1482-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (1895-V-son) · Sana: 31.03.2026 · Amalda
Qonunchilik palatasi majlisida masʼul qoʻmitaning ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklifini koʻrib chiqish chogʻida muhokama masʼul qoʻmita vakilining maʼruzasi bilan boshlanadi. Bunda maʼruzachi qonun loyihasini masʼul qoʻmitada koʻrib chiqish yakunlari, kelib tushgan fikrlar va takliflar, ularni koʻrib chiqish natijalari hamda ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklifni kiritish sabablari haqidagi axborotni majburiy tartibda deputatlar eʼtiboriga yetkazadi.
Masʼul qoʻmitaning ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklifini muhokama qilish natijalariga koʻra qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklif ovozga qoʻyiladi. Agar ovoz berish yakunlariga koʻra qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklif Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini toʻplagan boʻlsa, qonun loyihasi rad etilgan hisoblanadi. Toʻxtam Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi. Rad etilgan qonun loyihasi bundan buyon koʻrib chiqilmaydi va ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini kiritgan oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiyaga qaytariladi.
Agar ovoz berish yakunlariga koʻra masʼul qoʻmitaning ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisidagi taklifi ovozlarning zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi quyidagi takliflardan birini ovozga qoʻyadi:
qonun loyihasini maromiga yetkazish va ikkinchi oʻqishda Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritish muddatini belgilagan holda masʼul qoʻmitaga qaytarish toʻgʻrisida;
ushbu Reglamentning 146-moddasida nazarda tutilgan tartibda moddama-modda ovoz berish oʻtkazgan holda, qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqish toʻgʻrisida.
Ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini maromiga yetkazish uchun masʼul qoʻmitaga qaytarish toʻgʻrisidagi toʻxtam uni maromiga yetkazish va Qonunchilik palatasiga ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun kiritish muddati belgilangan holda, Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi”;
19) quyidagi mazmundagi 171-bob bilan toʻldirilsin:
