Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3818-son)
15.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 15-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3818]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-son “Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D. LI
Toshkent sh.,
2026-yil 1-aprel,
09-son
Markaziy bank raisi T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 31-mart,
6/11-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2026-yil 1-apreldagi 9-son va Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 31-martdagi 6/11-son qaroriga ILOVA
Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini (bundan buyon matnda maxsus rejim deb yuritiladi) taqdim etish, maxsus rejim ishtirokchilarini roʻyxatga olish va ularning faoliyati ustidan monitoringni amalga oshirish, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish, shuningdek maxsus rejim ishtirokchilari reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
arizachi — maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun ariza bilan murojaat qiluvchi yuridik shaxs;
maxsus rejim — barqaror tokenlar aylanmasi sohasida texnologiyalarni joriy etuvchi va (yoki) maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida toʻlov tizimlarini yaratuvchi va tajriba-sinov loyihalarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga alohida tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
tajriba-sinov loyihasi — maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida tajriba-sinov tariqasida toʻlov tizimini yaratish va (yoki) barqaror tokenlarni chiqarish, shuningdek ulardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish va toʻlovni amalga oshirishni nazarda tutuvchi loyiha;
maxsus rejim ishtirokchisi — maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtgan va tajriba-sinov loyihasini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
maxsus rejim ishtirokchilarining reyestri (bundan buyon matnda reyestr deb yuritiladi) — roʻyxatga olingan maxsus rejim ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladigan hamma uchun ochiq boʻlgan axborot resursi;
mijozlar — tajriba-sinov loyihalari doirasida maxsus rejim ishtirokchisi bilan shartnomaviy munosabatlarni oʻrnatayotgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar, shu jumladan chet ellik jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar;
barqaror token — qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng boʻlgan taʼminlangan tokenning turi;
emitentning ekotizimi — barqaror tokenlarni chiqarish, saqlash, taqsimlash, muomalaga kiritish va ular bilan boshqa operatsiyalarni amalga oshirish uchun moʻljallangan emitentning axborot tizimi, platformasi va (yoki) texnik hamda dasturiy vositalari majmui;
barqaror tokenni chiqarish — barqaror tokenning paydo boʻlishiga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar;
barqaror token chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish — chiqarilgan barqaror tokenlarni muomalaga kiritishga ruxsat berish uchun ushbu Nizom talablariga muvofiq tekshirish va barqaror tokenlarning elektron reyestriga kiritish;
barqaror tokenning dastlabki taklifini joylashtirish — emitentning ekotizimida yoki kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy yoki xorijiy xizmatlar provayderlarining elektron platformalarida barqaror tokenlarni muomalaga kiritish;
“White Paper” deklaratsiyasi — emitent toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda barqaror tokenlarni chiqarish, saqlash, dastlabki taklifini joylashtirish, tarqatish va ulardan foydalanishga oid boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjat;
emitent — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan, barqaror tokenlarni chiqaruvchi hamda ular yuzasidan “White Paper” deklaratsiyasida va (yoki) shartnomada belgilangan majburiyatlarni ularning egalari oldida oʻz zimmasiga oluvchi yuridik shaxs;
kripto-depozitariy — kripto-aktivlarni chiqarish, ularni dastlabki joylashtirish va saqlash yuzasidan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot;
barqaror tokenlarning reyestri — vakolatli organning Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan va kripto-depozitariy tomonidan barqaror tokenlar chiqarilishini hisobga oluvchi axborot resursi;
asoslantirilgan mulohaza — qonunchilikda belgilangan talablarga qoʻshimcha ravishda vakolatli organ tomonidan qoʻllaniladigan, koʻrib chiqilayotgan masalaning haqiqiy mazmuni rasmiy mazmunidan ustuvorligini nazarda tutuvchi professional baholash. Asoslantirilgan mulohaza vakolatli organ xizmatlar provayderlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish doirasida olingan axborotga, jismoniy va yuridik shaxslardan, xalqaro tashkilotlardan, davlat organlaridan, shu jumladan chet el nazorat organlari hamda tashkilotlaridan, boshqa ochiq manbalardan olingan va asoslantirilgan mulohazani shakllantirish uchun muhim boʻlgan boshqa axborotga asoslanadi;
oxirgi benefitsiar mulkdor — arizachini bevosita yoki bilvosita taʼsis etuvchi yoxud uning ustav jamgʻarmasidagi (kapitalidagi) ulushlariga (aksiyalariga) bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi yoxud ushbu shaxsga bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan yoxud uni nazorat qiladigan jismoniy shaxs.
