Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-150-son)
21.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruvni takomillashtirish, loyihaviy va natijaga qaratilgan moliyalashtirish tizimini joriy etish, sohada xususiy sektorning ishtirokini oshirish hamda davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv samaradorligini oshirish, tashkiliy tuzilmalarni maqbullashtirish;
(b) sohada natijaga yoʻnaltirilgan moliyalashtirish tizimini joriy etish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish va xususiy sektorni jalb etish orqali xizmat koʻrsatish sifatini oshirish;
(v) mediamakonda milliy kontentlarni koʻpaytirish hamda sunʼiy intellekt platformalarida oʻzbek milliy madaniyati toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini yaratish.
II. Madaniyat markazlarini transformatsiya qilish va ijodiy jamoalar faoliyatini rivojlantirish
2. Belgilansinki, Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari quyidagi shakllarda transformatsiya qilinadi:
(a) Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari faoliyati nomoddiy madaniy merosni targʻib qilish, havaskorlik sanʼatini rivojlantirish, shuningdek, texnologiya, muhandislik, hunarmandchilik va boshqa yangi yoʻnalishlarda yoʻlga qoʻyiladi;
(b) tuman (shahar) hokimliklari tizimiga oʻtkaziladi;
(v) xususiy investitsiyalarni jalb etish va (yoki) ilgʻor boshqaruv tajribasini joriy etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
(g) resurslardan oqilona foydalanish uchun samarasiz madaniyat markazlari faoliyati maqbullashtiriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) madaniyat markazlari tugatilishi natijasida maqbullashtirilgan shtat birliklari hisobidan 2026-yil 1-iyuldan:
(i) Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyati boʻlimidagi Andijon yoshlar simfonik orkestri uchun 50 ta shtat birligi ajratiladi;
(ii) Madaniyat vazirligi tizimida 50 ta shtat birligidan iborat “Tumor” davlat raqs ansambli” davlat muassasasi tashkil etiladi. Bunda ansambl xodimlariga Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash tartibi tatbiq etiladi va mehnatga haq toʻlash shartlarining eng kam miqdoriga nisbatan hisoblanadigan bazaviy lavozim maoshlari 1,7 koeffitsiyentga oshirilgan holda qoʻllanadi;
(iii) madaniyat markazlarida yangi lavozimlar, shu jumladan, direktor lavozimi joriy qilinadi;
(b) madaniyat vaziriga hududiy va idoraviy mansub tashkilotlarning tuzilmalari va shtatlar jadvaliga xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi;
(v) davlat madaniyat muassasalarining mol-mulkini sotishdan tushadigan mablagʻlar toʻliq hajmda Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi hamda madaniyat markazlarining faoliyatini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun sarflanadi.
III. Boshqaruv tizimini takomillashtirish va natijaga qaratilgan moliyalashtirishni joriy etish
4. Tuman (shahar) madaniyat boʻlimlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) tuman (shahar) madaniyat boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — madaniyat boʻlimlari) rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralari Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari boshliqlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;
(b) har bir madaniyat boʻlimi rahbari uchun yillik eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) majburiy tarzda belgilash hamda natijasi asosida ragʻbatlantirish yoki lavozimiga loyiqligini qayta koʻrib chiqish tizimi yaratiladi;
(v) madaniyat boʻlimlari Madaniyat vazirligi tomonidan yuritiladigan reyting natijalari asosida ragʻbatlantiriladi. Bunda:
(i) reyting 2027-yildan boshlab har yilning yakuni boʻyicha yuritiladi hamda unda madaniy tadbirlarga aholi qamrovi va milliy qadriyatlarni asrash bilan bogʻliq koʻrsatkichlarga ustuvorlik beriladi;
(ii) reytingda eng yuqori oʻrinni egallagan madaniyat boʻlimlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirib boriladi;
(iii) ragʻbatlantirish uchun ajratiladigan mablagʻlarni madaniyat boʻlimi va tuman (shahar)dagi boshqa madaniyat tashkilotlariga quyidagi maqsadlar uchun yoʻnaltirishga ruxsat beriladi:
80 foizi — moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, zarur jihozlarni xarid qilish;
20 foizi — rahbar va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish hamda xodimlarni malaka oshirish va tajriba almashish uchun mahalliy va xorijiy safarlarga yuborish.
