Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (3809-son)
08.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 8-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3809]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Davlat tili haqida”gi qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq D. ISAQULOV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-mart,
14 son
Kelishildi:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2026-yil 13-mart
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A. RAFIQOV
2026-yil 30-yanvar
Texnik jihatdan tartibga solish agentli direktori A. JUMANAZAROV
2026-yil 28-yanvar
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2026-yil 16-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻining 2026-yil 25-martdagi 14-son buyrugʻiga ILOVA
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarning talablari mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼiy nazar, barcha issiqlikdan foydalanuvchi isteʼmolchilar (aholidan tashqari), shuningdek issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini taʼmirlash, qurilish-montaj, sozlash va sinash ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) uchun majburiy hisoblanadi.
2. Tashkilotlarning maʼmuriy-texnik xodimlari texnik, sanitariya-gigiyena va tashkiliy tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirish, xodimlarni xavfsiz mehnat usullariga oʻqitish va ularga koʻrsatmalar berish orqali sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlashlari shart.
3. Maʼmuriy-texnik xodimlar mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda, ishlarning xavfsizligini taʼminlovchi qoʻshimcha chora-tadbirlarni koʻzda tutishlari lozim. Ushbu chora-tadbirlar mazkur Qoidalarga zid boʻlmasligi kerak.
4. Har bir xodim, agar Qoidalarning talablari buzilishini oʻzi bartaraf qilish choralarini koʻra olmasa, darhol oʻzining bevosita rahbariga, agar u boʻlmasa, yuqori turuvchi rahbarlarga aniqlangan, inson hayoti uchun xavfli boʻlgan barcha Qoidalar buzilishlari, shuningdek uskunalarning va ish jarayonida ishlatilayotgan mashina, mexanizmlar, asbob-uskunalar hamda himoya vositalarining nosozligi haqida xabar berishi shart.
5. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda yuz bergan baxtsiz hodisalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizom asosida tekshiriladi.
6. Ish jarayonida qoʻllanilayotgan mexanizmlar va yuk koʻtarish mashinalari, moslamalar va asbob-uskunalar mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan qoidalar va ishlab chiqaruvchi zavod yoʻriqnomasiga muvofiq sinovdan oʻtkazilishi va ekspluatatsiya qilinishi shart.
7. Qoʻllanilayotgan himoya vositalari ushbu Qoidalarning 8-ilovasida belgilangan talablarga javob berishi lozim.
Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanadigan qurilmalari va issiqlik tarmoqlarini ishlatish va taʼmirlash bilan shugʻullanadigan muhandislik-texnik xodimlar va ishchilar uchun ushbu Qoidalar doirasidagi, egallab turgan lavozimiga mos keladigan talablarni bilishi majburiydir.
Ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga javob bermaydigan himoya vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-bob. Xodimlarga qoʻyiladigan talablar
8. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar, issiqlik tarmoqlari va issiqlik punktlariga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar:
dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi va sogʻligi holatiga koʻra bajariladigan ishlarni bajarishga ruxsat etilgan boʻlishi;
mazkur Qoidalar, lavozim va ishlab chiqarish yoʻriqnomalari hamda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni bilishi;
ish joyida tajribali xodim rahbarligi ostida xavfsiz ish usullari boʻyicha oʻquvdan oʻtishi va tegishli malaka komissiyasida bilimlari tekshirishdan oʻtkazilishi;
avariya holatida harakat qilish va evakuatsiya tartibi, bosim va harorat bilan bogʻliq xavflarni bilishi shart.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish, taʼmirlash, sozlash va sinash ishlarini tashkil qiluvchi va bu ishlarda bevosita ishtirok etuvchi, tezkor, taʼmirlash yoki tezkor-taʼmirlovchi xodimlar va texnologik xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazish, oʻqitish va bilimlarni tekshirish, malaka oshirish hamda qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Texnologik xodimlarning attestatsiya natijalari guvohnoma berilmasdan jurnalga yozib qoʻyiladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxatiga muvofiq, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar ogʻir, zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
10. Texnologik ehtiyojlar uchun yonuvchan, portlovchi va zararli moddalar qoʻllaniladigan, shuningdek gaz mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan kamera va tunnellarga xizmat koʻrsatishda issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni ekspluatatsiya qilish va taʼmirlashga ruxsat berilgan xodimlar quyidagilarni bilishi lozim:
a) mazkur Qoidalarga 2-ilovada keltirilgan zararli gazlar, bugʻlar, changlar va havodagi boshqa aerozollarni ruxsat etilgan chegara miqdorini (konsentratsiyalarni) aniqlash usullarini;
b) gaz yigʻilib qolishi mumkin boʻlgan joylarda ishlab chiqarish qoidalari va talablarini.
Tashkilotlarda gaz kirish xavfi bor kameralar, oʻtish kanallari roʻyxati va rejasi boʻlishi shart.
Gaz mavjud joylarda koʻchma gazanalizatorlar, avtomatik signalizatsiya mavjud boʻlishi shart.
11. Tashkilot maʼmuriyati xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishchilarni xavfsiz ish usullari boʻyicha oʻqitish hamda ularning xavfsizlik texnikasi qoidalari va koʻrsatmalariga rioya qilishini nazorat qilish boʻyicha tashkiliy va texnik chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlashi shart.
12. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini xavfsizlik texnikasi, texnik ekspluatatsiya qilish boʻyicha javobgar shaxslarning tayinlanishi belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Xodimlar barcha tugmalari qadalgan maxsus kiyim-boshda ishlashi lozim. Mexanizmning harakatlanayotgan (aylanayotgan) qismlari tortib ketishini oldini olish maqsadida ularning kiyimlarida hilpirab turuvchi qismlari boʻlmasligi shart. Maxsus kiyim-boshning yengini shimarish va etik qoʻnjlarini qaytarish taqiqlanadi.
Zaharli va agressiv moddalar bilan ishlaganda, shuningdek elektr va gaz bilan payvandlashda, izolyatsiya ishlarini bajarishda, sochiluvchan va changlanuvchan materiallarni yuklashda hamda tushirishda shimning etak qismi poyabzal ustidan tushirilgan boʻlishi shart.
Ishlab turgan uskunalari bor xonalar, quduqlar, kameralar, kanallar, tunnellar, qurilish maydonchalari hamda taʼmirlash hududida boʻlganda barcha xodimlar himoya kaskalarining iyak ostidan oʻtgan tasmasini taqqan boʻlishlari shart. Sochlar kaska ostiga yigʻilishi shart.
14. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlariga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga kuchlanish ostiga tushib qolgan insonni elektr toki taʼsiridan qutqarish va baxtsiz hodisadan jabrlanuvchiga shifokor kelgunga qadar yordam koʻrsatish usullari amaliy oʻrgatilgan boʻlishi kerak.
3-bob. Ishlarning xavfsiz bajarilishini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlar
1-§. Topshiriq (naryad) va farmoyish
15. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda hamda taʼmirlashda ishlarning xavfsizligini taʼminlovchi tashkiliy chora-tadbirlarga quyidagilar kiradi:
ishlarni topshiriq (naryad), farmoyish orqali rasmiylashtirish;
ishga ruxsat berish;
ish jarayonida nazorat olib borish;
ishdagi tanaffusni, boshqa ish joyga oʻtkazishni, ish tugatilganini rasmiylashtirish.
16. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlaridagi ishlar topshiriq (naryad) va farmoyish boʻyicha bajariladi.
Topshiriq (naryad) bu belgilangan shakldagi maxsus blankada rasmiylashtirilgan hamda ish mazmuni va joyini, uni boshlash va tamomlash vaqtini, xavfsiz bajarilish shartlarini, brigada tarkibini, xavfsiz bajarilishi uchun javobgar shaxslarni va boshqalarni belgilab beruvchi topshiriqdir. Topshiriqning (naryadning) shakli mazkur Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan.
Topshiriq (naryad) quyidagi asosiy ishlar boʻyicha bajariladi:
a) issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarida bajariladigan gaz elektr payvandlash ishlari;
b) apparatlar, suyuqlik omborlari (rezervuarlar), baklar, beton quvurlar (kolodetslar), kollektorlar, tunnellar va shu kabi joylarda bajariladigan ishlar (Alohida ishlarni bajarishda xavfsizlik texnikasi qoidalari ushbu Qoidalarning 5-ilovasida keltirilgan);
v) bugʻ oʻtkazuvchi quvurlarni qizdirish va ishga tushirish;
g) gaz yigʻiladigan yoki gaz sizib chiqishi mumkin boʻlgan joylarda bajariladigan ishlar;
d) issiqlik tarmoqlarida issiqlik eltuvchining hisoblangan bosim va haroratga chidamliligini sinash;
e) ishlab turgan uskunalar oldida taʼmirlash ishlarini bajarish, aylanuvchi mexanizmlarni taʼmirlash;
j) ishlab turgan quvurlarda va uskunalarda issiqlik izolyatsiyasi ishlari.
Mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda har bir tashkilot topshiriq (naryad) boʻyicha bajariladigan ishlarning jadvalini kengaytirishi mumkin. Bunday holda qoʻshimcha ishlarning jadvali tashkilot rahbari (yoki bosh muhandisi) tomonidan tasdiqlanadi.
17. Topshiriq (naryad) berish huquqiga ega boʻlgan, shuningdek ishning javobgar rahbari (bundan buyon matnda javobgar rahbar deb yuritiladi) va ish bajaruvchi sifatida ishtirok etishi mumkin boʻlgan shaxslar roʻyxati tashkilot rahbarining farmoyishi bilan tasdiqlanadi.
18. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini taʼmirlashga topshiriq (naryad) berish tashkilotning maʼmuriy-texnik xodimlariga topshiriladi.
Zarur hollarda, ishlab chiqarish xususiyatidan kelib chiqqan holda, topshiriq (naryad) berish huquqi javobgar tezkor xodimga berilishi mumkin, bunda mazkur xodim ishga qoʻyuvchi shaxs sifatida ishtirok etmasligi lozim.
19. Mazkur Qoidalarning 16-bandida nazarda tutilmagan, topshiriq (naryad) asosida bajariladigan hamda ish joyini tayyorlash boʻyicha texnik tadbirlarni amalga oshirish talab etilmaydigan ishlar farmoyish asosida bajarilishi mumkin.
Bitta xodim tomonidan farmoyish asosida bajariladigan ishlar roʻyxati mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi hamda tashkilot rahbari (yoki issiqlik xoʻjaligiga javobgar shaxs) tomonidan tasdiqlanadi.
20. Ishni bajarishga farmoyish berish mansab lavozimiga koʻra bunday huquqqa ega boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi, ularning roʻyxati esa tashkilotning rahbari (yoki issiqlik xoʻjaligiga javobgar shaxsi) tomonidan tasdiqlanadi.
Farmoyish bir martalik boʻladi va sutka davomida amal qiladi.
Ishlarni davom ettirish zarur boʻlganda farmoyish yangidan beriladi va rasmiylashtiriladi.
21. Topshiriq (naryad) va farmoyishlar boʻyicha ishlarni roʻyxatga olish mazkur Qoidalarning 4-ilovasida keltirilgan shakldagi jurnalda amalga oshiriladi. Jurnalda faqat ishga birinchi marta ruxsat berilganligi hamda topshiriq (naryad) yopilishi bilan ishning toʻliq tugallanganligi qayd etiladi.
Jurnal raqamlangan, shnurlangan va muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi shart. Jurnalni saqlash muddati oxirgi yozuv kiritilgan sanadan boshlab 6 oyni tashkil etadi. Topshiriqlar (naryadlar) boʻyicha birlamchi va har kungi ishga ruxsat berish tezkor jurnalda rasmiylashtiriladi. Bunda faqat topshiriq (naryad) raqami va ish joyi koʻrsatiladi.
2-§. Ishlar xavfsizligi uchun javobgar shaxslar, ularning huquq va majburiyatlari
22. Ishlarning xavfsizligi uchun quyidagi shaxslar javobgardir:
a) topshiriq (naryad) va farmoyish beruvchi;
b) javobgar rahbar;
v) ish bajaruvchi;
g) kuzatuvchi;
d) ishga qoʻyuvchi;
e) brigada aʼzolari.
23. Topshiriq (naryad), farmoyishni beruvchi shaxs ish hajmini va uning bajarilishi zarurligini belgilaydi. Uning xavfsiz bajarilishi mumkinligiga javob beradi va javobgar rahbar, ish bajaruvchi yoki kuzatuvchining, shuningdek brigada aʼzolarining yetarli malakaga ega ekanligi uchun javob beradi.
Ishni bajarish uchun topshiriqsiz (naryadsiz) farmoyish berilgan taqdirda, mazkur ishni bajarishga tayinlangan shaxslarning yetarli malakaga ega ekanligi uchun farmoyish beruvchi shaxs javobgar hisoblanadi.
24. Topshiriq (naryad) beruvchi, javobgar rahbar hamda ish bajaruvchini tayinlovchi shaxs sifatida boʻlinma, sex, boʻlim, laboratoriya yoki qurilish uchastkasi boshligʻi hamda uning oʻrinbosari ishtirok etishi mumkin.
25. Javobgar rahbar va ish bajaruvchi (kuzatuvchi) tomonidan brigada ustidan samarali nazoratni taʼminlash imkoniyatidan, shuningdek brigada tarkibiga kirgan shaxslarning yetarli malakaga ega ekanligidan kelib chiqqan holda brigada tarkibining son jihatdan shakllantirilishi uchun javob beradi.
Javobgar rahbar ishga qoʻyuvchidan ish joyini qabul qilar ekan, ishga qoʻyuvchi bilan bir qatorda ish joylarining toʻgʻri tayyorlanganligi va xavfsizlik choralarining yetarli qabul qilinganligi uchun javobgarlikni olib boradi.
Javobgar rahbarni tayinlash topshiriq (naryad) beruvchi tomonidan ishning hajmi, sharoiti va murakkabligiga qarab belgilanadi.
26. Ish bajaruvchi ishga qoʻyuvchidan ish joyini qabul qilib olib, quyidagilarga javob beradi:
topshiriqda (naryadda) koʻrsatilgan ishlarni bajarish uchun zarur xavfsizlik choralari toʻgʻri bajarilganligiga;
ushbu Qoidalar hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga oʻzi va brigada aʼzolari rioya qilishganligiga;
brigada aʼzolariga berilgan koʻrsatmalarning toʻliqligiga;
vositalar, inventarlar, himoya vositalari, takelaj moslamalarining borligiga, ishga yaroqliligiga, qoʻllashga;
ish joyidagi toʻsiqlar, xavfsizlik belgilari, berkituvchi qurilmalarning butligini saqlashga.
Agar ish bajarish jarayonida brigada aʼzolari ustidan uzluksiz nazorat olib borish talab qilinsa, brigadaga rahbarlik qilayotgan ish bajaruvchi ishda bevosita ishtirok etmaydi. Bu toʻgʻrisida mazkur Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan topshiriqning (naryadning) “Alohida shartlar” satriga yozib qoʻyiladi.
27. Topshiriq (naryad) va farmoyish boʻyicha ish bajaruvchi qilib sex (uchastka) ishchilari, taʼmirlovchi xodimlar yoki ish olib boriladigan uskunalarni yaxshi biladigan tezkor xodimlar, shuningdek brigada aʼzolariga aniq va toʻliq yoʻriqnoma bera oladigan hamda ularning harakati ustidan nazoratni taʼminlay oladigan xodimlar safidan tayinlanadi.
28. Ishchi brigada topshiriq (naryad) yoki farmoyish boʻyicha ishlarni bajarganda, ishlab chiqarish xavfsizligi uchun uzluksiz nazorat olib borish talab qilinsa, uni nazorat qilish uchun kuzatuvchi tayinlanadi.
Kuzatuvchini tayinlash zarurligi topshiriq (naryad) beruvchi shaxs yoki javobgar rahbar tomonidan aniqlanadi.
Kuzatuvchi qilib, ish bajaruvchi huquqiga ega shaxs yoki tezkor xodim tayinlanadi.
29. Kuzatuvchi ishga qoʻyuvchidan ish joyini qabul qilishda uning toʻgʻri tayyorlanganligiga, shuningdek mazkur Qoidalarga muvofiq ishlarni bajarish uchun zarur xavfsizlik choralarining taʼminlanganligiga javob beradi.
Kuzatuvchi tomonidan nazoratni boshqa biror ish bilan bir vaqtda olib borishga yoʻl qoʻyilmaydi.
30. Topshiriq (naryad) va farmoyishlar asosida javobgar rahbar va ish bajaruvchi sifatida ishtirok etishi mumkin boʻlgan ishchilar roʻyxati tashkilotning issiqlik xoʻjaligiga javobgar shaxsning farmoyishi bilan tasdiqlanadi. Ushbu roʻyxatlarning nusxalari smena boshligʻining ish joyida saqlanishi shart.
Yirik tashkilotlarda javobgar rahbar va ish bajaruvchi boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar roʻyxatini tasdiqlash vakolati tashkilot boʻyicha farmoyish asosida sex boshliqlariga yuklatilishi mumkin.
31. Ishga qoʻyuvchi quyidagilar uchun javobgar hisoblanadi:
ishga qoʻyishning toʻgʻriligi va javobgar rahbarga, ish bajaruvchiga hamda kuzatuvchiga toʻliq koʻrsatmalar berilganligi uchun;
ish joylarining toʻgʻri tayyorlanganligi, xavfsizlik choralarining yetarli qabul qilinganligi, ularning ish xususiyati va joyiga muvofiqligi uchun;
qoʻllanilayotgan vositalar, inventarlar va moslamalarning ishga yaroqliligi uchun.
32. Topshiriq (naryad) va farmoyishlar boʻyicha birinchi marta ishga qoʻyishni sex, smena boshligʻi yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxs beradi.
33. Topshiriq (naryad) asosida ishlarini har kuni davom ettirishga ruxsat berishda, shuningdek smena boshligʻining ruxsati bilan brigadani boshqa ish joyiga oʻtkazishda ishga qoʻyuvchi sifatida quyidagi shaxslar ishtirok etishi mumkin:
unga boʻysinuvchi xizmat koʻrsatuvchi tezkor taʼmirlovchi xodim;
issiqlik tarmogʻida ishlar bajarilayotganda ish rahbari (ish bajaruvchi).
Chekka obyektlarda ishlar bajarilayotgan hollarda, kundalik ishlarni davom ettirishga ruxsat berish vakolati ushbu obyektdagi navbatchilar orasidan tayinlangan shaxsga yuklatilishi mumkin.
34. Brigada aʼzolari quyidagilarga javob beradilar:
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar talablarini bajarish, ishga ruxsat berishdan oldin ish vaqtida xavfsizlik choralari boʻyicha olingan koʻrsatmalar talablari bajarilishi uchun;
berilgan himoya vositalari, maxsus kiyimlar, foydalanayotgan vositalar va moslamalarning ishga yaroqliligi uchun;
ishda xavfsizlik texnikasi qoidalarining aniq bajarilishi uchun.
35. Bir xodim tomonidan ikki xil majburiyatni bir vaqtning oʻzida bajarishga, agar u mazkur majburiyatlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻlsa, ruxsat etiladi.
Bunda, ushbu xodim tegishli vakolatlarni nazarda tutuvchi har bir roʻyxatga belgilangan tartibda kiritilgan boʻlishi shart.
Ishlarni bajarishda bir xodimga quyidagi ikki xil majburiyatni bir paytda olib borishga ruxsat etiladi:
topshiriq (naryad) beruvchi va javobgar rahbar majburiyatini;
javobgar rahbar va ish bajaruvchi majburiyatini, agar javobgar rahbarga faqat bitta topshiriq (naryad) berilgan boʻlsa;
issiqlik tarmoqlarida javobgar rahbar va ishga qoʻyuvchi majburiyatini.
3-§. Topshiriq (naryad) berish va rasmiylashtirish
36. Ishlash uchun topshiriq (naryad) ikki nusxada yoziladi. Ikkala nusxasi ham aniq va tushunarli yozilishiga rioya etilganda, u koʻchirgich qogʻoz (kopirka) qoʻyilib toʻldiriladi. Yozilgan yozuvni oʻchirish yoki tuzatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
37. Topshiriq (naryad) beruvchi shaxs tomonidan javobgar rahbarga yoki ushbu obyektning tezkor xodimi hisoblangan katta xodimga telefon orqali berilishiga ruxsat etiladi.
Bunda, topshiriq (naryad) uch nusxada toʻldiriladi: bir nusxasini topshiriq (naryad) beruvchi shaxs toʻldiradi, ikkita nusxani esa telefon orqali qabul qilayotgan shaxs toʻldiradi.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarida ishlar doimiy tezkor xodimlari boʻlmagan va tezkor yoki tezkor taʼmirlovchi xodim hisoblangan shaxs tomonidan javobgar rahbar vazifasini oʻrindoshlik asosida bajarganda topshiriq (naryad) ikki nusxada yoziladi. Ulardan biri ish bajaruvchiga beriladi, ikkinchisi esa topshiriq (naryad) beruvchi shaxsda qoladi.
Topshiriq (naryad) telefon orqali berilganda, topshiriq (naryad) beruvchi shaxs uning matnini (telefonogramma shaklida) aytib yozdiradi. Matnni qabul qilayotgan shaxs esa topshiriq (naryad) blankasini toʻldirib, qayta tekshirib koʻradi. Bunda topshiriq (naryad) beruvchi shaxsning imzosi oʻrniga uning familiyasi koʻrsatiladi va matnni qabul qilayotgan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanadi.
Telefon orqali qabul qilingan topshiriq (naryad) asosidagi ishga ruxsat berish umumiy tartibda amalga oshiriladi.
38. Topshiriq (naryad) bitta brigadali bitta ish bajaruvchiga (kuzatuvchiga) yoziladi. Ish bajaruvchining qoʻliga faqat bitta topshiriq (naryad) beriladi.
Topshiriq (naryad) tezkor xodimga bevosita ish joyini tayyorlash oldidan beriladi.
Topshiriqni (naryadni) ish bajaruvchiga ishni boshlash arafasida berishga ruxsat etilmaydi.
Agar javobgar rahbar va ish bajaruvchi vazifasini bitta shaxs bajarsa, bir dona topshiriq (naryad) beriladi.
39. Yangi topshiriqni (naryadni) rasmiylashtirmasdan ish joyini kengaytirish, ish joylari sonini hamda ishlab chiqarish shartlarini oʻzgartirish, shuningdek ish rahbari yoki ish bajaruvchini almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, brigada tarkibi son jihatdan 50 foizdan ortiqqa oʻzgargan taqdirda, topshiriq (naryad) qaytadan rasmiylashtirilishi shart.
40. Topshiriq (naryad) asosida ishlar bajarilganda brigada tarkibi ish bajaruvchi kiritilgan holda kamida ikki nafardan iborat boʻlishi shart. Brigada tarkibiga ish oʻrganuvchilar va oʻquvchilar, shuningdek yangi ishga qabul qilingan ishchilar soni uch kishidan ortiq boʻlmasa, kiritilishiga ruxsat beriladi. Ular brigadaning asosiy aʼzolariga biriktiriladi. Ish oʻrganuvchilar, oʻquvchilar hamda yangi ishga qabul qilingan xodimlarning xavfsizligi uchun javobgarlik ular biriktirilgan ish bajaruvchi va brigada aʼzolari zimmasiga yuklanadi. Bu haqda mazkur Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan topshiriqning (naryadning) “Brigada aʼzolari” ustunida koʻrsatilishi shart.
