Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-161-son)
30.04.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
[Koʻchirma]
Hududlarda turizm infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga oʻtkazish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy turistlar oqimini koʻpaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. 2026-2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda quyidagilar nazarda tutilsin:
(a) turizm va unga yondosh sohalarda 24 mingta yangi ish oʻrni yaratish hamda 16 mingta ish oʻrnini soyadan chiqarish orqali jami 40 mingta ish oʻrnini tashkil etish;
(b) sohani loyihaviy boshqaruv tizimiga oʻtkazish orqali 31 ta turizm obyektini tashkil etish va ularning faoliyatini rivojlantirish;
(v) joylashtirish vositalari sonini 8 250 taga, ulardagi xonalar sonini 95 mingtaga, shundan mehmonxonalar sonini 1 380 taga hamda ulardagi xonalar sonini 45 mingtaga yetkazish.
II. Turistik mahsulotlarning loyiha boshqaruvini tashkil etish
2. Turizm qoʻmitasining “Jozibador manzil — loyiha — infratuzilma — tadbirkor — targʻibot — sayyoh” zanjiri boʻyicha loyiha boshqaruvi asosida:
(a) 2-ilovaga muvofiq 34 ta turizm obyektining master rejasini ishlab chiqish;
(b) 3-ilovaga muvofiq 31 ta turizm obyektining faoliyatini tashkil etish hamda rivojlantirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi turizm salohiyati yuqori boʻlgan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun respublika budjetidan 2026-yilda 450 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi belgilanganini inobatga olib, bir oy muddatda ushbu mablagʻlar hisobidan mazkur qarorda nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirish ishlarini boshlasin.
4. Quyidagilar:
(a) Turizm qoʻmitasi huzurida:
(i) “Turistlarga xizmat koʻrsatish markazi” davlat muassasasi negizida “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” davlat muassasasi;
(ii) “Ipak yoʻli” ofisi” davlat muassasasi negizida “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” davlat muassasasi tashkil etilsin;
(b) “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” va “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” davlat muassasalarining asosiy vazifalari va moliyalashtirish manbalari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi respublika yoki mahalliy darajadagi barcha turdagi turistik zonalar va turistik klasterlar direksiya (departament)lari faoliyatini umumiy muvofiqlashtiruvchi muassasa hisoblanadi;
(b) davlat muassasasi hisoblangan turistik zonalar va turistik klasterlar direksiya (departament) rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari Turizm qoʻmitasi raisi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
(v) 2026-yil 1-iyundan boshlab Turizm qoʻmitasi tomonidan Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bosqichma-bosqich turistlar tashrif buyuruvchi ziyoratgohlar hududlarining funksional jihatdan ajratilgan chegaralarini belgilash va mumkin boʻlgan hollarda koʻp qavatli binolarni joylashtirish orqali ularning hududlarini kengaytirish hamda ulardan foydalanish uchun alohida dizayn-kod joriy etiladi;
(g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri madaniy meros boshqarmalarining ilmiy-maslahat kengashlari tarkibiga mustaqil ekspertlar, turoperator vakillari va gidlar kiritiladi;
(d) turizm sohasini barqaror va kompleks rivojlantirish maqsadida loyihalarni amalga oshirishda davlat organlari, tadbirkor va investorlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda taʼlim va ekspert tashkilotlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni taʼminlovchi “davlat — biznes — jamoatchilik — taʼlim” (Quattro) tizimi joriy etiladi;
(j) 2027-yildan boshlab yiliga ikki marta Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan sayyohlar oʻrtasida tanlanma kuzatuvlar oʻtkazish amaliyoti joriy etiladi.
III. Turizm obyektlarida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish hamda sayyohlarga qulayliklar yaratish
6. Belgilansinki, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda:
(a) 2030-yil 31-dekabrga qadar Oʻzbekistonga turistlarni jalb qilish maqsadida xorijiy davlatlardan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi;
(b) mahalliy turoperatorlarning mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan xorijdagi targʻibot tadbirlari xarajatlarining 25 foizigacha, biroq 500 million soʻmdan oshmagan qismi qoplab beriladi;
(v) xususiy tadbirkorlarning sayyohlar uchun madaniy-ommaviy va konsert-tomosha hamda madaniy tadbirlarni aniq belgilangan hudud va jadval asosida yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq xarajatlarini bir yilgacha muayyan qismini moliyalashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda tadbirkorlar tomonidan ushbu tadbirlarni tashkil etishni bosqichma-bosqich oʻzi qoplash sharti bilan moliyalashtirish chegarasi Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashi tomonidan belgilanadi.
