42-modda. Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi (direktor) jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan jamiyatning ustavida belgilangan muddatga saylanadi. Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi uning ishtirokchilari boʻlmaganlar orasidan ham saylanishi mumkin.
Toʻla muomala layoqatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi etib saylanishi mumkin.
Jamiyat va uning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs oʻrtasidagi shartnoma jamiyat nomidan jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs saylangan umumiy yigʻilishdagi raislik qiluvchi shaxs tomonidan yoki jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori bilan vakolat berilgan jamiyat ishtirokchisi tomonidan imzolanadi.
Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi:
jamiyat nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan uning manfaatlarini ifodalaydi va bitimlar tuzadi;
jamiyat nomidan vakillik qilish huquqi uchun ishonchnomalar beradi;
jamiyat xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzadi va ularni bekor qiladi, xodimlarga nisbatan ragʻbatlantirish choralarini va intizomiy jazolarni qoʻllaydi;
ushbu Qonun va jamiyatning ustavi bilan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi va jamiyatning kuzatuv kengashi vakolatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining faoliyati va u tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi jamiyatning hujjatlari bilan, shuningdek jamiyat va uning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs oʻrtasida tuzilgan shartnoma bilan belgilanadi.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra jamiyat ijro etuvchi organining vakolatlari shartnoma asosida tijorat tashkilotiga (ishonchli boshqaruvchiga) berilishi mumkin. Tuziladigan shartnomaning shartlari jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan, kuzatuv kengashi mavjud boʻlmaganda esa, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanadi.