41. Topshiriqning (naryadning) barcha ustunlari qator ostidagi matn mazmuniga mos ravishda toʻldiriladi.
42. Mazkur Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan topshiriqning (naryadning) “Ishlarni bajarish shartlari” ustunida ish joyini tayyorlashning zarur tadbirlari va xavfsizlik choralari, shuningdek boshqa sexlardagi tezkor xodimlar bajarishi kerak boʻlgan choralar sanab oʻtiladi.
Zarur hollarda mazkur Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan topshiriqning (naryadning) “Alohida shartlar” ustunida topshiriq (naryad) beruvchi shaxsning qaroriga koʻra mazkur Qoidalarda nazarda tutilmagan qoʻshimcha xavfsizlik choralari belgilanadi (masalan, javobgar rahbarning uzluksiz nazorati ostida ishlash, maxsus toʻsiqlar qoʻyish, ochiq olovni qoʻllashga ruxsat bermaslik, alohida operatsiyalar ketma-ketligiga qattiq rioya qilish, maxsus himoya vositalarini qoʻllash va boshqalar).
4-§. Brigadani topshiriq (naryad) boʻyicha ishga quyish
43. Ishga ruxsat berishdan oldin javobgar rahbar va ish bajaruvchi ruxsat beruvchi bilan birgalikda ish joyini tayyorlash boʻyicha texnik chora-tadbirlar bajarilganligini tekshirishlari kerak.
44. Ish joyining tayyorligini tekshirgandan va brigadaga yoʻriq berishdan keyin javobgar rahbar topshiriq (naryad) varagʻining orqa tarafidagi imzo chekishga moʻljallangan satrga (faqat birinchi marta ruxsat berishda) imzo qoʻyishi kerak.
45. Javobgar rahbar tayinlanmagan hollarda, ish joyi tayyorligini ish bajaruvchi tekshiradi va topshiriqqa (naryadga) imzo qoʻyadi.
Topshiriqda (naryadda) koʻzda tutilgan ish joylarini tayyorlash chora-tadbirlarini oʻzgartirish taqiqlanadi.
46. Ishga ruxsat beruvchi shaxs yoʻriq berish jarayonida taʼmirlanayotgan sxema va qoʻshni uchastkalardagi qaysi uskunalar kuchlanish, bosim yoki yuqori harorat ostida qolishi, shuningdek qaysilari yongʻin va portlash xavfiga ega ekanligini koʻrsatib oʻtishi shart. Shundan soʻng u ishlarning masʼul rahbari va ish bajaruvchisini ishga qoʻyadi.
47. Ish joylarini tayyorlashni tekshirish va ishga qoʻyish topshiriqning (naryadning) mos ustunlarida javobgar rahbar va ish bajaruvchining imzolari bilan rasmiylashtiriladi.
Topshiriqning (naryadning) bir nusxasi ish bajaruvchiga beriladi, ikkinchisi ishga qoʻyuvchida qoladi va amaldagi topshiriqlar (naryadlar) jildida saqlanadi.
48. Ishga qoʻyishni, brigada aʼzolarining xavfsizlik texnikasi qoidalari boʻyicha bilimlar sinovidan oʻtganligi va brigada aʼzolariga koʻrsatmalar berilganligini javobgar rahbar amalga oshiradi.
Ish bajaruvchi ishga qoʻyishni amalga oshiradi hamda har bir brigada aʼzosiga bevosita ish joyida yoʻriqnoma beradi.
49. Agar topshiriqni (naryadni) olayotganida ish bajaruvchi yoki tezkor xodimda biron-bir shubha tugʻilsa, ular javobgar rahbardan yoki topshiriq (naryad) beruvchi shaxsdan tushuntirib berishni talab qilishi kerak.
Notoʻgʻri rasmiylashtirilgan topshiriq (naryad) boʻyicha ishga qoʻyish taqiqlanadi.
50. Boshqa sexlarga tegishli yoki uning hududida joylashgan uskunalarni taʼmirlash uchun zarur boʻlgan xavfsizlik texnikasi choralarini koʻrishi, ish joyini tayyorlashi va ishga qoʻyishi ushbu uskunalarga xizmat qiluvchi xodim tomonidan mazkur sexning, smena boshligʻining har kundagi ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Bunda, sex, smena boshligʻi berilgan ruxsat toʻgʻrisida topshiriq (naryad) va farmoyishlarni hisobga olish jurnaliga yozib qoʻyishi shart.
5-§. Ish jarayonida nazorat olib borish, brigada tarkibini oʻzgartirish
51. Brigada ishiga ruxsat berilgan paytdan boshlab, xavfsizlik texnikasi talablari buzilishining oldini olish maqsadida uning ustidan nazorat olib borish ish bajaruvchi yoki kuzatuvchi zimmasiga yuklanadi.
Ish bajaruvchi va kuzatuvchi oʻz faoliyatini brigada aʼzolari ustidan uzluksiz nazoratni taʼminlaydigan tarzda tashkil etishi, shuningdek xavfli ishlar bajarilayotgan ish joyida bevosita hozir boʻlishi shart.
52. Javobgar rahbar va tezkor xodim ishchilarning xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilayotganini vaqti-vaqti bilan tekshirib turishlari shart. Xavfsizlik texnikasi qoidalarini buzish yoki ishchilarning xavfsizligiga xavf soluvchi boshqa holatlar aniqlanganda, ish bajaruvchidan topshiriq (naryad) olib qoʻyiladi hamda brigada ish joyidan chiqariladi.
Aniqlangan xavfsizlik texnikasi qoidalarini buzish holatlari bartaraf qilingandan soʻng, brigada umumiy tartibda tezkor xodim tomonidan javobgar rahbar ishtirokida topshiriqni (naryadni) rasmiylashtirish bilan ishga qoʻyiladi.
53. Brigada tarkibidagi oʻzgarishlar topshiriq (naryad)ning har ikki nusxasida javobgar rahbar yoki topshiriqni (naryadni) bergan shaxs tomonidan rasmiylashtiriladi. Ularning yoʻqligida esa topshiriq (naryad) berish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan rasmiylashtiriladi.
6-§. Ishdagi tanaffuslarni rasmiylashtirish
54. Ish kuni davomida ishdagi tanaffusda (ishlarni bajarish shartlari boʻyicha tushlikka chiqqanda) brigada ish joyidan chiqariladi. Topshiriq (naryad) ish bajaruvchining (kuzatuvchi) qoʻlida qolishi kerak. Plakatlar, toʻsiqlar oʻz joyida qoldiriladi. Tanaffusdan keyin ish bajaruvchi yoki kuzatuvchi yoʻqligida, brigada aʼzolaridan hech biri ish joyiga kirishga haqli emas. Tanaffusdan soʻng ish bajaruvchi (kuzatuvchi) brigadani ishga qoʻyadi.
55. Topshiriq (naryad) ish bajaruvchi tomonidan ishni toʻliq tamomlanganligi toʻgʻrisidagi belgi bilan qaytarib berilishiga qadar, tezkor xodim taʼmirlashga issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ulash yoki sxemaga ishlarni bajarish shartlariga taʼsir koʻrsatadigan oʻzgartirishlarni kiritish huquqiga ega emas.
Tezkor xodimlar avariya holatlarida, zarur boʻlganda, quyidagi shartlarga rioya etgan holda brigada yoʻqligida topshiriq (naryad) qaytarilishiga qadar qurilmani tarmoqqa ulashi mumkin:
vaqtincha toʻsiqlar, yerga ulagichlar va plakatlar olib qoʻyilishi, doimiy toʻsiqlar oʻz oʻrniga oʻrnatilishi, ruxsat beruvchi plakatlar taqiqlovchi plakatlar bilan almashtirilishi shart;
ish bajaruvchi qaytguncha, brigada aʼzolarini qurilma ulangani va ishlarni tiklash mumkin emasligi haqida ogohlantirish uchun masʼul shaxslar tayinlanishi shart.
56. Ishlar toʻliq tugatilishiga qadar issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini sinab koʻrish uchun ulash quyidagi shartlar bajarilganidan soʻng amalga oshirilishi mumkin:
brigada ish joyidan chiqarilishi, ish bajaruvchidan topshiriq (naryad) olib qoʻyilishi va topshiriqning (naryadning) “Ishga har kungi ruxsat, ish tugashi, boshqa ish joyiga oʻtkazish” jadvalida tanaffus rasmiylashtirilishi shart;
vaqtincha toʻsiqlar, quvurli oʻtkazgichlardan tiqinlar, toʻsuvchi armaturadagi qulflar va plakatlar olib qoʻyilishi, doimiy toʻsiqlar esa oʻz oʻrniga oʻrnatilishi zarur. Koʻrsatilgan ishlar tezkor xodimlar tomonidan bajarilishi kerak.
Sinab koʻrilgandan soʻng ish joyini tayyorlash va brigadaning ishlashiga ruxsat berish umumiy tartibda, javobgar rahbar ishtirokida amalga oshiriladi va bu topshiriqning (naryadning) “Ishga har kungi ruxsat, ish tugashi, boshqa ish joyiga oʻtkazish” jadvalida ish bajaruvchining imzosi qoʻyiladigan ustunda uning imzosi bilan rasmiylashtiriladi. Agar javobgar rahbar tayinlanmagan boʻlsa, ishga ruxsat berish ish bajaruvchi ishtirokida amalga oshiriladi.
7-§. Ish kuni tugashi bilan tanaffus va ertasi kuni ishni boshlash
57. Ish kunining oxirida ish joyi tartibga keltirilishi, plakatlar va toʻsiqlar joyida qoldirilishi kerak.
Har kungi ish tamomlanishi topshiriqning (naryadning) “Ishga har kungi ruxsat, ish tugashi, boshqa ish joyiga oʻtkazish” jadvalida ish bajaruvchining imzosi bilan rasmiylashtiriladi.
58. Keyingi kuni toʻxtatib qoʻyilgan ishlarga, ish joyi ruxsat beruvchi yoki javobgar rahbar va ish bajaruvchi tomonidan koʻrikdan oʻtkazilganidan hamda xavfsizlik choralarining bajarilganligi tekshirilganidan soʻng kirishish mumkin. Javobgar rahbarning qayta ishga ruxsat berishda ishtiroki shart emas.
59. Keyingi kuni ishga ruxsat berish topshiriqning (naryadning) “Ishga har kungi ruxsat, ish tugashi, boshqa ish joyiga oʻtkazish” jadvalida ruxsat beruvchining yoki javobgar rahbarning va ish bajaruvchining imzolari bilan ishni boshlash sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda rasmiylashtiriladi.
60. Brigadani topshiriqda (naryadda) belgilangan boshqa ishga oʻtkazish ishga qoʻyuvchi tomonidan topshiriq (naryad) jadvalida tegishli tarzda rasmiylashtirilgan holda amalga oshiriladi.
8-§. Ishni tugatish, ish joyini topshirish va qabul qilib olish. Topshiriqni (naryadni) yopish
61. Ish toʻliq tugallanganidan soʻng ish joyi tartibga keltiriladi va javobgar rahbar tomonidan qabul qilib olinadi. Ish bajaruvchi brigadani ish joyidan chiqarganidan soʻng ish tugallangani haqida topshiriqqa (naryadga) imzo qoʻyadi va uni tezkor xodimga topshiradi yoki u boʻlmagan taqdirda amaldagi topshiriqlar (naryadlar) jildida qoldiradi.
Agar javobgar rahbar tayinlanmagan boʻlsa, ish bajaruvchi topshiriqni (naryadni) tezkor xodimlarga topshiradi.
62. Topshiriqning (naryadning) yopilishi tezkor jurnalda tegishli yozuv bilan rasmiylashtiriladi. Topshiriq (naryad) faqat tezkor xodimlar tomonidan ish joyi va qurilma koʻrikdan oʻtkazilib, begona jismlar, asbob-uskunalar, odamlar yoʻqligi tekshirilgandan va tegishli tozalik taʼminlangandan keyingina yopilishi mumkin.
63. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmogʻining uchastkasini ishga tushirish faqatgina topshiriq (naryad) yopilgandan keyin va topshiriq (naryad) bergan shaxs ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.
Agar oʻchirilgan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmogʻining uchastkasida ishlar bir necha topshiriq (naryad) boʻyicha oʻtkazilgan boʻlsa, uni ishga tushirish faqat barcha topshiriqlar (naryadlar) berkitilganidan keyin amalga oshiriladi.
64. Topshiriq (naryadlar) boʻyicha ishlar bajarib tugatilgandan soʻng ular 30 kun davomida saqlanishi kerak, keyin esa ularni saqlash talab etilmaydi.
Agar topshiriq (naryad) boʻyicha ishlarni bajarishda avariya yoki shikastlanish sodir boʻlgan boʻlsa, bu topshiriqlar (naryadlar) tashkilotning arxivida saqlanishi shart.
9-§. Pudratchi tashkilotlarning ishlari
65. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini taʼmirlash taʼmirlovchi tashkilotning taʼmirlash sexi tomonidan amalga oshirilgan hollarda, xodimlarning yetarli malakaga ega ekanligi uchun javobgarlik taʼmirlovchi tashkilotning taʼmirlash sexi rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
66. Sex yoki uchastkada taʼmirlash, sozlash va boshqa turdagi ishlar tashkilot bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida bir vaqtning oʻzida bir nechta tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan hollarda, sex maʼmuriyati taʼmirlash va sozlash ishlarini olib boruvchi tashkilotlar rahbariyati bilan birgalikda ishlarning moslashtirilgan yagona grafigini hamda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha umumiy tadbirlarni ishlab chiqishi shart. Ushbu tadbirlar tashkilot rahbari (yoki bosh muhandis) tomonidan tasdiqlanishi lozim.
67. Birgalikda bajariladigan ish jadvali va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha harakatlarni muvofiqlashtirish uchun masʼuliyat tashkilot maʼmuriyati zimmasiga yuklanadi.
Oʻz uchastkalarida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi boʻyicha tadbirlarni tashkil etish va bajarish uchun javobgarlikni taʼmirlash uchastkalarining rahbarlari olib boradi.
4-bob. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarga xizmat koʻrsatish
68. Isteʼmolchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarining texnik holati, ular tomonidan texnik ekspluatatsiya va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (bundan buyon matnda Inspeksiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Inspeksiyaning vakolatli vakillari qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi.
69. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va uskunalarga xizmat koʻrsatish hamda taʼmirlashda xavfsizlikning asosiy texnik talablari mazkur Qoidalarning 6-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Issiqlik punktlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash
70. Issiqlik punktlarining nazorat oʻlchash vositalarini taʼmirlash tashkilot boʻlinmasi yoki mazkur ishlarni bajarish vakolatiga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
71. Isteʼmolchilarning issiqlik punktlaridagi uskunalarga bevosita xizmat koʻrsatish (ulash, oʻchirish, rostlash, taʼmirlash va boshqalar) tashkilotlarning masʼul xodimi tomonidan amalga oshirilishi shart.
72. Issiqlik tarmoqlariga va issiqlik punktlariga xizmat koʻrsatishda xavfsizlikning texnik talablari mazkur Qoidalarning 7-ilovasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
73. Issiqlik tarmoqlarini hisoblangan bosim va harorat boʻyicha sinovdan oʻtkazish tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosarining bevosita nazorati ostida bosh energetik (mexanik) tomonidan tasdiqlangan va elektr taʼminoti tashkiloti (ustaxona) bilan kelishilgan dasturga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6-bob. Yakunlovchi qoida
74. Mazkur Qoidalarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 1-ILOVA
Yuk koʻtaruvchi mexanizmlar va moslamalarni sinash meʼyorlari va muddatlari
Izoh:
1. Iyu — ruxsat etilgan ishchi yuklama, kg.
2. Statik sinashlarning natijalari qoniqarsiz boʻlganda, dinamik sinashlar yukni qayta koʻtarish va tushirish orqali amalga oshiriladi.
3. Statik sinashda tekshirilayotgan yuk yerdan yoki pol sathidan 200 — 300 mm balandlikda joylashtirilishi shart.
4. Sinash paytida yoʻgʻon arqonlar va zanjirlar sinash yuklamalarida uzilmasligi, joylari koʻrinarli choʻzilmasligi hamda zanjirlarning alohida boʻgʻinlari sinash yuklamasini ushlab turishlari shart.
5. Sinashdan oldin yuk koʻtaruvchi mexanizmlar va moslamalar tekshirilgan (koʻzdan kechirilgan) boʻlishi, zarur hollarda esa taʼmirlanishi shart.
6. Barcha mexanizmlar va moslamalar mukammal taʼmirdan soʻng navbatdagi sinash muddatidan qatʼi nazar sinashdan oʻtkazilishi shart.
7. Vintli domkratlar davriy sinashlardan oʻtkazilmaydi. Biroq, uch oyda bir marta va ishlatishdan oldin koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
8. Jadvalda koʻrsatilgan yuk koʻtaruvchi mexanizmlar va moslamalarni ishlatishdan oldin koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 2-ILOVA
Ishlab chiqarish xonalaridagi ishchi hududda zararli gazlar, bugʻlar, changlar va havodagi boshqa aerozollarning ruxsat etilgan chegara miqdorlari (konsentratsiyalari)
1. Ish joyi — xodim shartnomada shart qilib koʻrsatilgan mehnat vazifasiga koʻra mehnat faoliyatini amalga oshiradigan ish beruvchi (tashkilot, uning alohida boʻlinmasi yoki jismoniy shaxs), shuningdek ishchi mehnat qilishi kerak boʻlgan joy;
Ishlab chiqarish jarayonlari xonaning turli nuqtalarida amalga oshirilgan taqdirda, ish joyi sifatida butun ishlab chiqarish xonasi qabul qilinadi.
2. Tarkibida uglerod oksidi mavjud boʻlgan atmosferada ishlash davomiyligi 1 soatdan oshmagan taqdirda, uglerod oksidining ruxsat etilgan chegaraviy konsentratsiyasi 50 mg/m³ gacha, ishlash davomiyligi 30 daqiqadan oshmagan taqdirda — 100 mg/m³ gacha, ishlash davomiyligi 15 daqiqadan oshmagan taqdirda esa — 200 mg/m³ gacha oshirilishi mumkin. Ishchi hudud havosida uglerod oksidi konsentratsiyasi oshirilgan sharoitlarda ishlarni qayta boshlash kamida 2 soatlik tanaffusdan soʻng amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
3. Bir vaqtning oʻzida havoga bir necha turdagi erituvchilarning (atseton, spirtlar, efirlar, uksus kislotasi) hamda zararli gazlarning (sulfat va sulfit angidrid, xlorli va ftorli vodorod hamda boshqalar) bugʻlari ajralib chiqqanda, umumiy almashuvchi ventilyatsiyani hisoblash har bir erituvchi va har bir zararli gazni belgilangan meʼyor darajasigacha suyultirish uchun zarur boʻlgan havo hajmlarini qoʻshish yoʻli bilan amalga oshirilishi kerak.
Bir vaqtning oʻzida bir necha turdagi gazlar va bugʻlar (erituvchilar va zararli gazlardan tashqari) ajralib chiqqan taqdirda, ventilyatsiya hisob-kitobi kattaroq havo hajmini talab qiluvchi zararli modda boʻyicha amalga oshiriladi.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 3-ILOVA
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 4-ILOVA
Topshiriqlar (naryadlar) va farmoyishlar boʻyicha ishlarni roʻyxatga olish jurnali
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 5-ILOVA
Alohida ishlarni bajarishda xavfsizlik texnikasi qoidalari
1-bob. Suyuqlik omborlari (rezervuarlar), quduqlar va drenajli kanallardagi ishlar
1. Baklar, rezervuarlar va apparatlar ichidagi koʻriklar, tozalash, taʼmirlash hamda boshqa ishlar topshiriq (naryad) boʻyicha oʻtkazilishi shart.
2. Xodimlarga rezervuarlar, drenajli kanallar va quduqlarda ishga tushishga ruxsat berishdan oldin sexning smena boshligʻi (ruxsat beruvchi) va ishning javobgar rahbari bu rezervuarlar, drenajli kanallar va quduqlarga suv, bugʻ, agressiv suv kelib tushishi mumkin boʻlgan barcha oʻtkazuvchi quvurlarni sinchkovlik bilan tekshirishi shart.
Bunda oʻtkazuvchi quvurlar tiqinlar bilan berkitilgan boʻlishi va berkituvchi qurilmalarda “OCHILMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” yozuvli plakatlar osilishi lozim.
Ogohlantiruvchi plakatlarga qoʻyiladigan talablar va ularni oʻrnatish joylari mazkur Qoidalarning 8-ilovasidagi 1-jadvalga muvofiq belgilanadi.
3. Rezervuarlar, shuningdek, quduqlar va kanallar ichida ishlayotgan har bir ishchi bajarilayotgan ish sharoitiga mos boʻlgan shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
4. Gaz xavfi mavjud boʻlgan yer osti inshootlari yoki rezervuarlar ichida ishlarni bajarishda qutqarish kamarlari va arqonlardan foydalanish majburiy hisoblanadi.
Qutqarish kamarlari yelkadan oʻtadigan tasmalar, ular kesishgan joyda qutqarish arqonini mahkamlash uchun halqa boʻlishi shart. Kamar shunday tanlanishi kerakki, halqa kurakdan pastda boʻlmasligi lozim.
Kamarlarni yelkadan oʻtadigan tasmalarsiz qoʻllash taqiqlanadi.
5. Har bir gaz xavfi mavjud boʻlgan ishlarni boshlashdan oldin gazga qarshi niqoblarning germetikligi tekshirilishi shart.
Kiyilgan gazga qarshi niqoblarning gofralangan shlangi qoʻl bilan qattiq qisilganda, nafas olish mumkin boʻlmasa, gazga qarshi niqoblar ishga yaroqli hisoblanadi. Agar nafas olish mumkin boʻlsa, bu gazga qarshi niqoblar yoki shlang orqali havo oʻtayotganini bildiradi va gazga qarshi niqoblar ishlatishga yaroqsiz hisoblanadi.
6. Tekshirish quduqlarining qopqoqlari uzunligi 500 mm dan kam boʻlmagan, diametri 10 mm dan kam boʻlmagan poʻlatdan tayyorlangan maxsus kalitlar bilan ochilishi kerak. Qopqoqlarni qoʻl bilan ochish (kalitsiz) taqiqlanadi. Ochiq qopqoqli quduqlar oldida vaqtinchalik panjaralar va mustahkam toʻsiqlar qoʻyilishi, tunda yoritilishi lozim.
Rezervuar, kanal yoki quduqqa tushishdan oldin ular tabiiy yoki sunʼiy ventilyatsiya yoʻli bilan yaxshilab shamollatilishi va koʻchma gaz analizatori yordamida gazlar yoʻqligi tekshirilishi shart. Gazning borligini olov yoqib tekshirish qatʼiyan taqiqlanadi.
Barcha hollarda shamollatish samaradorligi ish boshlashdan oldin havoni qayta tahlil qilish orqali tekshirilishi shart.
7. Yer osti inshooti yoki rezervuarining pastki va yuqori qismidagi havoni tekshirish shamollatish qiyin boʻlgan joyida amalga oshirilishi lozim. Yuqori hududidan tahlilga olishda shlangning uchini ichkariga 20 — 30 cm ga tushirish kerak. Bunday holda havodan kam zichlikka ega boʻlgan zararli moddalar aniqlanishi mumkin. Havodan ogʻir boʻlgan zararli moddalarni aniqlash uchun yer osti inshootining pastki qismidan tahlil olinishi va shlangning uchi poldan (tuproqdan) kamida 1 m ga tushirilishi kerak.
