Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-163-son)
01.05.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
[Koʻchirma]
Respublikamizda gidroenergetika tarmogʻini barqaror rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, sohada mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlash, “Oʻzbekgidroenergo” AJning operatsion samaradorligini oshirish hamda moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar “Oʻzbekgidroenergo” AJ faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) 2026-yil yakuniga qadar 114 MVt ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish va 7,1 milliard kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish;
(b) 2032-yil yakuniga qadar respublikada:
(i) umumiy quvvati 1 400 MVt boʻlgan gidrotoʻplash elektr stansiyalarini qurish;
(ii) gidroenergetika sohasida 3 266 MVt qoʻshimcha quvvatlarni yaratish orqali gidroenergetika quvvatlarini 2,4 baravarga oshirish;
(v) mahalliy korxonalarni loyihalash, qurilish va ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilgan holda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish orqali milliy loyiha modelini joriy etish (keyingi oʻrinlarda — milliy loyiha);
(g) 2026 — 2032-yillarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ mablagʻlari hisobidan milliy loyiha modeli asosida 550 MVt quvvatlarni barpo etish.
II. Asosiy koʻrsatkichlar
2. 2023 — 2025-yillarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ faoliyatiga korporativ boshqaruv va strategik rivojlantirishning zamonaviy usullarini joriy etish natijasida:
(a) “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan xalqaro standartlar asosida tayyorlangan moliyaviy hisobotlar boʻyicha “PwC” (Pricewaterhouse Coopers) xalqaro konsalting tashkilotining ijobiy xulosalari olingani;
(b) 2025-yilda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “Oʻzbekgidroenergo” AJ kredit reytingi “BB” (barqaror) darajasiga koʻtarilgani eʼlon qilingani;
(v) 2025-yilda “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan “Oʻzbekgidroenergo” AJning ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) reytingi 79 ballga oshirilib, Markaziy Osiyodagi eng yuqori ESG reytingiga ega “Pure-Player” (“sof ishtirokchi”) kompaniya sifatida eʼtirof etilgani;
(g) “Oʻzbekgidroenergo” AJ kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil aʼzolar ulushi 57 foizga yetgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar:
(a) “Oʻzbekgidroenergo” AJni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026 — 2032-yillarda respublika gidroenergetika quvvatlarini oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2026 — 2032-yillarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq, milliy loyihalar roʻyxati 3a-ilovaga muvofiq, xususiy investorlar ishtirokidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihalari);
(g) 2026 — 2028-yillarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ faoliyatini yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish
4. “Oʻzbekgidroenergo” AJni barqaror rivojlantirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish maqsadida:
(a) investitsiya loyihalari hududlariga olib boruvchi yoʻl, elektr uzatish tarmoqlari va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishini bir bosqichli loyihalashtirish (ishchi loyiha) asosida “Oʻzbekgidroenergo” AJ mablagʻlari hisobidan xarid tartib-taomiliga asosan pudrat tashkilotlarini aniqlagan holda amalga oshirishga;
(b) infratuzilmasi mavjud boʻlmagan istiqbolli hududlarda loyiha-qidiruv ishlarini sifatli amalga oshirish uchun “Gidroproyekt” AJ va “Oʻzsuvloyiha” AJga uchuvchisiz uchish apparatlarini xarid qilish va ulardan foydalanishga;
(v) tasdiqlangan loyihaoldi hujjatiga muvofiq obyektni tayyor holda foydalanishga topshirish (EPC) sharti asosida amalga oshiriladigan milliy loyiha doirasida bosqichma-bosqich ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DMda ekspertizadan oʻtkazishga;
(g) “Oʻzbekgidroenergo” AJ va uning tizim tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan davlat xaridlarida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimidagi tashkilotlarning ishtirok etishiga ruxsat berilsin.
