Fuqaro aviatsiyasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalarini tasdiqlash haqida (3800-son)
27.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 27-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3800]
Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-oktabrdagi PF-193-son “Fuqaro aviatsiyasi sohasida davlat siyosati yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Fuqaro aviatsiyasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor T. NAZAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-mart,
3H-son
Kelishildi:
Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2026-yil 4-mart
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2026-yil 17-fevral
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2026-yil 12-fevral
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 24-noyabr
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2026-yil 24-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2026-yil 4-martdagi 3H-son buyrugʻiga ILOVA
Fuqaro aviatsiyasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalari
Mazkur Aviatsiya qoidalari fuqaro aviatsiyasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tibbiy xulosa berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Aviatsiya qoidalarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
nomzod — tibbiy xulosa olishga ariza beruvchi shaxs;
fuqaro aviatsiyasi tashkiloti — havo kemasining ekspluatanti (aviakompaniya), sertifikatlangan taʼlim muassasasi, havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish, havodagi harakatga xizmat koʻrsatish yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida parvozlarni amalga oshirish va taʼminlash bilan shugʻullanadigan har qanday boshqa tashkilot;
fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori — oliy tibbiy maʼlumotga ega, davolash ishi yoki terapiya yoʻnalishi boʻyicha tegishli mutaxassislik diplomiga ega boʻlgan, kamida 2 yil amaliy ish stajiga, shuningdek aviatsiya tibbiyoti boʻyicha sertifikatga ega boʻlgan shifokor;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi;
malaka belgisi — aviatsiya xodimining huquq va majburiyatlari, cheklovlari koʻrsatilgan fuqaro aviatsiyasining aviatsiya xodimi guvohnomasidagi (bundan buyon matnda guvohnoma deb yuritiladi) tegishli yozuvlar;
rasmiy tibbiy xulosa — parvozlarni amalga oshirishga doir masalalarda mutaxassislarni yoki boshqa soha ekspertlarini jalb etgan holda bir yoki bir nechta tibbiy ekspertlar tomonidan muayyan holat boʻyicha chiqarilgan va vakolatli organ tomonidan qabul qilingan yakuniy tibbiy xulosa;
tibbiy-uchish komissiyasi (bundan buyon matnda TUK deb yuritiladi) — fuqaro aviatsiyasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tibbiy xulosa berish faoliyatini amalga oshiruvchi vakolatli organ tomonidan tayinlangan tibbiy-uchish komissiyasi;
tibbiy-uchish komissiya aʼzosi (bundan buyon matnda TUK aʼzosi deb yuritiladi) — “davolash ishi” boʻyicha oliy tibbiy maʼlumotga ega boʻlgan, aviatsiya tibbiyoti sohasi boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtgan, ushbu sohada amaliy koʻnikmaga va kamida 2 yil ish tajribasiga ega boʻlgan vakolatli organ tomonidan tayinlanadigan shaxs;
tibbiy xulosa — vakolatli organ tomonidan guvohnoma egasining sogʻligʻiga koʻra yaroqliligiga qoʻyilgan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat;
tibbiy ekspert — faoliyati parvozlar xavfsizligini nazorat qilish va taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan oliy tibbiy maʼlumotga ega, aviatsiya tibbiyoti sohasi boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtgan, ushbu sohada amaliy koʻnikmaga, fuqaro aviatsiyasi tizimida kamida 5 yil ish stajiga hamda parvozlar xavfsizligiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan tibbiy omillarni aniqlash, tahlil qilish va baholash boʻyicha malakaga ega boʻlgan shaxs;
havodagi harakatni boshqarish dispetcheri (bundan buyon matnda HHB dispetcheri deb yuritiladi) — guvohnoma va malaka belgisiga ega boʻlgan, havodagi harakatni boshqarishni taʼminlovchi aviatsiya xodimi.
2. Tibbiy xulosa olish uchun nomzodning sogʻligʻi holatiga koʻra yaroqliligiga qoʻyiladigan talablar ushbu Aviatsiya qoidalarining 1 — 3-ilovalariga muvofiq belgilanadi.
3. Nomzodlarga ularning tegishli toifalariga koʻra 1-klass, 2-klass yoki 3-klass tibbiy xulosa beriladi.
4. Tibbiy xulosalar quyidagi klasslar boʻyicha beriladi:
a) 1-klass tibbiy xulosasi — tijorat aviatsiyasi uchuvchisi (samolyot, vertolyot, dirijabl va koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega boshqa havo kemalari), koʻp aʼzoli ekipaj (samolyot) uchuvchisi, fuqaro aviatsiyasi tashkilotining yoʻnalishdagi uchuvchisi (samolyot, vertolyot, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi), sinovchi-uchuvchi, fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarining mazkur mutaxassisliklar boʻyicha uchuvchi-kursantlari hamda oʻqishga qabul qilinayotganlar;
b) 2-klass tibbiy xulosasi — shturman, bortmuhandis, havaskor uchuvchi (samolyot, vertolyot, dirijabl va koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemalari), uchuvchi, uchuvchi-planerist, erkin aerostat uchuvchisi, kabina ekipaji aʼzosi, bortoperator, kichik aviatsiya uchuvchilari, fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarining mazkur mutaxassisliklar boʻyicha oʻquvchilari va oʻqishga qabul qilinayotganlar;
v) 3-klass tibbiy xulosasi — HHB dispetcheri, tashqi uchuvchi va fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarining mazkur mutaxassisliklar boʻyicha dispetcher-kursantlari va oʻqishga qabul qilinayotganlar.
5. Uchta klass boʻyicha tibbiy xulosani berish uchun nomzodda parvozlar xavfsizligiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan yoki xizmat vazifalarini xavfsiz bajarishga monelik qiladigan funksional layoqatsizlikka olib keluvchi tugʻma yoki orttirilgan nuqsonlar, faol yoki latent, oʻtkir yoki surunkali kasalliklar, shikastlanishlar, tan jarohatlari, jarrohlik amaliyotlari oqibatlari, shuningdek shifokor tomonidan buyurilgan yoki retseptsiz qoʻllaniladigan davolash, diagnostika yoxud profilaktika vositalarining nojoʻya taʼsiri mavjud boʻlmasligi kerak.
6. Vakolatli organning tibbiy ekspertlari hamda TUK aʼzolari nomzodlarni ularning tegishli toifalari va tibbiy xulosa klasslariga muvofiq ushbu Aviatsiya qoidalari hamda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (bundan buyon matnda ICAO deb yuritiladi) standartlarida belgilangan talablar asosida tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi.
7. Nomzodning aviatsiya faoliyati bilan bogʻliq xizmat vazifalarini bajarishga sogʻligʻi jihatidan yaroqliligini aniqlashda quyidagi asosiy talablar inobatga olinishi lozim:
nomzod oʻzi ega boʻlgan yoki olishga talabgor boʻlgan guvohnoma yoxud malaka belgisida nazarda tutilgan vazifalarni xavfsiz bajarish uchun zarur jismoniy va ruhiy layoqatga ega boʻlishi;
nomzodda kasbiy vazifalarini bajarish jarayonida mehnat qobiliyatini yoʻqotishga olib kelishi mumkin boʻlgan tibbiy holatlar va koʻrsatkichlar mavjud boʻlmasligi.
8. Tibbiy xulosa berishda nomzodda mavjud kasalliklar, ularning kuchayishiga yoki toʻsatdan mehnat qobiliyatining yoʻqolishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar, shuningdek parvozlar xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan xavf omillari (mehnat sharoitining zararli omillari taʼsiri, ortiqcha tana vazni (semizlik), tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish, mehnat va dam olish rejimining buzilishi, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki alkogolni isteʼmol qilish va boshqalar) inobatga olinadi.
9. Nomzod tibbiy tekshiruv yoki tibbiy koʻrik oʻtishdan bosh tortganda, unga tibbiy xulosa berilmaydi va uning tibbiy hujjatlariga “tibbiy koʻrik oʻtishdan bosh tortgani sababli tibbiy xulosa berilmadi” degan yozuv kiritiladi.
10. Tabiiy ofatlar yoki texnogen xususiyatga ega avariya hamda boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, tibbiy xulosaning amal qilish muddati vakolatli organning tibbiy eksperti tomonidan 45 kungacha boʻlgan muddatga uzaytirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
11. Tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganda, tibbiy xulosaning amal qilish muddati vakolatli organning tibbiy eksperti tomonidan faqat klinik koʻrsatmalarga asosan qisqartirilishiga, toʻxtatib turilishiga yoki bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
12. Amaldagi tibbiy xulosa egasining sogʻligʻi kasallik, jarohat, kuchli charchoq, uyqu buzilishi, soat mintaqalarining almashinuvi, noqulay iqlim sharoitlari, mehnat va dam olish rejimining buzilishi oqibatida yomonlashganda, shuningdek unda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, alkogol yoki dori vositalarining nojoʻya taʼsiri aniqlanganda, u guvohnoma va malaka belgisi bilan berilgan huquqlarni amalga oshirishga haqli emas.
Mazkur holatlar guvohnoma egasining kasbiy majburiyatlarini xavfsiz va toʻliq bajarishiga monelik qilganda hamda parvozlar xavfsizligiga xavf tugʻdirishi mumkinligini inobatga olib, tibbiy koʻrik natijalariga koʻra TUK aʼzolari tomonidan u bilan suhbat oʻtkaziladi.
Suhbat davomida nomzodga unda aniqlangan kasalliklar, ularning ehtimoliy oqibatlari, shuningdek mazkur holatlarning kasbiy faoliyat va parvozlar xavfsizligiga salbiy taʼsiri yuzasidan profilaktik tavsiyalar hamda koʻrsatmalar beriladi.
13. Tibbiy xulosa egasiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarini isteʼmol qilishi qatʼiyan taqiqlanadi.
Mazkur moddalarni isteʼmol qilganligi yoki ularning organizmida mavjudligi aniqlanganda, nomzodning amaldagi tibbiy xulosasi tibbiy ekspert tomonidan bekor qilinadi.
14. Quyidagi hollarda nomzodlar va tibbiy xulosa egalari oʻqishni davom ettirishdan, uchish ishiga, HHB ishiga, kabina ekipaji aʼzosi vazifalarini bajarishga yoki parvoz faoliyatiga qaytishdan oldin tibbiy ekspert yoki TUK aʼzosi maslahatidan oʻtishi lozim:
har qanday jarrohlik amaliyoti oʻtkazilganda;
tibbiy tekshiruv natijalari belgilangan meʼyoriy koʻrsatkichlarga javob bermaganda;
har qanday dori vositalarini muntazam qabul qilish zarurati mavjud boʻlganda;
har qanday sababga koʻra hushdan ketish holati kuzatilganda;
litotripsiya usulida buyrak toshini maydalash amaliyoti oʻtkazilganda;
koronar angiografiya oʻtkazilganda;
tranzitor ishemik xuruj kuzatilganda;
xurujli yurak aritmiyalari, shu jumladan boʻlmachalar hilpillashi yoki fibrillyatsiyasi aniqlanganda.
2-bob. Nomzodni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
15. Tibbiy xulosa olish uchun nomzod TUKga ushbu Aviatsiya qoidalarining 4-ilovasiga muvofiq shakldagi arizani taqdim etadi. Arizada nomzod sogʻligʻi jihatidan yaroqliligini aniqlash uchun muhim boʻlgan sogʻligʻi holati, shaxsiy, oilaviy va irsiy anamneziga doir barcha maʼlumotlarni toʻliq qayd etadi hamda ularning toʻgʻriligini imzosi bilan tasdiqlaydi.
Arizaga avval berilgan tibbiy xulosa va oʻtkazilgan tibbiy koʻrik maʼlumotlari ilova qilinadi.
Arizada koʻrsatilgan sogʻligʻining holatiga tegishli yolgʻon maʼlumotlar nomzodga tibbiy xulosa berishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
TUK tomonidan arizada koʻrsatilgan maʼlumotlar hamda nomzodning kasallik tarixi oʻrganib chiqilgandan soʻng uni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishga ruxsat beriladi.
Tibbiy koʻrikni oʻtkazishda nomzodning jismoniy va ruhiy holati, koʻrish, eshitish hamda ranglarni ajrata olish qobiliyati baholanadi.
16. Nomzodning parvozlar xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan kasallik yoki boshqa holatlarni yashirgani yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etgani aniqlanganda, TUK raisi mazkur holat yuzasidan chora koʻrish uchun tibbiy ekspertga bildirgi rasmiylashtiradi.
Tibbiy ekspertlar tomonidan mazkur holatlar oʻrganiladi va tahlil qilinadi. Natijalariga koʻra nomzodga ogohlantirish berilishi yoki tibbiy xulosa berish rad etilishi mumkin.
Mazkur qaror haqida bildirish xati nomzodga bevosita (elektron shaklda yoki pochta orqali) yuboriladi.
17. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilinayotgan nomzodlar qabul komissiyasining yoʻllanmasi asosida, kursantlar fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkiloti tomonidan berilgan yoʻllanma asosida, aviatsiya xodimlari ish beruvchi tomonidan berilgan yoʻllanma asosida, boshqa shaxslar esa shaxsiy arizasiga muvofiq TUK tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Yoʻllanmada nomzodning egallashi nazarda tutilayotgan yoki egallab turgan mutaxassisligi, lavozimi, umumiy uchish soati, foydalanilgan va foydalanilmagan mehnat taʼtili kunlari soni koʻrsatiladi. Yoʻllanma masʼul shaxs tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
18. Tibbiy koʻrikdan oʻtishga sogʻligʻi holatiga koʻra harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan shaxslarga ruxsat beriladi.
19. Nomzodning tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun belgilangan muddatda kelishi uni tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yuborgan tashkilot tomonidan nazorat qilinadi.
20. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazilayotgan tarkibga xizmat koʻrsatuvchi fuqaro aviatsiyasi tashkiloti shifokorlari, shuningdek ularning rahbariyati TUK faoliyatida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi.
21. Aviatsiya xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtayotgan kunda, ishdan ozod qilinadi. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan oldin ularga dam olish uchun 1 kun berilishi lozim.
22. Tibbiy koʻrikdan oʻtish va tibbiy xulosa berish tibbiy koʻrik boshlangan paytdan eʼtiboran 1 kun davomida amalga oshiriladi.
23. Tibbiy koʻrsatmalar (kasallik darajasini yoki qoʻshni aʼzolar funksiyalarining saqlanganligini aniqlash) mavjud boʻlganda, qoʻshimcha tibbiy tekshiruvlar tibbiy koʻrsatmalar aniqlangan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay oʻtkaziladi.
24. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilinayotgan nomzodlar tibbiy koʻrikdan oʻtishdan avval TUK psixologi tomonidan kasbiy psixologik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Kasbiy psixologik tanlov natijalari asosida nomzodning tanlagan kasbiga muvofiqligi toʻgʻrisida TUK psixologining xulosasi rasmiylashtiriladi.
TUK psixologining “fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarida oʻqishi maqsadga muvofiq” degan xulosasi berilganda nomzod tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
25. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilinayotgan nomzodlar uchun TUK tomonidan takroriy psixologik yoki tibbiy tekshiruv faqat zaruriyat yuzaga kelganda (aniqlangan qarama-qarshi maʼlumotlar, shubhali koʻrsatkichlar yoki qoʻshimcha baholashni talab etuvchi holatlar) oʻtkaziladi.
26. Nomzodda tanlagan kasbiga yoki kasbiy faoliyatini xavfsiz bajarishga toʻsqinlik qiluvchi kasallik yoki nuqson aniqlanganda, TUK aʼzosi (tibbiy ekspert) mazkur holat boʻyicha yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa rasmiylashtiradi va nomzodni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻxtatiladi.
Aviatsiya xodimiga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa rasmiylashtirilganda ushbu Aviatsiya qoidalarining 5-ilovasiga muvofiq kasallik haqidagi guvohnoma uni yaroqsiz deb topgan TUK aʼzosi tomonidan rasmiylashtiriladi.
27. Kursantlar va aviatsiya xodimlarining navbatdan tashqari tibbiy koʻrigi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
kasbiy faoliyati (oʻqish) davrida yuzaga kelgan kasallik yoki jarohatlar natijasidagi vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlikda yoki sogʻligʻi holatidagi oʻzgarishlarning parvozlar xavfsizligiga salbiy taʼsir etish ehtimoli mavjud boʻlganda;
sogʻligʻi holati bilan bogʻliq aviatsiya hodisasi yoki insidenti yuzasidan aviatsiya hodisasini tekshirish komissiyasi raisining koʻrsatmasiga muvofiq;
tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda (yangi aniqlangan kasalliklarning aviatsiya xodimining kasbiy faoliyatga yaroqliligiga taʼsirini baholash zarurati tugʻilganda, kasallik zoʻrayganda yoki surunkali charchoq belgilari aniqlanganda);
tibbiy xulosaning amal qilish muddati tugashi havo kemasini oʻzlashtirish boʻyicha oʻqish davriga toʻgʻri kelgan hollarda oʻqishga yuborishdan avval.
