Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3816-son)
15.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 15-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3816]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-76-son “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Namangan, Andijon, Fargʻona, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari hamda Toshkent shahar hokimligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor B. YULDASHEV
Toshkent sh.,
2026-yil 18-mart,
1-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 18-mart
Buxoro viloyati hokimi B. ZARIPOV
2026-yil 29-yanvar
Sirdaryo viloyati hokimi E. TURDIMOV
2026-yil 29-yanvar
Toshkent viloyati hokimi Z. MIRZAYEV
2026-yil 29-yanvar
Xorazm viloyati hokimi J. RAXIMOV
2026-yil 29-yanvar
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2026-yil 28-yanvar
Andijon viloyati hokimi SH. ABDURAXMANOV
2026-yil 28-yanvar
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F. ERMANOV
2026-yil 28-yanvar
Jizzax viloyati hokimi U. MUSTAFOYEV
2026-yil 28-yanvar
Namangan viloyati hokimi SH. ABDURAZAKOV
2026-yil 28-yanvar
Farg`on viloyati hokimi X. BOZAROV
2026-yil 27-yanvar
Surxondaryo viloyat hokimi U. QOSIMOV
2026-yil 26-yanvar
Navoiy viloyati hokimi N. TURSUNOV
2026-yil 23-yanvar
Samarqand viloyati hokimi A. BOBOYEV
2026-yil 23-yanvar
Toshkent shahar hokimi SH. UMURZAKOV
2026-yil 22-yanvar
Qashqadaryo viloyati hokimi M. AZIMOV
2026-yil 21-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktorining 2026-yil 18-martdagi 1-son buyrugʻiga ILOVA
Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tomonidan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish hamda kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
hisobot yili — oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi natijalarini shakllantirishda inobat olinadigan kalendar yili;
indikator — oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari faoliyatining muayyan mezoni boʻyicha sifat va miqdor koʻrsatkichini ifodalovchi hamda raqamli qiymatga ega boʻlgan oʻlchov birligi;
koʻrsatkichning solishtirma ogʻirlik koeffitsiyenti — muayyan indikator boʻyicha ballni hisoblab chiqarishda foydalaniladigan koʻrsatkichlarning oʻzaro bir-biriga nisbatan ahamiyatini belgilovchi raqamli koʻrsatkich;
milliy reyting — oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari faoliyati samaradorligini ushbu Nizomning 2 va 3-ilovalarida belgilangan mezonlar va indikatorlar asosida baholash natijasida ularning reytingda egallagan oʻrnini aniqlash tizimi;
maxsus platforma — milliy reytingni yuritish uchun moʻljallangan, maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va natijalarni avtomatik hisoblash imkonini beruvchi Agentlikning dasturiy taʼminoti.
2. Bitiruvchilarga ega boʻlgan davlat taʼlim tashkilotlari milliy reyting obyekti hisoblanadi, bundan harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlari mustasno.
3. Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytinglari alohida yuritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-son “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan xalqaro taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tashkil etilgan ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari uchun Agentlik tomonidan mazkur Nizomga muvofiq alohida reyting yuritiladi.
4. Quyidagilar oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining (bundan buyon matnda taʼlim tashkiloti deb yuritiladi) milliy reytingini yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirishning asosiy maqsadlari hisoblanadi:
taʼlim tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom, shaffof va natijaga yoʻnaltirilgan raqobat muhitini shakllantirish va kasbiy taʼlim tashkilotlarining uzluksiz rivojlanishini ragʻbatlantirish;
oʻquvchilar va pedagog kadrlarning kasbiy hamda akademik mobilligini kengaytirish, shu jumladan xorijiy stajirovka, malaka oshirish va boshqa taʼlimga oid dasturlardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash;
taʼlim tashkilotlarining respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish;
mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, malakali, raqobatbardosh va zamonaviy kasbiy kompetensiyalarga ega kadrlarni tayyorlash jarayonida ish beruvchilar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
taʼlim xizmatlari sifati va mehnat bozori talablari uygʻunligini taʼminlashda kadrlar tayyorlash sifatini ilgʻor milliy va xalqaro tajribalar asosida oshirishga koʻmaklashish;
taʼlim tashkilotlari faoliyati samaradorligini aniq, oʻlchash imkoni mavjud boʻlgan va solishtirma indikatorlar (mezonlar) asosida baholash, milliy reyting natijalari boʻyicha xolis, ochiq va ishonchli axborotni keng jamoatchilikka taqdim etish;
taʼlim tizimida maʼlumotlarga asoslangan boshqaruvni rivojlantirish, milliy reyting natijalaridan taʼlim siyosatini takomillashtirish, resurslarni samarali taqsimlash va strategik qarorlar qabul qilishda foydalanish.