8. Yer osti inshooti yoki rezervuarga havodan tahlil olish uchun tushish taqiqlanadi.
9. Yer osti inshooti yoki rezervuarda ish boshlashdan oldin va ish vaqtida uni tabiiy yoki majburiy shamollatish taʼminlanishi shart.
Kamera va kanallarni tabiiy shamollatish kamida ikkita qopqoqni ochish bilan bajarilishi lozim. Qopqoqlar oldida havo oqimini yoʻnaltiruvchi maxsus peshtaxta oʻrnatilishi shart.
Yer osti inshooti yoki rezervuarda zararli moddalar bor boʻlganda yoki undagi havo harorati 330S dan yuqori boʻlganda majburiy shamollatish oʻtkazilishi shart.
Majburiy ventilyatsiya yer osti inshooti yoki rezervuarida koʻchma ventilyator yoki kompressor bilan havoni butunlay almashtirish orqali 10 — 15 daqiqa ichida taʼminlanishi lozim. Yer osti inshootiga tushirilgan shlang pol sathiga 20 — 25 cm yetmasligi shart.
Agar tabiiy yoki majburiy shamollatish zararli moddalarni butunlay yoʻqotishni taʼminlamasa, yer osti inshooti yoki rezervuarga faqat shlangli gazga qarshi niqoblar bilan tushishga ruxsat beriladi.
10. Yer osti inshooti yoki rezervuarni kislorod bilan shamollatish taqiqlanadi.
11. Yer osti inshootlarining ochiq qopqoqlaridan kamida 5 m masofada transport harakati har ikki tomondan cheklanib, mazkur hududda harakatga toʻsqinlik qiluvchi toʻsiqlar hamda yoʻl harakati belgilari oʻrnatilishi shart. Kechki paytlarida va koʻrinish cheklangan boshqa sharoitlarda toʻsiqlar kuchlanishi 42 V dan oshmaydigan elektr chiroqlar bilan yoritilishi shart.
Toʻsilgan hudud qish vaqtida qordan, muzdan tozalangan va qum sepilgan boʻlishi lozim. Yer osti inshootidagi ishlar 2 soatdan ortiq davom etgan taqdirda, ochiq qopqoq oldida transport harakatining har ikki tomoniga oʻrnatiladigan koʻchma uch oyoqlardan toʻsiq sifatida foydalanish mumkin.
Xodimlar tanaffus vaqtida yoʻlning qatnov qismida boʻlishi taqiqlanadi.
12. Yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda ishlash uchun kamida 3 kishidan iborat boʻlgan, majburiy davriy koʻrikdan va yoʻriqdan oʻtgan ishchilar tayinlanishi shart. Ulardan ikkitasi qopqoq oldida boʻlishlari va ishlayotgan ishchining holatini va shlangli gazga qarshi niqoblar havo oʻtkazuvchi quvurini kuzatishlari shart. Ish joyiga begona shaxslar kirishiga ruxsat berilmaydi.
13. Kuzatuvchilar yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda xodim mavjud boʻlgan vaqtda mazkur inshootlar oldidan uzoqlashishiga hamda boshqa ishlarga chalgʻishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Katta uzunlikka yoki chuqurlikka ega boʻlgan yer osti inshootlarida ishlarni bajarishda ishchini bevosita kuzatish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, u bilan oldindan kelishilgan signallar yoki telefon aloqasi orqali uzluksiz aloqa oʻrnatilishi shart.
Yer osti inshootida ishlayotgan ishchi oʻzini yomon his etsa, ishni toʻxtatishi va yuqoriga chiqishi lozim. Bunda kuzatuvchi atrofdagi xodimni jalb qilib, unga yordam berishi shart.
Jabrlangan shaxs oldiga tushish zarurati tugʻilgan taqdirda, kuzatuvchilardan biri gazga qarshi niqoblar va qutqaruv belbogʻini kiyishi hamda qutqaruv arqonining bir uchini yuqorida qolgan kuzatuvchiga berishi shart.
14. Yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda boʻlish vaqti, shuningdek dam olish (inshootdan chiqish bilan) davomiyligi ish sharoiti va ishning xususiyatidan kelib chiqib, topshiriq (naryad) beruvchi tomonidan aniqlanadi hamda mazkur Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan topshiriqning (naryadning) “Alohida shartlar” ustunida koʻrsatiladi.
Zaharli gazlar ajralib chiqishi mumkin boʻlgan rezervuarlarda ishlaganda har 15 daqiqada, quduqlarda ishlaganda har 20 daqiqada ishchilarni rezervuardan (quduqdan) chiqarish orqali tanaffuslar berish koʻzda tutilishi lozim. Tanaffusning davomiyligi ish sharoitiga bogʻliq ishning javobgar rahbari tomonidan belgilanadi va topshiriqda (naryadda) koʻrsatiladi.
15. Yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda havo harorati 330S dan yuqori boʻlganda ishlashga faqat ayrim hollarda (agar avariya kishilar hayotiga xavf solsa, uskunalarning buzilishiga olib kelsa va boshqalar) ishning javobgar rahbarining ruxsati bilan va bevosita uning rahbarligida zarur choralarni qabul qilish bilan ruxsat beriladi.
Yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda havo harorati 33°C dan yuqori boʻlgan taqdirda ishlar maxsus kiyimda bajarilishi shart. Yer osti inshootlarida nam havo yoki rezervuarlarda suyuq muhit mavjud boʻlgan hollarda rezinali oyoq kiyimlardan foydalanish majburiy hisoblanadi.
16. Yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda suvning sathi (pol sathidan) 200 mm dan yuqori boʻlganda, shuningdek suvning harorati 450Sdan yuqori boʻlganda ishlash taqiqlanadi.
17. Yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda ishlar gazga qarshi niqoblarda bajarilganda, ish jarayoni har 20 daqiqadan soʻng 10 daqiqalik tanaffus (yuqoriga chiqib dam olish) bilan olib borilishi shart.
18. Gaz xavfi mavjud boʻlgan yer osti inshootlari yoki rezervuarlarda ishlarni bajarishda kuzatuvchi va ishchi oʻrtasida aloqa oʻrnatish uchun quyidagi signallardan foydalaniladi:
yer osti inshootida (rezervuarda) ishlayotgan ishchi tomonidan qutqaruv arqonining bir marta tortilishi “Shlang va arqonni tort” signalini anglatadi. Bunda kuzatuvchi avval bir marta tortish orqali signal berib, yer osti inshooti yoki rezervuardan shu tarzda javob olgandan soʻng tortishni boshlashi shart. Agar javob signali olinmasa, faqat shlang va arqonni emas, balki ishchini ham darhol chiqarib olish zarur, chunki tortish ishchining yiqilishi yoki boshqa favqulodda holat natijasida yuzaga kelgan boʻlishi mumkin;
ikkita tortish “Shlang va arqonni tashla” maʼnosini anglatadi. Bunday signalni yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda ishlayotgan ishchi bir yerdan ikkinchi yerga oʻtish zarur boʻlganda beradi;
uchta tortish “hammasi joyida” maʼnosini anglatadi.
Gaz xavfi mavjud boʻlgan yer osti inshootlari yoki rezervuarlarda ishchi tomonidan arqon va shlang tortiladi. Shu munosabat bilan kuzatuvchi arqon va shlangni shunday tarzda ushlashi kerakki, uning erkin harakatlanishiga toʻsqinlik qilmasligi hamda ishchining yiqilishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
Ishlayotgan shaxs harakatdan toʻxtagan zahoti signal berishi (uchta tortishi) kerak. Bu “hammasi joyida” degan maʼnoni anglatadi. Kuzatuvchi shlang va arqon harakati toʻxtaganda, signal mavjud boʻlmasa, ishlayotgan xodimdan bir marta tortish orqali javob signalini talab qilishi shart. Bunda u uchta tortish bilan javob olishi kerak.
Kuzatuvchi tomonidan bir necha marotaba qutqarish arqonini tortish, gazdan xavfli yer osti inshootida yoki rezervuarda ishlayotgan ishchining qopqoq oldiga kelishi yoki tepaga chiqishi shartligini bildiradi. Rezervuar ichidagi ishlayotgan kishi bergan shunday signallar, uni chiqarib olish talabini anglatadi.
19. Baklar, rezervuarlar va apparatlarning qopqoqlari va kirish yoʻlaklarini berkitishdan oldin, ishning javobgar rahbari va ish bajaruvchi ichkarida tasodifan biron-bir ishchi qolib ketmaganini, shuningdek materiallar, vositalar, maxsus kiyim va boshqa predmetlar qolmaganligiga ishonch hosil qilishi shart. Yer osti inshootlarida yoki rezervuarlarda ishlar tugatilgandan keyin qopqoqlarni ochiq qoldirish taqiqlanadi.
2-bob. Simob bilan ishlaganda asosiy xavfsizlik talablari
20. Simobli vositalar bilan asosiy ishlar (simobni toʻkish va toʻldirish, tekshirish, yigʻish, simobli vositalarni taʼmirlash va tozalash, simobni tozalash va filtrlash) boshqa xonalardan alohida boʻlgan maxsus ajratilgan simobli xonalarda olib borilishi shart.
21. Difmanometrlarni va sarf oʻlchagichlarni taʼmirlash, ulash va uzish, shuningdek ularga simob quyishni maxsus ajratilgan va oʻqitilgan xodim amalga oshirishi shart.
22. Simobli termometrlar maxsus metall qisqich bilan himoyalangan boʻlishi shart. Termometr gilzaga ehtiyotkorlik bilan va bir maromda tushirilishi shart.
Agar termometr gilzaning ichida sinib ketsa, bu holda issiqlik punktini oʻchirish kerak, termometrni shikastlangan gilza bilan chiqarib olish va gilza joyiga oʻrnatilguncha uni yaxshilab yuvish kerak. Simob suv bilan toʻldirilgan maxsus idishga yoki silliqlangan tiqin bilan yigʻib olinishi shart.
23. Maxsus ajratilgan xonalarda, shuningdek ishlab chiqarish xonalarida (avariya holatlarida) simob oʻlchov vositasi va apparatlardan faqat suv bilan toʻldirilgan idishlarga toʻkilishi shart.
Simob polga toʻkilishini oldini olish uchun simobli idishlar qora metalldan tayyorlangan sirlangan idishlarga oʻrnatilishi shart.
24. Tarkibida suv boʻlmasligi lozim boʻlgan oʻlchov vositalari (barometrlar, vakuummetrlar va boshqalar) simob bilan faqat simobli vositalar bilan ishlashga moʻljallangan xonalarda majburiy tarzda tortuvchi zont ostida toʻldirilishi shart.
25. Ishlab chiqarish xonalarida joylashgan oʻlchov vositalari va apparatlarda germetiklik buzilgan taqdirda simobning oqib ketishi oldini olish maqsadida mazkur oʻlchov vositalari va apparatlarning pastki qismi suv bilan toʻldirilgan yigʻib oluvchi idishlar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
26. Simob ochiq idishlarda joylashgan barometrlar va vakuummetrlarda bugʻlanishning oldini olish maqsadida uning ustiga 1-2 mm qalinlikda glitserin qatlami quyilishi shart. Moʻrt shisha detallarga ega boʻlgan simobli barometrlar va vakuummetrlar shisha qopqoqli yogʻoch yoki metall qutilarda oʻrnatilishi shart.
27. Simob bilan toʻldirilgan termometrlar gʻiloflarda saqlanishi va tashilishi shart. Ish joylarida oʻrnatilgan termometrlar himoya qiluvchi metall qobiqlarga (qisqichlarga) ega boʻlishi shart.
28. Ishlatilmayotgan simobli oʻlchov vositalari va apparatlar maxsus jihozlangan stolda oldindan simobdan tozalanib, omborxonaga yoki taʼmirlash uchun ustaxonaga topshirilishi shart. Ishlatilmayotgan va singan oʻlchov vositalari hamda apparatlarni ishchi xonalarda saqlash taqiqlanadi.
29. Simob bilan toʻldirilgan oʻlchov vositalarini puflash, ulash va uzish ishlari simobning quvurlar orqali yoki ishlab chiqarish xonalariga chiqib ketishini oldini olish maqsadida oʻta ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi shart.
30. Toʻkilgan simob zudlik va sinchkovlik bilan germetik ballonlar yoki sirlangan (chinni) idishlarga yigʻishtirib olinishi shart. Simob tomchilarining pol boʻylab tarqalishini oldini olish maqsadida u ifloslangan uchastkada markazga yoʻnaltirib yigʻishtiriladi. Toʻkilgan simobni yigʻishtirishda rezina pompadan foydalaniladi. Toʻkilgan simobning toʻliq yigʻishtirilgani lupa orqali tekshiriladi.
Qolgan simob poldan 0,2% li kaliy yoki 20% li xlorli temir qorishmasi shimdirilgan eski mato bilan chiqarib tashlanadi.
31. Xonaning biron-bir joyida qolib ketgan yoki toʻkilgan simobning oz miqdori boʻlsa ham aniqlangan taqdirda, uni payqagan xodim bu haqda darhol yuqori turuvchi rahbarga xabar berishi va zarur choralar koʻrilishini taʼminlashi shart.
Ish xonalarida har bir simobning oqib ketish holatlari yuz berganda dalolatnoma tuziladi. Ushbu dalolatnoma xavfsizlik texnikasiga javobgar tashkilot maʼmuriyati, shuningdek sex (uchastka) boshligʻi va tashkilotning kasaba uyushmasi vakilidan iborat shaxslar tomonidan imzolanadi.
Dalolatnomada simob oqib ketgan joy va sabablari koʻrsatiladi va xonaning zaharlanishi (taxminan) aniqlanadi.
32. Simob bilan ishlovchi xodimlarga simobni qoʻlga olish, shuningdek oʻlchov vositalarida ogʻiz orqali havoni soʻrish yoki apparatga kiritish orqali sunʼiy bosim hosil qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
3-bob. Aylanuvchi mexanizmlarni taʼmirlash
33. Topshiriq (naryad) boʻyicha bajariladigan podshipniklarning ichki elementlari, birlashtiruvchi muftalar va aylanuvchi mexanizmlarning (nasoslar, ventilyatorlar, elektr dvigatellar) boshqa qismlarini taʼmirlash boʻyicha ishlar boshlanguncha, ishga qoʻyuvchi, ishning javobgar rahbari va ish bajaruvchi taʼmirlashga tayyor mexanizmlarning elektr dvigatellari, barcha toʻsiqlari, surilma qopqoqlari, joʻmraklari va boshqa birikmalarining ishlab turgan agregatlar va uzatuvchi quvurlardan oʻchirilganligini, shuningdek oʻchirilgan organlarda “OCHILMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” yozuvli plakatlari mavjudligini shaxsan oʻzlari tekshirishga majbur hamda ish joylarida “Bu yerda ishlansin!” yozuvli plakat osilgan boʻlishi shart.
Elektr dvigatelni taʼminlovchi kabel uchlari elektr dvigatelning birlashtiruvchi qutisidan uzib qoʻyilgan va izolyatsiyalangan boʻlishi shart.
34. Yuqori kuchlanishli elektr dvigatelini oʻchirish uzgichlar va ajratgichlar orqali, uning tasodifan qayta ulanishining oldini oladigan choralar koʻrilgan holda amalga oshirilishi shart. Elektr dvigatelining boshqaruv organlarida (bevosita va masofadan turib) “ULANMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” yozuvli plakatlar osilgan boʻlishi shart.
Taʼminlovchi kabelni uzish va saqlagichlarni olib qoʻyishni elektrotexnik xodim bajarishi shart.
35. Nasosni qismlarga ajratishdan oldin uni uzatuvchi quvurdan bosim toʻliq bartaraf etilgan holda toʻgʻri uzilganligiga, shuningdek berkituvchi armaturaning zichligiga ishonch hosil qilinishi shart. Berkituvchi armatura zanjir va troslar yordamida qulflanishi lozim. Armatura zich boʻlmagan taqdirda, qoʻshimcha ravishda tiqinlar oʻrnatilishi shart.
36. Plakatlarni olib tashlash va elektr dvigatelni ulash, faqat tezkor jurnalga ishlar tamom boʻlganligi haqida yozilgandan va topshiriq (naryad) berkitilgandan keyin amalga oshirilishi mumkin.
Topshiriq (naryad) toʻliq yopilguncha taʼmirlanayotgan uskunani sinash uchun elektr dvigatelga kuchlanishni berishga ishning javobgar rahbari talabi boʻyicha ruxsat etiladi.
Bunda sinash uchun ulash ushbu Qoidalarning 58-bandiga muvofiq oʻtkaziladi.
37. Elektr dvigatelni brezent bilan yopishga ruxsat etilmaydi. Ishlayotgan elektr dvigatelni himoya qilish zarur boʻlsa, uni taxtalar, fanerlar bilan toʻsish, yogʻoch yoki metall qoplama bilan berkitish kerak.
38. Elektr dvigatellar, nasoslar va boshqa mexanizmlarning barcha ochiq harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlari, xizmat koʻrsatuvchi va atrofidan oʻtayotgan xodimlarni himoya qilish maqsadida, ishonchli toʻsilgan boʻlishi shart. Taʼmirlash vaqtida olib tashlangan saqlovchi toʻsiqlar taʼmir tugagach, elektr dvigatelga kuchlanish bergunga qadar oʻz joyiga oʻrnatilishi va mahkamlanishi shart.
39. Elektr dvigatelda yongʻin yuzaga kelganda uni darhol tarmoqdan oʻchirish, kukunli “AVSE” yoki karbonat angidridli oʻt oʻchirgich yordamida oʻchirishga harakat qilish va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalariga qoʻngʻiroq qilish lozim. Elektr dvigateldagi yonish oʻchogʻini oʻchirish uchun qumdan foydalanish taqiqlanadi.
40. Aylanuvchi mexanizmni ishga tushirishdan oldin, shu jumladan sinashdan oldin, birlashtirish muftasi yigʻilgan boʻlishi shart. Aylanuvchi qismlarning barcha toʻsiqlari oʻrnatilishi, xavfsizlik belgilari olib tashlanishi, asbob-uskuna va materiallar yigʻishtirilishi hamda odamlar ish joyidan chiqarilishi shart.
4-bob. Issiqlik izolyatsiyasi va gidroizolyatsiya ishlari
41. Issiq yuzalarni issiqlik izolyatsiya qilish ishlari izolyatsiyalanayotgan uskuna joylashgan sex tomonidan rasmiylashtirilgan topshiriq (naryad) asosida bajarilishi shart.
42. Issiqlik izolyatsiya ishlarini boshlashdan oldin ishga qoʻyuvchi ishning javobgar rahbari va ish bajaruvchi bilan hamkorlikda izolyatsiya qiluvchi ishchilarga xavfsizlik texnikasi boʻyicha tushuntirish berishi, bugʻlanish, oqish va uskunaning boshqa nosozliklari yoʻqligiga ishonch hosil qilishi shart.
43. Balandlikdan oʻtgan issiqlik quvurlarini, shuningdek issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini izolyatsiya qilish boʻyicha ishlar zich toʻshamaga ega boʻlgan qurilish havozalaridan turib bajarilishi shart.
Havozalar va soʻrilarning qabul qilish maydonchalari materiallar bilan yuklanmasligi shart. Shuningdek, ularning teshiklari chetlarida hamda boʻrtli toʻsinlaridan yuqori qismida materiallarni taxlash taqiqlanadi.
44. Qish faslida ochiq havoda joylashgan izolyatsiya ishlarini bajaruvchi ishchilarning ish joylari yigʻiladigan shitlar bilan himoyalanishi shart.
45. Izolyatsiya qilinuvchi yuzalarni metall choʻtkalar bilan tozalashda himoya qiluvchi koʻzoynaklar va qoʻlqoplarda, kislota bilan tozalaganda esa himoya koʻzoynaklari, rezina etiklar va qoʻlqoplarda amalga oshirilishi shart.
46. Kameralar, xandaqlar va boshqa tor joylarda izolyatsiya qiluvchi qatronni qaynatish va isitish, shuningdek izolyatsiyalovchi aralashmalarni tayyorlash taqiqlanadi.
47. Izolyatsiya qiluvchi qatron va bitumli tarkibni qaynatish va qizdirish uchun qozonlar zich berkiladigan, olovga chidamli qopqoqlarga ega boʻlishi shart. Qozonlarni sigʻimning 3/4 qismidan ortiq toʻldirishga ruxsat berilmaydi.
Qozonlar ushbu maqsad uchun maxsus ajratilgan va rejalashtirilgan maydonchalarda, yogʻoch qurilishlar va omborlardan kamida 50 m, shuningdek xandaq yoki chuqurlik chetidan kamida 15 m masofada oʻrnatilishi shart. Har bir qaynatish qozoni oldida doim yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari (koʻpikli oʻt oʻchirgichlar, qum) mavjud boʻlishi shart.
48. Kamera va tunnellarda bitumli materiallardan foydalanib gidroizolyatsiya ishlari bajarilganda, ish joylari kamida 20-marta havo almashinuvini taʼminlovchi mahalliy ventilyatsiya hamda portlashdan himoyalangan mahalliy yoritish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
49. Qatronni qaynatish, qizdirish va transportda tashish boʻyicha ishlarni bajaradigan ishchilar oldindan xavfsizlik texnikasi boʻyicha yoʻriqdan oʻtishlari shart:
qaynatish qozonini ortish va tushirish;
qatronni qaynatish va qizdirish, suvning qaynatish qozoniga tushish va qatronning sachrash xavfini tushuntirish;
qaynoq qatronni transportga ortish.
50. Ishlab turgan uskunalarda pardozlash ishlaridan tashqari, issiqlik izolyatsiyasining himoya qatlamini oʻrnatish, gʻiloflash hamda boshqa issiqlik izolyatsiyasi ishlarini bajarish taqiqlanadi.
51. Issiqlik izolyatsiyasi qilinishi lozim boʻlgan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarida ishlarni boshlashdan oldin bugʻlanish va oqish holatlarining yoʻqligiga, shuningdek qoʻshni ishlab turgan uskunalarning barqaror ishlash rejimiga ishonch hosil qilinishi shart.
52. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarida gidravlik sinovlar oʻtkazilayotganda uskunalarni yoki uzatuvchi quvurlarni sinash hududlarida izolyatsiya ishlarini olib borish taqiqlanadi.
53. Izolyatsiyalovchi qatronni rezina qoʻlqoplarda va himoya koʻzoynaklarida surish kerak.
54. Mineral, toshqol, shisha, paxta va ularning mahsulotlari bilan ishlash, shuningdek gʻishtni va plitalarni kesish, silliqlash va tozalash himoya koʻzoynaklari, niqoblar va zich materialdan tikilgan qoʻlqoplarda bajarilishi shart. Maxsus kiyim-boshning yengi va yoqasi bogʻlangan boʻlishi, shim etikning ustidan (chiqarilib) kiyilishi shart. Shimarilgan yeng bilan ishlash taqiqlanadi.
Suyuq shisha, issiqlik izolyatsiyali hamda tarkibida suyuq shisha mavjud boʻlgan boshqa qatronsimon materiallar bilan ishlashda, shuningdek ohak-asbotsementli, perlitli, vermikulitli qorishmalar va qatrondan foydalanib izolyatsiya va shtukaturka ishlarini bajarishda rezinali, kislota va ishqorga chidamli qoʻlqoplar hamda himoya koʻzoynaklaridan foydalanish shart.
55. Issiqlik izolyatsiyali mahsulotni kesishdan oldin statsionar yoki koʻchma sirkulyar arra qattiq mahkamlanishi shart, toʻsiqlar oʻrnatilishi va tortuvchi ventilyatsiya ulanishi shart. Arraning aylanayotgan diskiga qoʻl bilan yaqinlashish taqiqlanadi, shuningdek yogʻoch itargichlardan foydalanish zarur.
