Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklarning oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (223-son)
04.05.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoat, radiatsiya va yadro sohasida xavfsizlikni taʼminlash, qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish, mazkur jarayonlarda fuqarolarning faol ishtirokini tashkil qilish hamda ularni ragʻbatlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ““Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2026-yil 1-avgustdan boshlab xavfli ishlab chiqarish obyektlari va texnik qurilmalaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) uning axborot tizimi orqali foto va (yoki) videomateriallar koʻrinishida taqdim qilish, ularni koʻrib chiqish hamda taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi joriy etilsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari yuzasidan foto va (yoki) videomateriallarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etish va koʻrib chiqish tartibi;
huquqbuzarlik haqidagi foto va (yoki) videomateriallarni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish mexanizmi.
3. Xavfli ishlab chiqarish obyektlari va texnik qurilmalaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarni yetkazishda Qoʻmitaning axborot tizimidan foydalanish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. Belgilansinki:
a) huquqbuzarlik qayd etilgani boʻyicha xabar bergan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
b) videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar orqali qayd etilgan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;
v) huquqbuzarlik boʻyicha undiriladigan jarima quyidagicha taqsimlanadi:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga;
80 foizi — Qoʻmitaga;
g) foto va (yoki) videomateriallarni taqdim etgan shaxs huquqbuzarlik boʻyicha undirilgan jarimaning ushbu band “v” kichik bandiga muvofiq Qoʻmitaga oʻtkazilgan summaning 20 foizi miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
5. Qoʻmita:
a) uch oy muddatda axborot tizimini huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qabul qilish va tahlil qilish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi imkoniyatlarga moslashtirsin:
huquqbuzarlik sodir etilgan manzil va geolokatsiya maʼlumotlari, foto va (yoki) videomateriallarni qabul qilish;
axborot tizimi orqali shaxslardan kelib tushgan xabarlarni koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “E-maʼmuriy ish” elektron tizimida maʼmuriy ishlarni rasmiylashtirish;
xabar bergan shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish, toʻlovlar hisobini yuritish;
maʼmuriy ish yuritish hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish;
kelib tushgan huquqbuzarliklar Qoʻmita vakolatiga kirmasa, uni tegishli idora tomonidan koʻrib chiqish uchun yuborish.
b) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun 2026-yil 1-iyulga qadar oʻzlarining mavjud elektron axborot tizimlarini qoʻmitaning elektron tizimiga integratsiya qilsin.
Bunda davlat organlari va idoralarining axborot tizimlari oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali amalga oshirilishi taʼminlansin.
6. Qoʻmita:
a) Sanoat xavfsizligi sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan:
2026-yil 1-iyulga qadar tizimni huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qabul qilish hamda tahlil qilish uchun zarur texnik vositalar va uskunalar bilan taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda axborot tizimining uzluksiz va sifatli ishlashini tashkil etsin hamda texnik koʻmak koʻrsatgan holda takomillashtirib borsin;
b) Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qaror mazmun-mohiyatining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A.V. Rafiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-may,
223-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-maydagi 223-son qaroriga ILOVA
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari yuzasidan foto va (yoki) videomateriallarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida tasvirga olish texnik vositalari hamda mobil qurilmalar orqali qayd etilgan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bogʻliq holatlar toʻgʻrisidagi foto va (yoki) videomateriallarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
Shaxslar ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etgan holda qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, xabar beruvchining shaxsiy xavfsizligini taʼminlash, uning anonimlik huquqi va qonuniy himoyasi kafolatlanishi tamoyillari asosida ragʻbatlantiriladi.
2. Mazkur Nizom qoidalari faqat Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) nazoratidagi obyektlar hamda Qoʻmita vakolatiga kiruvchi sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar qayd etilgan holatlarga tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
axborot tizimlari — Qoʻmitaning jahon internet axborot tarmogʻi orqali ishlovchi elektron tizimi;
videotexnika vositalari — videokuzatuv, tasvirga olish texnika vositalari, shu jumladan, mobil qurilmalar;
“E-maʼmuriy ish” uchun maʼlumotlar toʻplami — maʼmuriy ish yuritishga zarur boʻlgan maʼlumotlar yigʻindisi (joylashuv, sana, vaqt, foto va (yoki) video materiallar, identifikatsiyalangan maʼlumotlar) boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “E-maʼmuriy ish” axborot tizimiga elektron tarzda kiritiladigan maʼlumotlar;
foto va videomateriallar — huquqbuzarlik aks etgan fotosuratlar va videoyozuvlar (tahrirlanmagan, texnik sifatini saqlagan holda);
huquqbuzarlik — Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlarida Qoʻmita vakolatiga taalluqli deb belgilangan sanoat xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bogʻliq xatti-harakat (harakatsizlik).
4. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va (yoki) videomateriallar ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq qabul qilinadi, koʻrib chiqiladi, shu bilan birgalikda, ularni taqdim etgan shaxslar ragʻbatlantiriladi.
2-bob. Huquqbuzarliklarni videotexnika vositalari orqali qayd etish va materiallarni yuborish tartibi
5. Shaxslar huquqbuzarlik holatini, shuningdek, avariyaga olib kelishi mumkin boʻlgan xavfli holatlarni videotexnika vositalari orqali qayd etishi, foto va (yoki) videomateriallarni axborot tizimi orqali Qoʻmitaga yuborishi mumkin.
6. Taqdim etiladigan foto va (yoki) videomateriallarda quyidagilar aniq aks etgan boʻlishi lozim:
sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlik mohiyati (qisqa tavsifi bilan);
huquqbuzarlik sodir etilgan manzil (geolokatsiya), sana va vaqt.
7. Materiallar Raqamli hukumat foydalanuvchilarining Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali axborot tizimiga kirish asosida yuboriladi.
Bunda foydalanuvchi toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar “Elektron hukumat” tizimining jismoniy shaxslar markaziy maʼlumotlar bazasidan axborot tizimga avtomatik tarzda olinadi: familiyasi, ismi va otasining ismi; doimiy yoki vaqtincha yashash manzili; mobil telefon raqami; elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa); bank plastik kartasi raqami; ish joyi va lavozimi (ixtiyoriy).
Shaxsiy maʼlumotlar qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi va ulardan faqat ushbu Nizomda belgilangan maqsadlar uchun foydalaniladi.
8. Foto va (yoki) videomateriallarga har qanday tahrir, montaj, effekt qoʻllash taqiqlanadi. Texnik sabablarga koʻra hajmni qisqartirish maqsadida rolikning bevosita huquqbuzarlik aks etgan qismini kesib olishga yoʻl qoʻyiladi.
9. Haqqoniylikni taʼminlash maqsadida axborot tizimi material yuborilgan vaqtni, geolokatsiya maʼlumotlarini (GPS-koordinatalarni), faylning texnik tavsiflari va xizmat maʼlumotlarini (metamaʼlumot)) avtomatik tarzda qayd etadi hamda ularni Qoʻmita axborot bazasiga uzatadi.
3-bob. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish
10. Axborot tizimi orqali kelib tushgan foto va (yoki) videomateriallar hamda “E-maʼmuriy ish” uchun zarur maʼlumotlar toʻplami tegishligi boʻyicha Qoʻmitaning hududiy boshqarmasi (boʻlimi) masʼul xodimi tomonidan uch ish kuni mobaynida joyiga chiqqan holda koʻrib chiqiladi.
11. Foto va videomateriallarda huquqbuzarning shaxsini aniqlash imkoni boʻlmasa, materiallar mazkur Nizomning 10-bandida belgilangan muddatlar doirasida hududiyligi boʻyicha tegishli ichki ishlar organlariga huquqbuzarning shaxsini aniqlash uchun yuboriladi.
12. Qoʻmitaning hududiy masʼul xodimi qonunchilikka muvofiq maʼmuriy ish qoʻzgʻatadi, dalillarni rasmiylashtiradi va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi talablariga binoan qaror qabul qiladi.
Jarima tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, toʻlov hujjati (kvitansiya) huquqbuzarga elektron pochta, SMS-xabarnoma yoki pochta aloqasi orqali yetkaziladi (zaruratga koʻra bevosita topshirilishi mumkin).
13. Agar koʻrib chiqish natijasida qayd etilgan hodisa boʻyicha Qoʻmita vakolati mavjud boʻlmasa, hujjatlar bir ish kunida tegishli sudga yoki vakolatli organga yuboriladi, bu haqida murojaat qiluvchi xabardor qilinadi.