5. Milliy reytingni yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Milliy reyting maʼlumotlarini shakllantirish
6. Milliy reyting maʼlumotlari hisobot yili oxirgi ish kuni holati boʻyicha ushbu yilning yakuniy natijalariga asosan shakllantiriladi.
Bunda hisobot yilidagi “bitiruvchilarning bandlik holati” indikatori boʻyicha koʻrsatkichlarning, istisno tariqasida, oʻquv yili yakunlanganidan keyingi oʻn ikki oy yakuni boʻyicha holati hisobga olinadi.
7. Milliy reyting maʼlumotlari maxsus platformada quyidagi manbalardan shakllantiriladi:
vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridagi maʼlumotlar;
taʼlim tashkilotlari tomonidan maxsus platformaga kiritiladigan hujjatlar;
Agentlik tomonidan oʻtkaziladigan umummilliy soʻrovnoma natijalari.
8. Agentlik tomonidan hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraliga qadar vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridagi maʼlumotlar maxsus platformaga ularning tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilgan holda olinadi, bundan “bitiruvchilarning bandlik holati” indikatori boʻyicha maʼlumotlar mustasno.
Hisobot yilidagi “bitiruvchilarning bandlik holati” indikatori boʻyicha maʼlumotlar hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyulga qadar olinadi.
Maxsus platformaga axborot tizimlarini integratsiya qilish imkoni boʻlmagan hollarda maʼlumotlar vazirlik va idoralardan soʻrov asosida olinib, Agentlik tomonidan maxsus platformaga kiritiladi.
Maxsus platformada vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridagi maʼlumotlar aks ettirilganda ushbu maʼlumotlarning manbasi hamda ularni taqdim etgan vazirlik yoki idoraning nomi taʼlim tashkilotiga koʻrsatilishi lozim.
9. Taʼlim tashkiloti tomonidan hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraliga qadar quyidagi hujjatlar maxsus platformaga kiritiladi:
Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 3515, 2024-yil 29-may) muvofiq oʻquvchilarning xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlari;
pedagoglar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining (bundan buyon matnda pedagoglar deb yuritiladi) xorijda oflayn shaklda malaka oshirganligi hamda stajirovka oʻtaganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlari;
ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (tovarlar, ish va xizmatlar) sotishdan va boshqa taʼlim xizmatlarini koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar miqdorini tasdiqlovchi hisob-fakturalar (kasbiy taʼlim tashkilotlari).
Bunda, davlat organi va tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha tushgan mablagʻlarning miqdorini tasdiqlovchi hisob-fakturalarni yuklash talab etilmaydi hamda mazkur hisob-fakturalar ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiq avtomatik tarzda olinadi.
10. Taʼlim tashkiloti tomonidan maxsus platformaga kiritilgan maʼlumotlarning asoslanganligi, ishonchliligi va mazkur Nizomning 9-bandida belgilangan muddatda taqdim etilishi uchun taʼlim tashkilotining rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Mazkur Nizomning 9-bandida belgilangan muddatda maxsus platformaga kiritilmagan maʼlumotlar milliy reytingni shakllantirishda inobatga olinmaydi.
11. Umummilliy soʻrovnoma oʻquvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquvchilarning taʼlim sifatidan qoniqish darajasi, pedagoglar uchun yaratilgan sharoitlar, ish beruvchilar oʻrtasida bitiruvchilarning nufuzi hamda moddiy-texnik baza bilan taʼminlanganlik darajasi yoʻnalishlarida oʻtkaziladi.
12. Umummilliy soʻrovnoma hisobot yilidan keyingi yilning 1-martidan 30-mayiga qadar oʻtkaziladi hamda ushbu soʻrovnomada quyidagilar ishtirok etishi mumkin:
taʼlim shakli va darajalaridan qatʼiy nazar taʼlim tashkilotida tahsil olayotgan oʻquvchilar;
taʼlim tashkilotida faoliyat olib borayotgan pedagoglar;
hisobot yilida oʻqishni yakunlagan taʼlim tashkilotining bitiruvchilarini ishga qabul qilgan ish beruvchilar.
