Bojxona nuqtai nazaridan toʻgʻri rasmiylashtirilgan va yoki bojxona belgisi boʻlgan, yoxud bojxona organining ruxsati bilan joʻnatuvchi belgisi ostida kelayotgan yuk ortilgan transport vositalari oʻz yoʻnalishi boʻyicha joʻnatiladi.
8. Lizingga beruvchi nomiga import boʻyicha keluvchi tovarlarni bojxonada rasmiylashtirishda deklarant yoki bojxona brokeri ularni qonunchilikka muvofiq talab qilinadigan hujjatlar bilan birga bojxona organiga taqdim etadi.
9. Tovarni lizing boʻyicha eksport qilish (eksport lizingi) uni vaqtincha olib ketish hisoblanadi. Tovarni vaqtincha olib ketish muddati lizing kontraktiga koʻra lizing muddatiga muvofiq belgilanadi.
Vaqtincha olib ketilgan lizing tovari qaytarib olib kelinganda u import tovar hisoblanmaydi va undan bojxona poshlinalari hamda yigʻimlar olinmaydi.
Lizing obyekti lizing oluvchining mulkiga oʻtganda lizing obyekti “eksport” bojxona rejimi ostida joylashtiriladi.
10. Bojxona organi xodimi hujjatlarning, yukning bojxona deklaratsiyasining ishonchliligini, shuningdek, tovarlarning mavjudligini tekshiradi va ularni bayon qilingan bojxona tartibiga muvofiq bojxona nuqtai nazaridan rasmiylashtiradi.
Bojxona organiga taqdim etiladigan hujjatlarda, tovarlarda nomuvofiqliklar aniqlangan hollarda bunday tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish vaqtida amalda boʻlgan bojxona qonunchiligiga muvofiq chora-tadbirlar koʻriladi.
