Oʻzbekiston Respublikasida hayvonlarning roʻyxati belgilangan yuqumli kasalliklari paydo boʻlganda, cheklovchi tadbirlar (karantin)ni amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash haqida (190-son)
20.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvachilik va parrandachilikni qoʻllab-quvvatlash, sohada yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-son qaroriga muvofiq mamlakatimiz hududida hayvonlarning roʻyxati belgilangan yuqumli kasalliklari paydo boʻlganda, cheklovchi tadbirlar (karantin)ni amalga oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida hayvonlarning roʻyxati belgilangan yuqumli kasalliklari paydo boʻlganda, cheklovchi tadbirlar (karantin)ni amalga oshirish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etiladigan hududlarni yuqumli kasallik qoʻzgʻatuvchilarining biologik va tarqalish xususiyatlari hamda boshqa xavflilik darajalaridan kelib chiqqan holda belgilash;
cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilgan va xavf ostida boʻlgan hududlarda veterinariya, veterinariya-sanitariya tadbirlarini Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va uning hududiy organlari tomonidan oʻtkazish;
profilaktika karantini tadbirlarini chegara postlaridagi maxsus tashkil etilgan obyektlarda, bunday obyektlar mavjud boʻlmaganda, hayvon egalarining xoʻjaliklarida izolyatsiyalangan sharoitda amalga oshirish.
2. Cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etiladigan hayvonlarning yuqumli kasalliklari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasida hayvonlarning roʻyxati belgilangan yuqumli kasalliklari paydo boʻlganda, cheklovchi tadbirlar (karantin) Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qoʻmitasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamkorligida amalga oshiriladi.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-aprel,
190-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-apreldagi 190-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida hayvonlarning roʻyxati belgilangan yuqumli kasalliklari paydo boʻlganda, cheklovchi tadbirlar (karantin)ni amalga oshirish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasida hayvonlarning roʻyxati belgilangan yuqumli kasalliklari paydo boʻlganda, ular tarqalishining oldini olish uchun yuqumli kasalliklar paydo boʻlgan hududda cheklovchi tadbirlar (karantin)ni amalga oshirish, shuningdek, chetdan olib kelingan hayvonlarni profilaktika karantiniga qoʻyish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalar, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha turdagi hayvonlarni saqlash va hayvonlar mahsulotlarini qayta ishlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarga tatbiq etiladi.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari, tuman/shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlari;
veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari — veterinariya sohasidagi talablarni belgilovchi, davlat organlari va boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar rioya etishi shart boʻlgan hujjatlar;
veterinariya, veterinariya-sanitariya tadbirlari — insonlar yoki hayvonlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi, mamlakatning butun yoki alohida hududida har qanday xavfning kelib chiqishi, chetdan kirib kelishi va tarqalishi bilan bogʻliq hayvonlarning yuqumli kasalliklaridan himoya qilish uchun qoʻllanadigan choralar;
davlat veterinariya xizmati nazoratidagi mahsulotlar — hayvonlar, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xomashyo, veterinariya dori vositalari, mikroorganizmlar shtammlari, oziqalar va oziqabop qoʻshimchalar, veterinariya texnika vositalari, shuningdek, bozorlarda realizatsiya qilinadigan oʻsimlik oziq-ovqat mahsulotlari;
nosogʻlom hudud — hayvonlarda yuqumli kasalliklarning qoʻzgʻatuvchisi mavjudligi aniqlangan (tasdiqlangan) hudud;
profilaktika karantini — diagnostika tekshiruvlari va veterinariya ishlovlarini oʻtkazish maqsadida import qilingan, yangi keltirilgan, sotib olingan, koʻchirilgan hayvonlarni maʼlum bir muddatga alohida saqlash;
cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy etadigan organlar — Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman/shahar hokimliklari.