13. Umummilliy soʻrovnoma boʻyicha taʼlim tashkilotining natijalari ushbu tashkilotda tahsil olayotgan oʻquvchilarning jami sonining hamda asosiy shtatda va ichki oʻrindosh sifatida mehnat faoliyatini olib boruvchi pedagoglarning jami sonining kamida tegishli ravishda 20 foizi umummilliy soʻrovnomada ishtirok etgan taqdirda hisobga olinadi.
20 foizdan past ishtirok kuzatilgan taqdirda taʼlim tashkilotiga umummilliy soʻrovnoma asosida aniqlanadigan tegishli indikatorlar boʻyicha ball berilmaydi.
14. Agentlik hisobot yilidan keyingi yilning 1-sentabriga qadar maxsus platformadagi maʼlumotlarni tahlil qiladi hamda ularning haqqoniyligini masofaviy monitoring, solishtirish yoki joyiga chiqqan holda oʻrganish orqali verifikatsiyadan oʻtkazadi.
3-bob. Milliy reyting natijalarini shakllantirish
15. Milliy reyting natijalari ushbu Nizomning 2-ilovasida keltirilgan Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari milliy reytingining indikatorlari va ular boʻyicha koʻrsatkichlarni hisoblash tartibi hamda mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan Kasbiy taʼlim tashkilotlari milliy reytingining indikatorlari va ular boʻyicha koʻrsatkichlarni hisoblash tartibiga muvofiq koʻrsatkichning solishtirma ogʻirlik koeffitsiyentini hisobga olgan holda shakllantiriladi.
16. Milliy reyting indikatorlari boʻyicha ballarni hisoblash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) ushbu Nizomning 2 va 3-ilovalarida keltirilgan koʻrsatkichlarni shakllantirish formulalari asosida barcha indikatorlar kesimida taʼlim tashkilotlarining koʻrsatkichlari shakllantiriladi;
2) har bir indikator boʻyicha eng yuqori natijaga ega boʻlgan taʼlim tashkilotiga ushbu indikator uchun belgilangan eng yuqori ball beriladi;
3) boshqa taʼlim tashkilotlarining ballari ushbu indikator boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan taʼlim tashkilotining koʻrsatkichiga nisbatan proporsional normallashtirish asosida hisoblanadi hamda quyidagi formuladan foydalaniladi:
Bunda
Ib — indikator boʻyicha baholanayotgan taʼlim tashkilotiga berilgan ball;
Bm — indikator boʻyicha ushbu Nizomning 2 va 3-ilovalarida koʻrsatilgan eng yuqori ball;
Km — indikator boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga ega taʼlim tashkilotining koʻrsatkichi;
Kt — indikator boʻyicha baholanayotgan taʼlim tashkilotining koʻrsatkichi;
4) har bir indikator boʻyicha hisoblangan ballar yigʻindisi taʼlim tashkilotining reytingini belgilaydi;
5) indikatorlar boʻyicha hisoblangan ballar yigʻindisi teng boʻlgan taʼlim tashkilotlarining milliy reytingdagi oʻrinlari oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari uchun “oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilingan bitiruvchilar ulushi” hamda kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun “bitiruvchilarning bandlik holati” indikatori boʻyicha toʻplangan balldan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Mazkur indikatorlar boʻyicha ham ballar teng boʻlgan taqdirda ularga milliy reytingda bir xil oʻrin beriladi.
17. Agentlik hisobot yilidan keyingi yilning 20-sentabriga qadar milliy reyting natijalarini shakllantiradi hamda mazkur Nizomning 4-bobiga muvofiq shikoyatlarni taqdim etish imkoniyatini berish maqsadida taʼlim tashkilotlariga maxsus platforma orqali yuboradi.
18. Milliy reytingning yakuniy natijalari hisobot yilidan keyingi yilning 10-oktabriga qadar Agentlikning rasmiy veb-sayti va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
4-bob. Milliy reyting natijalari yuzasidan shikoyat qilish tartibi
19. Taʼlim tashkilotlarining shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Agentlikda kamida uch nafar aʼzodan iborat tarkibda Agentlik direktorining buyrugʻi asosida Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
20. Taʼlim tashkiloti milliy reyting natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda maxsus platforma orqali kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida Apellyatsiya komissiyasiga shikoyat qilish huquqiga ega.