56. Statsionar yoki koʻchma sirkulyar arra bilan ishlashga faqat oʻqitilgan va yoʻriq olgan ishchilar quyiladi.
Issiqlik izolyatsiyasi ishlari bajarilganda va simlar qoʻllanilganda, simli izolyatsiya karkasi hamda mustahkamlovchi detallarning uchlari qayiltirilgan boʻlishi va izolyatsiyalovchi yoki pardozlovchi qatlam bilan berkitilishi shart. Sim uchlarini qayiltirmasdan qoldirish hamda kuydirilmagan simdan foydalanish taqiqlanadi.
57. Izolyatsiyalovchi materiallar yuqoriga koʻtarib berilishi mexanik ravishda amalga oshirilishi kerak.
Changlanuvchi izolyatsion materiallar (mineral yoki shisha paxta) ish joyiga konveyerlar orqali yoki paketlarda, chang tarqalishiga yoʻl qoʻymaydigan shartlarga rioya etgan holda yetkazilishi shart.
58. Eski izolyatsiyani qismlarga ajratish va yangisini surkashda uzatuvchi quvurlar hamda uskunalar devorlariga urish taqiqlanadi. Izolyatsiyani qismlarga ajratish ishlari himoya koʻzoynaklarida va faqat yuqoridan pastga yoʻnalishda bajarilishi shart. Chang chiqishining oldini olish maqsadida izolyatsiya namlanishi lozim. Izolyatsiya qoldiqlari, shuningdek ajratilayotgan izolyatsiya va chiqindilar yuqoridan tarnov orqali tushirilishi shart, ularni yuqoridan tashlash taqiqlanadi.
59. Flanetsli birikmalar, armaturalar, saqlash klapanlari, suv koʻrsatgichli shishalar, ishlab turgan uzatuvchi quvurlar va uskunalarga qarshi issiqlik izolyatsiyasi ishlarini bajarish taqiqlanadi. Shuningdek, buzilgan uskunalar va mexanizmlarda issiqlik izolyatsiyasi ishlarini bajarish taqiqlanadi.
5-bob. Balandlikdagi ishlar
60. 1 m dan yuqori boʻlgan balandlikdagi ishlarni bajarish uchun havozalar va soʻrilar mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
Havozalar va soʻrilar yogʻochli yoki yigʻma metallardan qurilgan boʻlishi kerak. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarining elementlari ustida havozalar va soʻrilarning qurilishi zarur boʻlganda havozalarning yogʻoch qismlari yonishdan himoyalangan boʻlishi shart.
61. Havozalar va soʻrilarni ekspluatatsiya qilishga faqat texnik shahodatlashdan oʻtgan hamda ularni maxsus komissiya qabul qilgandan keyin ruxsat beriladi.
Agar taʼmirlash ishlari pudratchi tashkilot tomonidan oʻzi qurgan havozalarda amalga oshirilayotgan boʻlsa, mazkur havozalarni ekspluatatsiyaga qabul qilish pudratchi tashkilot (uchastka) rahbarining buyrugʻi bilan tayinlangan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiyani havozalar va soʻrilarni qurayotgan tashkilotning javobgar vakili tomonidan boshqarilishi shart. Komissiya aʼzolari qilib bu havozalar va soʻrilarda ishlaydigan tashkilotning ishning javobgar rahbarlari (ish bajaruvchilari) tayinlanishi shart.
Havozalar va soʻrilarni qabul qilish dalolatnomasi havozalar va soʻrilarni qurgan tashkilot rahbari (yoki bosh muhandisi) tomonidan tasdiqlanadi. Dalolatnoma tasdiqlangunga qadar havozalar va soʻrilarda ishlash taqiqlanadi.
Havozalar va soʻrilarning holati ishning javobgar rahbari (ish bajaruvchilar) tomonidan har kuni ishlar boshlanmasdan oldin koʻzdan kechirilishi shart.
62. Havozalar va soʻrilarni inshootlarning chiqib turgan va barqaror boʻlmagan konstruksiyalariga mahkamlash, shuningdek qoʻshimcha yuklamalarga moʻljallanmagan konstruktiv elementlarga oʻrnatish taqiqlanadi.
Qizigan yuzalarning yoki uskunalarning elementlari ustida havozalar va soʻrilarni qurish zarurati mavjud boʻlganda, havozalar va soʻrilarning yogʻoch qismlari yonishdan himoyalangan boʻlishi shart.
63. Havozalar va soʻrilarning toʻshamalari tekis yuzaga ega boʻlishi hamda ular orasidagi tirqishlar 10 mm dan oshmasligi shart. Shuningdek, toʻshamalar havoza va soʻrilarning konstruksiyalariga ishonchli tarzda mahkamlangan boʻlishi lozim.
Toʻshamalarning oʻzaro kesishadigan qismlarining uchlari tayanchlarda joylashtirilishi va har ikki tomondan kamida 20 cm masofaga qoplab turishi shart.
Ostonalar hosil boʻlishining oldini olish maqsadida bir-biri bilan kesishadigan qismlarining uchlari kesib tashlanishi shart.
Toʻshamalarni texnik talablarga javob bermaydigan tayanchlarga tirab qoʻyish taqiqlanadi.
64. Toʻshamalarning tayanchlari va osma elementlari ularda ishchilar hamda materiallarning eng yuqori yuklamasi inobatga olingan holda yetarli mustahkamlik zaxirasi bilan hisoblanishi shart.
Ruxsat etilgan yuklamalar ishlab chiqaruvchiga va barcha ishchilarga maʼlum boʻlishi va ish jarayonida unga qattiq rioya qilinishi shart.
Tayanch ustunlari tebranishlardan tirgaklar va qiya tayanchlar bilan ishonchli mahkamlanishi shart.
Havozalar va soʻrilar oʻrnatilayotgan tuproq yuzasi tekislangan va zichlangan boʻlishi shart. Shuningdek, undan atmosfera yogʻinlarini chiqarib yuborish (suvni oqizish) taʼminlangan boʻlishi lozim.
65. Havozalarda odamlar va materiallarni koʻtarish hamda tushirish uchun mustahkam zinalar nazarda tutilgan boʻlishi, ogʻir materiallar va uskunalar detallarini koʻtarish uchun esa maxsus koʻtaruvchi qurilmalardan foydalanilishi lozim. Bunday qurilmalarni havozalar konstruksiyalariga bogʻlash taqiqlanadi.
Narvon orqali chiqish uchun toʻshamadagi teshik uch tomondan toʻsilgan boʻlishi shart. Agar teshik toʻrt tomondan toʻsilgan boʻlsa, yuklarni koʻchirish uchun alohida oʻtish joyi (ochiq qismi) nazarda tutilishi lozim.
66. Texnik talablarga javob bermaydigan tagliklardan (yashiklar, bochkalar), shuningdek arqonlardan toʻsiqlari bor mustahkam soʻrilarni qurmasdan ishlash taqiqlanadi.
67. Havozalar va soʻrilarni kranning uchiga ilingan yuk bilan urilishdan saqlash uchun bevosita havoza va soʻri yaqinida yukni koʻtarish bilan bir vaqtda kranning oʻqini burish taqiqlanadi.
Kran oʻqini burishda yukni havoza va soʻrining yuqori elementidan kamida 1 m masofada koʻtarish shart.
Toʻshamaga yukni tushirishni eng kichik tezlikda, bir maromda va turtkilarsiz amalga oshirish kerak.
68. Havozalar va soʻrilarda toʻshamalar koʻndalangi boʻyicha mahkamlanishi kerak.
Yer sathidan yoki toʻsiqlardan 1,5 m va undan yuqori balandlikda joylashgan havozalar va soʻrilar toʻshamalari xavfsizlik toʻsiqlari bilan jihozlangan boʻlishi shart. Ushbu toʻsiqlar balandligi kamida 1,3 m boʻlgan oraliq gorizontal elementlar yoki toʻrlardan, shuningdek balandligi kamida 15 cm boʻlgan bort elementlari (panjaralar)dan iborat boʻlishi lozim.
Havozalar va soʻrilarning toʻshamalari davriy ravishda hamda ishlar tugagandan soʻng chiqindilardan, shuningdek material qoldiqlaridan tozalanishi shart. Yilning qish faslida toʻshamalar qordan va muzdan tozalanishi, zarur boʻlganda qum sepilishi kerak.
69. Havozalar va soʻrilarni yigʻish va qismlarga ajratish ish bajaruvchi rahbarligida va kuzatuvida loyihalarda koʻzda tutilgan tartibga rioya qilib bajarilishi shart.
1 metrdan yuqori havozalar va soʻrilarni qismlarga ajratish boʻyicha ishlar boshlangunga qadar ish bajaruvchi yigʻishtirilishi kerak boʻlgan konstruksiyani koʻzdan kechirishi va qismlarga ajratishda ishtirok etayotgan ishchilarga ishlarini oʻtkazish ketma-ketligi, usullari, xavfsizlik choralari haqida ogohlantirish berishi shart.
Havozalar va soʻrilarni oʻrnatilayotgan va qismlarga ajratilayotgan hududlarga begona shaxslarning kirishi taqiqlanadi va “YOʻL BERK” yozuvli plakat osilgan boʻlishi shart.
70. Metall havozalar va soʻrilardan 5 m dan kam masofada joylashgan elektr simlari havozalar oʻrnatilayotgan yoki qismlarga ajratilayotgan vaqtda elektrdan uzib qoʻyilishi va yerga ulanishi, qutilarga berkitilishi yoki demontaj qilinishi shart.
71. Qisqa muddatli ishlarni 1,5 m dan yuqori balandlikda soʻrilarsiz (takelaj uskunalarni osish uchun) yoki soʻrilarda toʻsiqlarsiz bajarish zarur boʻlganda saqlovchi belbogʻlarni qoʻllash majburiydir.
Ishchilar qanday va qayerda koʻtarilish kerakligi, nimaga saqlovchi belbogʻlarning qulfli ilgagini mahkamlash kerakligi haqida maʼlumot olgan boʻlishlari shart.
Saqlovchi belbogʻlarda inventar raqami va keyingi sinash sanasi koʻrsatilgan tamgʻa boʻlishi shart. Sinash haqida belgi yoʻq boʻlganda, sinash muddati oʻtganda yoki koʻrik paytida nosozlik aniqlanganda saqlovchi belbogʻlarni qoʻllash taqiqlanadi. Bunday ishlar oʻtkazilayotgan joyda yuqorida ishlayotganlarga zudlik bilan yordam berishga tayyor, boshqa ishlar bilan mashgʻul boʻlmagan yordamchi ishchilar boʻlishi shart.
72. Yuqorida ishlarni bajarayotgan ishchi asbob-uskunalar yoki materiallarning pastda turgan ishchilar ustiga tushib ketishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
Ish bajarilayotgan joyning tagida uskunalar va odamlar boʻlsa, toʻshamalar mavjud boʻlmasa, ish joyining pastida saqlovchi toʻsiqlar oʻrnatilishi shart.
Panjarali maydonchada ishlaganda ulardan asbob-uskunalar va materiallar tushib ketishining oldini olish uchun zich taxtadan qilingan toʻshama oʻrnatilishi shart.
73. Chorpoya va toʻshamalar qurish imkoniyati boʻlmasa, katta boʻlmagan balandlikda qisqa vaqtli ishlarni koʻchma narvonlardan va qoʻsh oyoqli narvonlardan turib bajarishga ruxsat beriladi. Narvonlar va qoʻsh oyoqli narvonlar ishga yaroqli hamda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga mos boʻlishi shart. Narvonlarning yuqori pogʻonasidan turib ishlash taqiqlanadi.
74. Narvonlarni tayyorlash uchun quruq materiallardan foydalanish kerak, yaroqsiz materiallardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Tarang tortilgan chizimchaning qalinligi narvondan foydalanuvchi shaxs va u koʻtarayotgan yuk ogʻirligi taʼsirida egilishga yoʻl qoʻymasligi lozim. Narvon pogʻonalari tarang tortilgan chizimcha orqali turumga ishonchli tarzda mahkamlanishi shart. Pogʻonalarni mix bilan oʻymasdan tikish taqiqlanadi.
Qoʻshimcha narvonning tarang tortilgan chizimchasi kamida har 2 m oraliqda tortuvchi boltlar yordamida ishonchli tarzda mahkamlangan boʻlishi shart.
75. Qoʻshimcha narvonning uzunligi (balandligi) pogʻonasidan turib narvonning yuqorisidan 1 m dan kam boʻlmagan masofada joylashgan ishlarni bajarish imkoniyatini taʼminlashi shart.
Narvonlarni uzaytirishga faqat ularni metall xomutlar, boltli qoplamalar va boshqa mahkam biriktiruvchi vositalar yordamida ishonchli tarzda ulash orqali ruxsat etiladi.
Biriktirilayotgan narvonlarning tarang tortilgan chizimchalari yetarli darajada mustahkam boʻlishi shart. Bunda ikkita narvon biriktirilgandan soʻng ishchi asbob-uskunalari bilan koʻtarilganda sezilarli tebranish va egilish yuzaga kelmasligi lozim. Yogʻoch narvonlarning umumiy uzunligi barcha hollarda 5 m dan oshmasligi shart. 5 m dan yuqori balandlikda ishlarni bajarish uchun toʻsiqlari va metall yoylar bilan jihozlangan metall narvonlardan foydalanilishi lozim.
76. Agar ishlar detallarni bir vaqtning oʻzida ushlab turishni talab etsa, yuqori qismida maydoncha hamda saqlovchi baryer (panjara) toʻsiqlari bilan jihozlangan qoʻsh oyoqli narvonlardan foydalanilishi shart.
77. Gʻadir-budir va beton pollarda ish olib borilganda pastki uchlari rezinali uchliklar bilan jihozlangan yoki rezina bilan qoplangan narvonlardan foydalanilishi shart.
Yogʻoch va tuproqli pollarda ish olib borilganda esa pastki uchlari poʻlat uchliklar bilan jihozlangan narvonlar qoʻllanilishi lozim.
78. Uzatuvchi quvurlarga oʻrnatiladigan narvonlarning uchlari quvurni qamrab olish uchun maxsus ilgaklar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
79. Narvonni mahkamlash imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda (masalan, uni silliq polda oʻrnatishda), narvonning tagida kaska kiygan ishchi turib, uni turgʻun holatda ushlab turishi shart. Boshqa hollarda narvonni pastki qismidan qoʻl bilan ushlab turish taqiqlanadi.
Transport vositalari va odamlar harakati gavjum boʻlgan joylarda qoʻshimcha narvondan foydalanilganda, uning tasodifiy turtki taʼsirida agʻdarilib ketishining oldini olish maqsadida narvon oʻrnatilgan joy toʻsib qoʻyilishi yoki qoʻriqlanishi lozim.
80. Har bir sexdagi (uchastkadagi) barcha qoʻshimcha narvonlar hisobda turishi, tartib raqamiga va mansubligi hamda navbatdagi tekshirish sanasi koʻrsatilgan jadvalga ega boʻlishi shart.
Qoʻshimcha narvonning ishga yaroqligi mazkur Qoidalarning 1-ilovasida belgilangan muddatlarda oʻtkazilishi shart. Tekshiruv natijalari jurnalga kiritilishi, nosozliklar zudlik bilan bartaraf etilishi shart. Nosoz narvonlarni ishlatish uchun berish taqiqlanadi.
Yogʻoch narvonlarni faqat tiniq laklar bilan boʻyashga ruxsat beriladi.
81. Yer sathidan 5 m dan ortiq balandlikda qoplamalar, ishchi toʻshamalar, vaqtinchalik montaj qilinadigan qoʻshimcha moslamalar yoki konstruksiyalar, uskunalar, mashinalar hamda mexanizmlar elementlaridan turib bajariladigan ishlar balandlikda bajariladigan ishlar qatoriga kiradi.
Bunday ishlarga jalb etiladigan shaxslarning sogʻligʻi mazkur turdagi ishlar bilan shugʻullanuvchi xodimlar uchun belgilangan tibbiy talablarga muvofiq boʻlishi shart.
82. Agar havozalar va soʻrilardan bir oy va undan ortiq muddat davomida ish olib borilmagan boʻlsa, shuningdek ularning asosida deformatsiya keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan yomgʻirlardan keyin yoki sovuq mavsumda havo isishi natijasida, havozalar tekshirilib, zarur hollarda tuzatilishi hamda qaytadan ekspluatatsiyaga qabul qilinishi shart.
83. Ishlar vaqtinchalik toʻxtatilgan hollarda havozalar va soʻrilarni ishga yaroqli holatda saqlab turish taʼminlanishi lozim.
6-bob. Yer qazish ishlari
84. Yer osti kommunikatsiyalari (elektr kabellar, aloqa kabellari, gazquvur yoʻllari) joylashgan hududda yer qazish ishlari faqat bu kommunikatsiyalarni ekspluatatsiya qilishga javobgar tashkilotning yozma ruxsati bilan bajariladi.
Ruxsatnomaga yer osti kommunikatsiyalarining joylashishi va oʻtkazilgan chuqurliklari koʻrsatilgan reja (sxema) ilova qilinishi shart.
85. Xandaq yoki chuqurlarda zararli gaz payqalganda, u yerdagi ishlar zudlik bilan toʻxtatilishi, ishchilar esa xavfsiz hududga olib chiqilishi shart.
Ishlar faqat hududga gaz kelishi toʻxtagandan soʻng, undan mavjud gaz va portlashga xavfli materiallar chiqarib tashlangandan keyin qayta tiklanishi mumkin.
86. Koʻchalarda yer qazish ishlarini boshlashdan, shuningdek nazorat xandaqlari (shurflari) yoki chuqurlarni qazishdan oldin quyidagi ishlar amalga oshirilishi shart:
ish joylarining butun hududi toʻsib qoʻyilishi;
kunduzgi vaqtda ish joylari hududida, koʻcha tomonida transport harakati yoʻnalishi boʻyicha kamida 5 m masofada ogohlantiruvchi belgilar oʻrnatilishi;
qorongʻi tushishi bilan toʻsiqlarning tashqi tarafida 1,5 m balandlikda signalli qizil lampalarni oʻrnatilishi;
ish joylari hududini kamida 2 m balandlikda oʻrnatilgan projektorlar yoki koʻchma elektr yoritgichlar bilan yoritilishi;
elektr simlari ishga yaroqli izolyatsiyaga ega boʻlishi va rezinali shlangda joylashishi hamda saqlovchi toʻrga kiydirilgan elektr yoritgichlarga boʻlishi.
87. Tramvay relslari atrofida ish olib borilganda “SEKIN YURISH” yozuvli plakat oʻrnatilishi shart. Xandaq toʻsiqlari harakatlanuvchi tarkib oʻlchamlari hamda yoʻlning egriligini inobatga olgan holda joylashtirilishi lozim, biroq ular rels kallaklaridan kamida 1 metr masofada boʻlishi shart.
Tramvay relslari oldida xandaqlarni mahkamlash majburiydir.
88. Xandaqlar va chuqurlarni qazishda chetlarida kamida 0,5 — 1 m oʻtish yoʻllari qoldirilishi kerak.
89. Yer osti suvlari boʻlmagan, tabiiy namlikdagi tuproq yerlarda va yer osti inshootlariga yaqin joylashgan yerlarda xandaqlar va chuqurlarni mustahkamlanmagan tik devorlarining quyidagi chuqurlikdan oshirmasdan qazishga ruxsat etiladi:
uyilgan va shagʻalli yerlarda — 1 m;
qumloq tuproqli yerlarda — 1, 25 m;
qumoq tuproqli va loyli yerlarda — 1,5 m;
oʻta zich va qoya osti tuproqli yerlarda — 2 m.
Qovushqoq zich tuproqli yerlarda tik devorli xandaqlarni rotorli va zovur qazuvchi ekskavatorlar yordamida mustahkamlagichlarni oʻrnatmasdan, 3 m gacha chuqurlikda qazishga ruxsat etiladi. Bu hollarda ishchilarning zovurlarga tushishiga ruxsat etilmaydi. Zovurlarning ishchilar ichida boʻlishi zarur boʻlgan joylarida mustahkamlagichlar oʻrnatilishi yoki qiyaliklar barpo etilishi zarur.
Qish faslida yerning muzlagan qismida (yerning quruq tuproq qismidan tashqari) yer qazish ishlarini mustahkamlagichlar oʻrnatmasdan bajarishga ruxsat etiladi.
90. Xandaqlar va chuqurlarni mazkur Qoidalarga 5-ilovasining 89-bandida koʻrsatilgan chuqurlikdan ortiq miqdorda qazish vertikal devorlarni mustahkamlash yoki qiyalik qurilmalari bilan oʻtkazilishi kerak.
Mustahkamlash oʻrnatilayotgan barcha hollarda uning yuqori qismi xandaq yoki chuqur ustidan kamida 15 cm ga chiqib turishi shart.
91. Xandaq va chuqurlarning ruxsat etilgan eng katta qiyaligi (tabiiy namlik va sizot suvlari yoʻq boʻlgan sharoitda) quyidagi 1-jadvalga muvofiq qabul qilinadi:
1. Xandaq chuqurligi 5 m dan koʻp boʻlganda qiyalik balandligini hisoblash bilan oʻrnatiladi;
2. Yuqori namli tuproqlarda qiyalikni jadvalda koʻrsatilganidan 1:1 (450) gacha kamaytirish kerak;
3. Yuqori namli, qumli, sariq (sogʻ) va uyilgan tuproqlarda mustahkamlanmasdan ishlov berish taqiqlanadi.
4. Xandaq va chuqurlarning vertikal devorlarini mustahkamlash shitlar bilan quyidagi 2-jadvalda keltirilgan koʻrsatmalarga mos ravishda oʻtkazilishi shart:
92. Xandaqlar va chuqurlarni 3 m gacha boʻlgan uzunlikda mustahkamlash ishlari, qoida tariqasida, maxsus jihozlar yordamida hamda namunaviy loyiha asosida amalga oshirilishi shart.
Jihozlar va namunaviy loyiha yoʻq boʻlganda xandaqlar va xandaqlarni 3 m gacha chuqurlikda mustahkamlash uchun quyidagilar zarur:
qumli va yuqori namli tuproqlarda qalinligi 4 cm dan kam boʻlmagan taxtalardan foydalanish, ularni vertikal ustunlarning orqasiga taxlash;
mahkamlash ustunlarini 1,5 m dan kam boʻlmagan oraliqda oʻrnatish;
tirgaklarni bir-biridan vertikal boʻyicha 1 m dan koʻp boʻlmagan masofada joylashtirish;
tirgaklarning tepasi va pastiga boʻrtmalar qoqish;
mustahkamlash taxtalarini oʻyilgan hoshiya ustidan kamida 15 cm chiqarish;
tuproqni chiqarib tashlash uchun moʻljallangan tokchalar tayanadigan mahkamlashni (tirgaklarni) kuchaytirish va balandligi 15 s cm dan kam boʻlmagan taxtalar bilan tokchalarni toʻsish.
Xandaqlar va chuqurlarni 3 m gacha uzunlikda mustahkamlash, odatda namunaviy loyiha boʻyicha bajariladi.
93. Tayachni yigʻish bevosita ishning javobgar rahbari kuzatuvi ostida oʻtkazilishi shart.
Xandaqlar va chuqurlarni taxta bilan tayachni yigʻish, tuproqni qayta orqaga tashlagan sari, pastdan yuqoriga yoʻnalishda bajarilishi kerak.