5. 2027-yil 1-yanvardan boshlab Madaniyat vazirligi tizim tashkilotlarining mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan barcha xarajatlarini respublika budjetidan moliyalashtirish tizimi yoʻlga qoʻyilsin. Bunda:
(a) Madaniyat vazirligining respublika budjetidan moliyalashtirilayotgan tizim tashkilotlari va hududiy madaniyat organlari toʻgʻridan-toʻgʻri Madaniyat vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) darajasida moliyalashtirilayotgan Madaniyat vazirligining tizim tashkilotlarining barcha xarajatlari hududiy madaniyat organlari orqali moliyalashtiriladi.
IV. Madaniyat taʼlimi muassasalarini rivojlantirish
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi Respublika musiqa va sanʼat texnikumi, Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk texnikumi hamda Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari faoliyati 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab quyidagilarni nazarda tutgan holda takomillashtirilsin:
(a) Respublika musiqa va sanʼat texnikumi hamda Respublika estrada va sirk texnikumida:
(i) 2 yillik boshlangʻich kasbiy taʼlim, 6 oydan 2 yilgacha boʻlgan muddatda oʻrta kasbiy taʼlim hamda kamida 2 yillik oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari asosida oʻqitish tizimi joriy etiladi;
(ii) bakalavriat taʼlim dasturlari bilan integratsiyalashtirilgan “2+2” dasturlari asosida oʻqitishga ruxsat beriladi;
(iii) Madaniyat vazirligi bilan oʻquv reja va dasturlari kelishiladi hamda vazirlik kadrlar buyurtmachisi hisoblanadi;
(b) Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablarida:
(i) oʻquvchilar musiqa yoʻnalishida 5-sinfdan hamda raqs, teatr, xalq ijodiyoti, tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishlarida 9-sinfdan boshlab qabul qilinadi;
(ii) maktab-internatlar uchun belgilangan amaldagi normalar tatbiq etiladi, jumladan, maktab oʻquvchilarining taʼlim olish va yashash xarajatlari toʻliq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan, ularni ovqatlantirish xarajatlari Davlat budjeti hamda ota-onalar toʻlovi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
(iii) Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning bitiruvchilariga bolalar musiqa va sanʼat maktablarida oʻqituvchilik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi beriladi.
V. Xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish
7. 2030-yil 1-yanvarga qadar tajriba tariqasida Madaniyat vazirligi tasarrufidagi madaniyat obyektlarida davlat tashabbuskorlari tomonidan umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq boʻlmagan loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sherikka berishning 1-ilovaga muvofiq soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
8. 2028-yil 1-avgustga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan bolalar musiqa va sanʼat maktabi faoliyatini yuritishning quyidagi davlat-xususiy sheriklik shakli joriy etiladi:
(a) bolalar musiqa va sanʼat maktablari uchun nazarda tutilgan Davlat budjetidan mablagʻlar xususiy sherikka subsidiya koʻrinishida ajratib boriladi;
(b) xususiy sherik uchun taʼlim sifati, oʻquv jarayoni, oʻquvchilar soni va davomati, oʻqituvchi va oʻquvchilarning yutuqlari boʻyicha eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) belgilanadi va koʻrsatkichlarga qarab qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi;
(v) davlat sherigi tomonidan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari ijrosi monitoring qilib boriladi, talablar bajarilmasa, shartnoma qayta koʻrib chiqiladi yoki bekor qilinadi.
9. 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba tariqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan “Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasteri investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) amalga oshirilsin.
10. Belgilansinki, investitsiya loyihasi doirasida:
(a) 2-ilovaga muvofiq loyihalarni amalga oshirish tadbirlari belgilanadi;
(b) investorlarni tanlab olishning asosiy mezonlari loyihani amalga oshirish muddati, shuningdek, taklif etiladigan kapital qoʻyilmalar va investitsiyalar miqdori hisoblanadi;
(v) investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablagʻ ajratish tartibi tatbiq etiladi.
