37-modda. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilinadigan qarori
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-1137-son) · Sana: 21.04.2026 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori yigʻilishni oʻtkazmay (kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish va ovozga qoʻyilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish uchun jamiyat ishtirokchilari birgalikda hozir boʻlmay) sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilinishi mumkin. Bunday ovoz berish pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki uzatib beriladigan va qabul qilinadigan xabarlarning toʻgʻri boʻlishini va ularning hujjatlar bilan tasdiqlanishini taʼminlovchi boshqa aloqa vositasida hujjatlarni ayirboshlash yoʻli bilan oʻtkazilishi mumkin.
Ushbu Qonun 31-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan masalalar yuzasidan jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilinishi mumkin emas.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarorini sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilish chogʻida ushbu Qonun 35-moddasi uchinchi, yettinchi, sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlarining, shuningdek ushbu Qonun 34-moddasi birinchi, uchinchi, beshinchi va yettinchi qismlarining qoidalari ularda nazarda tutilgan muddatlarga oid qismida qoʻllanilmaydi.
Agar jamiyat ustavida jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilish tartibi nazarda tutilgan boʻlsa, unda sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) ovoz berish taklif qilinayotgan kun tartibini jamiyatning barcha ishtirokchilariga xabar qilish majburiyligi, jamiyatning barcha ishtirokchilari ovoz berish boshlanguniga qadar barcha zarur axborot va materiallar bilan tanishib chiqishi imkoniyati, kun tartibiga qoʻshimcha masalalarni kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritish imkoniyati, ovoz berish boshlanguniga qadar jamiyatning barcha ishtirokchilariga oʻzgartirilgan kun tartibini, shuningdek ovoz berish tartib-taomilining tugash muddatini xabar qilish majburiyligi nazarda tutilgan boʻlishi shart.