Tayachni yigʻishda bir vaqtning oʻzida balandligi boʻyicha uchtadan ortiq boʻlmagan taxtalarni, uyilgan va barqaror boʻlmagan tuproqlarda esa bitta taxtani olib tashlashga ruxsat beriladi.
Taxtalarni olib tashlashda tirgaklarni qayta qoʻyish kerak. Bunda bor tirgaklar faqat yangisi qoʻyilgandan keyin olinadi.
94. Atrofidan gazquvur yoʻllari oʻtgan yoki gaz toʻplanishi mumkin boʻlgan xandaqlarda ochiq olovni qoʻllash taqiqlanadi.
95. Xandaqlarni boʻsh yoki nam tuproqlarda qazishda oʻpirilish xavfi boʻlsa, ularning devorlari mustahkam mahkamlanishi shart.
Sochiluvchan tuproqda ishlarni devorlarni mustahkamlamasdan, lekin tuproqning tabiiy qiyalik burchagiga mos qiyalik bilan bajarish mumkin.
96. Yer qazish ishlari bajarilayotganda xandaqlar va xandaqlardagi tuproqning holati ustidan doimiy nazoratni taʼminlash zarur.
Yoriqlar paydo boʻlganda, ishchilar xavfli joylardan darhol olib chiqilishi, shundan soʻng tuproq toʻkilib ketishiga qarshi choralar koʻrilishi shart.
Qiyalikda yirik toshlar aniqlanganda xavfli joylardan olib chiqilishi, toshlar esa qiyalikka tushirilishi yoki olib chiqilishi shart.
97. Yer osti issiqlik quvurlarining ishlar uchun ochilgan kameralari va uchastkalari mustahkam va zich shitlar bilan berkitilgan yoki toʻsilgan boʻlishi shart.
Koʻchalarda, yoʻllarda va boshqa odamlar harakatlanadigan joylarda qazilgan xandaq va chuqurlarda kamida 0,7 m kenglikda, ikkala tarafdan balandligi kamida 1 m boʻlgan pastki bortlari 10 cm dan kam boʻlmagan qoplamali panjaralar bilan toʻsilgan oʻtish yoʻllari boʻlishi shart.
Xandaqlar va chuqurlarga faqat panjarali qoʻsh oyoqli narvonlar yoki qoʻshimcha narvonlar yordamida tushish kerak.
98. Agar qazish joylarida elektr kabellari mavjud boʻlsa lomlar, choʻkichlar, pnevmatik apparatlar va boshqa uruvchi vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
Ishlarni kabel tarmogʻi ishchisi ishtirokida, kabelni shikastlamasdan va ishchilarni elektr toki urishini oldini olish uchun ehtiyotkorlik bilan bajarish kerak.
99. Kabel ochilganda uni osilib qolishi va uzilishdan himoya qilish uchun osib qoʻyish kerak. Kabel ustida turish qatʼiyan taqiqlanadi.
Agar ish uzoq davom etsa, kabelni yogʻoch qutiga mahkamlash zarur. Ochiq kabelni berkituvchi qutiga “TOʻXTA! KUCHLANISH!” yoki “TOʻXTA! XAVFLI HUDUD!” yozuvli plakatlarni osish kerak.
100. Xandaqqa asbob-uskunalar va materiallarni tashlash taqiqlanadi. Ularni arqonda tushirish yoki qoʻldan-qoʻlga berish kerak. Xandaqqa tushirilayotgan yuk ostida turish taqiqlanadi.
101. Agar yer qazish ishlari olib borilayotganda, gaz hidi payqalsa, ishlar zudlik bilan toʻxtatilishi, ishchilar esa gaz paydo boʻlishi sabablari aniqlanib va bartaraf etilgunga qadar mazkur hududdan olib chiqilishi shart.
Gaz hidi paydo boʻlganda ishlarni davom ettirishga faqat gazni aniqlash uchun indikatorlar boʻlganda va ishchilar zarur gazga qarshi niqoblar bilan taʼminlanganda ruxsat beriladi.
Ishchilar bu holda ishlar boshlangunga qadar gazli hududda ishlash tartibi haqida yoʻriq olishlari shart.
102. Gazquvur yoʻllari oldida joylashgan yoki gaz yigʻilishi mumkin boʻlgan xandaqlarda portlashning oldini olish maqsadida chekish, payvandlash lampasi va ochiq olovni qoʻllash bilan bogʻliq boshqa qurilmalar bilan ishlash taqiqlanadi.
103. Tuproqni elektr usulida isitish amalga oshiriladigan maydonlar toʻsilgan boʻlishi, toʻsiqlarda esa ogohlantiruvchi signallar oʻrnatilgan boʻlishi shart. Kunning qorongʻi paytida isitilayotgan maydoncha yetarli darajada yoritilgan boʻlishi lozim.
Tabiiy namlikka ega tuproqni kuchlanishi 380 V dan oshmaydigan elektr toki yordamida isitishga ruxsat beriladi.
104. Kuchlanish ostida boʻlgan uchastkalarda begona shaxslarning boʻlishi taqiqlanadi.
Elektr bilan isitish ishlariga faqat tegishli malaka guruhiga ega boʻlgan elektromontyor tomonidan xizmat koʻrsatilishi shart.
105. Transformatorlardan isitilayotgan uchastkalargacha boʻlgan vaqtinchalik elektr uzatish liniyalari izolyatsiyalangan simlardan bajarilishi va ular yer sathidan kamida 0,5 m balandlikda chorpoyalarda joylashtirilishi shart. Transformator yerga ishonchli tarzda ulangan boʻlishi lozim.
106. Tuproqni tutunli gazlar, issiq suv yoki bugʻ orqali isitishda ishchilar kuyishining oldini olishga qaratilgan choralar koʻrilgan boʻlishi shart.
Issiq gazdan foydalanib tuproq yuzasini eritishda esa ishchilarning zaharlanishi hamda gaz portlashi xavfini bartaraf etish boʻyicha zarur xavfsizlik choralari koʻrilgan boʻlishi lozim.
107. Issiqlik tarmoqlari joylashgan hududlarda boshqa tashkilotlar tomonidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga faqat tashkilotning bosh energetigi (bosh mexanigi) yoki sex boshligʻi bilan mazkur ishlar oʻtkazish tartibi kelishilgandan hamda zarur xavfsizlik choralari koʻrilgandan soʻng ruxsat beriladi.
Alohida hollarda (ishlar uzoq muddat davom etganda) ishlarni bajarish tartibi yozma ravishda rasmiylashtirilishi shart.
108. Ishlab turgan issiqlik tarmoqlarida boshqa tashkilotlar bajarayotgan ishlarning xavfsizlik texnikasi uchun javobgarlikni ishlarni bajarayotgan oʻsha tashkilot olib boradi.
109. Ekskavator bilan ishlash vaqtida quyidagilar bajarilishi zarur:
uni mahkamlash uchun faqat inventar tayanchlardan foydalanish;
ekskavator harakatlanayotgan hududdan 5 m dan kam boʻlmagan masofada boʻlish;
ekskavator choʻmichini tushirilgan holatda tozalash.
110. Kommunikatsiya tarmoqlari oʻtgan hududda tuproqli ishlar shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 6-ILOVA
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va uskunalarga xizmat koʻrsatish hamda taʼmirlashda xavfsizlikning asosiy texnik talablari
1-bob. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va quvur oʻtkazgichlarga xizmat koʻrsatish
1. Xavfsiz ekspluatatsiya qilishni taʼminlash uchun issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar, issiqlik tarmoqlari va tizimlari armaturalar va vositalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
2. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni ekspluatatsiya qilishda ularning ishlab chiqarish texnologiyasi boʻyicha yongʻinni, portlashni va shunga oʻxshash holatlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan parametrlarning keskin oʻzgarishi yoki issiqlik taʼminotida kamayib ketish holati kuzatilganda, tashkilot maʼmuriyati tomonidan bunday hodisalarni bartaraf qiluvchi tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlishi lozim.
Bunday qurilmalarni ekspluatatsiya qilish tashkilot maʼmuriyati tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan hamda belgilangan tartibda tegishli idoralar (tashkilotlar) bilan kelishilgan maxsus yoʻriqnomalar asosida amalga oshiriladi.
3. Har bir ish joyida mazkur kasb yoki lavozim uchun zarur boʻlgan hajmda ishlab chiqarish, lavozim yoʻriqnomalari va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar boʻlishi shart.
4. Ish boshlanmasdan oldin bajariladigan ishga taalluqli boʻlgan xavfsizlik texnikasi qoidalarining barcha talablarini bajarilganligi tekshirilishi shart.
5. Har bir ishchi faqat unga topshirilgan ishni bajarishi shart. Boshqa ish joyiga faqat sex (smena) boshligʻi ruxsati bilan tegishli koʻrsatma olingandan keyin oʻtkaziladi.
6. Kasal boʻlganda yoki sogʻligʻi yomonlashganda ishchi bu haqda smena boshligʻiga xabar berishi lozim.
7. Ish joyi toza holatda va tartibli saqlanishi shart. Ish joyini yoritish SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalashtirish meʼyorlari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga mos kelishi shart.
8. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni ishga tushirishda bugʻ uzatish quvuri va apparatni bosqichma-bosqich qizdirish taʼminlanishi shart. Bunda bugʻ uzatish quvuridagi berkituvchi armatura (surilma qopqoq yoki avtomatik klapan) sekin-asta ochilishi lozim.
Qurilmadagi bosim va haroratning oshish tezligi apparatga xavfsiz xizmat koʻrsatish boʻyicha yoʻriqnoma talablariga muvofiq belgilanishi lozim. Hatto yengil gidravlik zarba yoki vibratsiya kuzatilgan taqdirda ham qurilmaga bugʻ berilishi berkituvchi armaturani yopish orqali darhol toʻxtatilishi shart va mazkur holatlar toʻliq bartaraf etilgunga qadar qayta tiklanmasligi lozim. Gidravlik zarba yoki vibratsiya bartaraf etilgandan soʻng, bosim va haroratni qayta oshirish ularning qayta yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaydigan xavfsiz tezlikda amalga oshirilishi mumkin.
9. Uskunani ishga tushirish faqat uning ishga yaroqliligi sinchkovlik bilan tekshirilgandan soʻng amalga oshirilishi shart.
Uskunani ishga tushirishdan oldin xavfli hududlarda odamlar va begona buyumlar mavjud emasligiga ishonch hosil qilinishi, shuningdek ogohlantiruvchi signal berilishi lozim. “Toʻxta” tugmasining ishga yaroqliligi uni bosib tekshirish orqali albatta sinovdan oʻtkazilishi shart.
10. Harakatlanuvchi qismlarga ega uskunalarni tozalash, moylash va taʼmirlash, shuningdek ularning ichki koʻriklarini oʻtkazish ishlarini faqat uskuna toʻliq toʻxtatilgandan keyin amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Bunda shkivlardan yuritma tasmalari yechilgan, taqsimlovchi shchitlar va rubilniklarda, elektr ishga tushirish mexanizmlarida “ULANMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA” yozuvli plakatlar ilingan, shuningdek shchitlardagi saqlagichlar olib qoʻyilgan boʻlishi shart.
11. Uskunani toʻxtatgandan soʻng uni qayta ishga tushirish huquqi faqat uni toʻxtatgan ishchiga yoki smena boʻyicha uning vazifalarini qabul qilib olgan hamda ish holatidan xabardor boʻlgan masʼul xodimga beriladi. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va uskunalarni toʻxtatish vaqti va sabablari, shuningdek ularni qayta ishga tushirish holatlari tezkor jurnalda majburiy tarzda qayd etilishi shart.
12. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarga yonuvchan, portlashga xavfli yoki zaharli gazlar kiritilgan yoki hosil boʻlishi mumkin boʻlgan hollarda, bunday gazlar va bugʻlarning ishchi xonalarga kirishining oldini olish uchun ularni saqlovchi klapanlar yoki portlovchi plastinalar orqali quvurlar bilan tashqariga chiqarish yoʻli bilan ishonchli bartaraf etish taʼminlanishi shart.
13. Bugʻ ajraladigan yoki zararli gazlar chiqadigan qurilmalar ustida tortuvchi zontlar yoki majburiy tortuvchi ventilyatsiya oʻrnatilgan boʻlishi shart. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarga texnologik mahsulotni (massa) yuklash yoki tushirish ishlarini tortuvchi ventilyatsiya oʻchirilgan holda amalga oshirish taqiqlanadi.
14. Zaharli yoki portlash xavfiga ega suyuq yoki gaz muhitlar bilan ishlaydigan issiqlik qurilmalari va apparatlari nasos yoki kompressordan keluvchi liniyalarda qurilma tomondan bosim taʼsirida avtomatik ravishda yopiladigan qaytish klapanlari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
15. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmadan atmosferaga bugʻ chiqarib yuborilayotganda, uni boshqa qurilmaga yoʻnaltirib foydalanish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda, hosil boʻladigan shovqinning zararli taʼsirini bartaraf etish maqsadida, shuningdek “puflash” jarayonida va saqlovchi klapanlar ishga tushganda har bir chiqaruvchi liniyaning oxirida maxsus shovqin soʻndirgichlar oʻrnatilishi shart.
16. Yer sathidan yoki ish maydonchasidan 2 m dan kam balandlikda joylashgan mashinalar va mexanizmlarning harakatlanuvchi hamda aylanuvchi qismlari toʻrli toʻsiqqa ega boʻlishi shart.
Katakchalar oʻlchami 25x25 mm dan oshmasligi shart. Toʻsiqlar sharnirlarga osilishi shart. Toʻsiqlarni qattiq mahkamlashga, ularda tez-tez xizmat koʻrsatish talab qilinadigan mashina qismlariga kelish uchun sharnirli qopqoqli (eshikchali) derazalar oʻrnatilgan sharoitda ruxsat beriladi.
17. Salt va ishchi shkivlarga ega boʻlgan barcha mexanizmlar tasmalarni ishchi holatdan salt holatga oʻtkazishni taʼminlovchi hamda tasmalarning oʻz-oʻzidan salt holatdan ishchi shkivga oʻtib ketishining oldini oluvchi qulflovchi qoʻshimcha moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
18. Yuritma tasmalarini ishlab turganda kiygazish, yechish va toʻgʻrilash, shuningdek siljib aylanayotgan tasmalar ostiga konifol sepish taqiqlanadi.
19. Maydoncha baryerlarida, muftalar, podshipniklarning saqlovchi gʻiloflarida, shuningdek oʻtish uchun moʻljallanmagan va maxsus toʻsiqlarga hamda tutqichlarga ega boʻlmagan uzatuvchi quvurlarda, konstruksiyalarda va toʻsiqlarda turish taqiqlanadi.
20. Uskunani puflash yoki yuvish ishlarida bugʻli yoki suvli shlangdan foydalanilganda, shlangning uzatuvchi quvurga, shuningdek uchlikning shlangga ishonchli tarzda mahkamlanganligi tekshirilishi shart. Uchlik kamida 1 m uzunlikda boʻlib, issiqlikni saqlash maqsadida izolyatsiyalangan boʻlishi lozim.
2-bob. Taʼmirlash
21. Ishlab turgan issiqlik qurilmalari va issiqlik quvurlari joylashgan yoki boshqa ishlab turgan uskunalar oʻrnatilgan xonalarda, kameralarda va tunnellarda taʼmirlash yoki montaj ishlari (shuningdek, qurilish-montaj ishlari) faqat sex (uchastka) boshligʻi yoki uning oʻrinbosari ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.
22. Masʼuliyat talab etuvchi holatlardagi ishlar topshiriq (naryad) boʻyicha oʻtkaziladi.
23. Taʼmirlanishi kerak boʻlgan issiqlikdan foydalanuvchi qurilma (uzatuvchi quvurning uchastkasi) unga bugʻ yoki issiq suv tushishining oldini olish uchun qoʻshni uzatuvchi quvurlardan, uskunalardan, drenajli va suvli liniyalardan uzib qoʻyilgan boʻlishi shart.
24. Barcha yopish armaturalari qulfli zanjirga berkitilgan boʻlishi shart va unga “OCHILMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” yozuvli plakatlar osilishi shart. Qulflarning kalitlari sex, uchastka ustasida (smena boshligʻida) saqlanishi va tezkor jurnalga tegishli yozuv bilan navbatchilik boʻyicha topshirilishi shart.
Surilma qopqoqlarning elektr yuritmalaridan kuchlanish olingan boʻlishi (saqlagichlar olingan boʻlishi) va “ULANMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” yozuvli plakat osilgan boʻlishi shart.
25. Uskunalarda belgilangan ishga tushirishga (motorni ishga tushirish, bugʻ va suvni uzatish hamda boshqalar) qarshi choralar qabul qilinmasdan taʼmirlashni oʻtkazish taqiqlanadi.
26. Oʻchirilayotgan uskunalar va uzatuvchi quvurlarni boʻshatish imkonini beruvchi maxsus qurilmalar mavjud boʻlmagan taqdirda, ishchi turgan joyga qarama-qarshi tomonda joylashgan flanetsli birikmaning ayrim boltlari boʻshashtirilishi orqali bosimni tushirish taʼminlanishi lozim. Flanetslarni ochish ishlari ehtiyotkorlik bilan, albatta, ishning masʼul rahbari ishtirokida amalga oshirilishi shart.
27. Flanetsli birikmalarning boltlarini boʻshatishda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarur. Bunda issiqlikni izolyatsiyalovchi qurilmalar va uzatuvchi quvurlar ichidagi bor bugʻ va issiq suv ishchilarni kuydirmasin: berkituvchi armatura zich boʻlmagan hollarda oʻchirilgan issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarda hamda unga biriktirilgan uzatuvchi quvurlarda bugʻ va issiq suv yigʻilib qolmasligi uchun taʼmirlanayotgan uskunadagi atmosfera bilan bevosita aloqada boʻlgan drenajli liniyalar va vozdushniklar ochiq boʻlishi shart.
28. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni taʼmirlash boʻyicha ishlar qurilmalarni, uzatuvchi quvur kommunikatsiyasini, ularning armaturasini, vazifasini, xizmat koʻrsatish qoidalarini va taʼmirlashni yaxshi biladigan usta (ish bajaruvchi) rahbarligida oʻtkazilishi shart.
29. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar ichida ishlarni amalga oshirishda, shuningdek yopuvchi flanetsli armaturaning zichligi yetarli boʻlmagan hollarda, taʼmirlanayotgan uskuna ishlab turgan qurilmadan tiqin (zaglushka) yordamida ajratilishi shart. Tiqinning qalinligi ish muhitining parametrlariga mos boʻlishi lozim. Tiqinlar koʻzga aniq tashlanadigan qattiq dumchalar (xvostoviklar)ga ega boʻlishi shart.
Bitta surilma qopqoq (tiqinsiz) orqali ajratishga faqat ishchi bosim atmosfera bosimidan yuqori boʻlmagan va issiqlik eltuvchining harorati 45°S dan oshmagan oqimlar uchun ruxsat beriladi.
30. Taʼmirlash ishlari tugagandan soʻng ishning javobgar rahbari va ish bajaruvchi ishga ruxsat beruvchi (smena, sex, uchastka boshligʻi) bilan birgalikda barcha ishlar haqiqatan ham tugatilganligi, tiqinlar olib tashlanganligi, taʼmirlash uchastkasidan ishchilar olib chiqilganligi va ish joylari yigʻishtirilganligiga shaxsan ishonch hosil qilishi kerak. Faqat shundan keyingina joʻmraklardan va surilma qopqoqlardan qulflar yechilishi hamda elektr yuritmalarga kuchlanish berilishi mumkin.
31. Bugʻ va suv quvurlarini sinash va qizdirish jarayonida flanetsli birikmalarning boltlarini ortiqcha bosim 0,5 MPa (5 kg s/sm²) dan oshmagan holda tortish lozim va poʻlat kompensatorlar salniklarini esa bosim 1,2 MPa (12 kg s/sm²) dan oshmagan sharoitda, boltlarni uzib yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan tortish kerak.
32. Kompensatorlar va armaturalarning salniklarini kirgizishda uzatuvchi quvurning ortiqcha bosimi 0,02 MPa (0,2 kg s/sm²) dan yuqori boʻlmasligi va issiqlik eltuvchining harorati 45oS dan koʻp boʻlmasligi shart.
Kompensatorlarning salnikli tiqinlarini almashtirishda uzatuvchi quvur butunlay boʻshatilgan boʻlishi shart.
33. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni taʼmirlash ishlari tugagandan keyin faqat sex boshligʻi yoki uning oʻrinbosari ruxsati bilan ishga tushirish mumkin.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 7-ILOVA
Issiqlik tarmoqlariga va issiqlik punktlariga xizmat koʻrsatishda xavfsizlikning texnik talablari
1-bob. Issiqlik tarmoqlariga xizmat koʻrsatish
1-§. Issiqlik uzatuvchi quvurlarga xizmat koʻrsatish
1. Yer osti issiqlik uzatuvchi quvurlarga xizmat koʻrsatish kamida ikki kishidan iborat chilangar-nazoratchilar brigadasi tomonidan amalga oshirilishiga ruxsat etiladi. Chilangarlarning har bir juftligi uchun sex boʻyicha farmoyish asosida issiqlik tarmogʻining xizmat koʻrsatish hududi aniq belgilangan alohida uchastka biriktirilishi shart.
2. Uchastkaga chiqishdan oldin bosh nazoratchi issiqlik tarmoqlarining ishlash sxemasi va issiqlik tashuvchining parametrlari bilan tanishishi shart. Bosh nazoratchi uskunalarni tasdiqlangan grafikka muvofiq aylanib chiqishni faqat sex boshligʻi (usta)ning ruxsati bilan amalga oshirishi shart.
3. Chilangar-nazoratchi xizmat koʻrsatish sharoitiga mos keladigan, ishga yaroqli asbob-uskunalar toʻplamiga, shuningdek belgilangan tartibdagi maxsus kiyim-bosh va oyoq kiyimga ega boʻlishi shart.
4. Davriy koʻrik oʻtkazishni talab qiladigan yer osti qurilmalarida qoʻllaniladigan uskunalarning elementlari, armatura va vositalari xizmat koʻrsatuvchi xodimlar erkin kira oladigan maxsus kameralarda yoki odamlar yashamaydigan yertoʻla xonalarida joylashtirilishi shart.
5. Kameralarda yonlama oʻtish yoʻlagining kengligi (armaturaning chiqib turgan qismlarini hisobga olgan holda) yorugʻlikda 600 mm dan kam boʻlmasligi, shuningdek kameraning balandligi 2000 mm dan kam boʻlmasligi shart.
6. Quvurlarning usti yoki ostidan oʻtish uchun issiqlik izolyatsiyasining tashqi yuzasidan qoplamagacha yoki kamera tubigacha boʻlgan masofa yorugʻlikda kamida 700 mm boʻlishi shart. 800 mm va undan ortiq balandlikdagi oʻtish yoʻllari qurilganda, kameralar oʻtish maydonchalari bilan, shuningdek maydonchaning har ikki tomonidan oʻrnatilgan narvonlar bilan jihozlanishi shart.
Kameralarda maydonchalar va narvonlar, shuningdek 1,5 m dan ortiq balandlikda joylashgan armaturaga xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsadida ham oʻrnatilishi shart.
7. Qopqoqlar ishonchli qulflash qurilmalari bilan jihozlanishi va ular orqali yer usti suvlarining oʻtishi istisno etilishi shart. Oʻtish va yarim oʻtish kanallari (tunnellari) qopqoqlari qulflarining konstruksiyasi kanal (tunnel) ichki tomondan yengil ochilishini taʼminlashi shart.