2. Maxsus rejimning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida toʻlov tizimlarini yaratish va (yoki) barqaror tokenlarni chiqarish hamda ular bilan operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek ulardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar taqdim etish;
investitsiyalarni jalb qilish va bozorda raqobatni oshirish;
maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan innovatsion toʻlov yechimlarini joriy etishga koʻmaklashish;
isteʼmolchilar va investorlarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilish;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishning muvaffaqiyatli natijalari yakunlari boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish.
Bunda maxsus rejim doirasida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) pul-kredit siyosati maqsadlari va vositalariga zid kelmasligi, shuningdek moliyaviy va narx barqarorligiga tahdid yaratmasligi lozim.
3. Maxsus rejim doirasida quyidagi tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishi mumkin:
milliy va (yoki) xorijiy valyuta, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari bilan taʼminlangan barqaror tokenlarni chiqarish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida barqaror tokenlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish;
xalqaro oʻtkazmalarni (hisob-kitoblarni) amalga oshirish maqsadida barqaror tokenlardan foydalanish;
maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi toʻlov tizimlarini yaratish.
Maxsus rejim doirasida maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida yoki ushbu texnologiyalardan foydalanishda boshqa innovatsion yondashuv qoʻllaniladigan tajriba-sinov loyihalari ham amalga oshirilishi mumkin.
4. Maxsus rejim ishtirokchilarini roʻyxatga olish ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
5. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun taqdim etilgan arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish, shuningdek tajriba-sinov loyihalari ustidan monitoringni amalga oshirish boʻyicha vakolatli organning ishchi organi funksiyalari Kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish departamentining Kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi (bundan buyon matnda ishchi organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
6. Ishchi organ:
arizachining maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizalarini qabul qiladi, roʻyxatdan oʻtkazadi va koʻrib chiqadi;
tajriba-sinov loyihalari boʻyicha taqdim etilgan arizalar, hujjatlar va maʼlumotlarni vakolatli organning boshqa tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda oʻrganadi;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishda istisno qilinayotgan qonunosti hujjatlarining tegishli normalari roʻyxatini shakllantiradi;
maxsus rejim ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalari doirasida tuziladigan xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomalar (ofertalar, bitimlar)ning maksimal qiymati va mijozlarning cheklangan sonini kelishib beradi;
arizachilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqidagi xulosani vakolatli organning rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qiladi va koʻrib chiqadi;
reyestr va barqaror tokenlarning reyestrini yuritadi;
maxsus rejim ishtirokchilarini tashkiliy-huquqiy va konsultativ jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishini monitoring qiladi, samaradorligini baholaydi hamda ularni amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish boʻyicha takliflarni vakolatli organ rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi;
vakolatli organ rahbariga (oʻrinbosariga) maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish va tajriba-sinov loyihalarini tugatish haqidagi takliflarni kiritadi.
7. Maxsus rejim doirasida moliyaviy tizim barqarorligi va toʻlov tizimlari ishlashining barqarorligini taʼminlash masalalariga doir hujjatlar va maʼlumotlar Markaziy bankka kelishish uchun yuboriladi.
8. Quyidagilar Markaziy bank bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim:
Markaziy bank tomonidan tartibga solinadigan sohalarda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda istisno qilinayotgan qonunosti hujjatlarining tegishli normalari;
axborot tizimlarining kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan xulosa;
milliy valyutada nominallangan barqaror tokenlarni chiqarishning cheklangan hajmi;
tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish natijalari ijobiy baholanganda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish zarurligi toʻgʻrisidagi xulosa.
9. Markaziy bankka maxsus rejim doirasida kelishish uchun taqdim etilgan hujjatlar Markaziy bankning Moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish departamenti tomonidan Toʻlov tizimlari departamenti bilan birgalikda koʻrib chiqiladi.
Arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha Markaziy bankning ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
2-bob. Maxsus rejim ishtirokchilarini roʻyxatga olish talablari va shartlari
10. Maxsus rejim doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyidagilarni chiqarishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi:
algoritmik barqaror tokenlarni;
anonimlik xususiyatiga ega barqaror tokenlarni;
kripto-aktivlar bilan taʼminlangan barqaror tokenlarni.