28. Kursantlar va aviatsiya xodimlarida ogʻir kasallik yoki jarohatlar aniqlanganda TUK tomonidan davolash muassasasi taqdim etgan hujjatlar asosida yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.
29. Tibbiy koʻrikdan oʻtayotgan aviatsiya xodimida kasb kasalligining dastlabki belgilari aniqlanganda TUK tomonidan dispanser kuzatuvi belgilanadi hamda uning sogʻligʻini nazorat qilish va kasallik rivojlanishining oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar tavsiya etiladi.
Aviatsiya xodimida kasb kasalligining mavjudligi TUK tomonidan tasdiqlangan taqdirda u kasbiy faoliyatiga yaroqsiz deb topiladi.
3-bob. Rasmiy tibbiy xulosa berish va shikoyat qilish
30. Nomzodning kasallik tarixi oʻrganilib, tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgandan soʻng TUK aʼzosi quyidagilardan birini amalga oshiradi:
nomzod sogʻligʻi holatiga koʻra yaroqli deb topilganda, tegishli klass boʻyicha ushbu Aviatsiya qoidalarining 6-ilovasiga muvofiq shaklda tibbiy xulosa (sertifikat) beradi;
nomzod sogʻligʻi holatiga koʻra yaroqsiz deb topilganda, tibbiy xulosa berishni rad etadi;
nomzodning sogʻligʻi holati ushbu Aviatsiya qoidalarining 1 — 3-ilovalarida belgilangan tibbiy talablarga toʻliq javob bermaganda, biroq TUK aʼzosi tomonidan parvozlar xavfsizligiga tahdid soluvchi deb baholanmaganda, tibbiy xulosa berish masalasini koʻrib chiqish vakolatli organning reviziya komissiyasiga (bundan buyon matnda RK deb yuritiladi) taqdim etiladi.
31. Nomzodning sogʻligʻi ushbu Aviatsiya qoidalarining 1 — 3-ilovalariga muvofiq belgilangan tibbiy talablarga toʻliq javob bermagan hollarda, biroq mazkur holat parvozlar xavfsizligiga xavf tugʻdirmaganda, TUK tomonidan tibbiy xulosa berish vakolati RKga beriladi.
32. RK vakolatli organning tibbiy ekspertlari hamda uchuvchi-inspektor yoki dispetcher-inspektorlardan iborat tarkibda shakllantiriladi.
RK vakolatli organ rahbarining buyrugʻi bilan kamida uch nafar aʼzodan, shu jumladan komissiya raisidan iborat tarkibda tuziladi. Tibbiy ekspertlardan biri RK raisi etib tayinlanadi.
RK faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining mutaxassislari va ekspertlari, shuningdek fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokorlari jalb etilishi mumkin.
Rasmiy tibbiy xulosa ICAOning moslashuvchanlik prinsipi asosida RK tomonidan rasmiylashtiriladi.
33. TUKning barcha aʼzolari nomzodni tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi va tibbiy xulosalarni rasmiylashtiradi hamda RK tomonidan tibbiy xulosani xolisona va toʻliq baholashni taʼminlash maqsadida TUK RKga nomzodga oid barcha zarur tibbiy maʼlumotlarni toʻliq hajmda taqdim etadi.
34. RK tomonidan nomzodning tibbiy hujjatlari oʻrganib chiqiladi. Bunda uning jismoniy va ruhiy holati, TUK aʼzolari tomonidan berilgan tibbiy xulosalar, kasallikning rivojlanish dinamikasi va kechish xususiyatlari, funksional buzilishlar darajasi, mavjud kasalliklar hamda zararli omillarning nomzodning yoshi va kasbiy faoliyatiga taʼsiri, ish sharoitidagi zararli omillarning sogʻligʻiga salbiy taʼsiri, mehnat qobiliyatini toʻsatdan yoʻqotish ehtimoli, shuningdek kasbiy vazifalarni bajarish qobiliyati, malakasi va tajribasi (ish joyidan berilgan tavsifnoma yoki trenajyor sinovi natijalari asosida) tahlil qilinadi hamda individual tartibda baholanadi.
35. Nomzodning sogʻligʻi ushbu Aviatsiya qoidalarining 1 — 3-ilovalarida belgilangan talablarga toʻliq javob bermaganda, biroq uning sogʻligʻi parvozlar xavfsizligiga tahdid solmaydi deb topilganda, ushbu holat rasmiy tibbiy xulosada koʻrsatiladi.
36. Guvohnoma egasi xizmat vazifalarini bajarishda parvozlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida muayyan cheklovlarga (oylik uchish soatini kamaytirish yoki faqat kunduzgi parvozlarni bajarishga ruxsat etish va boshqalar) rioya etishi zarur boʻlganda, bunday cheklovlar tibbiy xulosada qayd etiladi.
37. Rasmiy tibbiy xulosa quyidagi shakllarda rasmiylashtiriladi:
ikkinchi uchuvchi sifatida uchish ishiga yaroqli;
koʻp aʼzoli ekipaj tarkibida uchish ishiga yaroqli;
oʻzlashtirilgan havo kemasida (havo kemasining turi koʻrsatilgan holda) uchish (parvoz) ishiga yaroqli;
parvoz vaqtining belgilangan oylik normasini uzaytirishga yaroqli;
faqat yoʻlovchilarsiz uchish ishiga yaroqli;
egallamoqchi boʻlgan kasbi boʻyicha oʻqishga yoki oʻqishni davom ettirishga yaroqli;
mutaxassisligi boʻyicha ishga yoki ishni davom ettirishga yaroqli.
RK tomonidan rasmiy tibbiy xulosa chiqarishda komissiya aʼzolarining mustaqilligi va xolisligi taʼminlanishi lozim.
38. Tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganda, nomzod tibbiyotning ixtisoslashgan sohalari boʻyicha mutaxassislarga tibbiy maslahat va qoʻshimcha tekshiruvlardan oʻtish uchun yuboriladi.
39. Nomzodning sogʻligidagi oʻzgarishlarni hamda uning sogʻligi holatini parvozlar xavfsizligiga xavf tugʻdirmaydigan barqaror jismoniy va ruhiy holatda ekanligini (maʼlum bir organning yoʻqligi yoki funksional zaifligi, koʻrish yoki eshitish qobiliyatining pasayishi kabi holatlarda), parvoz bilan bogʻliq kasbiy vazifalarni hamda ish sharoitlarida yuzaga keluvchi xavfli vaziyatlarda (masalan, noqulay ob-havo sharoitlari) yetarli darajada xavfsiz bajara olish qobiliyatini aniqlash maqsadida trenajyor sinovi oʻtkaziladi.
Trenajyor sinovi natijalari, uchuvchi-inspektorning (dispetcher-inspektor) trenajyor sinovi natijalari asosida bergan tavsiyalari bilan birga rasmiylashtiriladi.
40. Uchuvchi-inspektor (dispetcher-inspektor) tavsiyalari tibbiy ekspertlar bilan kelishilgan holda nomzodning kasbiy vazifalari va majburiyatlariga doir ekspluatatsiya cheklov kodlari ushbu Aviatsiya qoidalarining 7-ilovasiga muvofiq qoʻllaniladi.
41. Tibbiy xulosa vakolatli organning tibbiy eksperti, TUK raisi yoki TUK aʼzosi tomonidan rasmiylashtiriladi, imzolanadi, TUK muhri bilan tasdiqlanadi, tibbiy xulosalar reyestrida roʻyxatga olinadi va uning egasiga beriladi.
42. Tibbiy xulosada uning amal qilish muddati, tegishli klassi hamda tibbiy yaroqlilikka doir ushbu Aviatsiya qoidalarining 7-ilovasiga muvofiq cheklovlar (mavjud boʻlganda) koʻrsatilishi lozim.
Tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganda tibbiy xulosada uning egasining sogʻligʻi holatiga xos alohida belgilar, shu jumladan individual qon bosimi, puls koʻrsatkichlari va boshqa zarur maʼlumotlar koʻrsatiladi.
43. Nomzod yoki guvohnoma egasi TUK tomonidan chiqarilgan tibbiy xulosadan norozi boʻlgan taqdirda u mazkur xulosa bilan tanishgan kundan eʼtiboran 10 kun ichida RKga shikoyat berish huquqiga ega.
44. Nomzod (ariza beruvchi) shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
45. Shikoyat yozma yoki elektron shaklda beriladi va unda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
ariza beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi hamda aloqa maʼlumotlari;
nizo qilinayotgan tibbiy xulosa rekvizitlari;
norozilik asoslari va dalillar;
ilova qilinadigan hujjatlar.
46. Shikoyat RK tomonidan u kelib tushgan kundan eʼtiboran 10 kun ichida koʻrib chiqiladi.
RK shikoyatni koʻrib chiqish sanasi va joyi toʻgʻrisida nomzodni kamida 3 ish kuni oldin yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi lozim.
Shikoyatni koʻrib chiqish jarayonida RK:
barcha tibbiy hujjatlarni oʻrganadi;
zarur hollarda qoʻshimcha tibbiy tekshiruvlarni tayinlaydi;
mustaqil ekspertlarni jalb etadi;
nomzodni tinglaydi.
47. Shikoyatni koʻrib chiqish natijasiga koʻra RK quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
tibbiy xulosani oʻz kuchida qoldirish;
tibbiy xulosani bekor qilish va yangi tibbiy xulosa chiqarish.
48. RK qarori yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi hamda rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida ariza beruvchiga pochta orqali yuboriladi.
49. Nomzod RK qaroridan norozi boʻlgan taqdirda u belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
4-bob. Tibbiy xulosaning muddati va tibbiy hujjatlarni rasmiylashtirish
50. Tibbiy xulosaning amal qilish muddati uning berilgan sanasidan boshlab hisoblanadi. Tibbiy xulosada uning amal qilish muddatini boshlanishi va tugashi sanalari aniq koʻrsatilishi zarur.
Tibbiy xulosalarning amal qilish muddatlari quyidagicha belgilanadi:
fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarining uchuvchi-kursanti, shturman-kursanti, bortmuhandis-kursanti, tijorat aviatsiyasi uchuvchisi (samolyot, vertolyot, dirijabl, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi), koʻp aʼzoli ekipaj (samolyot) uchuvchisi, fuqaro aviatsiyasi tashkilotining yoʻnalishdagi uchuvchisi (samolyot, vertolyot, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi), shturman, bortmuhandis, sinovchi-uchuvchi uchun — 12 oy;
HHB dispetcheri, tashqi uchuvchi (samolyot, dirijabl, planer, vintokril, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi yoki erkin aerostat) va fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarining havo harakati boshqaruvchisi dispetcher-kursanti uchun — 48 oy;
havaskor uchuvchi (samolyot, dirijabl, vertolyot, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi), uchuvchi-planerist, erkin aerostat uchuvchisi va fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarining havaskor uchuvchi-kursanti, uchuvchi-planerist-kursanti, erkin aerostat uchuvchi-kursanti uchun — 60 oy;
bortmexanik, bortradist, kabina ekipaji aʼzosi, yuk tashuvchi havo kemasining bortoperatori va fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarining bortmexanik-kursanti, bortradist-kursanti, kabina ekipaji aʼzosi-oʻquvchisi uchun — 36 oy;
bir uchuvchi boshqaruvidagi samolyotlarda fuqaro aviatsiyasi tashkilotining 40 yoshdan oshgan, yoʻlovchilarni tashish boʻyicha tijorat uchishlarini bajaradigan yoʻnalishdagi (samolyot, vertolyot, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi) uchuvchisi va tijorat aviatsiyasi (samolyot, vertolyot, dirijabl, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi) uchuvchisi uchun — 6 oy;
fuqaro aviatsiyasi tashkilotining 60 yoshga toʻlgan, havo transportida tijorat tashuvlarini bajarishda band boʻlgan yoʻnalishdagi (samolyot, vertolyot, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi) uchuvchisi va tijorat aviatsiyasi (samolyot, vertolyot, dirijabl, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi) uchuvchisi hamda koʻp aʼzoli ekipaj (samolyot) uchuvchisi uchun — 6 oy;
40 yoshdan oshgan havaskor uchuvchi (samolyot, dirijabl, vertolyot, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi), uchuvchi-planerist, erkin aerostat uchuvchisi, tashqi uchuvchi (samolyot, dirijabl, planer, vintokril, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi yoki erkin aerostat) va HHB dispetcheri uchun — 24 oy;
50 yoshdan oshgan havaskor uchuvchi (samolyot, dirijabl, vertolyot, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi), uchuvchi-planerist, erkin aerostat uchuvchisi, tashqi uchuvchi (samolyot, dirijabl, planer, vintokril, koʻtarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi yoki erkin aerostat) va HHB dispetcheri uchun — 12 oy;
Tibbiy xulosaning amal qilish muddati nomzodning tibbiy koʻrikdan oʻtgan kundagi yoshiga nisbatan belgilanadi.
51. Chet elda shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan fuqaro aviatsiyasi aviatsiya xodimlariga tibbiy xulosa ICAO standartlari va tavsiya etilgan amaliyotlari talablarini hisobga olgan holda, ushbu Aviatsiya qoidalari talablariga muvofiq beriladi.
52. Nomzod tibbiy tekshiruv yoki tibbiy koʻrikdan oʻtishdan bosh tortganda, unga tibbiy xulosa berilmaydi va uning tibbiy hujjatlariga “tibbiy koʻrikdan oʻtishdan bosh tortgani sababli tibbiy xulosa berilmadi” degan yozuv kiritiladi.
53. Tibbiy xulosalar quyidagi shakllarda rasmiylashtiriladi:
HHB dispetcherligiga yoki oʻqishga (oʻqishni davom ettirishga) yaroqli (yaroqsiz);
tijorat aviatsiyasida uchuvchilikka, yoʻnalishdagi uchuvchilikka, sinovchi-uchuvchilikka, shturmanlikka, bortmuhandislikka, bortradistlikka uchish ishiga yaroqli (yaroqsiz) yoki oʻqishga (oʻqishni davom ettirishga) yaroqli (yaroqsiz);
kabina ekipaji aʼzoligiga, bortoperatorlikka ishga yoki oʻqishga (oʻqishni davom ettirishga) yaroqli (yaroqsiz);
havaskor uchuvchilikka, uchuvchi-planeristlikka, erkin aerostat uchuvchiligiga parvozga yoki oʻqishga (oʻqishni davom ettirishga) yaroqli (yaroqsiz);
aviatsiya kimyoviy ishlarida (bundan buyon matnda AKI deb yuritiladi) uchuvchilikka, shturmanlikka, bortmuhandislikka, bortradistlikka uchish ishiga yaroqli (yaroqsiz).
54. AKI ishlarini bajaruvchi uchuvchilar tarkibi sogʻligi jihatidan zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlashga yaroqsiz deb topilganda (masalan, AKI oʻziga xos sharoitlari taʼsirida oshqozon-ichak tizimi yoki nafas olish organlari kasalliklarini zoʻrayishida, maʼlum bir kimyoviy moddaga allergiya mavjud boʻlganda), ularga “mineral oʻgʻitlar va biopreparatlar bilan ishlashga yaroqli” degan tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.
55. Tibbiy koʻrik davomida aviatsiya xodimi sogʻligʻida salbiy oʻzgarishlar aniqlanganda (masalan, kasallik xuruji yoki surunkali charchoq), shifoxonada, ambulator yoki sanatoriy-kurort sharoitida davolanish hamda reabilitatsiya uchun bosqichli (vaqtinchalik) tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.
Kasbiga qayta tiklanish ehtimoli boʻlmagan hollarda bosqichli tibbiy xulosa qoʻllanilmaydi.
56. Kasallik, jarohat yoki jarrohlik amaliyotidan keyin tiklanish ehtimoli mavjud boʻlgan hollarda aviatsiya xodimiga (kursant, oʻquvchi) vaqtincha yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa beriladi.
Tiklanish muddati 1 oydan 6 oygacha boʻlgan hollarda vaqtincha yaroqsizlik belgilanadi.
Bu davrda aviatsiya xodimi (kursant, oʻquvchi) fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori va TUK aʼzosi tomonidan dispanser kuzatuvida boʻladi.
57. Jismoniy va ruhiy sogʻligʻi holatiga koʻra oʻz kasbiy vazifalarini bajarishga qodir boʻlgan uchuvchilar xavfsiz uchuvchi deb topiladi va ularga cheklovlarsiz tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi. Bunday uchuvchilarga oʻzlashtirgan havo kemasi turidan tashqari boshqa turdagi havo kemalarini oʻzlashtirish uchun oʻqishga ruxsat etiladi.
