62-modda. Jamiyatni qoʻshib olish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Bir yoki bir necha jamiyatni ularning huquqlari va majburiyatlarini boshqa jamiyatga oʻtkazgan holda tugatish jamiyatni qoʻshib olish deb eʼtirof etiladi.
Qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etishda ishtirok etuvchi har bir jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi bunday qayta tashkil etish toʻgʻrisida, qoʻshib olish toʻgʻrisidagi shartnomani tasdiqlash haqida qaror qabul qiladi, qoʻshib olinayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi esa topshirish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisida ham qaror qabul qiladi.
Qoʻshib olishda ishtirok etuvchi jamiyatlar ishtirokchilarining qoʻshma umumiy yigʻilishi qoʻshib olinayotgan jamiyatning taʼsis hujjatlariga jamiyatning ishtirokchilari tarkibi oʻzgarishi, ularning ulushlari miqdorlarini belgilash bilan bogʻliq oʻzgartirishlarni, qoʻshib olish toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan boshqa oʻzgartirishlarni kiritadi, shuningdek zarur boʻlganda boshqa masalalarni, shu jumladan birlashtirilayotgan jamiyatning organlarini saylash toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi. Bunday umumiy yigʻilishni oʻtkazish muddatlari va tartibi qoʻshib olish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
Bir jamiyat boshqasiga qoʻshib olinganda qoʻshib olinayotgan jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlari qoʻshib olayotgan jamiyatga oʻtadi.