11. Barqaror tokenlarni chiqarish uchun taʼminot sifatida faqat quyidagilardan foydalanilishi mumkin:
Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qoʻyilgan milliy va (yoki) xorijiy valyutadagi pul mablagʻlari;
emitentga tegishli boʻlgan, Markaziy depozitariy tomonidan Markaziy bank foydasiga bloklangan davlat qimmatli qogʻozlari. Bunda emitent ular boʻyicha daromadlarni olish huquqini saqlab qoladi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan pul mablagʻlarini zaxiraga qoʻyish uchun hisobvaraq ochish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ushbu bandning uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan davlat qimmatli qogʻozlarini kiritish uchun depo hisobvaraqlarini ochish, ushbu qimmatli qogʻozlarni bloklash, shuningdek, ularni blokdan chiqarish Depozitar operatsiyalar hisobini yuritish qoidalariga (roʻyxat raqami 3628, 2025-yil 16-iyun) muvofiq taʼminotga (garovga) qoʻyilgan qimmatli qogʻozlar uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Barqaror tokenlarga taʼminotni shakllantirish uchun kredit yoki garovga olingan mablagʻlar (aktivlar) yoxud boshqa jalb qilingan mablagʻlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Alohida hisobvaraqdagi mablagʻlar qoldigʻi, shuningdek Markaziy bank foydasiga bloklangan davlat qimmatli qogʻozlarining nominal qiymati muomalada boʻlgan tokenlarning umumiy nominal qiymatidan kam boʻlmasligi lozim.
Taʼminotdagi mablagʻlar faqat barqaror tokenlarni soʻndirish uchun ishlatilishi va ulardan emitentning boshqa majburiyatlari boʻyicha foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Markaziy bank vakolatli organ bilan kelishilgan holda likvidlilikka yoki moliyaviy barqarorlikka tahdid yuzaga kelgan taqdirda operatsiyalar hajmini va mijozlar sonini cheklash boʻyicha koʻrsatmalar berish huquqiga ega.
Barqaror tokenlar taʼminoti ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi, uning yetarliligini tasdiqlash davriyligi va hisobot shakli Markaziy bank tomonidan vakolatli organ bilan kelishilgan holda belgilanadi.
13. Quyidagilar maxsus rejim ishtirokchilarining rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) va oxirgi benefitsiar mulkdorlari boʻlishi mumkin emas:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar;
iqtisodiy jinoyatlarni, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatish, shuningdek ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun olib tashlanmagan yoki tugallanmagan sudlanganlik holati mavjud boʻlgan, shuningdek sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslar;
imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazishda axborot taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlat va hududning rezidenti boʻlgan, shunday davlat va hududda yashaydigan yoki roʻyxatdan oʻtgan shaxslar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlar hududida doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxslar.
14. Maxsus rejim ishtirokchilari tajriba-sinov loyihalarini kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olmasdan amalga oshiradilar.
Maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida toʻlov tizimlarini yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda arizachi toʻlov tizimi operatori litsenziyasiga ega boʻlishi lozim.
15. Emitentning ekotizimi axborot va kiberxavfsizlikning tegishli darajasini taʼminlashi, faoliyat barqarorligi, axborotni himoya qilish va barqaror tokenlarni chiqarish, saqlash, taqsimlash, muomalaga kiritish va ular bilan boshqa operatsiyalarni amalga oshirishning uzluksizligini taʼminlashi lozim.
16. Maxsus rejim ishtirokchisi:
a) axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash uchun masʼul mansabdor shaxsni tayinlashi;
b) axborot xavfsizligi, kirishga ruxsatlarni boshqarish, hodisalarga javob berish va faoliyat uzluksizligini taʼminlash masalalarini tartibga soluvchi, shu jumladan, quyidagi usullarni oʻz ichiga olgan ichki hujjatlarni tasdiqlashi:
ishlab chiqish, test sinovidan oʻtkazish va sanoat ekspluatatsiyasi vositalarining mantiqiy va (yoki) jismoniy ajratilishini taʼminlash;
muhim (kritik) qismlarda yagona nosozlik nuqtasi mavjudligini istisno qilish;
muhim ahamiyatga ega maʼlumotlarning zaxira nusxalarini yaratishni va faoliyatni tiklash imkoniyatini taʼminlash;
tashqi interfeyslar va amaliy dasturlash interfeyslarini (API) himoya qilish;
kriptografik kalitlarni generatsiya qilish, saqlash va ulardan foydalanishning himoyalangan mexanizmlarini qoʻllash hamda shaxsiy (maxfiy) kriptografik kalitlarning ochiq holda saqlanishiga yoʻl qoʻymaslik;
emitent ekotizimining muhim qismlariga kirishda koʻp omilli autentifikatsiyadan foydalanish;
v) emitent ekotizimining muhim qismlarini ishlab chiqish, ulardan foydalanish va boshqarish funksiyalarning taqsimlanishini taʼminlashi;
g) mijozlarni majburiy tartibda xabardor qilish va ularning tajriba-sinov loyihasi doirasida ishtirok etishi toʻgʻrisidagi yozma roziliklarini olishi lozim.
17. Maxsus rejim ishtirokchisi barqaror tokenlarni chiqarish, ularning aylanmasi yoki taʼminotiga taʼsir qiluvchi yoxud taʼsir qilishi mumkin boʻlgan hodisa (insident) aniqlangan paytdan eʼtiboran darhol, biroq 3 soatdan kechiktirmay vakolatli organ va Markaziy bankni xabardor qilishi lozim.