58. Noqulay iqlim, mehnat va yashash sharoitlarining keskin oʻzgarishi natijasida aviatsiya xodimida mavjud kasalliklarning rivojlanishi yoki kuchayishi ehtimoli mavjud boʻlganda “iqlimi noqulay hududlar va mamlakatlarda ishlashga yaroqsiz” degan tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.
Mazkur cheklov qoʻllanilganda, aviatsiya xodimi ushbu hududlar yoki mamlakatlarga xizmat safariga yuborilmaydi.
59. Ushbu Aviatsiya qoidalarining 1 — 3-ilovalariga muvofiq tibbiy xulosa tibbiy ekspertlar tomonidan individual yondashuv asosida rasmiylashtiriladi.
Nomzodning sogʻligʻi holati boʻyicha tibbiy ekspertiza oʻtkazishda murakkab yoki munozarali holatlar yuzaga kelgan taqdirda quyidagi omillar hisobga olinadi:
nomzodning sogʻligʻi holatining oʻziga xos xususiyatlari;
sogʻligʻi holatining parvozlar xavfsizligiga taʼsiri;
kasbiy faoliyatni bajarish jarayonida mehnat qobiliyatini yoʻqotish ehtimoli;
kasbiy faoliyatni davom ettirishda kasallikning rivojlanishi yoki qaytalanish ehtimoli;
kasallikning kompensatsiya darajasi;
psixologik tekshiruv natijasida aniqlangan individual psixofiziologik xususiyatlar;
bajariladigan ishning xususiyatlari hamda mehnat sharoitlari;
qoʻshimcha tibbiy tekshiruvlar natijalari va malakali mutaxassislarning maslahatlari.
Mazkur omillar asosida nomzodning individual yaroqliligi toʻgʻrisida tibbiy ekspertlarning tibbiy xulosasi rasmiylashtiriladi.
60. Tibbiy hujjatlarda tibbiy xulosa rasmiylashtirilganda uning berilgan sanasi, tibbiy xulosani bergan komissiyaning nomi, nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun asos, asosiy va yondosh tashxislar hamda ularning asoratlari, mavjud xavf omillari, shuningdek komissiya tomonidan keyingi davr uchun berilgan tavsiyalar qayd etiladi hamda vakolatli organning TUK muhri bilan tasdiqlanadi.
61. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilinayotgan nomzodlarga ushbu Aviatsiya qoidalarining 8-ilovasiga muvofiq bir nusxada tibbiy koʻrikdan oʻtkazish varaqasi rasmiylashtiriladi.
62. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari, kursantlari va aviatsiya xodimlari uchun vakolatli organ muhri bilan tasdiqlangan tibbiy kitobcha (yoki unga tenglashtirilgan tibbiy hujjat) rasmiylashtiriladi.
Tibbiy ekspertlar va TUK aʼzolari tibbiy kitobchaga tibbiy koʻrik natijalarini qayd etadi. Nomzod oʻz shikoyatlari mavjudligi yoki yoʻqligini, shuningdek oʻzi haqidagi maʼlumotlarning toʻliq va aniq ekanligini tibbiy kitobchada shaxsiy imzosi bilan tasdiqlaydi.
Tibbiy ekspertlar va TUK aʼzolari kiritilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻgʻriligini shaxsiy imzosi hamda shaxsiy muhri bilan (mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlaydi, shuningdek oʻz familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etadi.
Tibbiy hujjatlarni rasmiylashtirishda umumiy qabul qilingan qisqartmalardan tashqari boshqa qisqartirilgan soʻzlar va belgilarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
63. TUK aʼzolari tomonidan oʻtkazilgan tibbiy koʻrik natijalari (shaxsiy koʻrik va tibbiy tekshiruv natijalari, mutaxassislar maslahatlari, tashxis, berilgan tavsiyalar) ushbu Aviatsiya qoidalarining 9 — 13-ilovalariga muvofiq hisobot shaklida rasmiylashtiriladi.
64. TUK aʼzolarining tibbiy xulosa berishda hamda shifokorlik faoliyatini amalga oshirishda mazkur aviatsiya qoidalariga rioya etishini, shuningdek aviatsiya tibbiyoti nuqtai nazaridan xavf omillarini baholash qobiliyatini aniqlash hamda ularning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida tibbiy ekspertlar TUK tomonidan rasmiylashtirilgan tibbiy xulosalarni Aviatsiya qoidalarining 14-ilovasiga muvofiq baholab boradi.
65. Oʻqishga yaroqli yoki yaroqsiz deb topilgan nomzodlarning tibbiy varaqalari hamda tibbiy tekshiruv maʼlumotlari (qon tahlillari, elektrokardiografiya natijalari va boshqa tibbiy hujjatlar) TUK arxivida 3 yil davomida saqlanadi.
66. Quyidagi hollarda TUK tomonidan aviatsiya xodimlariga rasmiylashtirilgan tibbiy xulosalar ekspert baholash uchun tibbiy ekspertlarga taqdim etilishi lozim:
kasallik yoki jarohatlar sababli yaroqsiz deb topilganda;
ilgari kasallik yoki jarohatlar sababli yaroqsiz deb topilgan aviatsiya xodimi kasbiy faoliyatiga tiklanganda;
fuqaro aviatsiyasi tizimiga ishga qabul qilinayotgan aviatsiya xodimlariga nisbatan;
55 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan uchuvchi tarkibiga nisbatan.
Bunda TUK tibbiy xulosasi rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida aviatsiya xodimining soʻnggi 3 yildagi tibbiy hujjatlari hamda tibbiy tekshiruv maʼlumotlari tibbiy ekspertlarga taqdim etiladi.
67. Tibbiy ekspertlar tibbiy hujjatlarni qabul qilgandan soʻng 3 ish kuni ichida ularni koʻrib chiqadi va tibbiy xulosani tasdiqlaydi.
Tekshiruv natijalari boʻyicha bayonnoma yoki elektron shakldagi unga tenglashtirilgan tibbiy hujjat rasmiylashtiriladi hamda ushbu hujjatlar TUKga qaytariladi.
68. Kasallik yoki jarohatlar sababli yaroqsiz deb topilgan, shuningdek ilgari kasallik yoki jarohatlar sababli yaroqsiz deb topilgan, biroq keyinchalik oʻz kasbiy faoliyatiga tiklanayotgan aviatsiya xodimlariga ushbu Aviatsiya qoidalarining 5-ilovasiga muvofiq “Kasallik haqida guvohnoma” rasmiylashtiriladi.
69. Nomzodga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa rasmiylashtirilgan taqdirda, ushbu Aviatsiya qoidalarining 15-ilovasiga muvofiq “Tibbiy xulosa berishni rad etish haqidagi xabarnoma” ish beruvchiga yuboriladi yoxud nomzodga reyestrda qayd etilgan holda, shaxsiy imzosi olinib topshiriladi yoki elektron shaklda yuboriladi.
70. Aviatsiya xodimining vafoti yoki kasbiy faoliyatni bajarish jarayonida toʻsatdan mehnat qobiliyatini yoʻqotish holati yuzaga kelganda, bu haqdagi maʼlumotni qabul qilgan TUK aʼzosi yoki fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori vakolatli organni bu haqda maʼlumot olingan paytdan eʼtiboran darhol, biroq ikki soatdan kechiktirmay, telefon, SMS-xabar yoki elektron aloqa vositalari orqali xabardor qilishi zarur.
Holat yuz bergan kundan eʼtiboran 5 ish kuni ichida fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori ushbu Aviatsiya qoidalarining 16-ilovasiga muvofiq belgilangan shakldagi “Aviatsiya xodimlari orasida oʻlim yoki toʻsatdan mehnat qobiliyatini yoʻqotish holatlarini tahlil qilish uchun soʻrovnoma”ni rasmiylashtiradi va vakolatli organga taqdim etadi.
Soʻrovnoma taqdim etilgandan soʻng 5 ish kuni ichida mazkur holat yuzasidan tibbiy ekspertlar, TUK aʼzolari hamda holat yuz bergan fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori ishtirokida tibbiy kengash oʻtkaziladi. Kengashda holatga doir maʼlumotlar tahlil qilinadi, bajarilishi lozim boʻlgan tavsiyalar ishlab chiqiladi hamda uning natijalari boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiriladi.
71. Kalendar yili yakunlangandan soʻng 5 ish kuni ichida TUK hamda fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokorlari tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha ushbu Aviatsiya qoidalarining 17 va 18-ilovalariga muvofiq belgilangan shakldagi hisobotlarni tibbiy ekspertlarga taqdim etadi.
Mazkur hisobotlar asosida vakolatli organ tomonidan yakunlangan yil boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida tibbiy koʻrik natijalarining tahliliy hisoboti” tayyorlanadi.
Tahlil natijalariga koʻra parvozlar xavfsizligini tibbiy taʼminlashga doir tavsiyalar ishlab chiqiladi.
72. Vakolatli organ tomonidan oʻtkaziladigan yakuniy aviatsiya tibbiyoti kengashida barcha hisobotlar muhokama qilinadi, joriy yil uchun tavsiyalar tasdiqlanadi va kengash yakunlari boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Mazkur kengashda TUK aʼzolari, fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokorlari hamda fuqaro aviatsiyasi tashkilotlarining vakillari ishtirok etadi.
5-bob. Tibbiy maʼlumotlarning konfidensialligini taʼminlash
73. Vakolatli organning tibbiy ekspertlari, TUK aʼzolari hamda boshqa tashkilotlar oʻrtasidagi yozishmalar, tibbiy koʻrikka doir barcha hujjatlar, shuningdek nomzodlarning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy hujjatlar va maʼlumotlar konfidensial maʼlumotlar hisoblanadi.
74. Konfidensial maʼlumotlar (hujjatlar) himoyalangan xonalarda va qulflanadigan javonlarda, tibbiy ekspertlar va TUK rekvizitlari, shuningdek tibbiy xulosa blanklari metall seyflarda saqlanadi hamda ulardan faqat vakolatli organning tibbiy ekspertlari va TUK aʼzolari foydalanishi mumkin.
75. Tibbiy ekspertlar, TUK aʼzolari hamda fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokorlari tibbiy hujjatlar va tibbiy maʼlumotlarning saqlanishi hamda ularning maxfiyligini taʼminlash uchun javobgardir.
76. TUK aʼzolari nomzodlarga oid tibbiy maʼlumotlarning konfidensialligiga qatʼiy rioya etishi va ushbu maʼlumotlarning uchinchi shaxslarga oshkor etilmasligini taʼminlashi shart.
Konfidensial maʼlumotlar bilan ishlash huquqi berilgan tibbiy xodimlar ushbu maʼlumotlarni sir saqlash majburiyatini shaxsiy imzosi bilan tasdiqlaydi.
77. Aviatsiya hodisalari yoki parvozlar xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq holatlarda konfidensial tibbiy maʼlumotlar faqat aviatsiya hodisalarini tekshiruv komissiyasi raisiga taqdim etiladi.
Bunda taqdim etiladigan tibbiy maʼlumotlarning hajmi va mazmuni komissiya tarkibiga kiritilgan tibbiy ekspert (shifokor) tomonidan belgilanadi.
78. Tibbiy koʻrik oʻtkazish uchun TUK aʼzolari (shifokor — mutaxassislar) xonalarini jihozlash uchun kerakli tibbiy texnika va tibbiy buyumlar ushbu Aviatsiya qoidalarining 19-ilovasiga muvofiq belgilanadi.
6-bob. Tibbiy koʻrikni kechiktirish shartlari
79. Belgilangan tibbiy koʻrikni oʻtkazish joyidan uzoq hududda parvozlarni amalga oshirayotgan guvohnoma egasining navbatdagi tibbiy koʻrigini guvohnomalar berish boʻyicha vakolatli organning qaroriga koʻra kechiktirishga yoʻl qoʻyilishi mumkin. Bunda tibbiy koʻrikni kechiktirish quyidagi muddatlardan oshmasligi lozim:
notijorat operatsiyalarni amalga oshirayotgan havo kemasi uchish ekipaji aʼzosi uchun — davomiyligi 6 oydan oshmagan bitta davr;
tijorat operatsiyalarini amalga oshirayotgan havo kemasi uchish ekipaji aʼzosi uchun — har biri 3 oy davom etadigan ketma-ket ikki davr (har bir holatda uchish ekipaji aʼzosi mazkur hudud uchun tayinlangan shifokorlik komissiyasi aʼzosi tomonidan oʻtkazilgan tibbiy koʻrikdan oʻtib, ijobiy tibbiy xulosa olishi zarur. Agar bunday shifokorlik komissiyasi aʼzosi mavjud boʻlmasa, mazkur hududda tibbiy amaliyot bilan shugʻullanish uchun rasmiy ruxsatga ega boʻlgan shifokor tomonidan tibbiy koʻrik oʻtkaziladi. Tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha xulosa mazkur guvohnomani bergan vakolatli organga yuboriladi);
havaskor uchuvchi uchun davomiyligi — 24 oydan oshmagan bitta davr (nomzod vaqtincha boʻlib turgan hududda ushbu hudud uchun tayinlangan shifokorlik komissiyasi aʼzosi tomonidan oʻtkazilgan tibbiy koʻrikdan oʻtib, ijobiy tibbiy xulosa olgan boʻlishi lozim. Tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha xulosa mazkur guvohnomani bergan vakolatli organga yuboriladi);
tashqi uchish ekipaji aʼzosi uchun — har biri 3 oy davom etadigan ketma-ket ikki davr.
7-bob. Komissiya oraliq davrida tibbiy kuzatuvni tashkil etish
80. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlari kursantlari, oʻquvchilari va aviatsiya xodimlarining tibbiy koʻrikdan oʻtgan kunidan boshlab navbatdagi tibbiy koʻrikdan oʻtadigan kungacha boʻlgan davr komissiyalar oraligʻi davri deb hisoblanadi. Ushbu davrda ularning tibbiy kuzatuvi fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori tomonidan amalga oshiriladi.
81. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlari kursantlari, oʻquvchilari hamda aviatsiya xodimlariga nisbatan tibbiy ekspertlar va TUK tomonidan belgilangan, bajarilishi majburiy boʻlgan tavsiyalar asosida profilaktika, davolash va sogʻlomlashtirish tadbirlari, shuningdek nazorat maqsadidagi tibbiy tekshiruvlar fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori tomonidan amalga oshiriladi.
82. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlari kursantlari, oʻquvchilari hamda aviatsiya xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtishdan avval fuqaro aviatsiyasi tashkiloti shifokorining tibbiy koʻrigidan oʻtadi.
Fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori tibbiy koʻrik natijalari asosida tibbiy kitobchaga yoki unga tenglashtirilgan tibbiy hujjatga epikriz rasmiylashtiradi hamda tibbiy tekshiruvlar natijalarini qayd etadi. Nomzod epikriz bilan tanishib chiqadi va oʻzining sogʻligʻiga doir maʼlumotlarning toʻgʻriligini shaxsiy imzosi bilan tasdiqlaydi.
83. Epikrizda nomzodga doir quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
shikoyatlarning mavjudligi yoki yoʻqligi, oʻtkazgan kasalliklari hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan bogʻliq maʼlumotlar;
umumiy, yillik va tungi uchish soatlari, bajarilgan parvoz turlari, parvoz vaqtining normasi uzaytirilganligi, malaka oshirganligi, havo kemasini oʻzlashtirish boʻyicha oʻqiganligi, shuningdek aviatsiya hodisalari va insidentlari bilan bogʻliq maʼlumotlar;
mehnat taʼtilidan oʻz vaqtida foydalanganligi, sanatoriy-kurort davolanishidan oʻtganligi, mehnat va dam olish tartibiga rioya etilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda foydalanilmagan mehnat taʼtili kunlari soni;
uchishdan yoki navbatchilikdan oldingi tibbiy koʻrik natijasida chetlatilganligi va uning sabablari;
TUK shifokorlarining dispanser kuzatuvlari, nomzodda mavjud zararli odatlar (omillar), davolash va sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha berilgan tavsiyalarning bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
shaxsiy koʻrik maʼlumotlari;
tashxis;
sogʻligʻi holatidagi oʻzgarishlar, mutaxassislar kuzatuvlari natijalari (sogʻligʻining yaxshilanishi, yomonlashishi yoki oʻzgarishsiz qolishi) boʻyicha fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokorining xulosasi hamda kasbiy faoliyatni davom ettirishga doir tavsiyasi.
84. Fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori nomzodni navbatdan tashqari tibbiy koʻrikka yuborish uchun epikriz rasmiylashtirganda unda nomzodning kasallik tarixi, kasallik bilan bogʻliq sogʻligʻi holatidagi oʻzgarishlarning kasbiy faoliyatiga taʼsiri, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida kasallikning kechishi, jismoniy va ruhiy holatidagi oʻzgarishlar, maishiy sharoitlari toʻliq koʻrsatilishi lozim.
