8-modda. Kapital harakati bilan bogʻliq valyuta operatsiyalari
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (556-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Kuchini yo'qotgan
Kapital harakati bilan bogʻliq valyuta operatsiyalariga joriy xalqaro operatsiyalar hisoblanmaydigan barcha operatsiyalar, shu jumladan:
investitsiya faoliyatini amalga oshirish;
kreditlar olish va berish, lizing operatsiyalarini amalga oshirish;
koʻchmas mulkni sotib olish va sotish;
xorijiy davlatlardan mablagʻlarni hisobvaraqlar va omonatlarga jalb etish hamda xorijiy davlatlarda mablagʻlarni hisobvaraqlar va omonatlarga joylashtirish kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni repatriatsiya qilish, shuningdek toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni amalga oshirish munosabati bilan olingan huquqlardan foydalanish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya va boshqa vakolatxonalari ehtiyojlari uchun Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida koʻchmas mulk obyektlarini olish va ularni koʻrish boʻyicha kapital harakati bilan bogʻliq valyuta operatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlar tomonidan koʻchmas mulkni olish va sotish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar sotib olinishi, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarning norezidentlar tomonidan sotib olinishi tartibi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda belgilanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.
Ushbu moddaning ikkinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilmagan kapital harakati bilan bogʻliq valyuta operatsiyalari rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