8. Yarim oʻtish kanallarida issiqlik quvurlari va ularning elementlariga xizmat koʻrsatish (koʻrikdan oʻtkazish) hamda taʼmirlash ishlarini bajarishga faqat uzatuvchi quvur ikki tomondan oʻchirilgan va issiqlik eltuvchining harorati 80°S dan oshmagan hollarda ruxsat etiladi. Bunda kanal ichidagi havo harorati 50°S dan oshmasligi shart.
Kameralarda va tunnellardagi ishlar mazkur Qoidalarning 5-ilovasi talablariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
9. Ochiq qopqoqlar oldida yoʻl harakati signal belgilari bilan jihozlangan toʻsiqlar oʻrnatilishi, qorongʻi tushganda hamda tumanli holatlarda qoʻshimcha ravishda signalli yoritgichlar oʻrnatilishi shart. Kamerada ishlash davomiyligi 2 soatgacha boʻlgan hollarda toʻsiqlar sifatida har bir ochiq qopqoq oldiga oʻrnatiladigan uchoyoqlardan, ishlar uzoq davom etganda esa koʻchma yogʻoch shchitlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
Transport harakati mavjud boʻlgan hududlarda joylashgan kameralardan chiqishda alohida ehtiyotkorlikka rioya qilinishi shart.
10. Kameralar va tunnellarda uskunalarga xizmat koʻrsatish jarayonida tabiiy va sunʼiy ventilyatsiyani taʼminlash zarur. Tabiiy ventilyatsiya kamida ikkita qopqoqni ochish va ularda maxsus toʻsqichlar oʻrnatish orqali amalga oshirilishi shart.
Sunʼiy ventilyatsiya kameralar va tunnellarda gaz mavjud boʻlgan hollarda, shuningdek ulardagi havo harorati 50°S dan oshganda majburiy tartibda amalga oshirilishi shart.
11. Choʻyan armaturaga xizmat koʻrsatishda flanetsli birikmalarning boltlarini tortishga issiqlik eltuvchining harorati 90°S dan oshmagan hollarda ruxsat etiladi. Agar issiqlik eltuvchining harorati bundan yuqori boʻlgan sharoitda boltlarni tortish zarur boʻlsa, uzatuvchi quvurdagi bosim 3 kg s/sm² (0,3 MPa) dan oshmasligi shart.
Poʻlat kompensatorlarning salniklarini tortish ishlari bosim 12 kgs/sm² (1,2 MPa) gacha boʻlgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
12. Muftali armatura va nazorat-oʻlchov asboblarini (rezba orqali oqishni bartaraf etish maqsadida) tortish ishlari rezbaning uzilib ketishining oldini olish uchun uzatuvchi quvurdagi bosim 3 kgs/sm² (0,3 MPa) dan oshmagan hollarda, oʻlchami tortilayotgan element qirralariga mos keladigan gaykali kalitlar yordamida amalga oshirilishi shart. Bunda oʻta ehtiyotkorlikka rioya qilinishi lozim. Ushbu maqsadlarda gaz kalitlari va boshqa turdagi kalitlardan, shuningdek, uzaytiruvchi richaglardan foydalanish taqiqlanadi.
Tortish ishlarini boshlashdan oldin rezbaning koʻzga koʻrinarli qismining holati havo chiqarish qurilmalari (vozdushniklar) shtutserlarining korroziyaga uchramaganligi tekshirilishi shart.
13. Issiqlik uzatuvchi quvurlarda ish olib borishda flanetsli birikmalar, saqlagich klapanlari va choʻyan armatura oldida xizmat koʻrsatish yoki boshqa ishlar bajarilayotganda zaruratdan ortiq vaqt davomida turishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Oʻtish kanallari va kameralarda statsionar elektr yoritishi 12 V kuchlanishda bajarilishi shart. Yonuvchan gaz kirishi mumkin boʻlgan oʻtish kanallari va kameralarni yoritish uchun portlashdan himoyalangan elektr armaturasi qoʻllanilishi shart.
15. Statsionar sunʼiy yoritish mavjud boʻlmagan kameralar, yarim oʻtish kanallari va oʻtish kanallari (tunnellari)ni yoritish faqat akkumulyatorli yoritish vositalari yordamida amalga oshirilishi shart.
16. Kamera va tunnellarni yoritish uchun ochiq olovdan foydalanish, shuningdek kamera va tunnellarda gaz mavjudligini gugurt yoki qogʻoz yoqish orqali tekshirish taqiqlanadi.
17. Uchastka (sex)da doimiy yoki muntazam ravishda gaz toʻplanishi ehtimoli mavjud boʻlgan kameralar roʻyxati tuzilib, koʻrinarli joyga ilib qoʻyilishi shart. Mazkur roʻyxat bilan barcha xizmat koʻrsatuvchi xodimlar imzo qoʻygan holda tanishtirilishi shart.
18. Gaz jihatidan xavfli kameralar farqlovchi belgilariga ega boʻlishi, qopqoqlari belgilangan tartibda boʻyalgan boʻlishi hamda mustahkam qulf ostida saqlanishi shart. Issiqlik tarmogʻi trassalarida joylashgan barcha gaz jihatidan xavfli kameralar va tunnellar tarmoqning tezkor sxemasida belgilanishi shart.
19. Kamera va tunnellarda mazkur Qoidalarning 2-ilovasida belgilangan meʼyorlarga muvofiq ruxsat etilgan chegaradan ortiq miqdordagi gaz mavjud boʻlganda yoki portlashga xavfli aralashmalar hosil qiluvchi gazlarning chegaraviy konsentratsiyasi aniqlanganda, bunday obyektlar gazlanganlik jihatidan xavfli deb hisoblanadi.
20. Issiqlik tarmogʻi kameralaridan issiq suvni toʻkishda xodimlar toʻkilayotgan suvni kanalizatsiyaga yoki boshqa suv tarnoviga yoʻnaltirishni taʼminlashi shart. Suv harorati 40°S dan oshganda, suv quyilayotgan hududga odamlarning kirishi taqiqlanadi.
21. Yer sathidan 2,5 m gacha boʻlgan balandlikda oʻtgan yer usti issiqlik uzatuvchi quvurlariga xizmat koʻrsatish ishlarini qoʻsh oyoqli narvonlar yoki qoʻshimcha narvonlardan foydalangan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi.
22. Estakadalarning machtalari va uchastkalarida, shuningdek kronshteynlar ostida 2,5 m va undan ortiq balandlikda joylashgan uskunalar elementlariga xizmat koʻrsatish zarur boʻlganda, panjarali maydonchalar va doimiy narvonlar oʻrnatilishi shart. Maydoncha yoki havozalar mavjud boʻlmagan hollarda ishlar saqlovchi kamarlardan foydalangan holda, ishchining oʻzini ishonchli ravishda quvurga mahkamlab bajarilishi shart. Bunda mazkur Qoidalarning 5-ilovasi 5-bobi talablariga rioya qilinishi shart.
2-§. Suvli issiqlik uzatuvchi quvurlarni ishga tushirish
23. Suvli issiqlik tarmoqlarini toʻldirish, yuvish, sirkulyatsiyani yoqish, isitish va boshqa ishga tushirish bilan bogʻliq operatsiyalar mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq bajarilishi shart. Mazkur yoʻriqnomalarda ishga tushiruvchi brigada aʼzolari uchun zarur xavfsizlik choralari aniq belgilangan boʻlishi shart.
24. Uzatuvchi quvurni toʻldirish tezligi hamda issiqlik tarmogʻiga berilayotgan suv haroratini oshirish surʼati tashqi havo haroratiga bogʻliq holda tanlanishi shart. Ishlab turgan tarmoqqa ulanadigan issiqlik uzatuvchi quvurlarni ishga tushirish bosqichma-bosqich va xavfsizlik talablariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi shart.
Uzatuvchi quvurni isitish jarayonida issiqlik tarmogʻida haroratni oshirish flanetsli birikmalar zichligining buzilishi va kavsharlangan tutash joylarning shikastlanishining oldini olish maqsadida asta-sekin va bir maromda, soatiga 30°S dan oshmagan tezlikda amalga oshirilishi shart.
Issiqlik tarmogʻining uzatuvchi quvurlari harorati 70°S dan oshmagan suv bilan, issiqlikdan foydalanuvchi tizimlar oʻchirilgan holda toʻldirilishi shart.
25. Tashqi issiqlik uzatuvchi quvurlarni toʻldirish ishlari isteʼmolchilarning oʻchirilgan tizimlarida, issiqlik tarmogʻining toʻldirilayotgan qismidagi statik bosimdan kamida 10 mm suv ustuniga teng yoki undan yuqori bosim ostida amalga oshirilishi shart.
Uzatuvchi quvurlarni toʻldirish tezligi energiya taʼminoti tashkiloti (sex) tomonidan belgilanishi shart.
26. Havo chiqaruvchi armatura kuzatuvchining ish joyiga qarama-qarshi tarafda, pastga yoʻnaltirilgan chiqishlarga ega boʻlishi shart.
27. Havo chiqargichlarni ochish va yopish ishlari faqat maxoviklar yordamida qoʻl bilan amalga oshirilishi shart. Kalitlar va boshqa richagli moslamalardan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi. Havo chiqargichlarning berkituvchi armaturasi zichligi hamda ularni qoʻlda boshqarish imkoniyati issiqlik tarmogʻini toʻldirish boshlanishidan oldin tekshirilishi majburiy hisoblanadi.
28. Bosim ostidagi havo (gidropnevmatika) qoʻllanilgan holda issiqlik tarmoqlarining uzatuvchi quvurlarini yuvish ishlari topshiriq (naryad) asosida, bevosita sex boshligʻi yoki uning oʻrinbosari rahbarligida, bosh energetik (mexanik) tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq amalga oshirilishi shart.
Bosim ostida (gidropnevmatik) yuvish uchun qoʻllaniladigan suv harorati 40°S dan oshmasligi shart.
Sex boshligʻining ruxsati bilan diametri 250 mm dan kichik boʻlgan uzatuvchi quvurlarni gidropnevmatik yuvish ishlariga rahbarlik qilish sex ustasiga yuklatilishi mumkin.
29. Issiqlik tarmoqlarini bosim ostida (gidropnevmatik) yuvishni isteʼmolchilarning tizimlari va issiqlik punktlari oʻchirilganda oʻtkazilishi shart. Bir vaqtning oʻzida issiqlik tarmoqlarini va isteʼmolchilarning issiqlik tizimlarini bosim ostida (gidropnevmatik) yuvishga ruxsat berilmaydi.
30. Bosim ostida (gidropnevmatik) yuvish jarayonida issiqlik tarmoqlaridagi bosim mos uzatuvchi quvur (uzatuvchi yoki qaytuvchi) uchun belgilangan sinash bosimidan kamida 3 — 5 kgs/cm² dan past boʻlmasligi shart. Yuvilayotgan issiqlik tarmogʻining xarakterli nuqtalarida (tugunlarida) bosimni, shuningdek uzatuvchi quvur va armaturaning holatini uzluksiz nazorat qilish taʼminlanishi shart.
Issiqlik tarmogʻining yer osti uchastkalarida kuzatuvchilar soni kamida ikki nafar boʻlishi shart. Ularning biri yer ustida joylashib, kameradagi kuzatuvchining holatini doimiy ravishda kuzatib borishi lozim.
Manometr koʻrsatkichlari boʻyicha oʻlchashni amalga oshirayotgan kuzatuvchi har bir oʻlchashdan soʻng kamerani tark etishi shart, yaʼni kamerada faqat oʻlchash jarayonida boʻlishiga ruxsat etiladi.
31. Bosim ostida (gidropnevmatik) yuvish ishlarini boshlashdan oldin ishga qoʻyuvchi ishning javobgar rahbari va ish bajaruvchi tomonidan issiqlik tarmogʻining tegishli uchastkasi holati kompleks ravishda tekshirilishi shart. Nazorat-oʻlchash asboblari, berkituvchi armatura hamda tiqinlarning toʻgʻri oʻrnatilganligi majburiy tartibda tekshirilishi shart.
32. Ishni boshlashdan oldin issiqlik tarmogʻining yuvilayotgan qismida barcha kameralardan suv butunlay tortib chiqarilishi va barcha begona predmetlar chiqarib tashlanishi shart.
33. Issiqlik tarmogʻini bosim ostida (gidropnevmatik) yuvish paytida ularda taʼmirlash ishlarini yoki biron-bir boshqa ishlarini olib borish, shuningdek bevosita yuvishda ishtirok etmaydigan shaxslarning yuvilayotgan uzatuvchi quvurlar yaqinida boʻlishi taqiqlanadi.
34. Yuvilayotgan uzatuvchi quvurlardan havo-suv aralashmasi drenaj kameralari va tunnellar orqali chiqarib tashlanishi hamda mahalliy tashkilotlar bilan kelishilgan holda kanalizatsiya quduqlariga yoki boshqa suv qabul qilgichlarga yoʻnaltirilishi shart. Havo-suv aralashmasi tashlanadigan joylar toʻsilishi va begona shaxslarning yaqinlashishidan muhofaza qilinishi shart.
Tashlovchi quvurlar butun uzunligi boʻylab ishonchli mahkamlanishi shart. Suvni toʻkish joyida tuproqning yuvilib ketishining oldini olish maqsadida plita oʻrnatilgan boʻlishi shart.
35. Siqilgan havo yetkazib berish liniyasi berkituvchi qism, teskari klapan va manometrlar bilan jihozlanishi majburiy hisoblanadi. Kompressordan havo yetkazib berish faqat mos bosimga sinovdan oʻtkazilgan poʻlat quvurlar yoki shlanglar orqali amalga oshirilishi shart.
3-§. Bugʻ uzatish quvurlarini ulash va uzish
36. Bugʻ uzatish quvurlarini isitish va ishga tushirish ishlari xavfli ishlar toifasiga kiradi hamda topshiriq (naryad) asosida, mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq amalga oshirilishi shart.
Bugʻ uzatish quvurini ishga tushirish va isitish ishlarini bajarish uchun topshiriq (naryad) ishning javobgar rahbariga energiya taʼminoti tashkiloti (sex) bilan kelishilgan kunda berilishi shart.
Ish boshlanadigan kuni ishning javobgar rahbari bugʻ uzatish quvurining shoxobchalarini isitish tartibini isteʼmolchilarning javobgar vakili bilan (sex bilan kelishgan holda) kelishib olishi shart.
37. Isitishni boshlashdan oldin ishga qoʻyuvchi quyidagilarga majbur:
bugʻ uzatish quvurining ishga tushirilishi rejalashtirilgan uchastkasida barcha toʻkish armaturasining holatini tekshirish va ularning toʻliq ochilishini taʼminlashga;
bugʻ uzatish quvurining isitish kerak boʻlgan uchastkalarida va isteʼmolchilarga ketuvchi shoxobchalarda barcha berkituvchi qismlar (surilma qopqoq va joʻmraklar) holatini tekshirishga va ularni ishga tushirish dasturiga mos keladigan holatga (ochiq va yopiq) keltirishga;
bugʻ uzatish quvurining isitish kerak boʻlgan uchastkalaridagi va undan chiquvchi shoxobchalanishdagi uskunalarning holatini tekshirishga.
Tekshiruv natijalari haqida ustaga, ishga qoʻyuvchi shaxsga, ishning javobgar rahbariga xabar beradi.
38. Bugʻ uzatish quvurini isitishdan oldin ishning javobgar rahbari quvurning isitishga tayyorligini tekshirishi, ish bajaruvchi va xodimlarga, shuningdek ishga tushiruvchi brigadaga yoʻriq oʻtkazishi, ishga tushirishning turli bosqichlarida oʻzining joylashuvini belgilashi hamda ish bajaruvchi bilan aloqa oʻrnatish tartibini belgilashi shart.
Bugʻ uzatish quvurining alohida uchastkalarini isitish tartibi va davomiyligi mahalliy yoʻriqnomalarga muvofiq belgilanishi shart.
39. Magistral bugʻ uzatish quvurini isitish bugʻni quvurga bosh surilma qopqoqning aylanma liniyasi orqali berish yoʻli bilan amalga oshirilishi, aylanma liniya mavjud boʻlmagan taqdirda esa surilma qopqoqni asta-sekin ochish orqali oʻtkazilishi shart.
Bosh surilma qopqoqni ochish darajasini oshirish faqat ishning javobgar rahbari bugʻ uzatish quvurining isitilishi normal tartibda kechayotganligiga ishonch hosil qilgandan soʻng amalga oshirilishi mumkin.
40. Gidravlik zarblar paydo boʻlganda, bugʻ uzatish quvurini isitishda ishtirok etayotgan xodim bu haqida zudlik bilan ishning javobgar rahbariga xabar berishi shart.
Gidravlik zarblar haqida xabar olgan ishning javobgar rahbari isitish jarayonini toʻliq toʻxtatishga qadar bugʻ berish miqdorini kamaytirishi shart. Qayta isitishni tiklashga faqat bugʻ uzatish quvurida gidravlik zarblarni keltirib chiqargan sabablar aniqlanib, bartaraf etilgandan keyin ruxsat beriladi. Bugʻ uzatish quvurida gidravlik zarblar paydo boʻlish sabablari aniqlanib, bartaraf etilmagunga qadar qayta isitishni tiklash taqiqlanadi.
41. Ishga tushirish brigadasi kamida uch nafardan iborat boʻlishi majburiy hisoblanadi. Brigadir (ish bajaruvchi) kondensat drenajini rostlaydi, kichik ishchi esa yordamchi vazifasini bajaradi va ishning javobgar rahbari bilan doimiy aloqani taʼminlaydi.
42. Bugʻ uzatish quvurining isitilayotgan uchastkasidan tashqari, boshqa ishlab turgan issiqlik uzatish quvurlari joylashgan kameralar va tunnellarda isitishni boshlashdan oldin atrofdagi havo harorati tabiiy yoki sunʼiy ventilyatsiya orqali pasaytirilishi shart.
43. Isitish jarayonida xodimlarning kuyib qolishining oldini olish maqsadida barcha drenajli surilma qopqoqlar, bugʻ uzatish quvuridagi joʻmraklar va kranlar kondensat hamda bugʻ-kondensatni drenaj qilayotgan shaxsning ish joyiga qarama-qarshi tomonga chiqarib yuborishni taʼminlashi shart.
44. Bugʻ uzatish quvuri isitilayotganda drenajli armaturani kuzatayotgan ishchilar, oʻzlarining asosiy vazifasidan (kondensat drenaji) chetga chiqmasliklari shart va bugʻ uzatish quvuridan chiqayotgan kondensatning kamayishiga qarab toʻkib yuborish armaturasini asta-sekin berkitishlari shart.
45. Agar bugʻ uzatish quvurini isitish jarayonida yoki bosim oshirilganda kondensat yoki bugʻ oqimining kamayishi yoki toʻxtashi tufayli drenaj shtutserining tiqilishi aniqlansa, drenaj shtutseri zudlik bilan berkitilib, keyinchalik qayta ochish orqali puflanishi shart. Zarur hollarda mazkur operatsiyalar 3-4-marta takrorlanishi mumkin.
Agar drenaj shtutserini koʻrsatilgan usulda puflash imkoni boʻlmasa, uni bugʻ uzatish quvuridagi bosim 1 kgs/sm² gacha tushirilgandan soʻng sim yordamida tozalashga ruxsat etiladi.
Bugʻ uzatish quvurida bosimni oʻlchash imkoniyati boʻlmasa, drenaj shtutserini tozalashni bugʻ uzatish quvuri toʻliq oʻchirilgandan keyin oʻtkazish mumkin.
Drenaj shtutserini tozalayotgan ishchi, bu ishlarni brezent qoʻlqoplarda bajarishi va drenaj qilinayotgan kondensat yoki bugʻ chiqayotgan tarafga qarama-qarshi tarafda joylashishi, tozalash uchun egilgan simni qoʻllashi shart.
Tiqilgan drenaj shtutserlarini puflash va tozalash boʻyicha operatsiyalar ehtiyotkorlik bilan bajarilishi shart.
46. Bugʻ uzatish quvuri shoxobchalarini isitish ishlari uchun isteʼmolchi (sex)ning ishchilari javobgar hisoblanadi. Ularning familiyalari bugʻ uzatish quvurini isitish ishlari boshlanishidan oldin ishning javobgar rahbariga maʼlum qilinishi shart.
47. Isteʼmolchining (sexning) shoxobchasini isitish bugʻ uzatish ajratuvchi surilma qopqoqni ishga tushiruvchi xodim tomonidan ochish orqali amalga oshirilishi shart. Bunda ajratuvchi surilma qopqoq oldida isteʼmolchining (sexning) vakili doimiy ravishda boʻlishi majburiy hisoblanadi.
48. Shoxobchalarni isitishga bugʻ berishni koʻpaytirish yoki kamaytirish faqat isteʼmolchining (sexning) javobgar vakili koʻrsatmasi boʻyicha oʻtkazilishi mumkin.
49. Bugʻ uzatish quvurining har bir uchastkasida isitishni boshlanishi va tugatilishi haqida ishning javobgar rahbari zudlik bilan energiya taʼminoti tashkilotining (sex) javobgar navbatchi xodimiga xabar berishi shart.
50. Agar bugʻ uzatish quvurini isitish paytida undan axlatni chiqarib yuborish uchun puflash koʻzda tutilgan boʻlsa, tashlovchi qisqa quvur kameradan yoki tunneldan chiqarilishi va shchitlar bilan himoyalanishi shart. Bugʻ chiqish joylarida nazorat postlari oʻrnatilishi shart.
51. Bugʻ uzatish quvurini bosh surilma qopqoq bilan oʻchirgandan keyin u toʻxtaganda, toʻkib yuborish armaturasi orqali bugʻni drenaj qilishga faqat bugʻ uzatish quvuridagi bosim 1 kgs/sm² gacha tabiiy ravishda pasaygandan soʻng ruxsat etiladi.
Barcha drenaj surilma qopqoqlari, joʻmraklar va kranlar bugʻ uzatish quvurini keyingi isitishgacha ochiq holatda qoldirilishi shart.
4-§. Issiqlik uzatuvchi quvurlarni sinash
52. Issiqlik tarmogʻini hisoblangan bosimga sinashni boshlashdan oldin sinalishi lozim boʻlgan uzatuvchi quvurdan havoni toʻliq chiqarib yuborish taʼminlanishi shart.
Ishga qoʻyuvchi sinashlar boshlanishidan oldin issiqlik eltuvchining hisoblangan parametrlariga muvofiq berkituvchi armatura hamda nazorat-oʻlchash asboblarining toʻgʻri oʻrnatilganligi va texnik holatini, shuningdek sinash dasturiga muvofiq tiqinlar oʻrnatilganligini tekshirishi shart.
53. Hisoblangan bosimga sinash ishlari tarmoqdagi suv harorati 40°S dan oshmagan hollarda amalga oshirilishi shart.
Hisoblangan bosim va hisoblangan harorat boʻyicha sinashlarni bir vaqtning oʻzida oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
54. Issiqlik tarmogʻini hisoblangan bosimga va hisoblangan haroratga sinashlarni oʻtkazish vaqti oldindan (kamida 48 soat oldin) sinalayotgan tarmoqqa ulangan isteʼmolchilarning (sexlarning) javobgar vakillariga qoʻl qoʻydirilib, xabar berilishi shart.
55. Issiqlik tarmogʻini hisoblangan bosimga sinash ishlarini oʻtkazish vaqtida issiqlik punktlari va isteʼmolchilarning mahalliy tizimlari sinalayotgan tarmoqdan uzilgan boʻlishi shart.