7. Turizm qoʻmitasi:
(a) Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili reja asosida mahalliy va xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etgan holda turizm sohasi subyektlari uchun amaliy oʻquv kurslarini tashkil etib borsin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri turizm boshqarmalarining rasmiy axborot resurslarini autsorsing asosida yuritishni tashkil etsin, shuningdek, turizm loyihalari va turistik manzillarning targʻibotini tizimli ravishda amalga oshirib borsin;
(v) uch oy muddatda ushbu qarorning 6-bandida nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish tartibini belgilash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Transport vazirligi:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar turistik shaharlarda jamoat transporti qatnovlari sonini oshirsin hamda turizm sohasida navigatsiya tizimining axborot belgilarini, birinchi navbatda, yirik turistik yoʻnalishlarda ingliz tilida oʻrnatsin;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
(i) aviaqatnovlarning uzluksizligi hamda iqtisodiy barqarorligini taʼminlash maqsadida turistik oqimi past boʻlgan xorijiy mamlakatlardan aviaqatnovlarni amalga oshirgan aviakompaniyalar xarajatlarining bir qismini qoplab berish;
(ii) Termiz — Istanbul — Termiz, Termiz — Dubay — Termiz, Andijon — Buxoro — Andijon, Toshkent — Buxoro — Sariosiyo hamda Shahrisabz — Urganch — Nukus — Shahrisabz yoʻnalishlarida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklif kiritsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
9. Quyidagilar:
(a) 2026 — 2030-yillarda turistik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud jami maydoni 1 263 gektar boʻlgan 30 ta istiqbolli yer uchastkalarining manzilli roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
(b) 2026-2027-yillarda hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va turistik salohiyatni oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 6-ilovaga muvofiq;
(v) 2026-2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari 6.1 — 6.14 ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Turizm qoʻmitasi raisi A.Oʻ. Aqqulov belgilansin.
12. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʻyicha departamenti boshligʻi G.O. Umerova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-aprel,
PQ-161-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 1-ILOVA
2026-2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Izoh: Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari masʼul hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 2-ILOVA
2026-2027-yillarda hududlarning master rejalarini ishlab chiqish
DASTURI
Izoh:
1. Master rejalar Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi hamda tegishliligi boʻyicha Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi.
2. Master rejalarni ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida turizm obyektlari infratuzilmasini yaxshilash uchun nazarda tutilgan mablagʻlar, Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 3-ILOVA
2026-2027-yillarda turizm obyektlarining faoliyatini loyiha boshqaruv asosida tashkil etish va rivojlantirish
ROʻYXATI
Izoh:
1. Mazkur roʻyxatda nazarda tutilgan obyekt (hudud)lardagi loyihalar budjetdan ajratilgan mablagʻlar, tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
2. Loyiha boshqaruvi asosida rivojlantiriladigan hududlarning konturlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan Turizm qoʻmitasi bilan kelishgan holda belgilanadi.
3. Mazkur roʻyxatda nazarda tutilgan tegishli obyekt (hudud)larda, madaniy meros obyektlari mavjud boʻlsa, Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan (ruxsatini olgan) holda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 4-ILOVA
Turizm qoʻmitasi huzuridagi “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” va “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” davlat muassasalarining asosiy vazifalari va moliyalashtirish manbalari
I. “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” davlat muassasasining asosiy vazifalari
1. Turizm infratuzilmalari holatini tizimli asosda tahlil qilish, shuningdek, ushbu sohadagi xalqaro standartlarni oʻrganish va amaliyotga joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
2. Turizm infratuzilma obyektlarini joylashtirish uchun salohiyatli hududlarda rejalashtirish va loyihalashtirish (master rejalarini ishlab chiqish) ishlarini tashkil etish.
3. Turizm zonalari hududida turizm infratuzilmasi obyektlarini barpo etish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur investitsiya shart-sharoitlarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
4. Shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida ularning turizm infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq qismi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish.
5. Turistik infratuzilma obyektlari (mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, madaniy meros obyektlari, muzeylar, restoran va umumiy ovqatlanish nuqtalari, hunarmandchilik markazlari, turizm qishloq va mahallalari, istirohat bogʻlari va boshqalar) va unga tutash hududlarning sanitariya va obodonchilik ishlari holatlarini yaxshilash hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga Turizm qoʻmitasi orqali takliflar kiritib borish.
6. Turizm yoʻnalishidagi direksiya (departament)larning faoliyatini uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish boʻyicha koʻmaklashish, monitoring va tahlil qilish.
