Yoshga doir pensiyaga chiqqandan keyin ishlayotgan ayollarga pensiyalarni toʻliq miqdorda toʻlash (748-son)
16.06.1999
Tartibi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 16-iyunda 748-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 17-martdagi “Xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.
Farmonda yoshga doir pensiyaga chiqqandan keyin oʻrta va kichik tibbiyot xodimlari, provizorlar, nogiron bolalarning internat uylarida, “Mehribonlik” uylaridagi tarbiyachilar shuningdek kutubxonachilar sifatida ishni davom ettirayotgan va pensiyaga chiqish oldidan mazkur mutaxassisliklar boʻyicha kamida oʻn yil stajga ega boʻlgan ayollarning 1999-yil 1-iyuldan pensiyalarni toʻliq miqdorda olish huquqi saqlanib qolishi belgilangan.
2. Koʻrsatilgan mutaxassisliklar mehnat faoliyatining quyidagi lavozimlarda ishlaganda amalga oshirilishini koʻzda tutadi:
3. Koʻrsatilgan mutaxassisligi boʻyicha talab qilingan ish stajining davomiyligi ushbu Tartibning 2-bandida keltirilgan barcha lavozimlardagi ish davrlarini hisobga olib aniqlanadi.
Bunda, ayol pensiyaga chiqish oldidan Farmonda koʻzda tutilmagan ishlarda ishlagan boʻlib, ammo ushbu Tartibning 2-bandida keltirilgan lavozimlardagi talab qilingan 10 yillik ish stajiga ega boʻlsa va Farmonda koʻzda tutilgan mutaxassisliklardan biri boʻyicha ishni davom ettirayotgan boʻlsa, unga pensiya toʻliq miqdorda toʻlanadi.
Misol. Ayol 30 yillik ish stajiga ega. Pensiyaga chiqish oldidan Farmonda koʻzda tutilmagan bolalar bogʻchasining tarbiyachisi mutaxassisligi boʻyicha ishlagan.
Pensiyaga chiqqandan keyin ayol sanitarka sifatida ishni davom ettirmoqda.
Mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarda quyidagi yozuvlar mavjud:
1) 1965-yildan 1971-yilgacha (6 yil) — poliklinikada tibbiy registrator;
2) 1972-yildan 1979-yilgacha (7 yil) — bogʻchada tarbiyachi;
3) 1980-yildan 1984-yilgacha (4 yil) — sanitar-shifokorning yordamchisi;
4) 1985-yildan 1992-yilgacha (7 yil) — “Mehribonlik” uyida tarbiyachi;
5) 1993-yildan 1999-yilgacha (6 yil) — bogʻchada tarbiyachi.
Bunda ayolning yoshga doir pensiyaga chiqish oldidan talab qilingan ish staji quyidagi davrlarni qoʻshgan holda aniqlanadi:
1965—1971-yillar — 6 yil — tibbiy registrator;
1980—1984-yillar — 4 yil — sanitar-shifokorning yordamchisi;
1985—1992-yillar — 7 yil — “Mehribonlik” uyining tarbiyachisi.
Bogʻcha tarbiyachisi sifatidagi qolgan ish davrlari 10 yillik muddatda inobatga olinmaydi, chunki ular farmonda koʻzda tutilmagan.
Shunday qilib, pensiyaga chiqish kuniga talab qilingan stajning davomiyligi 17 yilni tashkil etadi. Bu ayol pensioner boʻlib sanitarka sifatida ishlayotganligi uchun, unga pensiya toʻliq miqdorda toʻlanishi lozim.
4. Pensiya chiqqandan keyin Farmonda koʻzda tutilmagan mutaxassisliklari boʻyicha ishni davom ettirayotgan ayollarga, pensiya umumiy asoslarda toʻlanadi.
Misol. Pensiyaga chiqishdan oldin ayol 22 yil mobaynida kasalxonada hamshira lavozimida ishlab kelgan. Pensiyaga chiqqandan keyin u shu kasalxonaning oshxonasida ishchi vazifasida ishni davom ettirmoqda. Bu holda pensiya toʻliq miqdorda toʻlanmaydi, chunki u Farmonda koʻzda tutilgan mutaxassislik boʻyicha ishni davom ettirmayapti. Agar u ishni sanitarka sifatida davom ettirsa, pensiya toʻliq miqdorda toʻlanadi.
5. Ayol, Farmonda koʻzda tutilmagan mutaxassislik boʻyicha boshqa ishga oʻtgan holatda, korxona maʼmuriyati bu haqda ijtimoiy taʼminot boʻlimiga xabar berishi lozim.
6. Ushbu Tartib imtiyozli shartlarda, yaʼni “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshdan oldin pensiyaga chiqqan ayollarga ham qoʻllaniladi.
7. “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan, muddatdan oldin pensiyaga chiqqan ayollarga, pensiyani toʻliq miqdorda olish huquqi, ular Qonunning 7 va 121-moddalari bilan belgilangan yoshga yetganlaridan keyin xuddi shu tartib boʻyicha aniqlanadi.