Hisoblangan haroratga sinashlar oʻtkazilayotganda issiqlik tarmogʻidan bolalar muassasalari va shifoxonalarning isitish tizimlari, bevosita ulangan isitish tizimlari, issiq suv taʼminotining ochiq tizimlari, shuningdek avtomatlashtirilmagan yopiq issiq suv taʼminoti tizimlari uzilgan boʻlishi shart.
Uzish ishlari issiqlik tarmogʻining uzatuvchi va qaytuvchi quvurlarida oʻrnatilgan birinchi surilma qopqoqlar orqali (issiqlik tarmogʻi tomonidan) amalga oshirilishi shart.
Issiqlik punktlaridagi barcha toʻkish va havo kranlari toʻliq ochiq holatda boʻlishi shart.
56. Issiqlik punktida uzish armaturasi zarur zichlikni taʼminlamaganda, isteʼmolchilarni uzish ishlari issiqlik tarmogʻiga isteʼmolchilar (sexlar) ulangan kameralarda oʻrnatilgan surilma qopqoqlar orqali yoki issiqlik punktlarida tiqinlar oʻrnatish yoʻli bilan amalga oshirilishi shart.
57. Issiqlik tarmogʻida issiqlik tashuvchining hisoblangan parametrlariga sinashlar oʻtkazilayotgan vaqtda issiqlik punktlarida va isteʼmolchilarning (sexlarning) mahalliy tizimlarida xodimlarning doimiy navbatchiligi tashkil qilinishi shart.
58. Issiqlik tarmogʻida hisoblangan haroratga sinash vaqtida, issiqlik tarmogʻining butun trassasi boʻyicha kuzatish oʻrnatiladi. Buning uchun trassa boʻyicha sinashlarni oʻtkazish rahbari koʻrsatmasiga koʻra, mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda issiqlik tarmogʻining (sexning) ekspluatatsiya qiluvchi xodimidan va isteʼmolchidan iborat hamda tashkilotning tegishli xizmati ishtirokida kuzatuvchilar qoʻyilgan boʻlishi shart.
Asosiy eʼtiborni tarmoqning piyodalar va transport harakatlanadigan uchastkalariga, kanalsiz oʻtkazilgan uchastkalarga, avval quvurlar korroziyadan yemirilgan holatlar kuzatilgan uchastkalarga va boshqalarga qaratish shart.
59. Issiqlik tarmogʻida issiqlik eltuvchining hisoblangan parametrlariga sinashlar oʻtkazilayotgan paytda quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi:
sinalayotgan uchastkalarda sinashlar bilan bogʻliq boʻlmagan biron-bir ishlarni bajarish;
kameralarda, tunnellarda va issiqlik punktlarida sinashda ishtirok etmayotgan shaxslarning boʻlishi;
uzatuvchi quvurning flanetsli birikmalari va armaturalar qarshisida turish;
aniqlangan nosozliklarni bartaraf qilish;
issiqlik tarmogʻini hisoblangan haroratga sinashda issiqlik kameralari va tunnellarga xodimlarni sinashda qatnashuvchi shaxs sifatida, shu bilan birga qatnashmaydigan shaxs sifatida tushishi va u yerda boʻlishi.
Issiqlik tarmogʻini issiqlik eltuvchining hisoblangan bosimiga sinashda, shuningdek, bosimni keskin koʻtarish va bosimni sinash dasturida koʻzda tutilgan chegaradan yuqoriga koʻtarish taqiqlanadi.
60. Haroratni oshirish yoki kamaytirish soatiga 30°S dan oshmagan tezlikda amalga oshirilishi shart. Issiqlik eltuvchining haroratini sinash dasturida nazarda tutilgan chegaradan ortiq oshirish taqiqlanadi.
61. Issiqlik tarmogʻini issiqlik eltuvchining hisoblangan parametrlariga (haroratga, bosimga) sinash paytida kameralar va tunnellarni koʻrikdan oʻtkazish ishlari tasdiqlangan dasturga muvofiq hamda yuqori haroratli kameralar va tunnellarga xizmat koʻrsatish qoidalari talablariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi shart.
2-bob. Issiqlik tarmoqlarini taʼmirlash
1-§. Umumiy qoidalar
62. Taʼmirlash ishlariga issiqlik tarmoqlari uskunalari bilan ishlashni biladigan va maxsus oʻqitilgan ishchilar jalb qilinishi shart. Ishlar boshlanishidan oldin ishning javobgar rahbari taʼmirlovchi brigada aʼzolariga ishning oʻziga xos xususiyatlari boʻyicha shaxsan yoʻriq berishi shart. Bunda asosiy eʼtibor xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishiga qaratilishi lozim.
Bosim va kuchlanish ostida boʻlgan uskunalarda taʼmirlash ishlarini oʻtkazish taqiqlanadi.
63. Sutkaning qorongʻi vaqtida taʼmirlash ishlarini SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalashtirish meʼyorlari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq yoritish yetarli boʻlganda oʻtkazishga ruxsat beriladi.
64. Issiqlik tarmoqlari trassasi boʻyicha taʼmirlash ishlarida qoʻllaniladigan mashinalar va mexanizmlar turgʻun holatda oʻrnatilishi hamda ularning agʻdarilib ketishi va oʻz-oʻzidan siljib ketishining oldini olish maqsadida ishonchli mahkamlanishi shart.
65. Ishchilarni zararli gazlar paydo boʻlishi mumkin boʻlgan xavfli joylarga, jumladan kameralar va shurflarga kiritishdan oldin mazkur joylar toʻliq shamollatilishi va aniqlangan gazlar chiqarib tashlanishi shart. Shundan soʻng qayta tekshirish oʻtkazilishi lozim.
Zararli gazlar kutilmagan holda paydo boʻlgan taqdirda, ishlar zudlik bilan toʻxtatilishi va ishchilar xavfli hududdan chiqarilishi shart.
66. Gazlangan muhitda ishlarni bajarishda rangli metalldan tayyorlangan bolgʻalar, kuvalda va boshqa asboblardan foydalanilishi shart.
Qora metalldan tayyorlangan asboblar va qoʻshimcha moslamalar zarba vaqtida uchqun hosil boʻlishining oldini oluvchi qoplamaga ega boʻlishi shart. Zubiloning kesuvchi qismi moy bilan moylanishi lozim.
Gazlangan muhitda elektr drellar va uchqun chiqarishi mumkin boʻlgan boshqa elektr asboblaridan foydalanish taqiqlanadi.
67. Gaz mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan joylarda payvandlash ishlarini boshlashdan oldin havo muhiti gazlanganlikka tekshirilishi shart. Bunda havodagi kislorod miqdori hajm boʻyicha kamida 20,5% boʻlishi shart. Havodan namuna olish ishlari ventilyatsiyasi eng yomon boʻlgan joylardan amalga oshirilishi shart.
Gazning solishtirma ogʻirligiga bogʻliq ravishda namuna uchun quyidagi balandlikda olinishi shart:
havodan yengil gaz uchun (tabiiy, koksli va boshqalar) — yuqori hududda 200 — 300 mm;
havodan ogʻir gaz uchun (propan, butan va boshqalar) — pastki hududda 700 — 1000 mm.
Payvandlash ishlari olib borilayotgan vaqt davomida kamera (tunnel) yaxshi ventilyatsiya qilinishi shart.
Payvandlash va boshqa ochiq olovni qoʻllash bilan bogʻliq ishlarni gazlangan muhitda (atmosferada) oʻtkazish taqiqlanadi.
68. Uskunalar va uzatuvchi quvurlarni vertikal joylashuv boʻyicha turli sathlarda bir vaqtning oʻzida taʼmirlash ishlarini oʻtkazishga faqat zarur hollarda, barcha pastki sathlarda ishlayotgan xodimlarning xavfsizligini taʼminlovchi himoya qoplamalari oʻrnatilgan sharoitda ruxsat etiladi.
69. Uskunalarni va uzatuvchi quvurlarni demontaj qilish bilan bogʻliq taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda uskunaning qolgan tugunlari va elementlarining turgʻunligini taʼminlovchi operatsiyalarni bajarish ketma-ketligi oldindan belgilanishi shart. Uskunaning qolgan elementlari hamda uzatuvchi quvur uchastkalarining turgʻunligi ustidan doimiy nazorat taʼminlanishi shart.
70. Taʼmirlash ishlari olib borilayotgan joylarda vaqtinchalik elektr simlari izolyatsiyalangan simlardan bajarilishi shart hamda ular ish joyidan kamida 2,5 m, oʻtish yoʻlaklaridan 3 m va transport harakati yoʻllaridan 5 m masofada mustahkam tayanchlarga osib qoʻyilishi lozim.
Yerdan, poldan va qoplamalardan 2,5 m dan kam balandlikda joylashgan elektr simlari quvurlar yoki qutilar ichiga joylashtirilishi shart.
71. Flanetsli birikmalarda bolt teshiklarining mosligini tekshirish faqat lomchalar yoki qisqichlar yordamida amalga oshirilishi shart. Ushbu ishlarni barmoqlar bilan bajarish taqiqlanadi.
2-§. Issiqlik quvurlarini taʼmirlash
72. Issiqlik quvurlarini taʼmirlash ishlarini boshlashdan oldin ishga qoʻyuvchi sex, uchastka ustasi (smena ustasi, sex boshligʻi) taʼmirlash ishlarini xavfsiz oʻtkazishni taʼminlash maqsadida ish joylarini tayyorlashi shart. Bunda u quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
kameraning gazlanganligini gazoanalizator yordamida tekshirish;
zarur almashlab ulashlarni bajarish;
ishning javobgar rahbari va ish bajaruvchi ishtirokida issiqlik tarmogʻining oʻchirilayotgan uchastkasining har ikki tomonida, undan shoxoblanish yoʻnalishlarida, shuningdek drenaj va chiqarish liniyalari hamda tutashtirgich tomonidagi surilma qopqoqlar va joʻmraklarni qulf bilan zanjirlab berkitish;
taʼmirlanadigan uchastkani oʻchiruvchi surilma qopqoqlar va joʻmraklarga “OCHILMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” yozuvli plakatlarni osish;
surilma qopqoqlarning elektr yuritmalaridan va ularni taʼminlovchi kabellardan kuchlanishni olish hamda saqlagichlarni yechib qoʻyish.
Issiqlik tarmogʻining taʼmirlanadigan uchastkasini oʻchiruvchi surilma qopqoqlar va joʻmraklardagi qulflar kalitlari taʼmirlash ishlari yakunlangunga qadar ishga qoʻyuvchi shaxsda saqlanishi shart.
73. Oʻchiruvchi surilma qopqoqlar va joʻmraklarni ishga tushirilishidan oldin ular zarur zichlikni taʼminlamagan taqdirda, issiqlik tarmogʻining taʼmirlanayotgan qismi qopqoqlar oʻrnatish orqali uzilishi shart. Qopqoqlarning qalinligi bugʻ yoki suv bosimiga mos boʻlishi shart.
Qopqoqlar aniq koʻrinadigan tutqichga ega boʻlishi va odatda tutqichlari yuqoriga qaratib oʻrnatilishi shart.
74. Ishning javobgar rahbari va ish bajaruvchi ishlar boshlangunga qadar, surilma qopqoq va joʻmraklarning zich qilib berkitilganligiga hamda uzatuvchi quvurda bosim yoʻqligiga shaxsan ishonch hosil qilishi shart. Uzatuvchi quvurda ortiqcha bosim boʻlgan taqdirda taʼmirlash ishlarini boshlash taqiqlanadi.
75. Drenajlash suv va bugʻni tushirish armaturasi orqali amalga oshirilishi shart. Flanetsli birikmalarning boltli qismlarini boʻshatish yoʻli bilan quvurlarda bosimni kamaytirishga va ularni drenajlashga faqat zarur hollarda, uzatuvchi quvurni tushirish (drenaj) qurilmalari orqali boʻshatish imkoniyati boʻlmaganda ruxsat beriladi. Bunday hollarda boltli birikmalarni boʻshatish, ushbu ishlarni bajarayotgan ishchi qarama-qarshi tomondan turib, bajarilishi kerak.
76. Parallel ishlayotgan issiqlik uzatuvchi quvurlar joylashgan kameralarda ishlar olib borilayotganda ishning javobgar rahbari va ish bajaruvchi tomonidan xodimlarni kuyishdan va yuqori harorat taʼsiridan himoya qilish boʻyicha zarur choralar (ishlab turgan uskunalarni toʻsish, ventilyatsiyani taʼminlash, maxsus kiyim-boshdan foydalanish va boshqalar) koʻrilishi shart.
77. Kameralar va tunnellarda ogʻir uskunalarni taʼmirlash ishlari tor sharoitlarda mos xavfsizlik choralarini qoʻllagan holda, koʻtaruvchi mexanizmlar (osma chigʻirlar, domkratlar va boshqalar)dan foydalanib amalga oshirilishi shart.
78. Trassaga chiqarilgan quvurlar xandaq boʻylab uning chekkasidan kamida 1 m masofada joylashtirilishi shart.
79. Quvurlarni osilgan holatda, biriktirish joylarida tagliklarsiz montaj qilish va payvandlash ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
80. Egri kirgizmalar va berkituvchi armaturani montaj qilish ishlari ishning javobgar rahbari bevosita rahbarligi ostida amalga oshirilishi shart.
81. Payvandlash ishlari bajariladigan joylar atmosfera yogʻingarchiliklaridan, qattiq shamol va quyosh nurlaridan peshayvonlar, palatkalar va boshqa qurilmalar bilan himoyalangan boʻlishi shart.
Momaqaldiroq paytida issiqlik tarmoqlari trassasidagi barcha ishlar toʻxtatilishi, ishlayotganlar esa quvurlar va mexanizmlardan xavfsiz joyga chetlashtirilishi shart.
82. Rentgen va gamma-nurlanish manbaini qoʻllash bilan payvandlangan choklarni nazorat qilish boʻyicha ishlar amaldagi radioaktiv moddalar va ionlovchi nurlanish manbalari bilan ishlashda sanitariya qoidalariga muvofiq oʻtkaziladi.
83. Quvurlar, uskunalarning boshqa elementlari va armaturalarni xandaqqa tushirish jarayonida, shuningdek oʻrnatilgan uskunalar va uzatuvchi quvur tugunlari toʻliq mahkamlanmagunga qadar ishchilarning xandaqda boʻlishi hamda ular tagida turishi taqiqlanadi.
84. Elektr simlari yaqinida (uzatuvchi quvurning montaj qilinayotgan tuguni yoki qismining eng katta uzunligiga teng masofa doirasida) uskunalar va uzatuvchi quvurlarni montaj qilish ishlari elektr kuchlanishi olingan holda amalga oshirilishi shart.
85. Gaz boʻlishi mumkin boʻlgan kameralar, tunnellar, chuqurliklar, shurflar va xandaqlarda taʼmirlash ishlari topshiriq (naryad) asosida hamda mazkur Qoidalarning 5-ilovasi talablariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
86. Ishchilarni quvurlarni koʻzdan kechirish va begona predmetlardan tozalash uchun ularga kirishlariga, faqat uzunligi 150 m dan koʻp boʻlmagan toʻgʻri chiziqli uchastkalarda, quvurning diametri 800 mm dan kam boʻlmaganda ruxsat beriladi.
Bunda koʻzdan kechirish va tozalash kerak boʻlgan uchastkalarning har ikki tomonlarida quvurdan erkin chiqish taʼminlangan boʻlishi shart.
Uchastkada tarmoqlanish, tutashtirish yoki boshqa uzatuvchi quvurlar bilan birlashish mavjud boʻlgan hollarda, ular ishonchli tarzda oʻchirilishi shart.
Quvurni koʻzdan kechirish va tozalash ishlariga kamida uch nafar ishchi tayinlanishi shart. Ularning ikkitasi quvurning har ikki chekkasida joylashib, quvur ichida ishlayotgan ishchini kuzatib turishi shart.
Quvur ichida ishlayotgan ishchi tizzaband (himoya vositasi) kiyishi hamda tasma yoki arqon bilan jihozlangan saqlovchi kamar taqishi shart. Arqonning bir uchi quvurga kirish joyida turgan kuzatuvchida boʻlishi lozim.
Quvurdan chiqish tomonida turgan kuzatuvchida quvurning butun uchastkasini yoritishni taʼminlaydigan yoritgich boʻlishi shart.
Agar kuzatuvchilar quvurdagi ishchi oʻzini yomon his qilayotganini payqasalar yoki tegishli signal olsalar, ular tasma yoki arqon yordamida ishchini quvurdan chiqarishga zudlik bilan yordam berishlari shart.
87. Quvurlarning ichki yuzasini korroziya mahsulotlaridan tozalash ishlari maxsus loyihalar asosida amalga oshirilishi shart. Ishchining quvur ichida boʻlish vaqti 30 daqiqadan oshmasligi, soʻngra u kamida 15 — 20 daqiqaga quvurdan chiqib dam olishi shart.
Ishchini quvur ichida ishlashga yuborishdan oldin ish bajaruvchi ishlarni xavfsiz amalga oshirish sharoitlarini taʼminlashi hamda quvur ichida, shuningdek quvurning har ikki chekkasida joylashgan issiqlik tarmogʻi kameralarida gaz mavjud emasligiga shaxsan ishonch hosil qilishi shart.
88. Issiqlik tarmogʻining machtalari, estakadalari va boshqa yer usti konstruksiyalariga quvurlar, armaturalar hamda boshqa materiallarni koʻtarishga faqat eltuvchi konstruksiyalarning mustahkamligi oldindan tekshirilgandan (koʻrik va hisob-kitoblar oʻtkazilgandan) keyin ruxsat etiladi.
89. Maxsus toʻsiqlar bilan jihozlanmagan quvurlar boʻylab yurishga, shuningdek quvurlar ustida turib yoki oʻtirib ishlarni bajarish taqiqlanadi.
90. Kompensatorlarning salniklarini tiqib kiritishga quvurdagi bosim 2 mm suv ustunidan oshmagan va issiqlik tashuvchining harorati 45°S dan oshmagan hollarda ruxsat etiladi. Qolgan barcha holatlarda salniklarni faqat uzatuvchi quvur toʻliq boʻshagandan keyin kiritish shart.
Kompensatorlarning salnikli tiqinlarini almashtirish faqat uzatuvchi quvur toʻliq boʻshagandan keyin amalga oshirilishi mumkin.
91. Boshqa sex xodimlari yoki pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariladigan ishlar mazkur Qoidalarning 3-bobi talablariga muvofiq oʻtkazilishi shart.
3-§. Issiqlik punktlariga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash
92. Isteʼmolchilarning issiqlik punktlari, ularga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar va energiya taʼminoti tashkiloti xodimlari kirishi oson boʻlgan alohida izolyatsiyalangan quruq xonalarda joylashishi shart.
93. Isteʼmolchilarning 2 Gkal/soatdan ortiq yuklamali issiqlik punktlari energiya taʼminoti tashkilotining (sexning) navbatchisi bilan telefon aloqasiga ega boʻlishi shart.
94. Issiqlik punktlarining oʻlchamlari ularda joylashgan uskunalarga va uzatuvchi quvurga normal xizmat koʻrsatish imkoniyatini taʼminlashi shart. Oʻtish yoʻllarining kengligi 1 m dan, xonalar balandligi 2 m dan kam boʻlmasligi shart. Eshiklar tashqariga ochilishi shart (chiqish tomonga). Bugʻ isteʼmol qiluvchi isteʼmolchilarning issiqlik punktlari xonalari kamida ikkita chiqishga ega boʻlishi shart.
95. Doimiy navbatchi xodimlari yoʻq boʻlgan issiqlik punktlari xonalari qulfga berkitilgan boʻlishi va xonalarning kalitlari aniq belgilangan joyda saqlanishi shart. Issiqlik punktlarida joylashgan uskunalarga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashga aloqasi yoʻq shaxslarning issiqlik punktlari xonalariga kirishi taqiqlanadi.
96. Issiqlik punktlaridagi xodimlarning xavfsiz ish sharoitlarini taʼminlovchi uskunalarning va xonalarning holatiga javobgarlikni isteʼmolchi olib boradi.
97. Isteʼmolchilarning issiqlik punktlari va tizimlaridagi uskunalarning ishlashi ustidan nazoratni issiqlik bilan taʼminlovchi tashkilot (sex) olib boradi.
98. Issiqlik punktlaridagi uskunalarni montaj qilish loyiha boʻyicha oʻtkazilishi shart.
Bunda:
berkituvchi armaturaning joylashishi flanetsli birikmalarda kalitning erkin harakatlanishi;
nazorat-oʻlchash vositalarining joylashishi koʻrsatmalarni olish uchun qulay boʻlishi;
nasoslarning joylashishi boshqa uskunalarga (surilma qopqoqlar, elevatorlar va boshqalar) xizmat koʻrsatishni qiyinlashtirmasligi;
elektr dvigatellar va elektr bilan taʼminlovchi shchitlar ishonchli yerga ulangan boʻlishi;
uskunalarning alohida elementlarini va uzatuvchi quvurni koʻchirish va oʻrnatish uchun oddiy mexanizmlar (issiqlik punktlari xonasining qoplamasiga mahkamlangan osma chigʻirlar va boshqalar) ega boʻlishi;
2,5 m dan ortiq balandlikdagi uskunalarga va uzatuvchi quvurlarga xizmat koʻrsatishda panjarali maydonchalar va statsionar narvonlar bilan taʼminlanishi zarur.
99. Issiqlik punktining uzatuvchi quvurlari va uskunalarining barcha issiqlik yuzalari izolyatsiyalangan va boʻyalgan boʻlishi shart.
100. Issiqlik punktining uzatuvchi quvurlari va uskunalarining barcha kanalizatsiya tarmogʻi bilan ulanishlari uzilish orqali (rakovina, voronka yoki oʻra vositasida) amalga oshirilishi shart. Suv uzatuvchi quvurlar bilan ulanishlar esa tushirmalar orqali bajarilishi va ular oson ajratiladigan boʻlishi lozim.
101. Ishga tushirish, toʻxtatish va normal ekspluatatsiya jarayonida mahalliy tizimlarning barcha oʻchirishlarini, yoqishlarini va almashlab ulashlarini, uzatuvchi va qaytuvchi liniyalar surilma qopqoqlarini asta-sekin, navbatma-navbat va bosqichma-bosqich harakatga keltirib bajarish shart. Bunda har qanday holatlarda ham tizimdagi bosimni, ushbu tizim uchun statik bosimdan pastga tushmasligini va ruxsat etilganidan oshmasligini uzluksiz kuzatish zarur.
Tizimdagi bosim statik bosimdan past yoki ruxsat etilganidan ortiq boʻlish xavfi boʻlmasa, tizimdagi uzish va ulashlarni surilma qopqoqlarni navbatma-navbat yopish yoki ochish yoʻli bilan oʻtkazish mumkin. Bunday hollarda tizimni uzish uzatuvchi liniyadan boshlab surilma qopqoqlarni navbatma-navbat yopish orqali amalga oshiriladi, tizimni ulash esa aksincha qaytuvchi liniyadan boshlab surilma qopqoqlarni navbatma-navbat ochish orqali bajariladi.
102. Isteʼmolchilarning issiqlik punktidagi joriy taʼmirlash ishlari odatda tashqi issiqlik tarmogʻida issiqlik eltuvchining harorati 75 0S dan yuqori boʻlmaganda oʻtkazilishi shart. Bunda uskunalarni oʻchirish faqat isteʼmolchining issiqlik punktidagi bosh surilma qopqoq bilan amalga oshirilishi mumkin.
