46-modda. Jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzolarining, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, kollegial ijro etuvchi organi aʼzolarining javobgarligi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzolari, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi, kollegial ijro etuvchi organi aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda jamiyat manfaatlarini koʻzlab, halol va oqilona harakat qilishi kerak.
Jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzolari, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi, kollegial ijro etuvchi organi aʼzolari jamiyatga oʻz aybli harakatlari (harakatsizligi) yoki fidutsiar (muayyan majburiyat olgan shaxsning unga ishonch bildirgan shaxs manfaatlari yoʻlida harakat qilishi) majburiyatlarini bajarmaganligi tufayli yetkazilgan zarar uchun, agar qonun hujjatlarida boshqa asoslar va javobgarlik miqdorlari koʻrsatilmagan boʻlsa, jamiyat oldida javobgar boʻladi. Bunda jamiyatga zarar yetkazilishiga olib kelgan qarorga qarshi ovoz bergan yoki ovoz berishda ishtirok etmagan jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzolari, kollegial ijro etuvchi organi aʼzolari javobgar boʻlmaydi.
Jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzolarining, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, kollegial ijro etuvchi organi aʼzolarining javobgarligi asoslari va miqdorini aniqlashda ish muomalasi odatlari hamda ish uchun ahamiyatli boshqa holatlar eʼtiborga olinishi kerak.
Agar ushbu moddaning qoidalariga muvofiq bir necha shaxs javobgar boʻlsa, ularning jamiyat oldidagi javobgarligi solidar boʻladi.
Jamiyat yoki uning ishtirokchisi jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzosi, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi va kollegial ijro etuvchi organi aʼzosi tomonidan jamiyatga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat etishga haqli.
Agar jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan yirik bitim yoki affillangan shaxslar bilan bitim tuzish tartibi buzilganligi natijasida jamiyatga zarar yetkazilgan boʻlsa va bunda jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining (direktorning) yoki kollegial ijro etuvchi organining aybi qonunchilikda belgilangan tartibda isbotlansa, jamiyatning kreditorlar oldidagi qarzdorligini qoplash uchun uning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda, jamiyatning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻladi.