Bunda barcha tibbiy hujjatlar muhrlangan holda koʻrikdan oʻtuvchi shaxsga uning shaxsiy imzosi asosida beriladi.
85. Fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori tomonidan komissiyalar oraligʻi davrida tibbiy koʻrik uchuvchi-kursantlar, uchuvchilar va havo harakatini boshqaruvchilarga har 6 oyda, aviatsiya xodimlarining boshqa toifalariga esa har 12 oyda bir marta oʻtkaziladi (“Sogʻlom” tashxisi qoʻyilgan shaxslar bundan mustasno).
Tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan taqdirda (qon bosimi yoki puls koʻrsatkichlarining oʻzgaruvchanligi kuzatilganda) qoʻshimcha tibbiy koʻriklar individual oʻtkaziladi.
86. Fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori tibbiy koʻrikni oʻtkazadi hamda uning natijalarini tibbiy kitobchaga rasmiylashtiradi. Bunda quyidagi xulosalardan biri qayd etiladi:
oʻqishni davom ettirishga, uchish ishiga, parvozga, havo harakatini boshqarish dispetcherlik ishiga, bortoperatorlik ishiga yoki kabina ekipaji aʼzosi vazifalarini bajarishga ruxsat berildi;
navbatdan tashqari dam olish kuni berilsin yoxud navbatdagi yoki navbatdan tashqari mehnat taʼtili berilsin;
mutaxassis maslahatiga yoki davolanishga yuborilsin, bunda davolash turi koʻrsatiladi.
87. Komissiya oraliq davrida TUK aʼzosining dispanser nazorat koʻrigi oʻtkazilganda, ular koʻrik natijalarini va xulosasini tibbiy hujjatlarda rasmiylashtiradi. Bunda fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori tibbiy hujjatda faqat ruxsat berish haqidagi xulosani qayd etadi.
88. Fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori navbatdagi tibbiy koʻrikni oʻtkazishdan oldin, 30 kun ichida ushbu Aviatsiya qoidalarining 20-ilovasiga muvofiq hamda TUK tavsiyalarini inobatga olgan holda zarur hajmdagi tibbiy tekshiruvlar oʻtkazilishini tashkil etadi.
89. Sogʻliq holati bilan bogʻliq aviatsiya hodisasi sodir boʻlganidan soʻng fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori tomonidan tibbiy koʻrik oʻtkaziladi.
90. Fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori oʻziga biriktirilgan tarkibdagi aviatsiya xodimlarining sogʻligʻi holatini nazorat qilish maqsadida uchishdan, parvozdan, navbatchilikdan yoki ishdan oldingi yoxud keyingi tibbiy koʻriklarni tanlov asosida davriy ravishda oʻtkazadi.
8-bob. Tibbiy ekspertlar va TUK aʼzolariga qoʻyiladigan minimal talablar
91. Tibbiy ekspertlar va TUK aʼzolari guvohnoma va malaka belgisi egalarining kasbiy vazifalarini bajarish bilan bogʻliq shart-sharoitlarni bilishi shart.
Tibbiy ekspertlar va TUK aʼzolari:
tijorat aviaqatnovlarini amalga oshiruvchi havo kemasi ekipaji faoliyati boʻyicha — havo kemasi kabinasida yoki trenajyorda;
HHB dispetcherlari faoliyati boʻyicha — dispetcherlik ish joyida amaliy ish tajribasiga ega boʻlishi lozim.
92. Tibbiy ekspertlar va TUK aʼzolari uchun aviatsiya tibbiyoti boʻyicha oʻquvni oʻtash majburiy hisoblanadi.
93. TUK aʼzolari tibbiy koʻrik oʻtkazishda tibbiy tekshiruvlarning toʻliq va sifatli oʻtkazilganligiga, berilgan tibbiy xulosalarning asoslantirilganligiga, toʻgʻriligiga va xolisligiga, tibbiy hujjatlarning oʻz vaqtida toʻliq, toʻgʻri va sifatli rasmiylashtirilganligiga javobgardirlar.
94. TUK aʼzolarining aviatsiya tibbiyoti boʻyicha kasbiy malakalarining tekshirish tibbiy ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi va tekshiruv natijalari bayonnomada rasmiylashtiriladi.
9-bob. Aviatsiya xodimlarining uchishdan oldingi (keyingi) tibbiy koʻrigini tashkil etish
95. Uchishdan oldingi tibbiy koʻrik parvozlar xavfsizligini tibbiy taʼminlash maqsadida sogʻligʻi holatiga koʻra kasbiy vazifalari va majburiyatlarini bajarishga layoqatsiz boʻlgan aviatsiya xodimlarini oʻz vaqtida aniqlash hamda ularni parvozdan chetlatish uchun oʻtkaziladi.
96. Tibbiy koʻrik aeroport yoki aviatsiya tashkilotlarining navbatchi tibbiyot xodimlari, (shifokor yoki feldsher) tomonidan oʻtkaziladi.
97. Tibbiyot xodimi aviatsiya xodimining tibbiy xulosasi amal qilish muddatining amaldaligini tekshiradi. Tibbiy koʻrikdan faqat amaldagi tibbiy xulosaga ega boʻlgan aviatsiya xodimlari oʻtkaziladi.
98. Tibbiy koʻrik individual oʻtkaziladi. Tibbiy koʻrik oʻtkazilayotgan xonada boshqa aviatsiya xodimlari va begona shaxslarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
99. Uchish ekipaji va kabina ekipaji aʼzolari belgilangan uchish vaqtidan kamida 2 soat oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
100. Oʻta muhim parvozlarni bajaruvchi bortmuhandislar, bortmexaniklar hamda kabina ekipaji aʼzolariga uchishdan 3 yarim soat oldin tibbiy koʻrikdan oʻtishga ruxsat etiladi.
101. Uchish vaqti 6 soatdan ortiq muddatga kechiktirilgan taqdirda, tibbiy koʻrik qayta oʻtkaziladi.
102. Bir ish kuni davomida bir nechta parvozlarni amalga oshiruvchi uchish ekipaji aʼzolariga tibbiy koʻrik uchishdan oldin bir marta oʻtkaziladi.
103. Zaxiradagi ekipaj aʼzolari zaxiraga kirishdan oldin bir marta tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy koʻrikdan oʻtilgan vaqtdan boshlab 6 soat oʻtgan taqdirda, uchishdan oldin qayta tibbiy koʻrik oʻtkaziladi.
104. Uchishdan oldingi tibbiy koʻrik quyidagi tartibda oʻtkaziladi:
har bir aviatsiya xodimi bilan alohida holda, 1,5 — 2 daqiqadan oshmagan vaqt davomida erkin va aniq soʻrov hamda tibbiy tekshiruv oʻtkaziladi. Bunda aviatsiya xodimining sogʻligʻi boʻyicha shikoyatlari, uchishdan oldingi dam olish va ovqatlanish tartibiga rioya etganligi, dam olish sharoitlari, uyquning sifati va davomiyligi aniqlanadi. Shuningdek uning nutqi, mimikasi va ruhiy holati (xotirjamligi, sustkashligi, asabiyligi va boshqa holatlar) diqqat bilan kuzatilib baholanadi;
tibbiyot xodimi aviatsiya xodimining feʼl-atvori normada ekanligini, tashqi koʻrinishini, ishchi formasining mavsumga va uchish sharoitlariga muvofiqligini, uchishga ruhan tayyorligini, shuningdek koʻz qorachigʻining yorugʻlikka reaksiyasini, teri qoplamining rangi va koʻrinishini, bodomsimon bezlarini, halqumning orqa devorini, yumshoq va qattiq tanglay shilliq qavatini hamda tilini tekshiradi;
bilak arteriyasi palpatsiyasi oʻtkaziladi va pulsning maromi, keskinligi, toʻlaqonliligi, kattaligi, shakli hamda chastotasi oʻttiz soniya davomida aniqlanib, bir daqiqaga nisbatan hisoblanadi. Puls chastotasi bir daqiqada 55 tadan 96 tagacha boʻlganda va arterial bosim koʻrsatkichlari 100/60 dan 140/90 millimetr simob ustunigacha boʻlganda uchishga ruxsat beriladi.
Aviatsiya xodimining kasbiy faoliyatini bajarishi uchun arterial bosimning eng yuqori ruxsat etilgan darajasi 160/95 millimetr simob ustuni deb hisoblanadi.
Feʼl-atvordagi odatdagidan tashqari gʻayritabiiy holatlar, tomir urishi maromining buzilishi, yuz terisi va shilliq qavatlarning qizarishi, oqarishi, koʻkarishi, akrotsianoz, qovoqlar va yuzning shishishi, teri qoplami va koʻz oq pardasining sariqlashishi, shuningdek aniqlangan boshqa patologik holatlar batafsil tekshiruv oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Aviatsiya xodimining arterial bosimi va tana harorati tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan taqdirda oʻlchanadi. Oʻta muhim parvozlarni bajaruvchi ekipaj aʼzolarida qoʻshimcha ravishda tana harorati hamda arterial bosim oʻlchanadi.
105. Ekipaj aʼzolarining uchishdan oldingi tibbiy koʻrik natijalari ushbu Aviatsiya qoidalarining 21-ilovasiga muvofiq tegishincha “Fuqaro havo kemasi ekipaji aʼzolarining uchishdan oldingi (keyingi) tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jurnali”ga quyidagi tartibda rasmiylashtiriladi:
tibbiyot xodimi jurnalning tegishli ustunlarini toʻldiradi, aviatsiya xodimining sogʻligʻi holati yuzasidan shikoyati yoʻqligi hamda mehnat va dam olish tartibiga rioya qilganligini tasdiqlash uchun tegishli ustunga imzo qoʻyadi;
aviatsiya xodimining sogʻligʻi yuzasidan shikoyatlari, kasallikning obyektiv belgilari va charchoq alomatlari mavjud boʻlmaganda, shuningdek mehnat va dam olish tartibi buzilishi aniqlanmaganda, tibbiyot xodimi uchishga ruxsat berilganligi haqida jurnalga “ruxsat” deb yozadi va imzo qoʻyadi;
ekipajning barcha aʼzolari tibbiy koʻrikdan oʻtgandan soʻng tibbiyot xodimi parvoz topshirigʻiga aeroport yoki aviatsiya tashkilotining tibbiy boʻlinmasi nomi koʻrsatilgan shtampni bosadi, sanani, muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC) boʻyicha soat va daqiqalarni, uchishga ruxsat berilgan ekipaj aʼzolarining umumiy sonini qayd etadi va imzo qoʻyadi;
Tibbiyot xodimi parvoz topshirigʻiga tuzatishlar yoki qoʻshimcha yozuvlar kiritishga haqli emas.
106. Aviatsiya xodimida parvozlar xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlar aniqlanganda, (sogʻligʻi yuzasidan shikoyatlar mavjud boʻlganda, charchoq yoki kasallik belgilari kuzatilganda, mehnat va dam olish tartibi buzilganda, shuningdek alkogol, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilganda) u uchishdan chetlatiladi.
Bunda tibbiyot xodimi ushbu Aviatsiya qoidalarining 22-ilovasiga muvofiq “Fuqaro havo kemasi ekipaji aʼzosini (havo harakatini boshqaruvchi dispetcherni) parvozlardan chetlatish jurnali”ga “chetlatildi” degan yozuvni kiritadi va imzo qoʻyadi.
Aviatsiya xodimini u biriktirilgan fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokoriga taqdim etish uchun ushbu Aviatsiya qoidalarining 23-ilovasiga muvofiq uchish ishidan chetlatilgani haqidagi maʼlumotnoma beriladi.
107. Ushbu Aviatsiya qoidalarining 24-ilovasiga muvofiq yakunlangan yil uchun uchishdan oldingi tibbiy koʻrik natijalari haqidagi maʼlumotlar vakolatli organga keyingi yilning 5-sanasiga qadar taqdim etiladi.
108. Jarrohlik ekspertizasida boʻgʻimlar harakatchanligi ushbu Aviatsiya qoidalarining 25-ilovasiga muvofiq baholanishi, oʻqishga kiruvchilarda tana rivojlanishi mutanosib boʻlishi kerak.
10-bob. Yakuniy qoida
109. Mazkur Aviatsiya qoidalari talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Fuqaro aviatsiyasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalariga 1-ILOVA
1-klass tibbiy xulosasini olishga nomzodlarning sogʻliq holatiga qoʻyilgan tibbiy talablar
1-bob. Umumiy talablar
1. Nevrologik tibbiy koʻrikni oʻtkazishda quyidagi holatlarni aniqlashi lozim:
nomzodda nevrologik kasallikning mavjudligi yoki mavjud emasligi;
mavjud nevrologik kasallikning statik holatda funksional jihatdan parvozlar xavfsizligiga tahdid solish ehtimoli;
nevrologik kasallikning monitoring oʻtkazish imkonini beruvchi vaqtinchalik progressivlashuvchi koʻrinishga egaligi;
nomzodning ahamiyatga ega boʻlmagan qoldiq funksional nevrologik buzilishlarsiz kasallikdan toʻliq sogʻayganligi;
aviatsiya xodimining ruhiy holati buzilishlari natijasida ish qobiliyatining toʻsatdan yoki yashirin tarzda yoʻqolishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlarning mavjudligi yoki ehtimoli.
Aviatsiya xodimlari va kursantlarning ruhiy holatining nazorat kuzatuvi nevrolog, psixolog va fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokorlari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Uchuvchi tarkibi va kursantlarda ruhiy holat buzilishlari aniqlanganda yoki gumon qilinganda yoxud boshqa tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganda, ular oʻqishdan yoxud oʻz kasbiy funksional majburiyatlarini bajarishdan chetlatiladi hamda psixiatriya muassasasiga yuboriladi.
Mazkur uchuvchi tarkibi yoki kursantning ruhiy sogʻligʻi va ijtimoiy moslashuv holati yuzasidan psixiatrlarning xulosasi olingandan keyin tibbiy koʻrikni davom ettirish masalasi tibbiy-uchish komissiyasi (bundan buyon matnda TUK deb yuritiladi) tomonidan koʻrib chiqiladi.
Psixiatr koʻrigi va tekshiruvlari uchuvchi tarkibi yoki kursantning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Uchuvchi tarkibi yoki kursantning psixiatr koʻrigi, tekshiruvi yoki zarur boʻlganda davolanishdan bosh tortishi uning tibbiy hujjatlarida qayd etiladi hamda tibbiy xulosa bermaslikka yoki amaldagi tibbiy xulosani bekor qilishga asos boʻladi.
3. Kognitiv funksiyalarning amaldagi har qanday susayishi aviatsiyada jiddiy oqibatlar yuzaga keltirishi mumkinligi sababli, funksional buzilishlarga olib keluvchi ruhiy holat buzilishlarining qaytalanish xavfi hisobga olingan holda, tibbiy xulosa chiqariladi.
4. Uchuvchining ruhiy va jismoniy holatini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda havo kemasini boshqarish boʻyicha uning kasbiy yaroqliligini belgilovchi quyidagi talablar hisobga olinishi lozim:
uchish jarayonida havodagi vaziyatni va oʻzining fazoviy holatini toʻgʻri aniqlashi uchun rivojlangan sezgi organlariga (koʻrish, eshitish, muvozanat, propriosepsiya, kinesteziya) ega ekanligi;
uchish sharoitlarini toʻgʻri baholashi, maʼlumotni oʻz vaqtida va toʻgʻri qabul qilishi, uni qayta ishlashi va havo kemasini belgilangan manzilga xavfsiz yetib borishi hamda qoʻnishini taʼminlovchi qarorlar qabul qilish qobiliyatiga egaligi;
uchish jarayonida belgilangan harakatlar va boshqaruv amallarini bajarish uchun jismoniy va ruhiy jihatdan yetarlicha tayyorligi.
5. Nomzodning ruhiy holati buzilishini tekshirishda quyidagilar aniqlanishi kerak:
tabiiy omillar, tarbiya va hayotiy tajribaning mujassamligida uning ruhiy holatining buzilishiga boʻlgan moyilligi;
ruhiy holatning buzilishlari, shuningdek inson temperamenti muhim genetik komponentga egaligi;
ruhiy holat buzilishiga genetik moyilligi boʻlgan nomzodning tarbiya va hayotdagi vaziyatlar bilan bogʻliq stress-faktorlarga psixiatrik simptomlarsiz bardosh berishga qodirligi;
bolalikdagi hodisalar, jamiyatga zid axloq, oʻqishni oʻzlashtirishning pastligi, doimiy ish oʻrnini izlashdagi qiyinchiliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni isteʼmol qilish, kayfiyatning toʻsatdan oʻzgarishi va yaqin munosabatlarni oʻrnata olmaslik kabi ruhiy holatning buzilganligi alomatlarining mavjudligi.