18. Tajriba-sinov loyihalarini maxsus rejim doirasida amalga oshirish muddati uch yildan oshmasligi lozim.
Belgilangan muddat oʻtgach vakolatli organ Markaziy bank bilan kelishgan holda tajriba-sinov loyihalarini maxsus rejim doirasidan chiqarish maqsadida amaldagi qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida (tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish natijalari ijobiy baholangan taqdirda) tegishli munosabatlarni tartibga solish yoki tegishli asoslarni koʻrsatgan holda tajriba-sinov loyihasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
3-bob. Arizani taqdim etish va koʻrib chiqish
19. Arizachilar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlarni koʻrib chiqish hamda maxsus rejim ishtirokchisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻim undirilmaydi.
20. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun arizachi mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza hamda quyidagi maʼlumotlar va hujjatlarni vakolatli organga taqdim etadi:
mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi anketa;
arizachining hamkori sifatida ishtirok etuvchi kripto-depozitariy bilan imzolangan shartnomaning nusxasi. Bunda kripto-depozitariy arizachi sifatida ishtirok etgan taqdirda, mazkur shartnomani taqdim etish talab etilmaydi;
tajriba-sinov loyihasi doirasida xizmat koʻrsatish boʻyicha tuziladigan shartnomalar (ofertalar, bitimlar) qiymati va mijozlarning soni;
chiqarilishi rejalashtirilayotgan barqaror tokenlarni toʻliq taʼminlash uchun mablagʻlar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar (maʼlumotlar);
“White paper” deklaratsiyasi;
arizachining nizomi va boshqa taʼsis hujjatlari;
arizachining rahbariyati va taʼsischilari chet el fuqarolari boʻlganda, mazkur Nizomning 13-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan tegishli xorijiy mamlakatning vakolatli organidan olingan sudlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tartibda tasdiqlangan tarjimasi;
arizachining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischi haqidagi mazkur Nizomning 4-ilovasida keltirilgan maʼlumotlar. Bunda, taʼsischilar haqidagi maʼlumotlar oxirgi benefitsiar mulkdorgacha koʻrsatiladi.
Arizachining rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) hamda oxirgi benefitsiar mulkdorlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlganda, vakolatli organ mazkur Nizomning 13-bandi ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlarni mustaqil tarzda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tekshiradi.
21. Mazkur Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan hujjatlar arizachining rahbari tomonidan tasdiqlanishi (imzolanishi) kerak.
Elektron shaklda taqdim etilayotgan maʼlumotlar yuqori sifatda va “PDF”, “PNG” yoki “JPEG” formatlarda boʻlishi lozim.
22. Ariza va hujjatlar vakolatli organga qogʻoz shaklida yoki vakolatli organning elektron pochtasi manziliga elektron shaklda yuboriladi.
23. Vakolatli organ ariza kelib tushgan kundan boshlab qirq ish kuni ichida arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Ariza va taqdim etilgan hujjatlarni tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda qoʻshimcha ravishda tekshirish talab qilingan taqdirda, ishchi organning taklifiga koʻra arizani koʻrib chiqish muddati vakolatli organ rahbari (oʻrinbosari) tomonidan oʻn ish kunigacha uzaytirilishi mumkin. Bu haqda arizachi shu kunning oʻzida xabardor qilinadi.
24. Ishchi organ arizani koʻrib chiqish jarayonida tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun qonunosti hujjatlarining tegishli normalarini istisno qilish talab etilishi yoki talab etilmasligini aniqlaydi.
Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun qonunosti hujjatlarining tegishli normalarini istisno qilish talab qilinganda, ishchi organ tegishli vakolatli organlar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazadi hamda xulosada tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda istisno qilinadigan qonunosti hujjatlarining tegishli normalarini koʻrsatadi.
25. Mazkur Nizomning 8-bandida keltirilgan hujjat va maʼlumotlarni kelishish Markaziy bank tomonidan ular kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kunidan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi.
Qoʻshimcha oʻrganish, tekshirish va (yoki) qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish talab etilgan hollarda, ushbu muddat Markaziy bank rahbariyati tomonidan bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Markaziy bank kelishish muddati uzaytirilganligi haqida vakolatli organni, shuningdek arizachini bir kun ichida yozma ravishda xabardor qilishi lozim.
Bunda Markaziy bank tomonidan mazkur Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlarni kelishish davri mobaynida ishchi organ tomonidan arizalarni koʻrib chiqish muddati toʻxtatib turiladi.
26. Ishchi organ ariza va taqdim etilgan hujjatlarni oʻttiz ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda koʻrib chiqish natijasi boʻyicha xulosani vakolatli organning rahbari (oʻrinbosari)ga taqdim etadi.