cheklovchi tadbirlar (karantin) — hayvonlar yuqumli kasalliklari oʻchoqlarining doirasi kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka va ularni tugatishga, ular tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) mahsulotlar harakati cheklanishini nazarda tutuvchi maʼmuriy, epizootiyaga qarshi chora-tadbirlar hamda boshqa chora-tadbirlar;
epizootiya — tegishli hududda hayvonlarning oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarining tarqalishi;
epizootiyaning tuman/shahar darajasi — yuqumli kasalliklarning tuman/shahar hududi ichidagi kasallik oʻchoqlari tuman/shahar hududining ikkidan bir qismigacha tarqalishi;
epizootiyaning viloyat darajasi — yuqumli kasalliklarning bir necha tuman/shaharlar yoki viloyatning ikkidan bir qismigacha tarqalishi;
epizootiyaning respublika darajasi — yuqumli kasalliklarning bir nechta viloyat yoki respublikaning hududlari boʻyicha tarqalishi;
hayvon — barcha turdagi sut emizuvchilar, suv hayvonlari yoki parrandalar (qushlar), asalarilar;
hayvonlarning yuqumli kasalliklari — paydo boʻlishiga kasalliklarning qoʻzgʻatuvchilari taʼsiri sabab boʻladigan, tarqalishi hamda boshqa hayvonlarga va odamga yuqishi ehtimoli mavjud boʻlgan kasalliklar.
2-bob. Cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy etish va bekor qilish qoidalari
4. Respublika hududlarida hayvonlarning yuqumli kasalliklari xavfsizligi boʻyicha veterinariya sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati vakolatli organlar, jamoatchilik nazorati esa fuqarolar va jamoatchilik vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Cheklovchi tadbirlar (karantin) Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat veterinariya inspektori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman/shahar bosh davlat veterinariya inspektorlarining taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman/shahar hokimlarining qarorlari bilan joriy etiladi va bekor qilinadi.
6. Cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy etish yuzasidan taqdimnoma hayvonlarning yuqumli kasalliklari laboratoriya usulida aniqlangan (tasdiqlangan)dan soʻng 24 soat ichida taqdim etilishi shart.
Bunda cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy etish boʻyicha qaror cheklovchi tadbirlar (karantin)ni belgilaydigan organ tomonidan 48 soatdan kechiktirmasdan qabul qilinadi.
7. Taqdimnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
veterinariya laboratoriyalari (tashxis markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqalar)ning ekspertiza xulosasi;
nosogʻlom hududda cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy etish toʻgʻrisida qaror loyihasi;
cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etiladigan hudud va uning atrofida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi;
cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etiladigan hududning chegarasi va xaritasi;
cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etiladigan hududdan olib chiqish taqiqlanadigan veterinariya xizmati nazoratidagi mahsulotlar roʻyxati.
8. Cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etiladigan hudud yuqumli kasalliklar qoʻzgʻatuvchisining biologik va tarqalish xususiyatlari hamda boshqa xavflilik darajalaridan kelib chiqib belgilanadi.
9. Cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etiladigan hududlarda veterinariya, veterinariya-sanitariya tadbirlarini oʻtkazish vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
10. Cheklovchi tadbirlar (karantin) quyidagi tartibda joriy etiladi va bekor qilinadi:
tuman/shahar darajasidagi cheklovchi tadbirlar (karantin) tuman/shahar bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga muvofiq tuman/shahar hokimlari qarori bilan joriy etiladi va bekor qilinadi. Bunda tuman/shahar bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasi tegishli hududdagi uchastka veterinariya inspektorining maʼlumotnomasiga muvofiq tayyorlanadi;
viloyat darajasidagi cheklovchi tadbirlar (karantin) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari qarori bilan joriy etiladi va bekor qilinadi. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasi tuman/shahar bosh davlat veterinariya inspektorlarining taqdimnomasiga muvofiq tayyorlanadi;
respublika darajasidagi cheklovchi tadbirlar (karantin) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qarori bilan joriy etiladi va bekor qilinadi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining taqdimnomasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlarining taqdimnomasiga muvofiq tayyorlanadi.
11. Uchastka veterinariya inspektorining maʼlumotnomasi laboratoriya usulida tasdiqlangan ekspertiza xulosasiga muvofiq tayyorlanadi.
Bunda laboratoriya xulosasi olingunga qadar, hayvonlarning yuqumli kasalliklari mavjudligi gumon qilinganda, uning keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida, ushbu kasallikka qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
12. Cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy etgan organning qaroriga koʻra cheklovchi tadbirlar (karantin) belgilangan hududlarda yoʻllarning aylanma harakatlari boʻyicha maxsus belgilar, postlar va shlagbaumlar oʻrnatiladi hamda kechayu kunduz navbatchilik tashkil etiladi.
13. Nosogʻlom hududga kirish-chiqish joylari dezgilamcha va dezbaryer bilan jihozlanadi, roʻyxatga olish jurnallari, yozuv buyumlari va aloqa vositalari bilan taʼminlanadi.
14. Cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilgan hududda quyidagilar taqiqlanadi:
hayvonlarni olib kirish va ularni olib chiqish;
kasal hayvonlarni sogʻlom hayvonlar bilan birga saqlash va boshqa bevosita aloqada boʻlishi bilan bogʻliq holatlar;
begona shaxslar (xizmat koʻrsatuvchi xodimdan tashqari) va transport vositalarining kirishi va chiqishi;
davlat veterinariya xizmati nazoratidagi mahsulotlarni olib chiqish va ularni realizatsiya qilish;
kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulotlar, oziqalar va oziqabop qoʻshimchalarni ishlab chiqarish (oʻz ehtiyoji uchun ishlab chiqarish bundan mustasno) va olib chiqish;
hayvon bozorlari, yarmarkalari, koʻrgazmalari hamda ular ishtirokidagi musobaqalar, sirk tomoshalari va boshqalarni tashkil etish;
xoʻjalik ichida hayvonlarni qayta guruhlarga ajratish;
kasallikning tarqalishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa holatlar.
15. Cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilgan hududda tuman/shahar bosh davlat veterinariya inspektorining koʻrsatmasiga muvofiq:
davlat veterinariya xizmati nazoratidagi mahsulotlar qayta ishlashga yoʻnaltiriladi;
nobud boʻlgan hayvonlar jasadi yoʻq qilinadi (utilizatsiya qilinadi);
hayvonlar chiqindilari (goʻng, toʻshamalar, oziqa qoldiqlari va boshqalar) zararsizlantiriladi yoki yoʻq qilinadi.
16. Cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilgan hududlarda hayvonlarning yuqumli kasalligi bartaraf etilib, zarur veterinariya, veterinariya-sanitariya tadbirlari oʻtkazilganidan soʻng, ushbu kasallikka qarshi kurash boʻyicha belgilangan muddat oʻtgach, tegishli davlat veterinariya inspektori taqdimnomasiga muvofiq cheklovchi tadbirlar (karantin) vakolatli organ tomonidan bekor qilinadi.
Cheklovchi tadbirlar (karantin)ni oʻtkazish xarajatlari tegishli budjet (xoʻjalik yurituvchi subyektlar) mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3-bob. Respublika hududiga olib kelinadigan hayvonlarda profilaktika karantinini amalga oshirish tartibi
17. Respublika hududiga davlat veterinariya xizmati nazoratidagi mahsulotlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektori tomonidan tasdiqlangan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari asosida olib kiriladi.
18. Chetdan olib kelinadigan hayvonlar joʻnatuvchi va qabul qiluvchi davlatlarda, agar xalqaro umumeʼtirof etilgan normalarda boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, profilaktika karantiniga qoʻyiladi.
19. Respublika hududiga kiritiladigan hayvonlarda klinik kuzatuv, zarur diagnostika tekshiruvi va profilaktika emlashlari oʻtkazish uchun tuman/shahar bosh davlat veterinariya inspektori tomonidan profilaktika karantini joriy etiladi.
20. Profilaktika karantini davlat chegara postlaridagi maxsus tashkil etilgan obyektlarda amalga oshiriladi, bunday obyektlar mavjud boʻlmaganda, hayvon egalarining xoʻjaliklarida izolyatsiyalangan sharoitda oʻtkaziladi.
21. Hayvonlarni saqlash va profilaktika karantini tadbirlarini oʻtkazish uchun talab etiladigan mablagʻlar hayvonlarni olib keluvchi subyektlar hisobidan qoplanadi.
22. Profilaktika karantini belgilangan hududda quyidagi veterinariya, veterinariya-sanitariya tadbirlari joriy etiladi:
profilaktika karantini hududiga kasallikka moyil (zarur hollarda kasallikka chalinmaydigan) hayvonlarni olib kirish va ularni chiqarish, shuningdek, hayvon mahsulotlari va xomashyolari, xashak, pichan va boshqa oziqalarni yigʻish;
profilaktika karantini hududiga begona shaxslar (xizmat koʻrsatuvchi xodimdan tashqari) va transport vositalari kirishi taqiqlanadi;
profilaktika karantini hududidagi hayvonlarga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kiyimlar va jihozlar bilan taʼminlanadi;
profilaktika karantini tadbiri tugagandan keyin veterinariya xizmati tomonidan karantin obyektlarida dezinfeksiya tadbirlari amalga oshiriladi.