7. Ishlab chiqilgan master rejalar asosida tegishli loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikda ishlash.
8. Turizm obyektlari va hududlarida topografik tasvir, geodeziya, kartografiya va boshqa loyihalashtirish bilan bogʻliq boʻlgan jarayonlarni toʻliq amalga oshirish.
9. Turizm infratuzilmasini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb qilish.
II. “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” davlat muassasasining asosiy vazifalari
1. Turizm sohasidagi ustuvor loyihalarni shakllantirish, ilgari surish va ularni amalga oshirishga koʻmaklashish, xususan, moliyaviy resurslar va investitsiyalarni jalb qilish.
2. Turizm turlarini rivojlantirish boʻyicha xalqaro va mahalliy tendensiyalar va tajribalarni oʻrganish va tahlil qilish hamda uning asosida turizm turlarini rivojlantirish hamda turizm xizmatlarini yanada diversifikatsiyalashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish.
3. Hududlarda turizm turlarini koʻpaytirish, avvalo, ichki va ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, taʼlim va ilmiy turizm sohasini barqaror rivojlantirish boʻyicha ilmiy asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish hamda tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda amaliyotga joriy qilish.
4. Aholini ichki sayohatlarga jalb etish, xususan sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanishni targʻib etuvchi marketing kampaniyalarini olib borish.
5. Jozibador va raqobatbardosh yangi turizm mahsulotlarini yaratish boʻyicha dasturlar ishlab chiqish.
6. Manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda turizm sohasidagi oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim hamda oliy taʼlim bitiruvchilarining bandligini taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha tadqiqotlar olib borish, taʼlim muassasalarida kadrlar va mutaxassislarning kasbiy tayyorgarlik yoʻnalishlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
7. Turizm sohasida ilm-fanni rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ilmiy-tadqiqot, ekspertlik ishlarini tashkil etish.
8. Turizm turlarini rivojlantirish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish.
9. Davlat-xususiy sheriklik asosida turizm sohasidagi innovatsion gʻoyalar va startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni institutsional rivojlantirish hamda davlat organlari, investorlar va xususiy sektor bilan samarali yoʻlga qoʻyish.
III. “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” hamda “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” davlat muassasalarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari
1. Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari*.
2. Xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar grantlari.
3. Qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Izoh:
Loyiha ofislari qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat bilan ham shugʻullanishi mumkin.
Loyiha ofisi xodimlari mehnatiga haq toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi Turizm qoʻmitasi raisi tomonidan belgilanadi.
* Loyiha ofislari faoliyatini moliyalashtirish xarajatlari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining 2026-yil uchun tasdiqlangan xarajatlari prognoziga qoʻshimcha ravishda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 5-ILOVA
2026 — 2030-yillarda turistik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud boʻlgan istiqbolli yer uchastkalarining manzilli
ROʻYXATI
Izoh:
1. Yer uchastkalari Turizm qoʻmitasi bilan kelishilgan holda faqat mazkur ilovada nazarda tutilgan turizm loyihalarini amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.
2. Yer uchastkalarining chegaralari (obyekt joylashgan hudud koordinatalari) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan Turizm qoʻmitasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
3. Zarur hollarda, qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya qilgan holda yer uchastkalarining toifalari oʻzgartirilishi mumkin.