Shikoyat Apellyatsiya komissiyasiga maxsus platforma orqali elektron shaklda beriladi.
21. Shikoyatda aks ettirilgan masalalar bilan bogʻliq boʻlgan indikatorlar taʼlim tashkiloti tomonidan aniq koʻrsatilishi lozim.
22. Taʼlim tashkiloti shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega. Bunda, Apellyatsiya komissiyasi taʼlim tashkilotini shikoyat koʻrib chiqilishidan uch kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida maxsus platforma orqali xabardor qiladi.
23. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni mazkur shikoyat kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida koʻrib chiqadi hamda quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
eʼtiroz asossiz deb topilganda milliy reyting natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
eʼtiroz asosli deb topilganda milliy reyting natijalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish.
24. Apellyatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Apellyatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Apellyatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
25. Apellyatsiya komissiyasining shikoyat koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qarori ushbu qaror qabul qilingan kuni maxsus platforma orqali taʼlim tashkilotiga yuboriladi.
5-bob. Kasbiy taʼlim tashkilotlarini milliy reyting natijalari asosida ragʻbatlantirish
26. Milliy reytingda eng yuqori oʻrinlarni egallagan 50 ta kasbiy taʼlim tashkilotining har biri Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 3 000 baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi.
27. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi (bundan buyon matnda Kasbiy taʼlim agentligi deb yuritiladi) bilan birgalikda milliy reyting natijalari shakllantirilganidan soʻng ragʻbatlantiriladigan kasbiy taʼlim tashkilotlaregrining roʻyxatini milliy reytingning yakuniy natijalari bilan birga eʼlon qiladi.
28. Kasbiy taʼlim agentligi ragʻbatlantirish toʻlovi sifatida ajratilgan mablagʻlarni kasbiy taʼlim tashkilotlarining budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga milliy reytingning yakuniy natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn besh ish kuni muddatda oʻtkazadi.
29. Ragʻbatlantirish toʻlovi sifatida ajratilgan mablagʻlar Kasbiy taʼlim agentligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
30. Ragʻbatlantirish toʻlovi sifatida ajratilgan mablagʻlarni quyidagi maqsadlar uchun yoʻnaltirishga ruxsat beriladi:
80 foiz — moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan zarur jihozlarni xarid qilish, laboratoriya va ustaxonalar barpo etish uchun;
20 foiz — kasbiy taʼlim tashkilotining pedagogik kengashi qaroriga muvofiq rahbar va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, shu jumladan, ularga ustama toʻlovlarni tayinlash, xodimlarni malaka oshirish va tajriba almashish uchun xorijga yuborish xarajatlari uchun.
31. Milliy reyting natijalariga binoan ragʻbatlantirilgan kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun keyingi ikki yil mobaynida milliy reytingda ishtirok etmaydi.
6-bob. Yakuniy qoida
32. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Milliy reytingni yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish
SXEMASI
Izoh
Mazkur sxemaning 1-2-bosqichlari 2026-yil uchun, istisno tariqasida, 1-avgustga qadar amalga oshiriladi.
Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari milliy reytingining indikatorlari va ular boʻyicha koʻrsatkichlarni hisoblash tartibi
Izoh:
*Mazkur indikatorni hisoblashda Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 3515, 2024-yil 29-may) muvofiq pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan milliy va (yoki) xalqaro tan olingan sertifikatlar inobat olinadi.
**Ushbu indikatorni hisoblashda Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 3515, 2024-yil 29-may) muvofiq oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda imtiyoz beradigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar inobatga olinadi.
Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va kasbiy taʼlim tashkilotlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari milliy reytingining indikatorlari va ular boʻyicha koʻrsatkichlarni hisoblash tartibi
Izoh:
* Mazkur indikatorni hisoblashda Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 3515, 2024-yil 29-may) muvofiq pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan milliy va (yoki) xalqaro tan olingan sertifikatlar inobat olinadi.
** Ushbu indikatorni hisoblashda Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga (roʻyxat raqami 3515, 2024-yil 29-may) muvofiq oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda imtiyoz beradigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar inobatga olinadi.