23. Chetdan olib kelingan hayvonlarning veterinariya hujjatlarida kelgusida ularni soʻyish koʻrsatilgan boʻlsa, profilaktika karantini tadbirlari amalga oshirilmaydi.
24. Profilaktika karantini davri oʻttiz kalendar kundan kam boʻlmasligi shart.
25. Profilaktika karantini ehtiyoji, uning davomiyligi va sharoitlari tuman/shahar bosh davlat veterinariya inspektori tomonidan belgilanadi.
26. Profilaktika karantini davrida hayvon kasallikka gumon qilinsa, qayta diagnostika tekshiruvi xulosalariga koʻra, uning muddati uzaytirilishi mumkin, shuningdek, kasallik mavjudligi tasdiqlanganda, vakolatli organ tomonidan cheklov tadbirlari (karantin) joriy etiladi.
27. Profilaktika karantini davrida hayvonlarning diagnostika tekshiruvi natijasiga koʻra, ularda yuqumli kasalliklar aniqlanganda, vakolatli organ hayvonlarni olib kelishni taqiqlaydi.
28. Jismoniy va yuridik shaxslar chetdan hayvonlar olib kelishi toʻgʻrisida tuman/shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimini oʻttiz kalendar kundan kam boʻlmagan muddatda yozma ravishda ogohlantiradi.
29. Hududiy davlat veterinariya xizmati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan olingan maʼlumotlar asosida besh ish kuni mobaynida hayvonlarni profilaktika karantiniga qoʻyish rejasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda uch ish kuni mobaynida jismoniy va yuridik shaxslarga yuboriladi.
30. Profilaktika karantini rejasida uning muddati va shartlari, klinik koʻrikdan oʻtkazish hamda diagnostika tekshiruvi oʻtkaziladigan va ishlov beriladigan kasalliklar roʻyxati hamda ularni oʻtkazish sanasi kabilar koʻrsatiladi.
31. Profilaktika karantini rejasiga muvofiq diagnostika tekshiruvlari hayvonlarning quyidagi yuqumli kasalliklari boʻyicha oʻtkaziladi:
yirik shoxli mollarda — brutsellyoz, tuberkulyoz, paratuberkulyoz, leykoz, trixomonoz, kampilobakterioz, xlamidioz, leptospiroz;
mayda shoxli mollarda — brutsellyoz, yuqumli epididimit, leptospiroz, blutang, xlamidioz;
tuyalarda — brutsellyoz;
toq tuyoqli hayvonlarda — manqa, jinsiy qochirish kasalligi.
32. Boshqa turdagi kasalliklar boʻyicha tekshirishlar, agarda respublika hududida boshqa biror turdagi kasallikning profilaktikasi yoki uni batamom yoʻqotish boʻyicha dastur amalga oshirilayotgan boʻlsa, oʻtkaziladi.
33. Qoʻshimcha diagnostika tekshiruvlari va veterinariya ishlovlari (shu jumladan, emlash tadbirlari) qabul qiluvchi tomon soʻrovnomasiga asosan yuqumli kasallik paydo boʻlganda yoki kasallikka gumon qilinganda, amalga oshiriladi.
34. Diagnostika tekshiruvlari va veterinariya ishlovlari hududiy davlat veterinariya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
35. Agar diagnostika tekshiruvlarini oʻtkazish jarayonida joʻnatuvchi tomon hududida kasallik aniqlansa yoki gumon natijalari olinsa, belgilangan tartibda bu haqida zudlik bilan qabul qiluvchi davlatning vakolatli organi yoki xoʻjalik yurituvchi subyekti xabardor qilinadi.
36. Agar diagnostika tekshiruvlari oʻtkazilishi jarayonida qabul qiluvchi tomon hududida kasallik aniqlansa yoki gumon natijalari olinsa, bu haqda zudlik bilan joʻnatuvchi davlatning vakolatli organi yoki xoʻjalik yurituvchi subyekti xabardor qilinadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilgan hududda hayvonlar toʻgʻrisidagi axborotlar, yozuvlar, profilaktika tadbirlari hamda kasal hayvonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qayd etib boriladi.
38. Ushbu Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-apreldagi 190-son qaroriga 2-ILOVA
Cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etiladigan hayvonlarning yuqumli kasalliklari
roʻyxati
