14-modda. Rezidentlarning valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi
Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida (841-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Kuchini yo'qotgan
1. Rezidentlar joriy valyuta operatsiyalarini cheklovsiz amalga oshiradilar.
2. Kapital harakati bilan bogʻliq valyuta operatsiyalari rezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
3. Rezidentlar bojxona qoidalariga rioya etgan holda Oʻzbekiston Respublikasiga valyuta boyliklarini cheklovsiz oʻtkazish, olib kirish va joʻnatish huquqiga egadir.
Rezidentlarga tegishli chet el valyutasini va chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasiga majburiy oʻtkazish, olib kirish va joʻnatish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
Rezidentlarga tegishli qimmatbaho metallar, tabiiy qimmatbaho toshlar, shuningdek marvaridni Oʻzbekiston Respublikasiga majburiy olib kirish va joʻnatish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
4. Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi valyuta bozorida chet el valyutasini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydigan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi pul birligida sotish huquqiga egadir.
5. Yuridik shaxs boʻlmish rezidentlar oʻzlariga tegishli valyuta mablagʻlaridan ishlab chiqarish va oʻz mehnat jamoalarini ijtimoiy-madaniy rivojlantirish maqsadlarida hamda qonunlarga zid boʻlmagan boshqa maqsadlarda mustaqil ravishda foydalanishlari mumkin.
6. Yuridik shaxs boʻlmish rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda va miqdorda Respublika valyuta fondiga chet el valyutasida soliq toʻlaydilar, shuningdek chet el valyutasida olgan daromadlarining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga majburiy ravishda sotadilar.
7. Yuridik shaxs boʻlmish rezidentlar olgan chet el valyutasi, basharti, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqa qoida belgilab qoʻymagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolat berilgan banklarida oʻz schyotlariga majburiy ravishda oʻtkazilishi lozim.
8. Rezidentlar Oʻzbekiston Respublikasiga avval oʻtkazilgan, olib kirilgan, joʻnatilgan yoki Oʻzbekiston Respublikasida sotib olingan valyuta boyliklarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda belgilagan tartibda Oʻzbekiston Respublikasidan chetga oʻtkazish, olib chiqish va joʻnatish huquqiga egadir.
9. Jismoniy shaxs boʻlmish rezidentlar tomonidan chet elda chet el valyutasida schyotlar va omonatlar ochilishi, ularda valyuta mablagʻlari saqlanishiga rezidentlarning chet elda boʻlish davri uchun, boshqa hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
