8-modda. Jamiyat ishtirokchilari
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning ishtirokchilaridir.
Qonunda ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning jamiyatda ishtirok etishi taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
Davlat organlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, jamiyat ishtirokchilari boʻlishga haqli emas.
Jamiyat bir shaxs tomonidan taʼsis etilishi mumkin va u jamiyatning yagona ishtirokchisiga aylanadi. Jamiyat keyinchalik bir ishtirokchisi boʻlgan jamiyatga aylanishi mumkin.
Jamiyat yagona ishtirokchi sifatida bitta shaxsdan iborat boshqa jamiyatga ega boʻlishi mumkin emas, bundan bir aksiyadordan iborat aksiyadorlik jamiyati jamiyatning yagona ishtirokchisi boʻlgan hollar mustasno.
Jamiyat ishtirokchilarining soni ellik kishidan oshmasligi kerak.
Agar jamiyat ishtirokchilarining soni ushbu moddaning oltinchi qismida belgilangan meʼyordan oshib ketsa, jamiyat bir yil ichida aksiyadorlik jamiyati yoki ishlab chiqarish kooperativi etib qayta tashkil etilishi kerak. Agar koʻrsatilgan muddat ichida jamiyat qayta tashkil etilmasa va jamiyat ishtirokchilarining soni belgilangan meʼyorga qadar kamaymasa, u yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organning murojaatiga asosan sud tartibida tugatilishi kerak.
Jamiyat ishtirokchilari oʻrtasidagi murosasiz ziddiyatlar sababli qaror qabul qilish uchun ovozlar soni yetarli boʻlmaganligi tufayli jamiyatni boshqarish masalalari yuzasidan kelishuvga erishish imkoni boʻlmaganda nizoli vaziyat sud tomonidan yoki jamiyat taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirda, mediatsiya yoki hakamlik sudi tartibida hal etiladi.