Bunda hujjatlarni Markaziy bank bilan kelishish muddati alohida hisobga olinadi.
27. Ishchi organ tomonidan xulosa kiritilgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida vakolatli organning rahbari (oʻrinbosari) tomonidan arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
28. Arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish quyidagi holatlarda rad etiladi:
arizachi mazkur Nizomning 10 — 16-bandlarida koʻrsatilgan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
vakolatli organning asoslantirilgan mulohazasi (xulosasi) asosida.
29. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, bu haqda arizachiga ishchi organ tomonidan rad etish asoslari koʻrsatilgan holda bir ish kuni ichida xabarnoma yuboriladi.
Arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, rad etish asoslarini bartaraf etgan holda ushbu Nizomning 3-bobida nazarda tutilgan tartibda ariza topshirishi mumkin. Bunda vakolatli organ arizani umumiy asoslarda koʻrib chiqadi.
30. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ishchi organ bir ish kuni ichida tegishli maʼlumotlarni reyestrga kiritadi va bu haqda arizachiga xabarnoma yuboradi.
Bunda, roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda maxsus rejim doirasida tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun qoʻyiladigan talablar va shartlar belgilanadi.
Ishchi organ roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida arizachini mazkur qaror bilan yozma ravishda tanishtiradi hamda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya qilinmagan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilinishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.
4-bob. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish, reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
31. Maxsus rejim ishtirokchisiga tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun dastlabki oʻn ikki oy muddat beriladi.
32. Maxsus rejim ishtirokchisi tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish istagi boʻlgan taqdirda, bu haqida ariza bilan mazkur muddat tugashidan oʻttiz kun oldin vakolatli organga murojaat qiladi.
33. Ishchi organ arizani u kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqadi va tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosani vakolatli organning rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi.
Ishchi organ tomonidan xulosa kiritilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida vakolatli organ rahbari (oʻrinbosari) tomonidan tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi hamda bu haqda maxsus rejim ishtirokchisiga bir ish kuni ichida xabarnoma yuboriladi.
34. Vakolatli organ quyidagi holatlarda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirishni rad etishi mumkin:
tajriba-sinov loyihasini amaliyotga joriy etish uchun qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida qaror qabul qilish uchun yetarli maʼlumotlar olinganda;
maqsadli koʻrsatkichlarga erishilmaganda.
Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish rad etilgan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi oʻn kun ichida loyihani amalga oshirishni tugatishi lozim.
35. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, uning muddati oʻn ikki oygacha muddatga uzaytirilishi mumkin. Bunda, tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddati mazkur Nizomning 18-bandida koʻrsatilgan muddatdan oshmasligi lozim.
36. Maxsus rejim ishtirokchisi, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi yoxud uning huquqiy vorisi qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin besh ish kuni ichida vakolatli organga reyestrga oʻzgartirishni kiritish uchun tegishli oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berishi shart.
Vakolatli organ arizani qabul qilganidan soʻng ikki ish kuni ichida reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
5-bob. Tajriba-sinov loyihalarini monitoring qilish va maxsus rejim ishtirokchisini maqomidan mahrum qilish
37. Ishchi organ tajriba-sinov loyihalari amalga oshirilishi ustidan doimiy monitoring, shu jumladan, axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishi, emitent ekotizimi faoliyatining barqarorligi va firibgarlikka qarshi kurashish choralarini baholashni amalga oshiradi.
38. Maxsus rejim ishtirokchilari har oyda oʻz faoliyati hamda ularga berilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanilishi boʻyicha vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan shakldagi hisobotlarni, shuningdek Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda saqlanayotgan taʼminot mablagʻlarining hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar vakolatli organga taqdim etadi.
39. Maxsus rejim ishtirokchilarining hisobotlari vakolatli organ tomonidan Markaziy bankka taqdim etilishi mumkin.
40. Maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish va tajriba-sinov loyihasini tugatish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun belgilangan muddatning tugashi;
maxsus rejim ishtirokchisining maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizasi;
mamlakatning pul-kredit siyosati yoki moliyaviy barqarorligiga tahdid yaratuvchi asoslantirilgan holatlarning aniqlanishi;
maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar va (yoki) tajriba-sinov loyihalari boʻyicha berilgan hisobotlarda yolgʻon maʼlumotlar berilganligi;
tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish talablari va shartlarining buzilishi;
tajriba-sinov loyihalari boʻyicha hisobotlar mazkur Nizomning 38-bandida belgilangan muddatda taqdim etilmaganligi;
tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda uchinchi shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilmaganligi;
sud qaroriga asosan maxsus rejim ishtirokchisining toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼtirof etilishi;
vakolatli organning asoslantirilgan mulohazasi;
maxsus rejim ishtirokchisi (rahbarlari va xodimlari) tomonidan qonunchilik talablariga mos kelmaydigan yoki ular tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlangan operatsiyalarni amalga oshirilishi fakti aniqlanishi.