11. 2026-yil 1-avgustdan boshlab sohada nodavlat va xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish boʻyicha quyidagi yoʻnalishlarda grantlar ajratish tizimi joriy etilsin:
(a) teatr, sirk, musiqa, raqs, nomoddiy madaniy meros, kino va animatsiya hamda madaniyat taʼlimi sohasidagi loyihalar;
(b) adabiy asarlar yaratish, madaniyat sohasida inklyuzivlik va ijtimoiy yoʻnalishlar;
(v) startap va ijodiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
(g) innovatsiyalar, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish.
Bunda Madaniyat vazirligi 2026-yil 1-avgustga qadar eʼlon qilinadigan loyihalar uchun “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimi doirasida qoʻshimcha “madaniyatgrant.uz” platformasini yaratsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Madaniyat vazirligiga ushbu ishlarni amalga oshirish uchun 2026-yil iyuldan boshlab nodavlat teatr va teatr-studiyalariga davlat buyurtmasi uchun ajratilayotgan mablagʻlarga qoʻshimcha Davlat budjetidan 20 milliard soʻm ajratsin.
12. Belgilansinki, sohadagi xususiy sektor ulushini kengaytirish hamda nodavlat madaniyat tashkilotlarining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) nodavlat madaniyat tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan bozor foiz stavkalarida milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard soʻmgacha boʻlgan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi;
(b) nodavlat madaniyat tashkilotlari uchun binolarni yangidan qurgan yoki oʻzining bino va inshootlarida madaniyat va sanʼat faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga mazkur faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan kommunal xarajatlarining 50 foizi Davlat budjetidan qoplab beriladi;
(v) yangi nodavlat madaniyat tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida har bir hududdan maqbul yer uchastkalari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali elektron onlayn auksion savdolariga mulk yoki ijara huquqi asosida chiqariladi.
13. 2026-yil 1-maydan boshlab Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan Madaniyat vazirligi hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga ijodiy mahsulotlar yaratish, sohada sunʼiy intellektni rivojlantirish, musiqa cholgʻulari, ovoz yozish va kuchaytirgich uskunalar, yoritish moslamalari hamda sahna liboslarini xarid qilish bilan bogʻliq tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridini davlat xaridlarining “taklif soʻrovi” tartib-taomili asosida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Bunda xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Madaniyat vazirligi hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tasdiqlanadi.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi quyidagi maqsadlar uchun 2026 — 2030-yillarda 1 trillion soʻm miqdordagi mablagʻ ajratilishini taʼminlasin:
(a) bir hafta muddatda:
(i) yangi yoʻnalishlarda tashkil qilinadigan madaniyat markazlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 120 milliard soʻm;
(ii) Madaniyat vazirligi faoliyatiga koʻmaklashish va yangi loyihalarni tashkil etish uchun 50 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻni respublika budjetining 2026-yil birinchi chorak yakunlari boʻyicha daromadlar prognozining orttirib bajarilgan qismi hisobidan Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga ajratsin, shuningdek, Madaniyat vazirligining hisob-kitobiga asosan zarur mablagʻlarni 2027-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin;
(b) Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari faoliyatini rivojlantirish maqsadlari uchun 2026 — 2030-yillarda jami 830 milliard soʻm, shundan 2026-yilda 100 milliard soʻm, 2027-yildan boshlab har yili Davlat budjeti hisobidan bosqichma-bosqich ajratib borsin.
15. Quyidagilar:
(a) Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;
(b) 2027 — 2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va qoʻshimcha binolar qurish rejalashtirilgan ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Madaniyat vazirligi:
(a) ikki hafta muddatda madaniyat markazlari faoliyatini transformatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish va maqbullashtirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
(b) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni;
(v) bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yuritishni va boshqaruvini xususiy sherikka berish va madaniyat mehmonxonasini tashkil qilishni bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida amalga oshirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.
18. Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 21-aprel,
PQ-150-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldagi PQ-150-son qaroriga 1-ILOVA
Madaniyat obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sheriklarga berishning soddalashtirilgan tartibi
Madaniyat obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sheriklarga berishning quyidagi soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi:
1. Madaniyat obyektlari boʻyicha dastlabki moliyaviy hisob-kitoblar tayyorlanishi sharti bilan loyihani baholash hujjatini ishlab chiqish talablari bekor qilinadi. Bunda:
(a) xususiy sherik madaniyat obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga asosan loyiha-smeta hujjatlarini vakolatli organga toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etadi;
(b) xususiy sherikka berilgan bino va inshootlar ekspluatatsiyasini amalga oshirishda tabiiy gaz, elektr energiyasi, sovuq suv va isitish tizimini yetkazib beruvchi korxonalar bilan bitim amal qilinadigan davr mobaynida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi;
(v) xususiy sherik madaniyat obyektlarida ushbu faoliyat turlari bilan birgalikda davlat sherigining asosiy faoliyat turiga xalaqit bermagan holda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga asosan boshqa faoliyat turlarini ham amalga oshirishi mumkin;
(g) davlat sherigi tashabbusi bilan bir bosqichli tender eʼlon qilingan muddatda talabgor bir nafarni tashkil qilsa, taklif bildirgan talabgor bilan oʻn kun muddatda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim imzolanadi. Bunda talabgorlar ikki va undan ortiq boʻlgan hollarda gʻolib Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda aniqlanadi.
2. Madaniyat obyektlarida xususiy sherik tomonidan yangi barpo etilgan, rekonstruksiya qilingan bino va inshootlarning tegishli qismlariga nisbatan tumanlar va shaharlar toifasidan kelib chiqib, quyidagi bandga muvofiq mulk huquqi rasmiylashtiriladi. Bunda:
(a) xususiy sherik tomonidan yangi barpo etilgan, rekonstruksiya qilingan madaniyat obyektlari boʻyicha har bir obyektga alohida yondashuv asosida ishlab chiqilgan loyiha konsepsiyasiga muvofiq tuman (shahar)lar toifasidan kelib chiqib, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim muddati yakunlangandan soʻng xususiy sherikka tegishli obyektlar quyidagi qismlarda mulk huquqi bilan oʻtkazib beriladi:
(i) 1-toifadagi tuman va shaharlarda — 20 foizi;
(ii) 2-toifadagi tuman va shaharlarda — 30 foizi;
(iii) 3-toifadagi tuman va shaharlarda — 40 foizi;
(iv) 4 va 5-toifalardagi tumanlarda — 50 foizi.
Bunda ushbu kichik bandga muvofiq tegishli hujjatlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Madaniyat vazirligining talabnomalariga asosan rasmiylashtiriladi;
(b) davlat sherigi tomonidan dastlabki va qayta eʼlonga joylashtirilgan hamda faoliyat koʻrsatmayotgan madaniyat obyektlari boʻyicha talabgorlardan takliflar kelib tushmagan taqdirda, ushbu obyektlar bir oy muddatda elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi, foydalanishda boʻlgan obyektlar bundan mustasno.
Bunda davlat sherigi tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining soddalashtirilgan tartibi doirasida xususiy sherikni tanlash va loyihani amalga oshirish ushbu tartibga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
3. Madaniyat obyektlarini qurish, taʼmirlash hamda jihozlash sharti bilan xususiy sherikka taklifni taqdim etishda:
(a) madaniyat obyektlarini saqlash va ulardan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlar xususiy sherik tomonidan amalga oshiriladi;
(b) madaniyat muassasalari xodimlarining (xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar, shuningdek, xususiy sherik tomonidan jalb qilingan xodimlar bundan mustasno) ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
4. Madaniyat obyektlari faoliyatini xususiy sherikka boshqaruvga berishda:
(a) madaniyat obyektlari faoliyatini saqlash va ulardan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlar xususiy sherik hisobidan amalga oshiriladi;
(b) madaniyat obyektlarida toʻgaraklarda ishtirok etadigan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga, shuningdek, kamida 3 ta milliy toʻgaraklar ishtirokchilariga toʻlovlar ularning sonidan kelib chiqib, Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Bunda ushbu band qoidalari boshqa madaniyat obyektlarini xususiy sherikka boshqaruvga berishga ham joriy qilinadi.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha moliyaviy majburiyatlar hisobini doimiy yuritadi va rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boradi.