6. Nomzodlarda pirsing, implantlar va teridagi tatuirovkalar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yoʻqotilgan yoki funksiyasi yoʻqolgan aʼzolarning faoliyatini tiklash maqsadida oʻrnatilgan implantlarda (masalan, tish yoki baʼzi bir onkologik kasalliklar sababli) tegishli shifokor mutaxassis maslahatini olib nomzodning yaroqliligi aniqlanadi.
2-bob. Ruhiy holatning buzilishi va asab kasalliklari
7. Shizofreniya, paranoik buzilishlar, affektiv psixozlar (maniakal-depressiv psixoz, siklotimiya) mavjud boʻlgan nomzodlarga nisbatan tibbiy xulosa faqat psixiatriya muassasada oʻtkazilgan tekshiruv natijalari asosida rasmiylashtiriladi.
Mazkur kasalliklar aviatsiya xodimlarida aniqlangan hollarda, ular oʻz kasbiy funksional vazifalarini bajarishga yaroqsiz deb topiladi va kasbiy faoliyatga qayta tiklanmaydi.
Organik ruhiy holatning buzilishi aniqlangan nomzodlar barcha klasslar boʻyicha kasbiy faoliyatni amalga oshirishga yaroqsiz deb topiladi hamda kasbiy faoliyatga qayta tiklanmaydi.
8. Nomzodlarga tibbiy xulosani rasmiylashtirishda quyidagi holatlar inobatga olinadi:
ruhiy-hissiyot sohasidagi reaktiv holatlarning oʻtkir yoki surunkali ruhiy jarohatlar taʼsiri ostida yuzaga kelishi;
jarohatlovchi omilning psixiatrik simptomlar va klinik belgilar shakllanishiga bevosita sabab boʻlishi;
ruhiy holatning buzilishlarini keltirib chiqaruvchi omil bartaraf etilganda, reaktiv holatning qisqa muddat ichida barqarorlashishi yoki tugashi.
9. Aviatsiya hodisasi yoki insidenti sodir boʻlganidan soʻng uchuvchi ekipaj aʼzolarida kuzatilishi mumkin boʻlgan qisqa muddatli ruhiy holat buzilishini baholashda quyidagi omillar inobatga olinadi:
hodisaning kelib chiqishi, uning sababi va rivojlanish holati;
koʻrikdan oʻtayotgan nomzodning birlamchi emotsional taʼsiri;
komandirlik rahbariyati, dispetcher xizmati va kasbdoshlar tomonidan koʻrsatilgan psixologik qoʻllab-quvvatlash darajasi;
mehnat va dam olish tartibiga rioya etilishi;
hodisaga oid omillar bilan bogʻliq boshqa psixologik, fiziologik va tashkiliy jihatlar.
10. Aviatsiya hodisasidan keyingi ruhiy tushkunlik yoki depressiya holatlari uchuvchining parvoz xavfsizligi talablarini bajarishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi inobatga olinishi lozim.
Psixologik koʻrik faqat tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganda, tibbiy ekspertlari hamda aviatsiya hodisasini tekshiruv komissiyasi raisining ruxsati bilan oʻtkazilishi kerak.
Tekshiruv jarayonida uchuvchining kasbiy majburiyatlarini bajarishiga salbiy taʼsir koʻrsatgan omillar, shaxsiy omillar va inson omili, shu jumladan havo kemasini boshqarishdagi xato harakatlar, tashkiliy omillar, uchuvchining kasbiy faoliyatini davom ettirishga boʻlgan munosabati, sogʻligʻi holatida buzilishlarni keltirib chiqaruvchi nizoli vaziyatlar, kasbdoshining ogʻir ahvolga tushishi yoki vafoti kabi holatlar hamda ushbu voqealarga nisbatan subyektiv taʼsirlanishining sabablari aniqlanishi lozim.
11. Uchuvchining yengil darajada ifodalangan ruhiy holatning oʻzgarishlari mavjud boʻlganda, profilaktik tibbiy chora-tadbirlar va maxsus tavsiyalar talab etilmasa, uning ruhiy va jismoniy sogʻligʻi holati barqaror deb topilganda hamda parvozlar xavfsizligini taʼminlashga toʻsqinlik qiluvchi omillar aniqlanmaganda, nevrolog koʻrigi oʻtkazilgandan soʻng uchuvchilik ishiga ruxsat berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Uchuvchi tarkibida yoki kursantlarda aviatsiya hodisalaridan keyingi ruhiy holatning buzilishlari va nevrotik holatlar kuzatilganda, ularning davomiyligi, uchuvchi tarkibida yoki kursantlarning kasbini davom ettirishga boʻlgan munosabati, komandir-instruktorlarning fikri, shuningdek psixofiziologik, fiziologik, jismoniy va kasbiy omillar inobatga olingan holda tibbiy yaroqlilik masalasi hal etiladi.
Kechikib rivojlanadigan nevrozlar, qoʻrquv sindromlari yoki uchuvchilik faoliyatini davom ettirishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa psixologik taʼsirlar mavjud boʻlganda, ularga uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi. Oʻtkazilgan reabilitatsiya chora-tadbirlarining ijobiy natijalari kuzatilganda aviatsiya xodimi kasbiy faoliyatiga qayta tiklanishiga yoʻl qoʻyiladi.
Psixopatiyalar ularning shakli va klinik belgilari qanday boʻlishidan qatʼi nazar, shuningdek nomzodning psixik boʻlmagan buzilishlar (paranoid, affektiv, shizoid, qoʻzgʻaluvchan va boshqa turlari) mavjud boʻlganda, nomzodlar uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsiz deb topiladi.
12. Quyida keltirilgan tashxislar boʻyicha uchuvchi tarkibi va kursantlar toʻliq sogʻayganidan, ruhiy-asab faoliyati toʻliq kompensatsiyalanganidan hamda qoʻshimcha psixotrop terapiyaga ehtiyoj yoʻqligi tasdiqlanganidan soʻng 4 oydan 6 oygacha muddat oʻtgach, psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida psixolog va psixiatr koʻrigidan oʻtkazilgandan soʻng tibbiy koʻrikka qoʻyilishiga yoʻl qoʻyiladi:
a) stress va somatoform buzilishlarga oid tashxislar (XKT-10):
ogʻir stressga javob reaksiyalari va adaptatsiya buzilishlari (F 43);
b) fiziologik va fizik omillar bilan bogʻliq feʼl-atvor sindromlari (XKT-10):
uyqu va bedorlik tartibining buzilishi (organik etiologiyasiz) (F51.2);
bosinqirashlar (F51.5);
organik etiologiya bilan bogʻliq boʻlmagan jinsiy disfunksiyalar (F52);
tugʻishdan keyingi davrga oid psixik va xulq-atvor buzilishlari (F53);
boshqa kasalliklar bilan bogʻliq psixologik va xulq-atvor omillari (F54);
aniqlanmagan fiziologik buzilishlar va fizik omillar bilan bogʻliq feʼl-atvor sindromlari (F59).
Mazkur holatlarda tibbiy xulosa rasmiylashtirilayotganda nomzodning asab-ruhiy faoliyatining kompensatsiya darajasi, psixoz yoki nevroz kechgan davrdagi ruhiy holati buzilishlarining xususiyatlari, chuqurligi, kechish dinamikasi, uning qaytalanish xavfi, psixotrop dori vositalarini doimiy qabul qilish zarurati mavjudligi yoki mavjud emasligi, prognozning ijobiyligi inobatga olinadi.
Nomzodning ruhiy holati buzilishi xususiyatiga koʻra psixotrop dori vositalarini muntazam qabul qilish zarurati mavjud boʻlganda, u aviatsiya faoliyatini amalga oshirishga yoki oʻqishga yaroqsiz deb topiladi hamda uchish ishiga qayta tiklanmaydi.
13. Suitsidal urinishlar mavjud boʻlgan nomzodlarda uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizligi haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Bunda uchuvchi tarkibi (kursant) muammoga adekvat yechim topa olmaydi va ushbu holat ruhiy krizis sifatida tavsiflanadi. Mazkur krizis holatlari quyidagi kasalliklarda uchraydi:
bipolyar affektiv buzilishning depressiv fazasi;
ajitatsiya bilan kechuvchi involyustiya depressiya;
alkogol bilan bogʻliq depressiv holatlar;
shizofreniya;
epilepsiya va boshqa organik ruhiy holatning buzilishlari.
Ushbu holatlarni oʻrganish jarayonida psixiatr hodisa boʻyicha guvohlarning koʻrsatmalarini, suitsidal urinishga sabab boʻluvchi omillarni, shaxsiy va oilaviy anamnezni, autoagressiv harakatlarning mazmuni, shakli va motivlarini aniqlashi lozim.
Mazkur holatlarda psixiatrik tekshiruv oʻtkazilishi hamda psixiatr tomonidan tibbiy xulosa rasmiylashtirilishi zarur.
Anamnezida suitsidal urinishlar aniqlangan nomzodlar barcha klasslar boʻyicha yaroqsiz deb topiladi va uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanmaydi.
14. Vaziyatga bogʻliq astenik holatlar yoki nevrastenik sindrom kuzatilgan uchuvchi tarkibi (kursantlar), ushbu holatni yuzaga keltirgan sabablar bartaraf etilganda, klinik simptomlar toʻliq yoʻqolganda, psixologik testlar, klinik tekshiruvlar va nevrolog tomonidan olib borilgan dispanser kuzatuvi natijalari ijobiy boʻlganda, 4 — 6 oydan soʻng qayta tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Jismoniy (somatogen) kasalliklar sababli qisqa muddatli ruhiy holat buzilishlarini boshdan kechirgan uchuvchi tarkibi (kursantlar), asosiy kasallikdan toʻliq sogʻaygandan soʻng doimiy quvvatlovchi (psixotrop) terapiyaga ehtiyoj mavjud boʻlmaganda va asab-ruhiy faoliyati toʻliq kompensatsiya qilinganda ular uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topiladilar.
15. Shaxs buzilishlarining mavjudligini aniqlash va ekspert baholash jarayonida TUK aʼzosi quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
shaxsni davomli kuzatuvdan oʻtkazish;
ekipaj aʼzolari bilan suhbatlar oʻtkazish;
oilaviy va shaxsiy anamnezni oʻrganish;
psixologik testlar va sinovlar oʻtkazish;
jamoa ichidagi psixologik muhitni baholash.
Tekshiruv jarayonida yomon moslashuvchanlik, konfliktlilik va ijtimoiy dezadaptatsiyaga olib keluvchi shaxs buzilishlarini oddiy individual xulq-atvor xususiyatlaridan farqlash lozim.
Psixiatriya muassasasida oʻtkazilgan tekshiruv natijalari va psixiatrning xulosasi asosida yakuniy tibbiy xulosa chiqariladi.
Tibbiy kuzatuv maʼlumotlari salbiy boʻlganda, turgʻun va aniq ifodalangan shaxs buzilishlari mavjud nomzodlar uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Shaxsning ahamiyatsiz buzilishlarida kasbiy fazilatlarni (ish staji, tajribasi, mahorati, bajarilayotgan vazifaning sifati va boshqalarni hisobga olgan holda, yaroqliligi toʻgʻrisidagi xulosa chiqariladi.
16. Uchuvchi tarkibi va kursantlarda kam darajada ifodalangan infantilizm belgilari mavjud boʻlganda, asab-ruhiy faoliyatining ijtimoiy va kasbiy jihatdan yetarli kompensatsiyalanganligi aniqlansa, nomzodga aksentuatsiyasi yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarish uchun asos boʻlmaydi.
17. Uchuvchi tarkibining (kursantlar) xulq-atvorida ilgari kuzatilmagan noadekvat taʼsirlar paydo boʻlganda, ushbu holat psixolog va psixiatr tekshiruvini oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
Psixiatrik tashxis tasdiqlanmaganda, nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topiladi.
Psixolog tomonidan uchuvchi tarkibining (kursantlar) individual-psixologik xususiyatlarida buzilishlar aniqlanganda, nevrologik klinikada qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkaziladi hamda koʻrsatma mavjud boʻlganda, psixiatr maslahati tashkil etiladi.
Nomzodda turgʻun va salbiy belgilari bilan yaqqol ifodalangan shaxsiyat buzilishlari mavjud boʻlganda, yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi. Bunda buzilishlar kam ifodalangan hollarda esa uning kasbiy sifatlari, jumladan mehnat staji, ish tajribasi, bajarilayotgan ish sifatini hisobga olgan holda, unga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqliligi toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
18. Alohida vaziyatga bogʻliq omillar natijasida yuzaga kelgan insomniya, dissoniya yoki sirkad ritmlarining buzilishi aniqlanganda, aviatsiya xodimi oʻz kasbiy vazifalarini bajarishdan chetlatiladi hamda davolanish uchun psixologga yuboriladi.
Davolash jarayonida gipnoz usullaridan, shuningdek aviatsiya faoliyatida qoʻllanishiga yoʻl qoʻyilmaydigan sedativ dori vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki alkogol isteʼmoli bilan bogʻliq turgʻun insomniya yoki dissoniya mavjud boʻlganda, barcha klasslar boʻyicha nomzodlar yaroqsiz deb topiladi hamda kasbiy faoliyatga qayta tiklanmaydi.
Mazkur hollarda uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topilgan nomzodlar komissiya oraligʻi davrida nevrolog tomonidan har 6 oyda bir marotaba dispanser kuzatuvidan, psixolog tomonidan esa yiliga bir marotaba psixologik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda, psixiatr maslahati oʻtkaziladi hamda psixokorreksiya muolajalari amalga oshiriladi.
Tashxisni bekor qilish muddati (barqaror remissiyani tasdiqlash) nevrolog tomonidan aniqlanadi.
Maʼlum bir somatik kasallik bilan bogʻliq boʻlgan qisqa muddatli ruhiy holatning buzilishini oʻtkazgan nomzodlar asosiy kasallikdan sogʻaygandan soʻng doimiy ravishdagi yordamchi davolash usullarini qoʻllash talab qilmaydigan asab-ruhiy faoliyatining toʻliq kompensatsiyasida uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topilishlariga yoʻl qoʻyiladi.
19. Alkogol, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni isteʼmol qilish natijasida yuzaga keladigan ruhiy hamda xulq-atvor buzilishlari, shuningdek surunkali alkogolizm, 1 yil va undan ortiq davom etgan muntazam alkogol, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar isteʼmoli holatlarida barcha nomzodlar uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi va kasbiy faoliyatga qayta tiklanmaydi.
Alkogol yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilish oqibatida yuzaga kelgan jismoniy, psixologik va xulq-atvor buzilishlari inobatga olingan holda nomzodga tegishli tashxis qoʻyiladi.
Oʻtkir (oʻtkirosti) alkogolli psixoz alkogolli deliriy, paranoid holatlar, gallyutsinoz, rashk vasvasasi va shu turdagi boshqa holatlarda yoki alkogolizmga gumon boʻlgan hollarda narkolog koʻrigi oʻtkaziladi.
Ruhiy holatni oʻzgartirish maqsadida sedativ preparatlar, trankvilizatorlar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning prekursorlarini notibbiy maqsadda qabul qilish dori vositasiga qaramlik yoki uni isteʼmol qilish sifatida baholanadi.
20. Alkogolli qaramlik (alkogolizm) shakllanmagan hollarda alkogolning zararli isteʼmoli yoki bir martalik alkogol bilan oʻtkir zaharlanish aniqlanganda, aviatsiya xodimi darhol xizmat vazifalaridan chetlatiladi va chuqurlashtirilgan tibbiy hamda psixologik tekshiruvlardan, narkolog maslahati va sogʻlomlashtirish-davolash tadbirlaridan oʻtkaziladi.
Nevrolog tomonidan belgilangan muddat davomida tibbiy kuzatuv olib borilib, 2 — 4 oydan soʻng tibbiy tekshiruvlar natijalari ijobiy boʻlganda, narkolog xulosasida ijobiy prognoz qayd etilganda hamda aviatsiya xodimining xizmat tavsifnomasi qoniqarli boʻlganda, u qayta tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Qayta tibbiy koʻrik natijasida yaroqlilik aniqlanganda, aviatsiya xodimining oʻz kasbiy faoliyatiga tiklanishi mumkin.
21. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni isteʼmol qilganlikni aniqlash boʻyicha tekshiruv quyidagi asoslarda amalga oshiriladi:
nomzodning oʻz arizasiga asosan;
siydik, qon yoki boshqa biologik materiallarning obyektiv laboratoriya tahlillari asosida;
klinik belgilar va simptomlar mavjudligi yoki mazkur masalada xabardor boʻlgan uchinchi shaxslarning maʼlumotlari asosida.
