60-modda. Jamiyatni qayta tashkil etish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan jamiyat ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda qayta tashkil etilishi mumkin.
Jamiyatni qayta tashkil etish qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish va oʻzgartirish shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Jamiyat qayta tashkil etish natijasida tuzilgan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi, bundan qoʻshib olish shaklidagi qayta tashkil etish hollari mustasno.
Jamiyat unga boshqa jamiyatni qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilganda ulardan birinchisi yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga qoʻshib olingan jamiyat faoliyati tugatilganligi haqidagi yozuv kiritilgan paytdan eʼtiboran qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan jamiyatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qayta tashkil etilgan jamiyatlarning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritish, shuningdek ustavga kiritilgan oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jamiyat jamiyatni qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran, jamiyat qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilganda esa, qoʻshilishda yoki qoʻshib olishda ishtirok etayotgan jamiyatlardan oxirgisi tomonidan bu haqda qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay jamiyatning oʻziga maʼlum barcha kreditorlarini bu haqda yozma ravishda xabardor qilishi va qabul qilingan qaror haqida ommaviy axborot vositalarida xabar eʼlon qilishi shart. Bunda jamiyat kreditorlari jamiyatning tegishli majburiyatlari muddatidan ilgari tugatilishini yoki bajarilishini va koʻrgan zararlarining oʻrni qoplanishini oʻziga xabarnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida yoki qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabar eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida yozma ravishda talab qilishga haqli.
Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan jamiyatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta tashkil etilgan jamiyatlarning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritish faqat ushbu moddaning oltinchi qismida belgilangan tartibda kreditorlar xabardor qilinganligining dalillari taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Agar yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qoʻshib yuborish, qoʻshib olish yoki boʻlish shaklida qayta tashkil etilsa, faoliyati tugatilayotgan jamiyatning tijorat banklaridagi barcha hisobvaraqlari yopiladi va undagi mavjud pul mablagʻlari belgilangan tartibda tegishincha taqsimlanadi.