5. Belgilansinki:
(a) “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida:
(i) obyektni foydalanishga tayyor holda topshirish boʻyicha “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimidagi “Gidroqurilish buyurtmachi xizmati” MCHJ — buyurtmachi;
(b) gidrotexnika inshootlarining xavfsiz ekspluatatsiya qilinishini kuzatish va tahliliy monitoring yuritish ishlarini amalga oshirishga “Gidrotexnika inshootlari xavfsizligini baholash va monitoringini yuritish markazi” MCHJ — masʼul;
6. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi (B. Xaydarov), “Oʻzbekgidroenergo” AJ (I. Abduraxmonov) uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda gidroenergetika sohasida qoʻshilgan qiymatni oshirish orqali mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirib borishga qaratilgan dasturni tasdiqlash uchun Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi boshqaruv kengashiga kiritsin va uning ijrosi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
7. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi (Sh. Gʻaniyev) gidroenergetika sohasida investitsiya loyihalari uchun tanlangan hamda belgilangan tartibda tuman hokimligi tasarrufiga qaytarilgan va boʻsh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olingan yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha kiritilgan takliflarni oʻn kun muddatda koʻrib chiqib, tegishli qaror qabul qilinishini taʼminlasin.
8. Surxondaryo viloyati hokimligi (U. Qosimov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (I. Abdurahmonov) bir oy muddatda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan kelishgan holda Energetika vazirligi murojaatiga asosan Sariosiyo tumani Yuqori Toʻpalang hududida elektr tarmogʻi xoʻjaligi, yoʻl va infratuzilma obyektlarini qurish uchun talab etiladigan yer uchastkalari, zarur hollarda, yer fondi toifasini belgilangan tartibda oʻzgartirish choralarini koʻrgan holda tuman hokimligining tasarrufida boʻlgan boʻsh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olib, doimiy foydalanish huquqi asosida Energetika vazirligiga ajratilishini taʼminlasin.
9. Favqulodda vaziyatlar vazirligi (S. Zuparov) investitsiya loyihalari doirasida qurilish ishlarini bajarishda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar xavfini baholash hamda ularning oldini olishga qaratilgan kompleks talablarga rioya etilishi ustidan nazorat olib borsin.
IV. Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
10. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi (J. Qoʻchqorov) ikki hafta muddatda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish tarifini operatsion xarajatlar, kredit majburiyatlari va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun talab etiladigan mablagʻlarni inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (X. Mustafayev) bir oy muddatda 2017 — 2025-yillar davomida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilgan “Oʻzbekgidroenergo” AJning taqsimlanmagan foydasini “Oʻzbekgidroenergo” AJning ustav kapitalini oshirishga yoʻnaltirsin.
13. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning asosiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan va boʻsh turgan aktivlari bosh kelishuvga koʻra Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan sotiladi va sotishdan tushgan mablagʻlar sotish xarajatlarini chegirgan holda ikki hafta muddatda “Oʻzbekgidroenergo” AJga yoʻnaltiriladi.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (X. Mustafayev), Energetika vazirligi (J. Mirzamahmudov), “Oʻzbekgidroenergo” AJ (I. Abduraxmonov) bir oy muddatda “yashil energiya” sertifikatlari sotuvini jadallashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
15. Energetika vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib quyidagilar belgilansin:
(a) “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi I. Abduraxmonov — investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishiga, mablagʻlardan maqsadli foydalanishga;
(b) iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari X. Mustafayev — elektr energiyasini xarid qilish tarifini belgilangan muddatda qayta koʻrib chiqishga;
(v) Bosh prokuror oʻrinbosari D. Kasimov — investitsiya loyihalari doirasida mablagʻlarning maqsadli sarflanishi hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatishga.
17. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari T.N. Butunbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 1-may,
PQ-163-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi PQ-163-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekgidroenergo” AJni yanada rivojlantirishning
ASOSIY YOʻNALISHLARI
1. Import oʻrnini bosuvchi eksportbop uskunalarni ishlab chiqarish hisobiga davlat investitsiya dasturlari boʻyicha mahalliy kontentni koʻpaytirish.
2. “Oʻzbekgidroenergo” AJni bosqichma-bosqich “elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi” korxonadan “elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va tizimni muvozanatlovchi” korxonaga transformatsiya qilish.
3. Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali gidrotexnik inshootlarni boshqarishda avariya holatlarining oldini olish.
