Maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va ularning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (311-son)
24.07.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizda vataniga, xalqiga fidokor, mustaqil fikrlaydigan, masalalarni ongli ravishda, masʼuliyat bilan hal qila oladigan, izlanuvchan, yangilikka intiluvchi va istiqlol gʻoyalariga sadoqatli avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan qator tadbirlar tizimi ishlab chiqildi. Islohotlarning taqdiri va samarasi uchun javobgar, yurtimizning ertangi kuni va istiqboli uchun fidoyi shaxslarni shakllantirish borasida ustuvor davlat siyosati yuritilmoqda. Yagona gʻoya — Milliy istiqlol mafkurasi mavjud intellektual imkoniyatlarni ishga solishga, yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashga, oliyjanoblik tuygʻularini chuqurlashtirishga, shonli oʻtmishga hurmat va porloq kelajakka ishonch hislarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning mohiyatini hamon teran anglamaslik, rasmiyatchilik, tadbirbozlik va kampaniyabozlik illatlarining mavjudligi, tashabbuskorlikning yetishmasligi, yoshlarni ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga jalb etishda qatʼiyatsizlik, kishilar ongini oʻzgartirishning xalqchil va taʼsirchan usullaridan foydalana bilmaslik hollari koʻzga tashlanmoqda.
Ana shu nuqsonlarni hisobga olib, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga daxldor boʻlgan tegishli davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ular ishining samadorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Madaniy-maʼrifiy ishlar bilan shugʻullanuvchi davlat va jamoat tashkilotlari, xususan, “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazining maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil qilish, oʻtkazilayotgan keng koʻlamli islohotlar mohiyatini targʻib etish, milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda maʼmuriyatchilik va rasmiyatchilik usullaridan voz kecholmayotganliklari hamda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotganliklari koʻrsatib oʻtilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ijtimoiy fanlar bilan shugʻullanuvchi barcha muassasalari hamda ommaviy axborot vositalarining bu boradagi ishlari zamon talablariga javob bermayotganligi taʼkidlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklarining joylarda maʼnaviyat va maʼrifat bilan bogʻliq ishlarning ahamiyatiga yetarli darajada eʼtibor bermayotganligi, istiqlol gʻoyalarini keng targʻib qilishda mahalliy ziyolilar, adabiyot, sanʼat namoyandalari va obroʻ-eʼtiborli faollarni jalb etishni izchil yoʻlga qoʻymayotganligi taʼkidlansin. Ular oʻz faoliyatlarini “Nuroniy”, “Kamolot”, “Mahalla”, “Navroʻz”, “Oltin meros”, “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmalari va ijodiy uyushmalar bilan muvofiqlashtirgan holda olib bormayotganliklari qayd etilsin.
3. Mutasaddi davlat idoralari hamda jamoat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan “Maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va ularning samaradorligini oshirish boʻyicha tadbirlar dasturi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Hokimiyat va tegishli davlat tuzilmalari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, aloqador idora va tashkilotlar mazkur dasturdagi vazifalarning aniq va toʻliq bajarilishini taʼminlashga qaratilgan oʻz tadbirlari rejasini ishlab chiqsin.
5. Dasturni amalga oshirishni taʼminlash maqsadida mutasaddi va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruhning asosiy vazifasi Dasturda belgilangan tadbirlarni hayotga tatbiq etishda amaliy faoliyat koʻrsatish, tegishli tashkilotlarning milliy maʼnaviyat va istiqlol mafkurasini keng targʻib qilishni tashkil etish, targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish va ularning taʼsirchanligini oshirish choralarini koʻrishdan iborat ekanligi qayd etilsin.
Joylarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida shunday ishchi guruhlar tuzilsin.
6. Mavjud kamchilik-nuqsonlarni bartaraf etish hamda sohani eng zamonaviy tushunchalar va milliy tafakkurga ega boʻlgan, oʻz faoliyatida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uygʻunlashtira bilgan, yetarli siyosiy va tashkilotchilik malakasini egallangan yosh kadrlar bilan taʼminlash maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga daxldor tashkilotlarining barcha boʻgʻinlari rahbarlari 1998-yilning 1-noyabrgacha attestatsiyadan oʻtkazilsin. Attestatsiyadan oʻtkazish ushbu qarorning 2-ilovasida belgilangan ishchi guruh zimmasiga yuklansin.
7. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni muvofiqlashtirib borish, ularning mazmuni, shakli, mavzu doirasi va saviyasini oʻz vaqtida tahlil qilib, oʻrganib, tavsiyalar ishlab chiqish, targʻibot-tashviqot ishlarining davomiyligini, uzviyligini va uzluksiz faoliyatini taʼminlash maqsadida “Muloqot” jamoatchilik kengashi tuzilsin va uning tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. “Muloqot” jamoatchilik kengashi “Maʼnaviyat-maʼrifat” jamoatchilik markazi, uning joylardagi boʻlimlari, tegishli davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda taniqli adabiyot, sanʼat, fan va madaniyat arboblari ishtirokida bevosita aholi turar joylarida, mahallalarda, oʻquv yurtlarida, korxona va muassasalarda muntazam ravishda ommaviy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, targʻibiy-tashviqiy va madaniy tadbirlar oʻtkazishni yoʻlga qoʻysinlar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda hozirgi zamon ilgʻor gʻoyalarini egallagan, islohotlar mohiyatini chuqur anglagan, milliy istiqlol mafkurasini butun koʻlami bilan tushunib yetgan ziyolilardan iborat “Fidoyilar” klubi tuzilsin va uning toʻla quvvat bilan ishlashini taʼminlasin. Klub ishini muvofiqlashtirish “Muloqot” jamoatchilik kengashlari zimmasiga yuklansin.
9. Davlat matbuot qoʻmitasi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari dasturda belgilangan tadbirlarning maʼnaviy-maʼrifiy barkamol jamiyat va huquqiy-demokratik davlat asoslarini mustahkamlashdagi ahamiyatini, shuningdek, bu tadbirlarning amaliy natijalarini keng targʻib etsinlar.
10. Moliya vazirligi (J. Sayfuddinov) Dasturda koʻzda tutilgan tadbirlar uchun mablagʻ ajratish masalasini hal etsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Alimov va Bosh vazir oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 24-iyul,
311-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 24-iyuldagi 311-son qaroriga 1-ILOVA
Maʼnaviyat va maʼrifat sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va ularning samaradorligini oshirish boʻyicha 1998 — 2000-yillarga moʻljallangan
DASTUR
1. UMUMIY-TAShKILIY TADBIRLAR
II. MAHALLALAR, OILALAR VA XOTIN-QIZLAR ORASIDA OLIB BORILADIGAN TADBIRLAR
III. KORXONA, TAShKILOT, MUASSASALARDA OLIB BORILADIGAN TADBIRLAR
IV. MAKTABGAChA TARBIYA MUASSASALARI, OʻQUVChI-TALABALAR, YoShLAR OʻRTASIDA OLIB BORILADIGAN TADBIRLAR
V. HARBIYLAR, HUQUQ-TARTIBOT IDORALARI XODIMLARI ORASIDA OLIB BORILADIGAN TADBIRLAR
VI. MILLATLARARO AHILLIK, TOTUVLIKNI TAʼMINLAShGA QARATILGAN TADBIRLAR
VII. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI VA MATBAAChILIKKA ALOQADOR TADBIRLAR
VIII. ILMIY, ILMIY-OMMABOP VA ILMIY-METODIK YOʻNALIShDAGI TADBIRLAR
IX. SOTSIOLOGIK SOʻROVLAR YOʻNALIShIDAGI TADBIRLAR
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 24-iyuldagi 311-son qaroriga 2-ILOVA
Maʼnaviyat va maʼrifat sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha 1998-2000-yillarga moʻljallangan Dasturni amalga oshirishni taʼminlovchi ishchi guruh
TARKIBI
Guruh tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari ham kiradi.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 24-iyuldagi 311-son qaroriga 3-ILOVA
Maʼnaviy-maʼrifiy va targʻibot ishlarini oʻrganuvchi “Muloqot” jamoatchilik kengashi
TARKIBI