14. Jinoyat alomatlari aniqlangan hollarda materiallar bir ish kuni ichida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
15. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va (yoki) videomateriallar va “E-maʼmuriy ish” tizimiga zarur maʼlumotlar toʻplamini koʻrib chiqish natijasi yuzasidan uni yuborgan shaxsga huquqbuzarlik boʻyicha jarima undirilgan paytdan eʼtiboran oʻn besh ish kuni muddatda huquqbuzarlik haqida xabar yuborilgan elektron tizimlar orqali elektron shaklda javob yuboriladi.
4-bob. Foto va (yoki) videomateriallarni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish
16. Foto va (yoki) videomateriallarni taqdim etgan shaxs huquqbuzarlik boʻyicha undirilgan jarimaning Qoʻmitaga oʻtkazilgan qismidan 20 foizi miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
17. Pul mukofoti:
haqqoniy va yetarli maʼlumotlarni birinchi boʻlib taqdim etgan shaxsga beriladi;
huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan oldindan aniqlangandan keyin tushgan xabarlar boʻyicha toʻlanmaydi.
18. Pul mukofoti avtomatik tarzda murojaat qiluvchining mobil raqamiga bogʻlangan toʻlov xizmatlari yoki koʻrsatilgan bank kartasiga oʻtkaziladi. Mablagʻlarni oʻtkazishda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish talablari qatʼiy saqlanadi.
5-bob. Shaxslar tomonidan foto va (yoki) videomateriallarni qayd etish shartlari
19. Foto va (yoki) videomateriallar shaxslar tomonidan quyidagi holatlarda qayd etilishi mumkin:
sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarining buzilishi yoki avariya, portlash, yongʻin yoxud inson hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan xavfli holat mavjud boʻlgan taqdirda;
Qoʻmita nazoratidagi obyektlarda va texnik qurilmalarda, shaxslarning qonuniy ravishda boʻlishi mumkin boʻlgan hududlarda;
ishlab chiqarish jarayoniga, xodimlar faoliyatiga yoki texnologik jarayonga aralashmagan hollarda.
Rejimli, qoʻriqlanadigan va cheklangan hududlarda tegishli ruxsatlarsiz, shuningdek, sanoat xavfsizligini taʼminlashdan boshqa maqsadlar uchun foto va (yoki) videomateriallarni qayd etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Maxfiylik, shaxsiy maʼlumotlar va masʼuliyat
20. Qoʻmita huquqbuzarlik haqida xabar beruvchi shaxsning shaxsiy xavfsizligi va maʼlumotlari maxfiyligini taʼminlaydi, shuningdek, unga nisbatan ish joyida yoki jamiyatda har qanday taʼqib va bosim oʻtkazilishi taqiqlanadi hamda qonuniy himoya kafolatlanadi.
21. Foto va (yoki) videomateriallarda ataylab soxtalashtirish, haqoratli yoki yolgʻon maʼlumotlar yuborish aniqlangan taqdirda, murojaat rad etiladi.
22. Foto va (yoki) videomateriallar hamda tegishli ish yuritish maʼlumotlari axborot tizimida qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi, belgilangan tartibda yoʻq qilinadi yoki arxivga oʻtkaziladi.
7-bob. Axborot tizimlari, integratsiya va texnik talablar
23. Qoʻmita:
axborot tizimini huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni qabul qilish, tahlil qilish va “E-maʼmuriy ish” tizimiga yuborish imkoniyatlariga moslashtiradi;
geolokatsiya, vaqt belgisi va fayl metamaʼlumotlarini avtomatik qayd etishni taʼminlaydi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor idoralar bilan axborotni kelishilgan protokollar asosida almashadi, tizimlarning uzluksiz ishlashi, kiberxavfsizlik va texnik qoʻllab-quvvatlash taʼminlanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va (yoki) videomateriallarni hamda “E-maʼmuriy ish” tizimiga zarur maʼlumotlar toʻplamini taqdim etgan shaxslarga ragʻbatlantirish berilmagani holatlari boʻyicha yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Qoʻmitaning xatti-harakati (harakatsizligi) ustidan boʻysinuv tartibida yuqori turuvchi organga shikoyat qilinishi sudga shikoyat qilish huquqini istisno etmaydi.
26. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
27. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari yuzasidan foto va (yoki) video materiallarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida nizomga ILOVA
Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va (yoki) videomateriallarni qabul qilish, koʻrib chiqish, ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish
sxemasi
