“2471-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (1895-V-son) · Sana: 31.03.2026 · Amalda
Qonunchilik palatasining majlisida parlament soʻrovi loyihasi boʻyicha muhokama, qoida tariqasida, parlament soʻrovi tashabbuskori vakilining maʼruzasidan boshlanadi.
Parlament soʻrovi tashabbuskori vakilining maʼruzasidan keyin fraksiyalarning vakillari parlament soʻrovi loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati boʻyicha munosabat bildirish uchun soʻzga chiqishi mumkin”;
25) 249-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Parlament soʻroviga yozma javob, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi tomonidan oʻqib eshittiriladi. Qonunchilik palatasining Spikeri parlament soʻroviga yozma javobni oʻqib eshittirishni parlament soʻrovining tashabbuskoriga, agar soʻrov bir nechta tashabbuskor tomonidan kiritilgan taqdirda, ulardan birining vakiliga, ushbu Reglament 247-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa masʼul qoʻmitaning vakiliga topshirishi mumkin. Yozma javobning nusxalari palata majlisida oʻqib eshittirilguniga qadar oldindan deputatlarga yuboriladi”;
26) 254-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Deputat soʻrovini tayyorlash chogʻida deputat oʻzi aʼzo boʻlgan fraksiyadan yoki tegishli yoʻnalishdagi qoʻmitadan, shuningdek Qonunchilik palatasi Devoni tegishli boʻlimidan yoki boshqa mutaxassislar va ekspertlardan maslahat-uslubiy yordam koʻrsatilishini soʻrashi mumkin.
Deputat soʻrovi uni yuboruvchi deputat aʼzo boʻlgan fraksiyada roʻyxatga olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili deputatning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolariga, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan soʻroviga oʻz vaqtida javob yuborilishini taʼminlashga koʻmaklashadi”;
27) 256-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Mazkur hisobotni koʻrib chiqishga tayyorlash uchun Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan masʼul qoʻmita belgilanadi”;
28) 258-moddaning:
ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi mazmundagi ikkinchi — oltinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish toʻgʻrisidagi masala fraksiyalar, qoʻmitalar tashabbusiga koʻra Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Bunda fraksiyalar, qoʻmitalar tomonidan Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini, davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish toʻgʻrisidagi Qonunchilik palatasining qarori loyihasi va boshqa zarur materiallar kiritiladi.
