Kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini joriy etish haqida (171-son)
15.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 16-sentabrdagi PQ-286-son qarorida kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) joriy etish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga ilovaga muvofiq kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish pasportini tasdiqlashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
3. Adliya vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
koʻchmas mulk bilan bogʻliq notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonida koʻchmas mulkning kommunal tarmoqlarga ulanmaganlik maʼlumotlari mavjud axborot tizimi “E-notarius.uz” axborot portaliga integratsiya qilinishini taʼminlasin;
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda ijro ishlari doirasida fuqarolar toʻlagan kommunal toʻlovlar boʻyicha elektron maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻysin;
YIDXPda ushbu xizmatlarni koʻrsatishning har bir bosqichida ariza beruvchilarning murojaatlari koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini yaratsin.
Ushbu bandda koʻrsatilgan axborot tizimlari oʻrtasida oʻzaro elektron hamkorlik va axborot almashinuv jarayoni “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali amalga oshiriladi.
4. Adliya vazirligi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari belgilangan tartibi koʻrsatilishi yuzasidan YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin.
5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-aprel,
171-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-apreldagi 171-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 1-bandning uchinchi xatboshisidagi “51” raqami “52” raqami bilan almashtirilsin.
2. Quyidagi mazmundagi 52-ilova bilan toʻldirilsin:
“Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga 52-ILOVA
Kommunal xizmatlardan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish
PASPORTI
