2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (202-son)
24.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini takomillashtirib borish orqali aholining barcha qatlamlarining huquqiy savodxonlikka erishishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
shaxs, davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda huquqiy targʻibotning innovatsion usullarini joriy qilish;
aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;
huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish.
2. Belgilansinki:
davlat organlari va tashkilotlarida oʻz faoliyati sohasiga oid huquqiy axborotlarni aholiga yetkazish faoliyatini tashkil qilish hamda muvofiqlashtirishga masʼul boʻlinmalar belgilanadi;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari hamda islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish darajasi va sifati ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi;
Dasturda belgilangan chora-tadbirlar oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi hamda natijasi boʻyicha maʼlumotlar har chorak yakunida Adliya vazirligiga taqdim etib borilishi uchun tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
3. Dasturda belgilangan chora-tadbirlar tegishli davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Adliya vazirligi Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holatini doimiy monitoring qilgan holda, ularning ijrosi yuzasidan har olti oyda yakuni boʻyicha keyingi oyning 15-sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-aprel,
202-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-apreldagi 202-son qaroriga ILOVA
2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