Tashqi issiqlik tarmogʻida issiqlik eltuvchining harorati 75 0S dan yuqori boʻlganda, issiqlik tarmogʻida taʼmirlash va uskunalarni almashtirish, issiqlik punktidagi bosh surilma qopqoqlar bilan hamda isteʼmolchiga tarmoqlanishdagi (yaqin kameradagi) surilma qopqoqlar bilan, tizim oldindan oʻchirilgan sharoitda bajarilishi shart. Oʻchirish energiya bilan taʼminlovchi tashkilot xodimi tomonidan oʻtkaziladi.
Oʻchiruvchi armaturaning zichligi yetarli boʻlmagan hollarda issiqlik punkti uskunalarini taʼmirlash ishlariga faqat toʻsiqlar oʻrnatilgandan keyin kirishish mumkin.
103. Flanetsli birikmalarning boltlarini va armaturaning salnikli zichlamalarini tortishni, choʻyan detallarda shikastlanish va oʻta kuchlanish yuzaga kelishini oldini olish uchun sekin va kontur boʻyicha bir tekisda oʻtkazish kerak. Flanetsli birikmalar va salniklar boltlarining rezbalari muntazam ravishda moyda aralashtirilgan grafit bilan surkalishi shart.
104. Elevator konusi almashtirilayotganda, mazkur ishlarni bajarayotgan chilangar elevator oldida joylashgan eng yaqin kirgizmadagi ikkita flanets boltini yechishi shart. Choʻyan armaturaning shikastlanishini oldini olish maqsadida elevator oldidagi quvur uchastkalarini tortish orqali konusni chiqarib olish taqiqlanadi.
105. Xizmat koʻrsatuvchi xodim simobli vositalar bilan ishlaganda issiqlik punkti xonasida toʻkilgan simob odamlar sogʻligʻiga zararli taʼsir qilishini esda saqlashi shart.
106. Xizmat koʻrsatuvchi xodim oʻlchash vositalari koʻrsatkichlarini olish yoki uskunalarga profilaktik xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan vaqtdan ortiq flanetsli birikmalar va choʻyan armatura oldida turmasligi shart.
107. Harorati 100 0S dan yuqori boʻlgan isteʼmolchilarning suvli tizimlari uchun tizimning yuqori nuqtalaridagi bosim, suv qaynab ketishining oldini olish uchun zarur boʻlgan bosimdan kamida 0,02-0,03 MPa (0,2-0,3 kg·s/sm2)ga yuqori boʻlishi shart.
108. Issiqlik punktining uskunalarini har yili taʼmirdan oʻtkazish shart. Taʼmirlash hajmi va oʻtkazish vaqti energiya taʼminoti tashkiloti (sex) bilan kelishilgan boʻlishi kerak.
109. Bosimni avtomatik ravishda rostlovchi regulatorlar (reduktorlar) bilan jihozlangan bugʻ isteʼmolchilari issiqlik punktlari, shuningdek drossellangan bugʻ tomonida (reduktordan keyin) saqlash klapanlari bilan jihozlanishi shart.
110. Bugʻ bilan taʼminlanadigan issiqlik punktlari va tizimlarini ulashda tegishli toʻkish drenajlari oldindan ochilishi hamda uzatuvchi quvurlar va uskunalar isitilishi shart. Isitish tezligi gidravlik zarblar yuzaga kelishini istisno etuvchi darajada taʼminlanishi lozim.
111. Isteʼmolchilarning issiqlik punktlarida va tizimlarida oʻrnatilgan issiqlik almashtiruvchi apparatlar va nasoslarni taʼmirlash, shuningdek izolyatsiyalash ishlari mazkur Qoidalarning 5-ilovasiga rioya qilgan holda bajarilishi shart.
4-§. Issiqlik avtomatikasi va oʻlchash vositalariga xizmat koʻrsatish
112. Birlamchi (berkituvchi) avtomatika datchiklari joʻmraklarini, nazorat-oʻlchash vositalari hamda himoya vositalarini ulash va uzishni issiqlikdan foydalanuvchi qurilmaga xizmat koʻrsatuvchi xodim amalga oshirishi kerak. Datchiklar, nazorat-oʻlchash vositalari va himoya vositalari oldidagi ikkilamchi joʻmraklarga xizmat koʻrsatishni, issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalardagi issiqlik avtomatikasi va oʻlchov vositalarini koʻrikdan oʻtkazishni, issiqlik shchitlarining ichki koʻriklarini issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarga xizmat koʻrsatuvchi maxsus xodim amalga oshirishi shart.
113. Datchiklarni uzish impulsli liniyalarda richag qoʻllanmagan holda, birlamchi (tanlangan) joʻmraklarni yopish bilan amalga oshirilishi kerak. Agar datchikning impulsli liniyasi turli tanlangan qurilmalarga ulangan boʻlsa, ushbu qurilmalardagi barcha birlamchi (tanlangan) joʻmraklar yopilgan boʻlishi shart.
Muhit bosimi 6 MPa (60 kg s/sm²) dan yuqori boʻlgan hollarda datchikni uzish ketma-ket oʻrnatilgan ikkita berkituvchi joʻmrakni yopish orqali amalga oshirilishi lozim.
Bosimi 6 MPa (60 kg·s/sm²) dan yuqori boʻlgan impuls liniyalarini taʼmirlash faqat uzilgan uzatuvchi quvurlarda (issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarda) amalga oshirilishi shart.
114. Impulsli liniyalarga ulangan uzatuvchi quvur yoki issiqlikdan foydalanuvchi qurilma bosim ostida turgan boʻlsa, impulsli liniyalarning berkituvchi armaturasi berk boʻlishi va unda “OCHILMASIN! ODAMLAR ISHLAMOQDA!” yozuvli plakatlar osilgan boʻlishi shart.
115. Uzilgan impuls liniyasida bosim mavjud emasligi uni atmosfera bilan ulash orqali tekshirilishi shart. Agar impuls liniyasida puflash qurilmalari mavjud boʻlmasa, bosimning yoʻqligi mazkur liniyani datchikdan ajratish orqali tekshiriladi. Bunda liniyani datchikka ulaydigan gayka gaykali kalit yordamida ehtiyotkorlik bilan, gayka ostida suyuqlik paydo boʻlguncha, liniya bosimi kamayguncha va suyuqlik oqimi susayguncha bosqichma-bosqich boʻshatilishi lozim. Shundan soʻng 30 — 40 soniya kutilib, gayka yana yarim yoki bir aylanishga boʻshatilib, bosim tushirilishi kerak. Bosim tushishi jarayonida gayka bosqichma-bosqich boʻshatilib borilishi lozim, bunda bosim toʻliq tushirilgan paytda gayka shtutserda 3-4 aylanish holatida qolishi kerak. Agar gaykani boʻshatish jarayonida liniya bosimi kamaymasa, gayka qaytadan mahkamlanib, impuls liniyasi toʻliq oʻchirilishini taʼminlash choralari koʻrilishi shart. Ushbu operatsiyalar himoya qoʻlqoplarida bajarilishi shart.
116. Uzatuvchi quvurlar va idishlarda impulsli liniyalarni ulashni, oʻlchash diafragmalari va armaturaning flanetslarini qismlarga ajratishni, termoparaning gilzalarini oʻrnatishni uskunalar biriktirilgan sexning asosiy xodimlari bajarishi shart. Koʻrsatilgan ishlar uzatuvchi quvurlar va idishlardan bosim olingandan keyin va drenajlar ochiqligida bajarilishi shart.
117. Borish qiyin boʻlgan va harorat 33 0S dan yuqori boʻlgan joylarda joylashgan termoparalar va qarshiliklar termometrlarini almashtirish va sozlashni kamida ikkita ishchi bajarishi shart. Ish joylarini ventilyatsiya qilish maqsadida koʻchma havo-dushlash uskunalaridan foydalanish zarur.
118. Maxsus puflash qurilmalari yoʻq boʻlganda yoki toʻlib qolgan puflash liniyalarida suv va bugʻ impuls liniyalarini puflashni, texnologik sexning navbatchi xodimi ruxsati bilan kamida ikkita ishchi texnologik operatsiyalar ketma-ketligi va xavfsizlik choralari koʻrsatilgan mahalliy yoʻriqnomaga muvofiq bajarishi shart.
119. Avariya holati yuzaga kelganda issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarda puflash toʻxtatilishi, armatura berkitilishi shart.
120. Manometrlarni, datchiklarni almashtirishda faqat birlamchi (olinadigan) joʻmraklar berkitilganidan keyin amalga oshirish kerak. Manometrlar, datchiklardagi gaykalarini asta-sekin burab boʻshatish kerak.
121. Agressiv muhitning tasodifiy chiqib ketishi ehtimoli mavjud boʻlgan impuls liniyalari, shuningdek issiqlik avtomatikasi va oʻlchash apparaturalarida ishlar bajarilayotganda rezina qoʻlqoplar, fartuk va himoya koʻzoynaklaridan foydalanish shart.
122. Maksimal ruxsat etilgan bosimni belgilash uchun oʻlchash vositasi shkalasida qizil chiziq belgilangan boʻlishi yoki vosita qoʻshimcha qizil milga ega boʻlishi lozim. Qoʻshimcha milning harakati ishchi mil harakati bilan bogʻliq boʻlmasligi shart. Oʻlchash vositasi oynasiga qizil chiziq tushirish taqiqlanadi.
123. Prujinali manometrlar bugʻ uzatuvchi quvurlarga sifonli quvurlar va uch yoʻlli kranlar orqali ulanishi shart.
124. Manometr koʻrsatkichlari xizmat koʻrsatuvchi xodimga aniq va ravshan koʻrinishi shart. Bunda manometr shkalasi vertikal tekislikda yoki oldinga 30° S gacha qiya holatda joylashtirilishi lozim. Manometr yaxshi yoritilishi, issiqlik nurlanishidan va muzlashdan himoyalangan boʻlishi shart. Manometr yer sathidan 2 — 5 m balandlikda oʻrnatilganda, uning kuzatish diametri 160 mm dan kam boʻlmasligi shart. Manometrni xizmat koʻrsatish yer sathidan 5 m dan ortiq balandlikda oʻrnatish taqiqlanadi.
125. Plombasi va tamgʻasi mavjud boʻlmagan, tekshirish muddati oʻtgan, oynasi singan yoki koʻrsatish aniqligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa nosozliklari mavjud manometrlardan, shuningdek oʻchirilganda milli shkalaning nol belgisiga qaytmaydigan manometrlardan foydalanish taqiqlanadi.
126. Termometrlar uchun gilzalar toza holatda saqlanishi va doimo mashina moyi bilan toʻldirilgan boʻlishi shart. Gilzadagi moy sathi termometrning simob ustunini toʻliq qoplab turishni taʼminlashi lozim.
Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga 8-ILOVA
Himoya vositalaridan foydalanish va ularni sinash qoidalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
a) himoya koʻzoynaklari, brezentli qoʻlqoplar, gazga qarshi niqoblar, saqlovchi belbogʻlar, yoʻgʻon arqonlar;
b) vaqtinchalik toʻsiqlar, ogohlantiruvchi plakatlar;
v) rezinali dielektrik qoʻlqoplar, boʻtiklar, kalishlar, gilamchalar, izolyatsiyalovchi tagliklar.
2. Ekspluatatsiyada va zaxirada saqlanayotgan himoya vositalari ularning soz holatda boʻlishini hamda oldindan taʼmirsiz foydalanishga yaroqliligini taʼminlaydigan sharoitlarda saqlanishi kerak. Shu bois, bunday vositalar namlanish, ifloslanish va mexanik shikastlanishdan ishonchli himoya qilingan boʻlishi shart.
3. Ekspluatatsiyada boʻlgan rezinali himoya vositalari yopiq xonalarda, maxsus shkaflar javonlarida hamda boshqa vositalardan alohida ajratilgan yashiklarda saqlanishi shart.
Ular rezinani yemiruvchi moylar, benzin va boshqa moddalar taʼsiridan, shuningdek quyosh nurlarining toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiridan himoyalangan boʻlishi hamda isitish asboblaridan uzoqlashtirilgan masofada joylashtirilishi lozim.
Zaxiradagi rezinali himoya vositalari isitiladigan, qorongʻi va quruq xonalarda 0 dan +25°S gacha boʻlgan haroratda saqlanishi shart.
4. Gazga qarshi niqoblar quruq xonalarda maxsus jildlar va gʻiloflarda saqlanishi shart.
5. Vaqtinchalik toʻsiqlar (shchitlar) maxsus jihozlangan xonalarda (peshayvonlarda) saqlanishi lozim.
6. Yakka foydalanishdagi himoya vositalari, himoya vositalarining nomi, berilgan sanasi va qabul qilib olgan shaxsning imzosi koʻrsatilgan himoya vositalarini hisobga olish va saqlash jurnalida hisobga olinishi kerak.
7. Barcha himoya vositalari ekspluatatsiyaga qabul qilinishida, zavodda oʻtkazilgan sinovlardan qatʼi nazar, qoʻshimcha ravishda sinovdan oʻtkazilishi shart. Shuningdek, ular davriy ravishda nazorat koʻrigidan oʻtkazilishi hamda mazkur Qoidalarning 1-ilovasida belgilangan meʼyorlar va muddatlarga muvofiq mexanik sinovlardan oʻtkazilishi lozim.
8. Rezinali dielektrik qoʻlqoplar, boʻtiklar, kalishlar, gilamchalar, izolyatsiyalovchi tagliklar va boshqa himoya vositalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga muvofiq belgilangan muddatlarda sinovdan oʻtkazilishi va tekshirilishi shart.
9. Himoya vositalarini navbatdan tashqari sinashdan oʻtkazish ular taʼmirlanganidan keyin, nosozlik aniqlanganda yoki alohida qismlari almashtirilganda amalga oshiriladi.
Sinash natijalari belgilangan tartibda jurnalga qayd etiladi. Jurnal shakli qatʼiy belgilanmaydi.
10. Himoya vositasini har bir ishlatishdan oldin xodim uning soz holatda ekanligini va tashqi shikastlar mavjud emasligini tekshirishi, changdan tozalab artishini, shuningdek rezina qoʻlqoplarning teshilmaganligini tekshirishi shart.
Sinov muddati oʻtgan himoya vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
2-bob. Himoya vositalarga boʻlgan talablar va ulardan foydalanish qoidalari
1-§. Ogohlantiruvchi plakatlar
11. Ogohlantiruvchi plakatlar kuchlanish ostida boʻlgan qismlarga yaqinlashishning oldini olish, ish joyiga kuchlanish berilishi mumkin boʻlgan kommutatsion apparatlarni ishlatishni taqiqlash, shuningdek ish olib borilayotgan joyni koʻrsatish va xodimlarni qabul qilingan xavfsizlik choralari toʻgʻrisida xabardor qilish maqsadida qoʻllaniladi.
12. Plakatlar mazkur Qoidalarning 8-ilovasi 1-jadvaliga asosan uchta guruhga ajratiladi:
a) ogohlantiruvchi;
b) taqiqlovchi;
v) ruxsat beruvchi.
Qoʻllash tavsifi boʻyicha plakatlar statsionar va koʻchma boʻlishi mumkin.
Koʻchma plakatning yuqori qismida ularni joyiga mahkamlash uchun teshik, qisqich, ilgak yoki arqoncha boʻlishi kerak.
13. Plakat metall tunikachadan yoki plastikli materialdan tayyorlanishi lozim.
Rasmlar va yozuvlar mos rangdagi emalli boʻyoqda bajarilishi kerak.
Plakatlarning roʻyxati, oʻlchami va tavsifi 1-jadvalda berilgan.
2-§. Himoya koʻzoynaklari
14. Himoya koʻzoynaklari:
a) gidroizolyatsiyalash ishlarini bajarishda, kavsharlashda, payvandlab ulashda, eritishda va mastika hamda chaqichli qorishmani qizitishda;
b) kislotalar va ishqorlar bilan ishlaganda;
v) issiqlik uzatish quvurlari, rezervuarlar taʼmirlanayotganda va tozalanayotganda;
g) qumpurkagichli apparatlar bilan ishlaganda;
d) issiqlikdan foydalanuvchi qurilmaga xizmat koʻrsatishda qurilmalarni (apparatni) pastga tushirilayotganda, suyuqlik toʻkilishi ehtimoli boʻlganda;
e) asbob-uskunani charxlayotganda va koʻzga shikast yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa ishlarda qoʻllaniladi.
15. Himoya koʻzoynaklarining yon tomonlari shishalar bilan berkitilgan va ventilyatsiya teshiklariga ega boʻlishi kerak.
Ventilyatsiya teshiklari katta boʻlmagan oʻlchamda boʻlishi kerak, bunda sachragan suyuqliklar yoki erigan moddalar koʻzoynak kamerasining (ventilyatsiya teshiklari tangachalar va boshqa bilan himoyalangan boʻlishi kerak) ichiga kirmasligi kerak.
Koʻzoynakning chet qismi (gardishi) bilan shishasi orasida tirqishlar boʻlmasligi kerak. Chet qismi (gardishi) metall yoki fibradan yasalgan va yuzga zich yopishgan boʻlishi kerak. Bunda yuzning terisini chet qismi (gardishi) bosimidan himoya qilish uchun uning chetlarini yumshoq charm va mato bilan qoplanishi kerak.
Koʻzoynakni boshga mahkamlash bogʻichi zich tasmadan yoki choʻzilgan kamardan yoxud rezinali qaviqdan tayyorlangan boʻlishi kerak.
Koʻzoynakning shishalari tiniq boʻlishi, nuqsonlardan (pufaklar, shishlar va boshqa kamchiliklar) xoli boʻlishi hamda qiyin eruvchan metall taʼsiriga chidamli boʻlishi shart.
16. Koʻzoynak uzoq muddat davomida qoʻllanilganda, uning shishalarining koʻzga qaragan yuzasi shishaning terlashini oldini olish maqsadida maxsus modda bilan ishlov berilishi lozim.
3-§. Qoʻlqoplar
17. Eritilgan metall, mastika va saqich bilan ishlashda, shuningdek qizigan yuzalarga tegish bilan bogʻliq ishlarda qoʻllarni himoya qilish maqsadida qiyin alangalanadigan matolardan (zigʻir tolali brezent va boshqalardan) tayyorlangan qoʻlqoplar qoʻllanilishi shart.
18. Qoʻlqop oʻlchami yuqori kiyim yenglari ustidan tortib kiyish imkonini taʼminlashi hamda eritilgan moddaning ichkariga oqib kirishini oldini olish maqsadida qoʻlga mahkam yopishib turishi lozim.
Qoʻlqop uzunligi 350 mm dan kam boʻlmasligi shart.
4-§. Gazga qarshi niqoblar
19. Gazga qarshi niqoblar insonning nafas olish organlari, yuz va koʻzlarini zararli aralashmalar (bugʻlar, gazlar va changlar) mavjud boʻlgan xonalarda, rezervuarlarda va boshqa joylarda himoya qilish uchun moʻljallangan. Ular issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlariga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlashda, shuningdek avariyalarni bartaraf etishda himoya vositasi sifatida qoʻllaniladi.
20. Gazga qarshi niqoblar kamida har uch oyda bir marta koʻrikdan oʻtkazilishi shart. Koʻrik davomida tashqi shikastlar, klapanlarning sozligi va boshqa nuqsonlar aniqlanadi. Shuningdek, qoʻllanilayotgan filtr turiga qarab, maxsus yoʻriqnomalarda belgilangan muddatlar va tartiblarga muvofiq Gazga qarshi niqoblar davriy sinovdan oʻtkazilishi hamda qayta zaryadlanishi lozim.
21. Gazga qarshi niqoblarning qutisi vazifasiga koʻra maxsuslashtirilgan boʻlib, u gazga qarshi niqoblar markasi va qutining farqlovchi rangiga muvofiq belgilangan gazlardan himoya qilishni taʼminlaydi. Filtrlovchi gazga qarshi niqoblar markalari mazkur Qoidalarning 8-ilovasi 2-jadvalida keltirilgan.
22. A, V, KD markali gazga qarshi niqoblar uchun havodagi erkin kislorod miqdori 16% dan kam boʻlganda, M va SO markali gazga qarshi niqoblar uchun esa hajm boʻyicha 18% dan kam boʻlganda, shuningdek zararli gazlar konsentratsiyasi 2% dan yuqori boʻlgan hollarda gazga qarshi niqoblarni qoʻllash taqiqlanadi.
Gazga qarshi niqoblarning tuzilishi va undan foydalanish qoidalari maxsus yoʻriqnomada belgilanadi.
5-§. Saqlovchi belbogʻlar va ehtiyotlovchi arqonlar
23. Saqlovchi belbogʻlar konstruksiyalar ustida, shuningdek gaz bilan toʻlgan kameralardagi texnologik uskunalarda va rezervuarlarda ishlashda xodimlarning yuqoridan tushib ketishining oldini olish uchun moʻljallangan boʻlib, mazkur Qoidalarning 8-ilovasi 2-jadvalida keltirilgan talablarga muvofiq tayyorlanishi lozim.
24. Belbogʻlar uchun mustahkam, gigroskopik boʻlmagan va choʻzilmaydigan materiallardan foydalanilishi lozim. Belbogʻning eni kamida 100 m, uzunligi esa 900 — 1000 mm dan kam boʻlmasligi shart.
Belbogʻlarni mahkamlash uchun eshilgan qayishlar qoʻllaniladi. Belboqqa uchta tutqich (halqa) mahkamlanishi kerak: biri — osma arqonni mahkamlash uchun, ikkinchisi — osma arqon karabinini mahkamlash uchun, uchinchisi — ehtiyotlovchi arqonni mahkamlash uchun.
Ehtiyotlovchi arqonni mahkamlash uchun moʻljallangan halqa belbogʻning ishlovchi tomonida joylashtirilishi lozim.
25. Tayanch yoki konstruksiyani oʻrab olish uchun moʻljallangan belbogʻning osma arqoni kamar, zanjir yoki kapron faldan tayyorlanishi mumkin hamda u oʻng tutqichga ishonchli tarzda mahkamlanishi lozim. Osma arqonning boshqa uchiga karabin ishonchli tarzda mahkamlanadi. Kamar yoki kapron faldan tayyorlangan osma arqon uzunligi eshilgan qayishni siljitish orqali 1-2 m gacha oʻzgartirilishi mumkin.
Eshilgan qayish halqasiz boʻlib, dinamik yuklamalar taʼsirida amortizatsiyalovchi element vazifasini bajaradi.
Karabin prujinali qulfdan tashqari, uning beixtiyor bosilishi yoki prujinasining boʻshashishi natijasida oʻz-oʻzidan ochilib ketishining oldini olish uchun qoʻshimcha surilma (qulflovchi mexanizm) bilan jihozlangan boʻlishi shart.
26. Ekspluatatsiya jarayonida dinamik yuklamaga duchor boʻlgan saqlovchi belbogʻ darhol ekspluatatsiyadan olinadi va statik yuklama bilan sinashdan oʻtkazilgunga qadar undan foydalanish taqiqlanadi. Dinamik yuklama natijasida shikastlangan saqlovchi belbogʻlar foydalanishga yaroqsiz deb topilib, belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
27. Saqlovchi belbogʻlar va ehtiyotlovchi arqonlar tayyorlangandan soʻng, shuningdek davriy ravishda statik yuklama taʼsirida mexanik chidamlilikka sinovdan oʻtkazilishi shart.
28. Sinash tugallangandan soʻng belbogʻda va uning qismlarida shikastlanish alomatlari boʻlmasligi, karabinning qulfi uning chuqurchalariga toʻgʻri va zich kirishi kerak.