Tekshiruv natijalari ishonchliligini taʼminlash maqsadida maʼlumotlar bir nechta mustaqil manbalardan olinishi lozim.
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni aniqlashga qaratilgan identifikatsiyalovchi laboratoriya tahlillari nomzod tomonidan mazkur moddalarni hozirgi vaqtda, yaqinda yoki oʻtmishda isteʼmol qilganligini tasdiqlovchi asosiy obyektiv dalil sifatida qabul qilinadi.
22. Uchuvchi tarkibi (kursantlar) alkogol, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilganligi haqida gumon paydo boʻlganda yoki ushbu mazmunda maʼlumot olinganda aviatsiya tibbiy xodimi uning jismoniy va ruhiy holati, isteʼmol qilish ehtimolini koʻrsatadigan dalillar va sharoitlarni bayon etgan holda dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Mazkur holatda uchuvchi tarkibi (kursantlar) aviatsiya tibbiy xodimi kuzatuvida, mavjud tibbiy hujjatlar, klinik belgilari va ashyoviy dalillar (shprits, dori vositalari qoldiqlari va boshqalar) bilan birgalikda narkologik muassasaga yuboriladi.
Uchuvchi tarkibining (kursant) alkogol, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilganligini aniqlashga qaratilgan tibbiy tekshiruvlardan bosh tortishi, unga tibbiy xulosa bermaslikka yoki ilgari berilgan tibbiy xulosaning haqiqiy emas deb topilishiga asos boʻladi.
Anamnezida toksikomaniya, narkomaniya yoki surunkali alkogolizm holatlari mavjudligi aniqlangan uchuvchi tarkibi (kursantlar), uchish faoliyatidan chetlatilgan davri va oʻtgan muddatidan qatʼi nazar barcha klasslar boʻyicha kasbiy faoliyatni davom ettirishga yaroqsiz deb topiladi va kasbiy faoliyatiga qayta tiklanmaydi.
Uchuvchi tarkibida (kursant) epilepsiya tashxisi aniqlanganda, u barcha klasslar boʻyicha kasbiy faoliyatga yaroqsiz deb topiladi va uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanmaydi.
23. Epilepsiya mavjudligiga gumon qilingan uchuvchi tarkibi va kursantlar ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yuboriladi.
Yuborishdan avval tutqanoq holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bayon etilgan, guvohlar imzolari bilan tasdiqlangan hamda aviatsiya tibbiyot xodimi tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnoma tuziladi.
Tashxis quyidagi majburiy tekshiruvlar asosida qoʻyiladi:
kasallik tarixi (anamnez)ni batafsil oʻrganish;
toʻliq nevrologik koʻrik;
elektroensefalografiya (bundan buyon matnda EEG deb yuritiladi);
kompyuter tomografiyasi (bundan buyon matnda KT deb yuritiladi) yoki magnit-rezonans tomografiya (bundan buyon matnda MRT deb yuritiladi);
psixiatr va epileptolog xulosalari.
24. Birinchi marta EEGda paroksizmal faollik aniqlangan uchuvchi tarkibi (kursant) nevrologiya muassasasida chuqurlashtirilgan tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim.
EEGda ilk bor epileptiform faollik (“choʻqqi-sust toʻlqin” turidagi oʻzgarishlar) aniqlanganda va epilepsiya uchun xos klinik belgilar hamda markaziy asab tizimining organik shikastlanishlari mavjud boʻlmaganda, uchuvchi tarkibi (kursant) nevrologiya muassasasida tekshiruvdan oʻtkaziladi.
EEGdagi paroksizmal, epileptoid faollik va ahamiyatga ega kuchli ifodalangan oʻzgarishlar aniqlanganda, 3 — 6 oy davomida takroriy nevrologiya muassasasi tekshiruvlari natijasida tasdiqlanganda, uchuvchi tarkibiga (kursant) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Ongning paroksizmal buzilishlarini (qisqa muddatli paroksizm, hushning oʻzgarishi, epizodik yoʻqotilishi) oʻtkazgan uchuvchi tarkibiga (kursant) tibbiy ekspertlar tomonidan tibbiy xulosa chiqariladi.
25. Turli etiologiyali bosh va orqa miya patologiyalari, bosh va orqa miyaning birlamchi kasalliklari (vaskulitlar, rivojlanish anomaliyalari, anevrizmalar, ateroskleroz, somatogen, vertebrogen va boshqa etiologiyali tomirlarning ikkilamchi shikastlanishlari) mavjud boʻlgan nomzodlarda kasbiy faoliyatni bajarish jarayonida ish qobiliyatini toʻsatdan yoʻqotish xavfini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan omillar birlamchi insult (kriz) rivojlanishi, kasallikning qaytalanishi, tranzitor ishemik epizodlar yoki miya qon aylanishining oʻtkir buzilishlari aniqlanishi hamda tibbiy xulosa chiqarilishi lozim. Tibbiy xulosada quyidagilar inobatga olinadi:
kasallikning etiologiyasi va kechishi;
nevrologik, psixik va funksional buzilishlarning darajasi;
yuklama sinovlarini bajarish qobiliyati;
psixologik tekshiruv natijalari;
bajariladigan kasbiy funksiyalarni xavfsiz bajarishga taʼsir etuvchi boshqa omillar;
yondosh kardiologik kasalliklar (arterial gipertenziya, yurak ritmi buzilishlari), qandli diabet, dislipidemiya, chekish va prognozni yomonlashtiruvchi boshqa xavf omillari.
26. Gemorragik yoki ishemik genezdagi miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi, tranzitor ishemik ataka (bundan buyon matnda TIA deb yuritiladi) subaraxnoidal qon quyilishini yoki tomir krizi hamda miya qon aylanishining surunkali buzilishlari mavjud boʻlganda, nomzodlarga barcha klasslar boʻyicha yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi. Biroq quyidagi klinik va instrumental tekshiruvlar natijasida:
markaziy asab tizimining nevrologik va ruhiy funksiyalari saqlanganligi;
kasallikning yengil darajada boʻlishi;
aterosklerotik oʻzgarishlar minimal va barqaror xususiyatga ega ekanligi tasdiqlanganda, uchuvchi tarkibiga uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda yaroqlilik toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa barcha klinik, instrumental, psixologik koʻrsatkichlar asosida chiqariladi.
27. Bosh miya tomirlari kasalliklari mavjud boʻlgan aviatsiya xodimlariga tibbiy xulosalar quyidagilarni inobatga olgan holda chiqariladi:
bosh miya arteriyalarining dupleks skanerlashida (bundan buyon matnda BMA DS deb yuritiladi) arteriya intimasining 1 mm dan ortiq qalinlashuvi;
ultratovush dopplerografiyasida (bundan buyon matnda UTDG deb yuritiladi) qon oqimi chiziqli tezligining chegaraga yaqin assimetriyalari, qonda giperlipidemiya, koʻz tubida boshlangʻich sklerotik oʻzgarishlar, ayrim nevrologik mikrosimptomlar (masalan, yorugʻlikka sust reaksiyali qorachiqlar, kaft-engak refleksining sustligi), yengil darajadagi kognitiv oʻzgarishlar va EEGda ahamiyatsiz funksional oʻzgarishlar (boshlangʻich belgilari bilan asab-ruhiy funksiyalari yetarlicha saqlanganda, bosh miya tomirlarining aterosklerozi tashxisi qoʻyiladi va nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topiladi hamda aterosklerozning rivojlanishiga qarshi profilaktik chora-tadbirlar belgilanadi);
BMA DSda bitta arteriyaning 50 foiz va undan ortiq yashirin stenozining mavjudligi, bir yoki bir nechta arteriyalarda turgʻun boʻlmaganda, embologen xususiyatga ega aterosklerotik blyashkalari aniqlanganda uchuvchi tarkibi qoʻshimcha nazorat tekshiruvlariga yuboriladi va maʼlumotlar tasdiqlanganda bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilish xavfi yuqori boʻlganda, bosh miya tomirlarining aterosklerozi tashxisi qoʻyiladi va yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.
Aterosklerotik oʻzgarishlar mazkur bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida keltirilgan ikki holat orasida boʻlganda, jumladan gemodinamik jihatdan ahamiyatsiz stenozlarda, turgʻun aterosklerotik blyashkalarda, normaga yaqin xavf tugʻdirmaydigan psixologik, bioximik yoki EEG oʻzgarishlar mavjudligida asab-ruhiy faoliyatlari yetarlicha saqlanganda, bosh miya tomirlarining aterosklerozi tashxisi qoʻyiladi va tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlsa, transkranial BMA DS va MRT-angiografiya oʻtkaziladi hamda individual tartibda tibbiy xulosa chiqariladi.
Tibbiy xulosada arterial gipertoniya, chekish, giperlipidemiya, ortiqcha tana vazni, yosh, nevrologik va psixik funksiyalarning saqlanganligi hisobga olinishi lozim.
Yaroqli deb topilgan uchuvchi tarkibiga 6 oyda 1-marta nevrolog dispanser kuzatuvi belgilanadi.
TIA oʻtkazgan shaxslar boʻyicha differensial diagnostika (turli genezli behushlik holatlaridan farqlash) majburiy ravishda oʻtkaziladi.
Miya qon aylanishining oʻtkir buzilishini oʻtkazgan yoki miya qon aylanishining surunkali yetishmovchiligi mavjud boʻlgan uchuvchilar yaroqsiz deb topiladi.
Turli genezli vaskulitlar oʻtkazilganda, davolanish yakunlangandan soʻng remissiya muddati kamida 2 yil davom etgan barqaror holatda, kasallik turi va sabablari, xavf darajasi hamda bajariladigan kasbiy vazifalar hisobga olingan holda nomzodga individual tibbiy xulosa chiqariladi.
MRTda tomirga oid genezli gliozlar yoki 2-3 mm oʻlchamdagi mayda kistalar aniqlanganda, uchuvchi tarkibi kardiolog, endokrinolog, terapevt yoki neyrojarroh koʻrigidan oʻtkaziladi.
Kasbiy majburiyatlarni xavfsiz bajarishga toʻsqinlik qiladigan klinik, organik yoki funksional buzilishlar aniqlanmaganda, nomzod uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqli deb topiladi.
28. Kuchli darajadagi toksik zaharlanishlar, jumladan alkogolli ensefalopatiya, qoʻrgʻoshin bilan zaharlanish aniqlanganda, uchuvchi tarkibi (kursantlar) yaroqsiz deb topiladi.
Uchuvchi tarkibida (kursantlar) birinchi marta nerv tizimining organik shikastlanishi aniqlanganda, nevrologik boʻlimda chuqurlashtirilgan tekshiruv va KT, MRT tekshiruvlari oʻtkaziladi.
Miya faoliyatining buzilishiga olib keluvchi va miya toʻqimasining tuzilmasi qaytmas darajada zararlanishi bilan kechuvchi nerv tizimining organik kasalliklari aniqlangan uchuvchi tarkibi (kursantlar) uchish ishiga yaroqsiz deb topiladi.
Uchuvchi tarkibida nerv tizimining organik shikastlanishi birinchi marta aniqlanganda, shaxs tibbiy muassasaning nevrologiya boʻlimida chuqurlashtirilgan tekshiruvdan oʻtkaziladi. Bunda KT va MRT kabi instrumental tekshiruvlar oʻtkaziladi.
29. Nerv tizimining yuqumli kasalliklari yoki toksik zaharlanishlarini oʻtkazgan nomzodlarga quyidagi shartlar bajarilganda, uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi:
kasallikdan toʻliq sogʻaygan boʻlsa;
nerv-ruhiy (psixonevrologik) funksiyalar toʻliq tiklangan boʻlsa;
nerv tizimi faoliyatining buzilishiga olib kelmaydigan, faqat yengil darajadagi organik mikrosimptomlar saqlanib qolgan boʻlsa;
klinik va instrumental tekshiruvlar natijasida miya toʻqimasining organik shikastlanishi belgilari aniqlanmasa.
Kasbiy faoliyatni bajarish uchun muhim boʻlgan funksiyalar klinik va funksional jihatdan yetarli darajada saqlanganda, nerv-mushak apparati hamda markaziy yoki periferik nerv tizimining sust progredient kechuvchi, boshlangʻich bosqichdagi irsiy-degenerativ kasalliklari aniqlangan nomzodlarga kasbiy vazifalarni xavfsiz bajarish qobiliyatiga taʼsir etuvchi omillar mavjud boʻlmaganda, nomzodga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
30. Grippli ensefalit, oʻtkir ensefalomielit va oʻtkir kana ensefaliti kabi nerv tizimining oʻtkir yuqumli-yalligʻlanish kasalliklarini oʻtkazgan nomzodlar quyidagi minimal muddatlar oʻtgach uchish ishiga yaroqlilikni aniqlash maqsadida tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi:
grippli ensefalitni oʻtkazgan nomzodlar kasallikdan soʻng kamida 1 — 2 yil oʻtgach;
oʻtkir ensefalomielitni oʻtkazgan nomzodlar kasallikdan soʻng kamida 2 yil oʻtgach;
oʻtkir kana ensefalitini oʻtkazgan nomzodlar kasallikdan soʻng kamida 3 yil oʻtgach.
Epidemik serebrospinal meningitni oʻtkazgan nomzodlar kasallikdan soʻng kamida 1 yil oʻtgach uchish ishiga yaroqliligini baholash uchun tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Meningokokli rinit, faringit, uncha bilinmaydigan meningokok infeksiyasini oʻtkazgan nomzodlar terapevt tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladilar.
31. Bosh va orqa miya jarohatlari oʻtkazgan nomzodlarda quyidagi holatlar mavjud boʻlganda, ular uchish ishiga (oʻqishga, parvozga) yaroqsiz deb topiladi:
bosh miyaning ochiq yoki yopiq jarohatlaridan soʻng markaziy asab tizimining kuchli ifodalangan organik oʻzgarishlari, ruhiy holat buzilishlari (psixotik yoki ogʻir nevrologik simptomlar bilan), gipertenzion sindrom yoki qaltiroq sindrom, posttravmatik epilepsiya, gipersomniya, diqqat yoki kognitiv funksiyalar susayishi, harakat koordinatsiyasi, nutq, sezgi yoki boshqa funksional buzilishlar, nevrologik nuqson bilan kechuvchi harakatlanish yoki tos organlari funksiyalarining buzilishi, bosh miya anevrizmalari, jarohatdan keyingi kistalar, turgʻun likvorodinamik buzilishlar, bosh suyagining 2×3 sm dan katta defektlari mavjud boʻlganda;
orqa miya jarohatlari oqibatida harakat, sezgi, tos organlari funksiyasi yoki boshqa reflektor buzilishlar mavjud boʻlsa.
32. Bosh miya jarohatini oʻtkazgan nomzodlar toʻliq sogʻaygandan keyin quyidagilar toʻliq bajarilganda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi va yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi:
nevrologik funksiyalarda qoldiq simptomlar mavjud boʻlmaganda;
jarohatning klinik va instrumental (EEG, MRT, KT) koʻrsatkichlari boʻyicha barqarorlik aniqlanganda;
ruhiy holat, diqqat, koordinatsiya va kognitiv funksiyalar toʻliq tiklanganda;
kasbiy vazifalarni bajarishga toʻsqinlik qiluvchi funksional nuqsonlar aniqlanmaganda.
33. Jarohatning mexanizmi va yuzaga kelish sharoitlarini baholashda miyaning kontaktsiz travmatik shikastlanishlari, shu jumladan miyaning siljishi va qon tomirlarining yorilishi, shuningdek atlanto-oksipital birikma tuzilmalarining shikastlanishi ehtimoli inobatga olinishi lozim.
Tibbiy ekspert qarorini qabul qilishda ongning oʻzgargan holati hamda amneziya davrining davomiyligi hisobga olishi kerak.
Tibbiy ekspert tekshiruvda kasallik tarixi, EEG dinamikasi, yoʻqolgan funksiyalar kompensatsiyasi darajasi, stress-sinovlar va psixologik tekshiruv natijalarini hisobga olishi zarur.
Jarohatning xususiyati va ogʻirlik darajasidan tashqari, jarohatdan keyingi davrlarda posttravmatik epilepsiya rivojlanishi ehtimoli oldindan baholanishi hamda boshqa xavf omillari ham inobatga olinishi lozim.
Anamnez maʼlumotlari, EEG koʻrsatkichlarining dinamikasi, yoʻqotilgan funksiyalarning kompensatsiyalanish darajasi, qoʻshimcha yuklama sinovlari natijalari hamda psixologik tekshiruvlar natijalarini hisobga olib tibbiy xulosa chiqariladi.