Madaniyat obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sheriklarga berishning soddalashtirilgan tartibiga ILOVA
Davlat sherigi tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining soddalashtirilgan tartibi doirasida xususiy sherikni tanlash va loyihani amalga oshirish
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldagi PQ-150-son qaroriga 2-ILOVA
“Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasteri investitsiya loyihasini amalga oshirish tadbirlari
1. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Madaniyat vazirligi “Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasteri investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) konsepsiyasi hamda binolarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
2. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Madaniyat vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha belgilangan tartibda auksion savdolarini tashkil qiladi.
Bunda auksion savdolariga Madaniyat vazirligi tizimidagi obyektlar (oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari, davlat teatrlaridan tashqari) chiqariladi.
3. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida quyidagilarni oʻz ichiga olgan “mehmonxona — restoran — savdo doʻkoni — madaniyat muassasasi” oʻzaro integratsiyalashgan tizim orqali turistlar uchun kompleks xizmat koʻrsatadigan yangi turdagi milliy majmua barpo etiladi:
(a) milliy uslubda zamonaviy mehmonxona va restoran, turistlar uchun milliy mahsulotlarni yasash boʻyicha mahorat darslari tashkil etish hamda ushbu mahsulotlarni realizatsiya qilishga moʻljallangan savdo doʻkoni;
(b) xalq qoʻshiqlari, anʼanaviy raqs, teatr, kuylar ijro etiladigan hamda kinofilmlar namoyish etishga moʻljallangan tomosha zali, mahorat darslari, musiqa cholgʻu ijrochiligi va madaniy uchrashuvlar uchun moʻljallangan madaniyat markazi;
(v) kulolchilik, zardoʻzlik, kandakorlik kabi hunarmandchilik sanʼatini koʻrsatadigan milliy hunarmandchilik ustaxonasi, mahalliy va chet ellik rassomlarning asarlari namoyish etiladigan tasviriy sanʼat galereyasi.
4. Investitsiya loyihasi amalga oshiriladigan obyekt quyidagicha tasarruf etiladi:
(a) investor tomonidan quriladigan obyektlar kamida yigirma besh yil asosiy faoliyatini saqlab qoladi hamda loyiha muddati tugagandan soʻng mehmonxona va restoran investorga mulk huquqi asosida beriladi;
(b) savdo doʻkoni, tomosha zali, madaniyat markazi, tasviriy sanʼat galereyasi, milliy hunarmandchilik ustaxonasi (umumiy obyektning 40 foizigacha qismi) Madaniyat vazirligi tasarrufida qoldiriladi.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda mehmonxona va restoranni Investorga mulk huquqi asosida oʻtkazib berish boʻyicha namunaviy talabnoma loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda talabnoma asosida investorga mehmonxona va restoran mulk huquqi asosida oʻtkazib beriladi.
6. Investitsiya loyihasi binolariga zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini olib kelish ushbu loyihani amalga oshirish uchun tuzilgan shartnomada belgilangan muddatlarni hisobga olgan holda elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, ichimlik suvi va oqova suv hamda aloqa qismi boʻyicha tegishliligiga koʻra “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbektelekom” AK, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7. Investorning tashabbusi bilan kelishuv bekor qilingan taqdirda, uning investitsiya loyihasini amalga oshirishga sarflagan xarajatlari qoplanmaydi, qurilishi tugallanmagan obyekt davlat mulkiga oʻtkaziladi va ushbu qarorga muvofiq investorlar qaytadan qidirib topiladi va tanlab olinadi.
8. Tijorat banklariga investorlarga investitsiya loyihasi obyekti doirasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida qoʻshimcha obyektlar qurish uchun 10 yil muddatga, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davr bilan tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda kreditlar berish tavsiya etiladi.
9. Investitsiya loyihasi doirasida foydalanishga topshiriladigan obyektlarda faoliyat olib boruvchi xodimlar Madaniyat vazirligi hamda Turizm qoʻmitasi tomonidan oʻqitiladi va malakasi oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldagi PQ-150-son qaroriga 3-ILOVA
Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldagi PQ-150-son qaroriga 4-ILOVA
2027 — 2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va qoʻshimcha binolar qurish rejalashtirilgan ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari
ROʻYXATI
Izoh: qurilayotgan bino va inshootlar maktablar sigʻimidan kelib chiqib loyihalashtiriladi va quriladi.