41. Mazkur Nizomning 40-bandida koʻrsatilgan holatlar aniqlangan kundan boshlab uch ish kuni ichida vakolatli organ tomonidan maxsus rejim ishtirokchisini maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish hamda amalga oshirilayotgan tajriba-sinov loyihasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
42. Ishchi organ maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida reyestrga tegishli maʼlumotlarni kiritadi hamda bu haqda tegishli yuridik shaxsni xabardor qiladi.
6-bob. Maxsus rejim ishtirokchilarining reyestrini yuritish
43. Reyestr ishchi organ tomonidan yuritiladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
maxsus rejim ishtirokchisining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), telefon raqami;
maxsus rejim ishtirokchisining roʻyxatdan oʻtkazish raqami va sanasi;
maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish sanasi va asoslari;
tajriba-sinov loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va ularni amalga oshirish muddati;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish muddatini uzaytirish, reyestrga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish asoslari va sanasi.
44. Reyestrda mavjud boʻlgan maʼlumotlar vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq hisoblanadi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
45. Maxsus rejim ishtirokchisi maxsus rejim doirasida vakolatli organ tomonidan qabul qilingan qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
46. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Maxsus rejim ishtirokchilarini roʻyxatga olish
SXEMASI
BosqichlarMasʼullarTadbirlarIjro muddati1-bosqichArizachi1. Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza va hujjatlarni tayyorlaydi.2. Ariza va tegishli hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) taqdim etadi.oʻz xohishiga koʻra2-bosqichAgentlikAriza va tegishli hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.40 ish kuni, uzaytirilgan taqdirda qoʻshimcha 10 ish kuniAgentlik1. Ishchi organ ariza va tegishli hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga majburiy tartibda kelishilishi lozim boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni yuboradi.30 ish kuni, uzaytirilgan taqdirda qoʻshimcha 10 ish kuniMarkaziy bankTaqdim etilgan hujjat va maʼlumotlarni koʻrib chiqadi va kelishadi15 ish kuni,uzaytirilgan taqdirda bir oydan koʻp boʻlmagan muddatdaAgentlikKoʻrib chiqish natijasiga koʻra maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi10 ish kuni3-bosqichIshchi organMaxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, bu haqda arizachiga rad etish asoslarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi1 ish kuni4-bosqichArizachiMaxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish rad etilgan taqdirda, ushbu Nizomning 3-bobida nazarda tutilgan tartibda arizani topshiradi.oʻz xohishiga koʻraAgentlikArizani umumiy asoslarda koʻrib chiqadi.Koʻrsatilgan davr mobaynida5-bosqichIshchi organ1. Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bir ish kuni ichida tegishli maʼlumotlarni reyestrga kiritadi va arizachiga xabarnoma yuboradi.1 ish kuni2. Arizachini maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror bilan tanishtiradi hamda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya qilinmagan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilinishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.3 ish kuni6-bosqichMaxsus rejim ishtirokchisi1. Maxsus rejim talablari va shartlariga rioya qilgan holda tajriba-sinov loyihasini amalga oshiradi.12 oy2. Tajriba-sinov loyihasining amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bilan Agentlikka murojaat qiladi.muddat tugashidan 30 kun oldin7-bosqichAgentlik1. Ishchi organ ariza va tegishli hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosani Agentlik rahbari (oʻrinbosari)ga kiritadi.10 ish kuni2. Ishchi organ xulosasi asosida tajriba-sinov loyihasining amalga oshirish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.5 ish kuni3. Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida maxsus rejim ishtirokchisiga bir ish kuni ichida xabarnoma yuboriladi.1 ish kuni8-bosqichMaxsus rejim ishtirokchisi1. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, loyihani amalga oshirishni davom ettiradi.12 oy2. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish muddatini uzaytirish rad etilgan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi loyihani amalga oshirishni tugatadi.10 kun9-bosqichMaxsus rejim ishtirokchisiOʻzgartirilgan, nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, Agentlikka koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beradi.5 ish kuniAgentlikArizani qabul qilgandan soʻng reyestrga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.2 ish kuni10-bosqichAgentlikMazkur Nizomda koʻrsatilgan holatlar aniqlangan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.3 ish kuniIshchi organMaxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror asosida reyestrga tegishli maʼlumotlarni kiritadi hamda bu haqda tegishli yuridik shaxsni xabardor qiladi.1 ish kuni
Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
ARIZA
1.Yuridik shaxsning nomi: 2.Joylashgan joyi (pochta manzili):3.Elektron pochta manzili:4.Telefon raqami:5.Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) (mavjud boʻlgan taqdirda):6.Xizmat koʻrsatuvchi banki:7.Rahbarining familiyasi, ismi va otasining ismi:8.Arizani topshirishga vakolatli shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, telefon raqami, elektron pochta manzili:Sizdan ______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(murojaat maqsadi: maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish yoki uning muddatini uzaytirish)________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________(taklif etilayotgan tajriba-sinov loyihasining qisqacha tasnifi)amalga oshirish uchun ruxsat berishingizni soʻraymiz.Arizaga quyidagilar ilova qilinmoqda:1. Anketa ___ varaqda.2. Tajriba-sinov loyiha doirasida xizmat koʻrsatish boʻyicha tuziladigan shartnomalar (ofertalar, bitimlar)ning qiymati va mijozlarning soni, tajriba-sinov loyihasida ishtirok etish uchun mijozlarning yozma roziliklari.3. Biznes-reja.4. Nizom va taʼsis hujjatlarining nusxasi.5. Yuridik shaxsning rahbariyati (rahbari va oʻrinbosarlari) hamda taʼsischisi haqidagi maʼlumotlar.Yuridik shaxsrahbarining imzosi___________________________20___ yil “____” ___________(F.I.O.)(sana)
Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
ANKETA
1-bob. Yuridik shaxs (arizachi) va tajriba-sinov loyihasi haqidagi maʼlumotlarYuridik shaxsning nomi: Joylashgan joyi (pochta manzili):Elektron pochta manzili:Telefon raqami:Rasmiy veb-sayt:Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR):Davlat roʻyxatidan oʻtgan sanasi va raqami:1. Yuridik shaxs haqidagi maʼlumotlar:1.1. Yuridik shaxsning faoliyati, shu jumladan, tashkilot tuzilmasi, faoliyat yoʻnalishi va erishgan yutuqlari haqidagi maʼlumotlar.1.2. Yuridik shaxsning moliyaviy holati, tajriba-sinov loyihasining qiymati, tajriba-sinov loyihasining moliyalashtirish manbalari, shu jumladan har qanday jalb qilingan va (yoki) qarz mablagʻlari haqidagi maʼlumotlar.2. Maxsus rejim doirasida tajribadan oʻtkazilishi yoki foydalanilishi rejalashtirilayotgan barqaror tokenlar aylanmasi sohasidagi texnologiya (mahsulot, xizmat) yoki ushbu sohada foydalanishda qoʻllaniladigan innovatsion yondashuv haqidagi maʼlumotlar:2.1. Taklif etilayotgan texnologiyaning (mahsulotning, xizmatning) batafsil tavsifi, shu jumladan:taklif etilayotgan yangi texnologiyaning (mahsulotning, xizmatning) xos xususiyatlari va ustunliklari;taklif etilayotgan texnologiyaning (mahsulotlar, xizmatlarning) Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllanilayotgan texnologiyalardan (mahsulotlar, xizmatlardan) farqi, ushbu texnologiyalar (mahsulotlar, xizmatlar) qaysi davlatlarda qoʻllanilgani va qanday natijalarga erishilgani.2.2. Taklif etilayotgan texnologiyaning (mahsulotning, xizmatning) foydalanish biznes-modeli va sxemasi. Har bir holat boʻyicha taklif etilayotgan texnologiyadan (mahsulotdan, xizmatdan) foydalanish jarayonini batafsil bayon etish, shu jumladan:mijozlar bilan barqaror tokenlar aylanmasini tashkil etish va hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmi;barqaror tokenlar taʼminotini, mijozlarning mablagʻlarini saqlash va axborot xavfsizligini taʼminlash choralari.2.3. Taklif etilayotgan texnologiyani (mahsulotni, xizmatni) batafsil tavsiflovchi texnik tizim va yechimlar hamda undan foydalanishning innovatsion usullari.2.4. Taklif etilayotgan texnologiyaning (mahsulotning, xizmatning) prototipi tayyorligi, ishlab chiqish, shu jumladan kompleks namoyish etish muddatlari.3. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish uchun qoʻllanishi lozim boʻlgan imtiyoz va preferensiyalar haqidagi maʼlumot:3.1. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning talablari.3.2. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish davomida istisno etish soʻralayotgan qonunosti hujjatlarining aniq normalari hamda ularni istisno etish zaruriyatini asoslantirish.4. Tajriba-sinov loyihasining konsepsiyasi va shakli haqidagi maʼlumotlar:4.1. Tajriba-sinov loyihasi boʻyicha barqaror tokenlar aylanmasi sohasida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan eksperimentlar, shu jumladan, operatsiyalar turlari va ularni amalga oshirish shakllari.4.2. 4.1-bandda koʻrsatilgan har bir eksperimentni amalga oshirilishini baholash va monitoring qilish koʻrsatkichlari.4.3. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda qoʻllaniladigan cheklovlar:amalga oshirish muddati (loyihaning boshlanish va tugatish sanasi);mijozlar soni va turi (masalan, jismoniy yoki yuridik shaxslar);barqaror tokenlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda, ularni saqlashdagi limitlar va tranzaksiyalarning meʼyoriy koʻrsatkichlari, shuningdek boshqa miqdoriy cheklovlar;koʻrilishi mumkin boʻlgan maksimal yoʻqotish va zararlar.4.4. Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda yuzaga keladigan xavflar, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish, shuningdek, axborot xavfsizligi xavflari, texnologik xavflar va muvaffaqiyatsizliklarni boshqarish uchun joriy etiladigan nazorat mexanizmlari.4.5. Mijozlar bilan nizoli holatlarni hal etish va ularning qonuniy huquqlari va manfaatlariga rioya etilishining kafolatlari.4.6. Tajriba-sinov loyihasini tugatish rejasi. Bunda, tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishda qatnashayotgan mijozlarni loyihadan chiqarish, mablagʻlarini qaytarish va xarajatlarini toʻlash boʻyicha choralar koʻrsatilishi lozim.2-bob. Deklaratsiyalash5. Yuridik shaxsning rahbariyati (direktor, boshqaruv raisi va oʻrinbosarlari), taʼsischilari, aksiyadorlari va oxirgi benefitsiar mulkdorlari:har qanday jinoyat uchun tergovda qatnashgan, ayblanayotgan, sudlangan yoxud jinoiy taʼqib ostida boʻlganmi?;oxirgi 5 yil ichida litsenziyalash yoki qonunchilik hujjatlarining boshqa talablarini buzganligi uchun maʼmuriy yoki boshqa javobgarlikka (moliyaviy sanksiyalar, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishni toʻxtatish, tugatish yoki bekor qilish bilan bogʻliq) tortilganmi?☐ Ha ☐ Yoʻq5.1. Yuridik shaxs oxirgi 5 yil ichida shartnomaviy-huquqiy munosabatlar yuzasidan sudda daʼvo yoki boshqa ishlarda ishtirok etgan yoki bugungi kunda ishtirok etmoqdami?☐ Ha ☐ Yoʻq5.2. Yuridik shaxsga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qoʻllanilgan yoki bugungi kunda qoʻllanilmoqdami?☐ Ha ☐ Yoʻq5.3. Tajriba-sinov loyihalari arizachi tomonidan ilgari taqdim etilganmi?☐ Ha ☐ Yoʻq5.4. Yuridik shaxs tomonidan bugungi kunda har qanday imtiyoz va preferensiyalardan foydalanilmoqdami?☐ Ha ☐ YoʻqYuqorida koʻrsatib oʻtilgan savollarga ijobiy javob berilgan taqdirda, quyida batafsil maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.☐ Mazkur anketa va unga ilova qilinayotgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligini hamda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar berilmaganligini tasdiqlayman.☐ Arizam qanoatlantirilganidan keyin taqdim etgan hujjatlarimda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum etilishim mumkinligini tushunaman.Yuridik shaxs rahbarining familiyasi, ismi va otasining ismiBogʻlanish telefon raqamiElektron pochta manziliYuridik shaxs rahbarining imzosiSanaYuridik shaxs tomonidan ariza va hujjatlarni taqdim etishga vakolat berilgan shaxs(agar yuqoridagidan farq qilsa)LavozimiBogʻlanish telefon raqamiElektron pochta manzili
Izoh:
Anketaning barcha bandlari toʻliq toʻldirilishi lozim.
Tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, anketaning tegishli bandida taqdim etilayotgan hujjatlar koʻrsatilishi kerak.
Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Yuridik shaxs (arizachi)ning rahbariyati (rahbar va oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi
MAʼLUMOT
1-jadvalYuridik shaxsning rahbariyati (rahbar va oʻrinbosarlari)LavozimFamiliyasi, ismi va otasining ismiFuqarolikJSHSHIR(Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun)Shaxsni tasdiqlovchi hujjatHujjat turiSeriya va raqamiBerilgan vaqti va amal qilish muddatiKim tomonidan berilgan12345678
2-jadvalYuridik shaxsning taʼsischilariFamiliyasi, ismi va otasining ismi yoki yuridik shaxsning nomiUlush hajmiFuqarolik (jismoniy shaxslar uchun) yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joy (yuridik shaxslar uchun)JSHSHIR(jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun), yokiSTIR(yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun)Shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishHujjat turiSeriya va raqamiBerilgan vaqti va amal qilish muddatiKim tomonidan berilgan12345678
