Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy nochorligi va shartnoma majburiyatlarining bajarilishi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish toʻgʻrisida” 1998-yil 4-martdagi PF-1938-son Farmonining bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlari haqida (177-son)
24.04.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy nochorligi va shartnoma majburiyatlarining bajarilishi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish toʻgʻrisida” 1998-yil 4-martdagi PF-1938-son Farmonini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shartnomalar tuzish va ularni bajarilishining huquqiy asoslarini mustahkamlash tadbirlari 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (Mirsafoyev S. M.), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi (Abdusalomov M. E.) mazkur tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan muntazam nazorat oʻrnatsinlar. Tadbirlarning bajarilishi toʻgʻrisida 1998-yil 5-iyunda, keyinchalik esa — yilning har choragida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy xoʻjalik sudi:
shartnomalar boʻyicha majburiyatlar buzilgan taqdirda mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligi va xoʻjalik sudlarida daʼvo qoʻzgʻashlari, shuningdek, shartnoma shartlari bajarilmaganligi natijasida yoʻl qoʻyilgan zararni qoplashlari yuzasidan bir oy muddatda bajarilishi majburiy boʻlgan tegishli taqdimnomalar kiritsinlar;
advokatlik byurolari, hayʼatlari va firmalarining mutaxassislarini jalb qilgan holda xoʻjalik shartnomalarini, shu jumladan, kontraktatsiya shartnomalarini tuzish va ularni bajarish masalalari yuzasidan rahbarlar va mutaxassislarni oʻqitish boʻyicha yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi seminarlarni muntazam ravishda oʻtkazsinlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillari uchun yuridik maslahatlar berishni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi hududiy boʻlinmalarining amaliyotiga kiritsinlar.
3. Vazirlar Mahkamasining shartnomalar tuzilishini va bajarilishini nazorat qilish ishchi guruhi (Sultonov Oʻ. T.) vazirliklar, idoralar tizimida va respublika hududlarida mahsulot yetkazib berishga, eng avvalo eksportga mahsulot yetkazib berishga shartnomalar tuzilishi va ularning bajarilishi amaliy nazorat qilinishini hamda muntazam tahlil qilinishini taʼminlasin, paydo boʻluvchi masalalar va muammolar boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda qarzdorni bankrot deb eʼtirof etish, sanatsiya tayinlash toʻgʻrisidagi qarorlarni eʼlon qilish va mulkchilikning barcha shakllaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tugatish haqidagi qarorlarni eʼlon qilish uchun “Korxonalar sanatsiyasi va bankrotligi masalalari” maxsus xabarnomasi nashr etilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (Mirsafoyev S. M.) Oliy xoʻjalik sudi va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlarining shartnoma intizomiga rioya qilinishi uchun shaxsiy javobgarligini kuchaytirish yuzasidan joylarda amaliy ishlar olib borilishini taʼminlasin, bunda yuridik xizmatlar oʻrnini mustahkamlashni, barcha qonun hujjatlarining amal qilishini va xoʻjalik sudlari qarorlarining soʻzsiz ijro etilishini nazarda tutsin.
6. Shtatda belgilangan xodimlar soni doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparatida Shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish boshqarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tuzilmasida – tegishli boʻlimlar tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, yangidan tashkil etilayotgan tuzilmalar va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi korxonalarga shartnomalar, shu jumladan, kontraktatsiya shartnomalari tuzishda ularga muntazam ravishda huquqiy va uslubiy yordam koʻrsatsinlar, qonunchilik bilan belgilangan tartibda xoʻjalik yurituvchi subyektlarni va, eng avvalo, ularning mansabdor shaxslarni shartnoma intizomini buzganlik uchun javobgarlikka tortilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar, xoʻjalik sudlari qarorlari bajarilishi taʼminlanishiga koʻmaklashsinlar.
7. Mahalliy hokimiyat organlarining ishini huquqiy taʼminlash maqsadida tuman va shahar hokimliklari apparati tuzilmasida shtatda belgilangan xodimlar soni doirasida yurist lavozimi nazarda tutilsin.
Belgilansinki:
koʻrsatib oʻtilgan lavozimlarga yuristlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari bilan kelishgan holda tegishli hokimlik tomonidan tayinlanadi;
tuman va shahar hokimliklarining yuridik xizmati tegishli hokimga va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hududiy boʻlinmasiga hisob beradi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda vazirlik markaziy apparatining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari adliya boshqarmalarining nizomini, tuzilmasini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 24-aprel.,
177-son