4. Yer uchastkalarda mazkur ilovada nazarda tutilgan turizm loyihalari ushbu ilovada koʻrsatilgan muddatdan keyinroq muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʻyicha departamenti bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6-ILOVA
2026-2027-yillarda hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va turistik salohiyatni oshirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.1-ILOVA
2026-2027-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.2-ILOVA
2026-2027-yillarda Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.3-ILOVA
2026-2027-yillarda Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.4-ILOVA
2026-2027-yillarda Jizzax viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.5-ILOVA
2026-2027-yillarda Qashqadaryo viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.6-ILOVA
2026-2027-yillarda Navoiy viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.7-ILOVA
2026-2027-yillarda Namangan viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.8-ILOVA
2026-2027-yillarda Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ -161-son qaroriga 6.9-ILOVA
2026-2027-yillarda Surxondaryo viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.10-ILOVA
2026-2027-yillarda Sirdaryo viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.11-ILOVA
2026-2027-yillarda Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.12-ILOVA
2026-2027-yillarda Fargʻona viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.13-ILOVA
2026-2027-yillarda Xorazm viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 6.14-ILOVA
2026-2027-yillarda Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-son qaroriga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-iyundagi “Ipak yoʻli turizm xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3815-son qarori 11-bandining ikkinchi xatboshisidan “Universitet Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda” soʻzlari chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4755-son qaroriga 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PQ-4755-son qaroriga 1-ILOVA
“Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi maʼmuriy kengashi
TARKIBI
Izoh:
1. Maʼmuriy kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
2. Maʼmuriy kengash raisiga Maʼmuriy kengash tarkibiga yangi aʼzolarni kiritish, shuningdek, boshqa vazirliklar va idoralar ekspertlari va mutaxassislarini jalb qilish huquqi beriladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-oktabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5270-son qarorida:
(a) 3-bandning “a” kichik bandida:
(i) birinchi — uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Universitetning rektoriga Turizm qoʻmitasi bilan kelishgan holda:
“Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot institutining tuzilmasi va nizomini tasdiqlash, shuningdek, boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash;
“Ipak yoʻli” xalqaro tadqiqot instituti direktorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish”;
(ii) toʻrtinchi xatboshi “huquqi beriladi” soʻzlari bilan toʻldirilsin”;
(iii) beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) 2-ilovaning 7-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2022 — 2026-yillar davomida” soʻzlari “2022 — 2028-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi “Turizm yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-238-son qarorida:
(a) 1-bandning “a” kichik bandida:
(i) birinchi xatboshidagi “turistik oqim past boʻlgan xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasiga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar mavjud boʻlmagan xorijiy mamlakatlardan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) ikkinchi xatboshidagi “ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 1-ilovaning 1, 2 va 4-pozitsiyalari “Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A. Abduxakimov)” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi (A. Aqqulov)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat koʻrsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-406-son qarorida:
(a) 7-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlarini tashkil etish uchun har yili Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashi ijobiy qarori asosida Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga mablagʻ ajratib borish”;
(b) 9-bandning “a” kichik bandi oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplash uchun har yili Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kengashi ijobiy qarori asosida Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga mablagʻ ajratib boriladi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-19-son qarorida:
(a) 5-bandda:
(i) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(ii) toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(b) 8-banddagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi,” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(v) 1-ilovaning 8-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qarori 3-bandining “v” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-fevraldagi “Ohalik — Oqboʻyro — Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-60-son qarorida:
(a) 3-bandda:
(i) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Turistik zonaning master rejasi va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish uchun loyihalashtirish va konsalting kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda boshqaruvchi kompaniyalar xizmatlari uchun haq toʻlash Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”;
(ii) toʻrtinchi xatboshidagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Turizm qoʻmitasi)” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 4-banddagi “2024-yil 1-avgustga qadar Turistik zonaning bosh rejasi” soʻzlari “2026-yil 1-avgustga qadar Turistik zonaning master rejasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-66-son qarorining 14-bandidagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-269-son qarorining 3 va 4-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-335-son qarorida:
(a) 1-bandning birinchi xatboshisidagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Turizm qoʻmitasi)” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 10-banddagi “ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi raisi A.Oʻ. Aqqulov” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qarori bilan tasdiqlangan 2025-yil 1-iyuldan boshlab xususiy sektorga oʻtkazilayotgan davlat xizmatlari va funksiyalari roʻyxatining 7-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi “2024 — 2026-yillarda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-394-son qarorida:
(a) 1-bandning birinchi xatboshisidagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Turizm qoʻmitasi)” soʻzlari “Turizm qoʻmitasining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 10-banddagi “ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov” soʻzlari “Turizm qoʻmitasi raisi A.Oʻ. Aqqulov” soʻzlari bilan almashtirilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-348-son qarorida:
(a) 5-bandning “v” kichik bandidagi “1-aprelga” va “marketing strategiyasi” soʻzlari tegishincha “1-iyunga” va “marketing dasturi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 8-bandning “d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(d) 2030-yil 1-yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga kirgan mehmonxona brendlarini jalb qilgan holda brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonani qurish va jihozlash uchun mazkur brendning talabiga muvofiq olib kelinadigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar bojxona bojidan ozod etiladi”.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-noyabrdagi “Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-350-son qarorida:
(a) 6-bandning “a” kichik bandidagi “2025-yil” soʻzlari “2027-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 8-bandidan “Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va” soʻzlari chiqarib tashlansin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-49-son qarori 31-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(b) turizm salohiyati yuqori boʻlgan 150 ta mahalla doirasida tanlangan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun — 450 mlrd soʻm”.
Izoh. Ushbu ilovaning 14-bandi “b” kichik bandi 2026-yil 1-sentabrdan eʼtiboran kuchga kiradi.