34. Tibbiy xulosa quyidagilarni inobatga olgan holda chiqarilishi lozim:
amneziya va ongning oʻzgaruvchanlik davrlari davom etish muddati, ularning xususiyati va barqarorligini;
jarohatning turi va ogʻirlik darajasi, shuningdek jarohatga oid klinik belgilarni;
sogʻligiga doir shikoyatlarning mavjudligi, ularning xususiyati va dinamikasini;
nomzodning maishiy faoliyat va kasbiy vazifalarni bajarish qobiliyatini (muhim kasbiy psixologik fazilatlarning saqlanganligi, shaxsiyat va xulq-atvorga oid funksiyalarning yetarli darajada barqarorligi);
jarohatdan oldingi sogʻliq holati va jarohatdan keyingi asoratlarning mavjudligi yoki yoʻqligini (postkommotsion sindrom, fokal nevrologik buzilishlar, kognitiv funksiyalar buzilishining oqibatlari, posttravmatik epilepsiya);
uzoq davom etuvchi parvozlar yoki ishning murakkab jarayonlarida sogʻliqning yomonlashuvi natijasida ish qobiliyatini toʻsatdan yoʻqotish xavfini;
parvoz xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan dori vositalarini qabul qilish bilan bogʻliq holatlarni;
kasbiy faoliyat xavfsizligini taʼminlashga taʼsir etuvchi boshqa tibbiy va psixofiziologik omillarni.
35. Asab-ruhiy funksiyalar toʻliq tiklanganda yoki yetarli darajada saqlanganda, uchuvchi tarkibi va kursantlar uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqli deb topiladi.
Asab-ruhiy funksiyalarning turgʻun kompensatsiya holati (yengil vegetativ disfunksiya, yengil nevrologik simptomlar va shunga oʻxshash posttravmatik holatlar) mavjud boʻlgan uchuvchi tarkibiga nisbatan cheklovlar qoʻllangan holda yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi. Bunda ilgari oʻzlashtirilgan havo kemasi turidan boshqa turdagi havo kemasini oʻzlashtirish uchun qayta oʻqish tavsiya etilmaydi.
Kasbiy faoliyatiga tiklangan uchuvchi tarkibi nevrolog tomonidan 5 yil davomida har 6 oyda dispanser kuzatuviga olinadi.
36. Bosh suyagi gumbazining ichga botgan sinishi, bosh miyaning lat yeyishi, parenximatoz gematoma, 1 kundan ortiq davom etgan posttravmatik amneziya, bosh miya parenximasida qon mavjudligi hamda subdural gematomalar kuzatilganda, posttravmatik epilepsiya rivojlanish xavfi tibbiy tekshiruv oʻtkazishda inobatga olinishi lozim.
Oddiy, asoratsiz va bosh miya parenximasiga qon quyilishi bilan kechmagan epidural gematomalarda 1 yildan 2 yilgacha muddat oʻtgach, intraparenximatoz gematomalarda esa kamida 2 yil oʻtgach tibbiy koʻrik oʻtkazilishi mumkin.
37. Bosh gumbazining chiziqli sinishi, bosh suyagi tubining likvoreyasiz sinishi yoki subaraxnoidal qon quyilishi bilan kechuvchi bosh miyaning oʻrta va ogʻir darajadagi lat yeyishi holatlarida nomzodlar kamida 1-2 yil oʻtgach, chuqurlashtirilgan tibbiy kuzatuv va diagnostik tekshiruvlar (EEG, MRT/KT, nevrologik va psixologik baholash) natijalari ijobiy boʻlganda hamda barqaror ijobiy prognoz mavjudligida tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Mazkur holatlarda kasbiy faoliyatning xavfsiz bajarilishida funksional cheklovlarni hisobga olgan holda, nomzodlarga OML cheklovi 3 yilgacha boʻlgan muddatga qoʻllanilgan holda yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
38. Parenximada qon quyilmagan oddiy asoratsiz epidural gematoma, subdural gematoma bilan kechuvchi bosh miyaning lat yeyishi, bosh miya chayqalishi, bosh miyaning yengil darajadagi lat yeyishi, qoʻshaloq bosh miya shikastlanishlari hamda postkommotsiya sindrom oʻtkazgan nomzodlar quyidagi muddatlar oʻtgach tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi:
parenximaga qon quyilmagan oddiy asoratsiz epidural gematoma holatlarida — 1-2 yil oʻtgach;
subdural gematoma bilan kechuvchi bosh miyaning lat yeyishi holatlarida — 2 yil oʻtgach;
bosh miya chayqalishi holatlarida — 1,5 — 3 oy oʻtgach;
bosh miyaning yengil darajadagi lat yeyishi holatlarida — 3 — 6 oy oʻtgach;
qoʻshaloq bosh miya shikastlanish holatlarida — 6 — 24 oy oʻtgach;
postkommotsiya sindrom holatlarida — kamida 3 oy oʻtgach.
Mazkur uchuvchi tarkibi uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:
nevrologik funksiyalarning saqlanganligi klinik tekshiruv bilan tasdiqlangan boʻlishi;
kognitiv funksiyalarning toʻliq tiklanganligi psixologik testlar bilan tasdiqlanishi;
yuklama sinamalariga (psixofiziologik va funksional testlar) chidamliligi ijobiy baholanishi;
psixolog, psixiatr va oftalmolog koʻrigidan oʻtkazilishi;
bosh miyaning MRT, EEG hamda qoʻshimcha instrumental tekshiruvlar oʻtkazilishi;
posttravmatik epilepsiya rivojlanish xavfi, organik asoratlar yoki funksional yetishmovchilikning mavjud emasligi aniqlanishi.
Mazkur talablar boʻyicha oʻtkazilgan tibbiy baholash natijalariga muvofiq individual uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Tashxisni rasmiylashtirish jarayonida tibbiy hujjatlarda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim:
bosh miya jarohatlarining klinik koʻrinishi (jarohat turi, darajasi va mavjud asoratlar);
jarohat olingan sana (aniq kun, oy, yil);
tekshiruv vaqtida kasallik jarayonining davri (oʻtkir davr, erta yoki kech reabilitatsiya davri);
posttravmatik sindromning klinik tavsifnomasi;
nerv-ruhiy (psixonevrologik) funksiyalarning holati (kognitiv, vegetativ, psixomotor, affektiv koʻrsatkichlar).
39. Vegetativ asab tizimining surunkali kasalliklari paroksizmal kechuvchi shakllari, tez-tez qaytalanuvchi zoʻrayishlar, shuningdek krizli reaksiyalar (vazovagal, simpatik, vagoinsulyar, simpatoadrenal, aralash xususiyatdagi, adrenal va diensefal turlari) bilan kechuvchi vegetativ-tomir buzilishlari mavjud boʻlgan uchuvchi tarkibi aviatsiya faoliyatiga yaroqsiz deb topiladi.
Ushbu guruhga migren, solyarit, Mener sindromi, umurtqa arteriyasi sindromi, diensefal sindromi, angionevrozlar (angiotrofonevrozlar, Reyno kasalligi), qaytalanuvchi angionevrotik shish (Kvinke shishi), ortostatik essensial gipotoniya kasalliklari kiradi.
40. Aniq klinik maʼlumotlarni olish maqsadida quyidagi instrumental tekshiruvlar oʻtkaziladi:
KT — umurtqa tuzilmasining holatini baholash uchun;
MRT — orqa miya, uning ildizlari va paravertebral tuzilmalar holatini aniqlash uchun;
bosh miya tomirlarining BMA DS va ultratovush doplerografiyasi, UTDG — rotatsiya sinamalar davomida paydo boʻluvchi yoki kuchayuvchi vertebro-bazilyar basseyndagi (VBB) qon oqimining pasayish holatini aniqlash uchun;
bosh miya MRT — serebral toʻqimalardagi morfologik oʻzgarishlar, shikastlanish yoki patologik jarayonlarni baholash uchun;
viziometriya, perimetriya, oftalmoskopiya, shuningdek audiometriya, kalorik sinama va boshqa maxsus tekshiruvlar — tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda.
41. Konstitutsional-irsiy genezli vegetativ-tomir disfunksiyasi mavjud boʻlgan nomzodlar, shuningdek gormonal oʻzgarishlar fonida yoki somatik kasallikdan keyin kuzatiluvchi vegetativ-tomir buzilishlarida, tekshiruv vaqtida remissiya bosqichi turgʻun boʻlgan hollarda (asosiy kasallikdan toʻliq sogʻaygandan keyin kamida 2-3 oy oʻtgach) tibbiy xulosa quyidagi talablar asosida chiqariladi:
vegetativ-tomir buzilishlarining ogʻirlik darajasi;
klinik tekshiruv natijalari;
ortosinama, vestibyulyar sinama va boshqa yuklama sinovlariga chidamlilik darajasi;
psixofiziologik va nevrologik funksiyalarning barqarorligi;
kasbiy faoliyatni bajarishga taʼsir etuvchi xavf omillarining mavjudligi yoki yoʻqligi.
Vegetativ-tomir tizimi buzilishlarining klinik tavsifida funksional kardiovaskulyar simptomlar boʻlgan hollarda yakuniy tibbiy xulosa klinik tekshiruvlar natijalari asosida terapevt tomonidan chiqariladi.
42. Umurtqalararo disk churrasini jarrohlik yoʻli bilan olib tashlagan nomzodlarda asoratlar mavjud boʻlmaganda, nevrologik dinamikasi ijobiy boʻlganda hamda reabilitatsiya davri toʻliq yakunlanganidan soʻng kamida 3 — 6 oydan keyin tibbiy koʻrik oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrik jarayonida quyidagilar baholanadi:
nevrologik holatning barqarorligi;
mushak-tonik sindromlar, radikulyar simptomlar va sezgi buzilishlarining mavjudligi yoki yoʻqligi;
yuklama sinovlariga chidamlilik;
ogʻriq sindromining qaytalanish ehtimoli;
kasbiy majburiyatlarni xavfsiz bajarishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan cheklovlar mavjudligi.
43. Asab ildizchalari funksional buzilishlari, radikulyar simptomlar, sezgi yoki harakatlanish buzilishlari aniqlanmaganda, biroq umurtqa pogʻonasi harakatchanligining cheklanishi yoki funksional buzilishlari mavjud boʻlgan hollarda jarroh (vertebrolog yoki neyrojarroh maslahati asosida) tomonidan tibbiy xulosa chiqariladi.
44. Orqa miya ildizlari, nerv ustunlari, nerv chigallari va gangliylarning periferik neyrovaskulyar sindromlar yoki ildizli kompressiyalar bilan kechuvchi surunkali kasalliklari, shuningdek ushbu sohalardagi jarohatlanishlar va oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyingi davrda kasbiy majburiyatlarni bajarishga monelik qilmaydigan darajadagi ahamiyatsiz funksional buzilishlar mavjud boʻlganda, kursantlar oʻqishga yaroqsiz, biroq uchuvchi tarkibi uchish ishiga yaroqli deb hisoblanadi.
45. Sinkopal (behushlik) holatni oʻtkazgan uchuvchi tarkibi (kursantlar) uchish ishidan (oʻqishdan) chetlatilishi lozim.
Mazkur shaxslar terapevt va nevrolog tomonidan birlamchi tibbiy koʻrik oʻtkazilgandan soʻng ular tibbiy muassasaning nevrologiya boʻlimiga yuborilishi hamda tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak.
Sinkopal holat yuzasidan dalolatnoma ushbu holat sodir boʻlgan vaqtda shaxs yonida boʻlgan birinchi tibbiy xodim (shifokor) rasmiylashtiradi va uni TUKka taqdim etadi.
Dalolatnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
behushlik holatining klinik koʻrinishi va belgilari;
holat sodir boʻlgan vaziyat, sharoit va ehtimoliy sabablar;
sinkopal epizodning davomiyligi va dinamikasi.
Dalolatnoma guvohlarning, mazkur holatni oʻtkazgan shaxsning va shifokorning imzolari qoʻyiladi.
Dalolatnomani rasmiylashtirish, sinkopal holatlarning klinik shakllarini klassifikatsiyalash, differensial diagnostika oʻtkazish, shuningdek zarur tibbiy tekshiruvlar hajmini belgilash va aviatsiya xodimining yaroqliligini baholash amalga oshiriladi.
Asab tizimi yoki ichki organlarning organik kasalliklarini davolab, ong paroksizmal buzilishlarini differensial diagnostikasini oʻtkazish, behushlik sababi va xususiyatini aniqlash, organizmning funksional rezervlarini baholash va ong buzilishining takrorlanish ehtimolini aniqlab tibbiy xulosa chiqariladi.
Sinkopal holatni yuzaga keltiruvchi sabablar aniqlanganda, aviatsiya xodimining yaroqliligi asosiy kasallikning holati, uning qaytalanish ehtimoliga hamda parvozlar xavfsizligiga taʼsir darajasiga koʻra tibbiy xulosa chiqariladi.
Sogʻlom nomzodda hayajon, ogʻriq yoki kuchli gipoksiyaga yuqori sezuvchanlik natijasida kuzatilgan bir martalik vaziyatga bogʻliq sinkopal holatda:
patologik mexanizmlar, yashirin yurak-qon tomir yoki nevrologik kasalliklar toʻliq bartaraf etilganda;
holat klinik jihatdan bezarar deb baholansa;
nomzodga uchish ishiga yaroqli deb tibbiy xulosa beriladi.
Sogʻlom shaxsda takroriy, biroq xavfsiz deb baholangan vaziyat sinkopal holat ikki marotaba takrorlanganda:
nomzod 3 oydan 12 oygacha muddatga uchish ishidan chetlatiladi hamda mazkur davrda u nevrologning dispanser kuzatuvida boʻladi;
tiklanishdan soʻng nomzodga faqat cheklovlar qoʻllanib kasbiy faoliyatiga ruxsat beriladi (koʻp aʼzoli ekipaj tarkibida ishlash, parvoz xavfsizligiga bevosita taʼsir koʻrsatmaydigan vazifalarni bajarish).
Sinkopal holatlarning koʻp marta takrorlanishi aviatsiya faoliyatida jiddiy xavf tugʻdirishi sababli, bunday shaxslarga uchish ishiga yaroqsizligi haqida nevrolog tomonidan tibbiy xulosa chiqariladi.
2 yil davomida sinkopal epizod takrorlanmaganda va vegetativ-tomir, arterial bosimning barqarorligi, gipotoniya belgilarining yoʻqligi, yuklama sinovlariga (ortosinama, boshqa funksional testlar) chidamliligida nomzodga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Etiologiyasi aniqlanmagan behushlik holati aniqlanganda, uchuvchi tarkibi (kursantlar)ga nisbatan nevrolog tomonidan uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
3-bob. Ichki kasalliklar
46. Yuqumli va parazitar kasalliklar, jumladan dizenteriya, tif, paratif, malyariya, brusellyoz, gemorragik bezgak, virusli gepatit, gelmintozlar va boshqa shu turdagi kasalliklarning oʻtkir davrida, parvozlar xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hollarda yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Aviatsiya xodimi yuqumli yoki parazitar kasallikdan toʻliq sogʻayganidan soʻng quyidagi shartlar mavjud boʻlgan taqdirda “yaroqli” degan tibbiy xulosa beriladi:
infeksionist shifokorning ijobiy prognozi;
laborator, instrumental va klinik tekshiruvlarning ijobiy natijalari;
kasallikning qaytalanishi, surunkalashuvi yoki rezidual asoratlari yuzaga kelish xavfining pastligi.
47. Virusli gepatit (A, B, C va boshqa turlari) yoki gemorragik bezgakni oʻtkazgan uchuvchilarni baholashda kasallikning ogʻirlik darajasi, jigar funksional holati, laborator-biokimyoviy koʻrsatkichlar hamda rezidual asoratlarning mavjudligi inobatga olinadi.
Baholash natijalariga koʻra ushbu toifaga mansub nomzodlarga uchuvchilar uchun 3 oydan 6 oygacha muddatga, aviatsiya-kimyoviy ishlarda qatnashuvchi uchuvchilar uchun esa 12 oygacha muddatga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Virusli gepatit yoki gemorragik bezgakni oʻtkazgan kursantlarga kasallik varaqasi yopilganidan soʻng infeksionist shifokorning xulosasi, klinik va laborator koʻrsatkichlar normallashganda, oʻqishga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa beriladi.
48. Klinik prognozi noqulay boʻlgan qon va qon yaratuvchi aʼzolar kasalliklari (turli xil anemiyalar, eritrotsitoz, leykemiya, limfoma, trombotsitopatiyalar va boshqa shunga oʻxshash kasalliklar) aniqlanganda, nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Mazkur kasalliklarda gemoglobin miqdori 105 g/l dan past boʻlganda, nomzod tibbiy muassasada chuqurlashtirilgan diagnostik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Davolash yakunlari ijobiy boʻlganda, kasallikning aniqlangan sababi inobatga olinib hamda quyidagi shartlar mavjud boʻlganda, yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi:
gematologning xulosasi va ijobiy prognoz mavjud boʻlganda;
laborator va klinik koʻrsatkichlar normaga qaytganda;
kasallik turi (temir tanqisligi anemiyasi, postgemorragik anemiya va boshqa shu turdagi holatlar), shuningdek remissiya davrining barqarorligi tasdiqlanganda;
kasallik uchish jarayonida gipoksiyaga chidamlilikka salbiy taʼsir koʻrsatmaganda.