4. Kompaniyaning qoʻshni davlatlarda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalaridagi ishtirokini oshirish.
5. Kompaniya tizimidagi loyiha-tadqiqot va pudrat tashkilotlaridagi kompaniyaning ulushini uzoq muddatli istiqbolda saqlab qolish.
6. Kompaniyaning investitsion jozibadorligini dunyo bozorida yanada oshirish.
7. Taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlarni tizimli ravishda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali kadrlar zaxirasini shakllantirish va inson resurslarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish.
8. Investitsiya loyihalari doirasida texnik yechimlarni ilmiy yondashuv asosida aniqlash va joriy etish.
9. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga gidrotexnik inshootlarni xavfsiz va samarali boshqarishni taʼminlash.
10. Loyiha-kuzatuv ishlarini izchil davom ettirish hisobiga respublikada mavjud qoʻshimcha gidroenergetik salohiyatlarni aniqlash va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish.
11. Operatsion samaradorlikni oshirish, jumladan, sohaga oid boʻlmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik toʻlovlarini toʻxtatish, kredit majburiyatlarini muddatidan oldin toʻlash va operatsion xarajatlarni maqbullashtirish orqali xarajatlarni qisqartirish.
12. Ichki nazorat tizimini kuchaytirish, moliyaviy aktivlar harakatini nazorat qilish, korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish.
13. Kompaniya va uning tarkibidagi korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, jumladan, debitor qarzdorliklarini qisqartirish va ularning likvidlik darajasini oshirish.
14. Kompaniya faoliyatida moliyaviy shaffoflikni oshirish uchun moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini tizim tashkilotlarida bosqichma-bosqich joriy etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi PQ-163-son qaroriga 2-ILOVA
2026 — 2032-yillarda respublika gidroenergetika quvvatlarini oshirishning
maqsadli koʻrsatkichlari
* Xususiy sektor tomonidan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi “Respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalari tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-129-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi PQ-163-son qaroriga 3-ILOVA
2026 — 2032-yillarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari
ROʻYXATI
Izoh:
Loyihalarning iqtisodiy samaradorligi va koʻrsatkichlariga ishlab chiqilgan TIA (ishchi loyiha)ga asosan aniqlik kiritiladi hamda oʻrnatilgan tartibda “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruv organi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Energetika vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda mazkur roʻyxatga tuzatish, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Loyiha hududlari tabiiy meros obyektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yer maydonlariga kirgan yoki ularning muhofaza zonasida joylashgan taqdirda, ushbu loyiha tegishli tashkilotlar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan oʻrnatilgan tartibda kelishilgandan soʻng amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi PQ-163-son qaroriga 3a-ILOVA
2026 — 2032-yillarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshiriladigan milliy loyihalar
ROʻYXATI
Izoh:
Loyihalar “Oʻzbekgidroenergo” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, ularning iqtisodiy samaradorligi va koʻrsatkichlariga ishlab chiqilgan TIA (ishchi loyiha)ga asosan aniqlik kiritiladi hamda oʻrnatilgan tartibda “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruv organi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Energetika vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda mazkur roʻyxatga tuzatish, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Loyiha hududlari tabiiy meros obyektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yer maydonlariga kirgan yoki ularning muhofaza zonasida joylashgan taqdirda, ushbu loyiha tegishli tashkilotlar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan oʻrnatilgan tartibda kelishilgandan soʻng amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi PQ-163-son qaroriga 4-ILOVA
2026 — 2032-yillarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshiriladigan xususiy investorlar ishtirokidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalari
ROʻYXATI
Izoh:
Energetika vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda mazkur roʻyxatga tuzatish, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
“Jizzax viloyati Tuyatortar kanalida kichik GESlar kaskadi qurilishi” loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi “Respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalari tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-129-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Loyiha hududlari tabiiy meros obyektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yer maydonlariga kirgan yoki ularning muhofaza zonasida joylashgan taqdirda, ushbu loyiha tegishli tashkilotlar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan oʻrnatilgan tartibda kelishilgandan soʻng amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-maydagi PQ-163-son qaroriga 5-ILOVA
2026 — 2028-yillarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ faoliyatini yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