Ushbu kasalliklarda uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarishda qonning tinch holatda, yerda va balandlikda, shuningdek jismoniy va ruhiy zoʻriqish davrlarida organizmning metabolik ehtiyojlarini qondirish uchun kislorodni yetarli darajada tashish xususiyati inobatga olinadi.
Sogʻlom uchuvchilarda qondagi gemoglobin konsentratsiyasining normasi erkaklarda 130 g/l, ayollarda esa 120 g/l ni tashkil etadi. Mazkur koʻrsatkichlar pasaygan taqdirda shaxs qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkaziladi va zaruratga koʻra davolanish uchun uchishdan chetlatiladi.
49. Aviatsiya xodimlarini baholashda organizmning kislorod tashish qobiliyati (gemoglobin miqdori, eritrotsit massasi, gemodinamik barqarorlik) parvozlar xavfsizligini taʼminlashdagi asosiy mezon sifatida baholanadi.
50. Gemoglobinopatiyalar (talassemiya tashuvchiligi va uning yengil shakllari) xurujlarsiz kechganda hamda funksional imkoniyatlar yetarli darajada saqlangan taqdirda, uchuvchi tarkibi va kursantlarga nisbatan yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
51. Vaqtinchalik xususiyatga ega trombotsitopeniyalar (temir tanqisligi sababli kamqonlik yoki dori vositalarini qabul qilish oqibatida suyak iligi faoliyatining pasayishida) bilan bogʻliq hollarda trombotsitlar miqdori va boshqa koʻrsatkichlar normal darajaga yetgandan soʻng yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Trombotsitlar miqdori 75 × 109/l dan kam boʻlgan trombotsitopeniyada nomzod uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsiz deb topiladi.
Splenektomiya oʻtkazilgan idiopatik trombotsitopenik purpura holatlarida agar 6 oy davomida trombotsitlar miqdori normada saqlansa, yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Yaroqli deb topilgan nomzodlarda trombotsitlar miqdori har 6 oyda nazorat qilinadi.
52. Uchish ishida antikoagulyantlar (kumarinlar, varfarin) yoki kuchli antitrombotsitar dori vositalarini (masalan, klopidogrel va shunga oʻxshash) qabul qilinishi diskvalifikatsiya omili hisoblanadi (kichik dozadagi aspirin bundan mustasno).
53. Kompensatsiyalangan, aʼzolar faoliyati saqlangan gemoglobinopatiyalar va gemorragik diatezda, retsidivlar mavjud boʻlmaganda, uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
54. Oʻroqsimon hujayrali anemiya aniqlanganda, nomzod uchish ishiga hamda oʻqishga yaroqsiz deb topiladi.
Oʻroqsimon hujayra tashuvchiligi mavjud boʻlgan nomzodlarda klinik xavf aniqlanmasa, yaroqli deb topilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Chin (haqiqiy) politsitemiya mavjud boʻlgan nomzodlar trombotik xavf yuqori boʻlganligi sababli yaroqsiz deb topiladi.
Ikkilamchi politsitemiya holatlarida eritrotsitlar miqdorining oshish sababi (nafas olish tizimi kasalliklari, balandlik sharoitida gipoksiya taʼsiri va boshqa omillar) aniqlangandan keyin tibbiy xulosa chiqariladi. Mazkur hollarda OML/TML cheklovlari qoʻllaniladi.
55. Allergik kasallik tashxisi quyidagilar asosida qoʻyiladi:
allergologik anamnez;
fizikal koʻrik natijalari;
klinik-laborator tekshiruvlar;
teri allergik sinamalari, laborator allergoskrining;
allergolog mutaxassisi xulosasi.
Tashxisni aniqlash jarayonida allergiyaga oʻxshash simptomlar bilan namoyon boʻluvchi (infeksiya, autoimmun, dermatologik, respirator va boshqa etiologiyalar) kasalliklar differensial diagnostika yoʻli bilan davolanadi.
56. Quyidagi hollarda nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi:
allergiyaning ogʻir klinik koʻrinishlarida (anafilaksiya, angionevrotik shish, ogʻir bronxial spazm);
yil davomida 2-martadan koʻp qaytalanuvchi rezidivlarda;
kasallikni chaqiruvchi allergen nomaʼlum boʻlganda;
allergik reaksiya kasbiy vazifalarni bajarishda xavfsizlikka bevosita tahdid tugʻdirganda.
57. Turgʻun terapevtik taʼsirga ega boʻlgan hollarda quyidagi shartlar taʼminlanganda nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topiladi:
allergen aniq belgilangan boʻlganda;
allergen bilan kontakt toʻliq bartaraf etilgan boʻlganda;
3 oy davomida allergiya belgilari takrorlanmaganda;
ish joyida (aviatsiya obyektlarida) allergen bilan muloqot ehtimoli boʻlmaganda.
58. Semizlik darajasi Ketle indeksiga muvofiq aniqlanadi.
Tana vazni indeksi tana vazni (kg)/ boʻy oʻlchami (m2) formulasi boʻyicha hisoblanadi:
Tana vazni indeksining baholash
Tana vazni darajalariTVIYondosh kasalliklar xavfiTana vazni defitsitiPast (boshqa kasalliklar xavfi yuqori)Normal tana vazni18,5 — 24,9Odatdagi (minimal)Ortiqcha tana vazni25,0 — 29,9Oʻrtacha yuqoriSemizlikning I darajasi30,0 — 34,9YuqoriSemizlikning II darajasi35,0 — 39,9Juda yuqoriSemizlikning III darajasi≥40Haddan ziyod yuqori
59. Ortiqcha tana vazni boʻlgan shaxslarga semizlikning xususiyatidan va kelib chiqish sabablarini aniqlash maqsadida klinik tekshiruvlar oʻtkaziladi.
Semizlikning simptomatik (ikkilamchi) endokrin yoki serebral genezli semizlikda tibbiy xulosa asosiy kasallikning xususiyati va prognozi asosida chiqariladi.
Mushak va yogʻ toʻqimalarining nisbati va organizmdagi yogʻ hajmi foizi aniqlanib tana vazni hisoblanadi.
Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlarida uchuvchilikka oʻqishga nomzodlar uchun TVI 30,0 dan yuqori boʻlganda, nomzodga oʻqishga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
60. TVI 35,0 dan yuqori boʻlgan nomzodlarda quyidagilar inobatga olinadi:
endokrinolog, zaruriyatga koʻra boshqa tegishli mutaxassislar xulosalari;
kardiovaskulyar xavf omillari: arterial gipertenziya, qandli diabet, glukozaga tolerantlikning buzilishi, dislipidemiya, yoshi, zararli odatlar (chekish va boshqalar);
metabolik sindrom rivojlanish xavfi;
psixologik tekshiruvlar;
yurak-qon tomir tizimining funksional rezervlari;
yuklama testlari va boshqa koʻrsatkichlar.
Mazkur koʻrsatkichlar boʻyicha holat individual baholanadi va nomzodning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli yoki yaroqsizligi toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
61. Qandli diabetning I turi, shuningdek insulin yoki boshqa gipoglikemik dori vositalari bilan doimiy davolanishni talab qiluvchi qandli diabetning boshqa turlarida hamda tireotoksikozning barcha shaklida uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
62. Qandli diabetning II turida quyidagi shartlar toʻliq bajarilganda, nomzodga uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi:
uglevod almashuvining toʻliq kompensatsiyasi mavjud boʻlganda;
EKGning yuklama sinamalariga yukli sinamalariga chidamlilik koʻrsatilganda;
MSKT yoki boshqa invaziv boʻlmagan tekshiruv usullarining ijobiy natijalari boʻlganda;
diabetolog (endokrinolog) xulosasi ijobiy boʻlganda.
Tibbiy tekshiruvda quyidagi xavf omillarining mavjudligi va darajasi inobatga olinishi lozim:
nomzodning yoshi 60 yoshdan yuqori boʻlganligi;
buyrak faoliyatining buzilishi;
notoʻgʻri ovqatlanish holatlari;
koʻp komponentli dori terapiyasi (polifarmatsiya) hamda diabet oqibatlari rivojlanishiga taʼsir qiluvchi boshqa omillar.
Mazkur koʻrsatkichlar kompleks baholanganidan soʻng nomzodning kasbiy majburiyatlarini xavfsiz bajarish qobiliyati aniqlansa, uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
63. Qandli diabetning II turida quyidagi shartlar bajarilganda, nomzodga yuk tashish bilan bogʻliq uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi:
davolash faqat monoterapiya shaklida amalga oshirilayotgan boʻlsa (alfa-glyukozidaza ingibitori, tiazolidindion, metformin qabul qilinayotgan boʻlsa);
nomzod parhezga qatʼiy rioya qilayotgan boʻlsa;
uglevod almashuvining kompensatsiyasi barqaror holatda boʻlsa;
gipoglikemiya xurujlari yoki glukozaning keskin oʻzgarishlari kuzatilmasa;
tibbiy koʻrsatkichlar, yuklama sinamalari, shuningdek diabetolog (endokrinolog) xulosasi ijobiy baholangan boʻlsa.
Bunda uchuvchi tarkibiga EKG nazorati, terapevt va diabetolog (endokrinolog) koʻriklari har 6 oyda bir marta belgilanishi, navbatdagi rejalashtirilgan tibbiy koʻrik jarayonida esa EKG sinamalari yoki invaziv boʻlmagan uslublar bilan koronar arteriyalar tekshiruvi oʻtkazilishi lozim.
64. Aviatsiya amaliyotida sulfonilmochevina hosilalari, biguanidlar (metformin bundan mustasno), turli gipoglikemik preparatlarning birgalikda qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tireotoksikoz holatlarida uchuvchi tarkibiga (kursantga) uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanish muddatini belgilashda kasallikning sababi, shakli, klinik koʻrinishlari, ogʻirlik darajasi, amalga oshirilgan davolash turi, kasallikning organ va tizimlarga taʼsiri hamda bioximik koʻrsatkichlar natijalari inobatga olinadi.
Diffuz-toksik boʻqoqda konservativ terapiyaning 2 yilgacha davom etishi mumkinligi inobatga olgan holda dorilar qabul qilinishi toʻxtatilganidan soʻng kamida 3 oy davomida turgʻun eutireoid holati qayd etilganda, endokrinologning ijobiy xulosasi asosida uchuvchi tarkibining (kursantning) uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanish masalasi koʻrib chiqilishi mumkin.
65. Yengil va oʻrta darajadagi toksik buqoqning jarrohlik usulida yoki radioaktiv yod bilan davolangan holatlarda davolash tugaganidan soʻng kamida 6 oy oʻtganidan keyin bioximik koʻrsatkichlar turgʻun holatda va endokrinologning ijobiy xulosasi mavjud boʻlsa, uchuvchi tarkibining (kursantning) uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanish masalasi koʻrib chiqiladi.
Ogʻir darajadagi toksik boʻqoqda esa qalqonsimon bez faoliyatining turgʻun normada boʻlishi, boshqa organ va tizimlar faoliyatida ushbu kasallik bilan bogʻliq asoratlarning mavjud boʻlmasligi hamda endokrinologning ijobiy prognozi inobatga olinishi lozim.
Bunda uchuvchi tarkibi (kursant) kamida 12 oy oʻtganidan keyin uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanishiga yoʻl qoʻyiladi.
Tireotoksik adenoma boʻyicha jarrohlik davolash oʻtkazilgan nomzodlarda jarrohlik amaliyoti natijalari barqaror boʻlganda qalqonsimon bez faoliyatining klinik va laborator koʻrsatkichlari turgʻun eutireoid holatda ekanligi tasdiqlangandan soʻng kamida 6 oy oʻtgach uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanish masalasi koʻrib chiqilishi mumkin.
66. Gipotireoz va autoimmun tireoiditni oʻtkazgan nomzodlarda quyidagi hollarda uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanishga yoʻl qoʻyiladi:
qalqonsimon bez faoliyati laborator va klinik koʻrsatkichlar boʻyicha turgʻun norma darajasiga keltirilgan boʻlsa;
kasallikning sababi, shakli va kechish xususiyatlari aniqlangan boʻlsa;
chuqurlashtirilgan tekshiruv natijalari (gormonlar profili, ultratovush tekshiruvi, yurak-qon tomir tizimi bahosi) ijobiy boʻlsa;
endokrinologning ijobiy prognozi va xulosasi mavjud boʻlsa.
Mazkur talablar bajarilganda, individual tartibda baholagan holda kamida 3 oy oʻtgach uchish ishiga qayta tiklanish masalasi koʻrib chiqilishi mumkin.
Uchuvchi tarkibiga (kursantga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqarilganda, endokrinologning doimiy dispanser kuzatuvi belgilanishi, doimiy ravishda qabul qilinadigan levotiroksin yoki boshqa antitireoid (gormon oʻrnini bosuvchi) preparatlarni qabul qilishi nazoratga olinishi lozim.
Tireoidit kasalligini zoʻrayishi holatlaridan soʻng uchish ishiga (oʻqishga) ruxsat berish davolash toʻliq yakunlangandan va euthyroid holat tiklanganidan keyin endokrinolog xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Eutireoid holati saqlangan endemik boʻqoqda, shuningdek yod preparatlari yoki tireoid gormonlari bilan oʻtkazilayotgan profilaktik terapiya davomida qalqonsimon bezning I va II darajali diffuz eutireoid kattalashishi mavjud boʻlgan shaxslarda hamda uglevodlar tolerantligining buzilishi kuzatilganda, uchuvchi tarkibi (kursant) uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topiladi.
67. Tireotoksikoz yoki gipotireozning subklinik shaklida, T3 va T4 koʻrsatkichlari normada boʻlganda, TTG darajasi mos ravishda pasaygan yoki koʻpaygan hollarda uchuvchi tarkibiga (kursantga) endokrinologning dispanser kuzatuvi belgilanishi hamda TTG va tireoid gormonlarining laborator nazorat tekshiruvlari kamida har 3 oyda bir marta oʻtkazilishi zarur.
Endokrin tizimi kasalliklari mavjud boʻlgan uchuvchi tarkibiga (kursantga) uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqarilganda, tibbiy xavfsizlik talablaridan kelib chiqib, ularga terapevtning tavsiyasi asosida har 6 oyda endokrinologning dispanser kuzatuvi belgilanishi lozim.
68. Sil kasalligining faol (aktiv) shakli aniqlanganda, uchuvchi tarkibi (kursant) uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Oʻpka sili bilan kasallanib, davolash kursini toʻliq yakunlagan nomzodlar davolanish tugaganidan kamida 3 oy oʻtgach qayta koʻrikdan oʻtkaziladi.
Qayta koʻrikda klinik simptomlarning mavjud emasligi, oʻpkaning shikastlangan segmentida aktiv yalligʻlanish jarayonining yoʻqligi, nafas olish tizimi funksiyalarining saqlanganligi hamda rentgenologik tekshiruv natijalarining ijobiyligi tasdiqlanganda, uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklanish masalasi individual koʻrib chiqiladi.
Yaroqlilik toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa chiqarilgandan soʻng nomzod 2 yil davomida terapevt dispanseri nazoratida boʻlishi, ftiziatr maslahati oʻtkazilishi hamda oʻpka qafasining rentgen yoki boshqa invaziv boʻlmagan uslublarda nazorat tekshiruvlari amalga oshirilishi lozim.
69. Sil kasalligining aktiv boʻlmagan shakli, toʻliq davolangan sil kasalligi yoki kasallikni oʻtkazgandan keyingi qoldiq oʻzgarishlari (cheklangan fibroz, kalsifikatsiya oʻchoqlari, boʻlaklararo yoki plevral bitishmalar) mavjud boʻlgan nomzodlarda koʻks oraligʻi organlarining siljimaganligi, tashqi nafas olish tizimi funksiyalarining buzilmaganligi va patologik jarayonning barqaror remissiyada ekanligi tasdiqlanganda, uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
70. Sil kasalligini oʻtkazgan nomzodlar dispanser kuzatuv guruhi koʻrsatilgan hamda toʻliq tuzalgani toʻgʻrisidagi ftiziatrning xulosasini TUKga taqdim etadilar.
Tashqi nafas olish tizimi funksiyasini baholash maqsadida kardio-respirator tizimi funksional zaxiralari, shuningdek reyestriktiv yoki obstruktiv turdagi buzilishlarning mavjudligini aniqlovchi klinik-instrumental tekshiruvlar oʻtkaziladi.
Nafas olish va yurak-qon tomir tizimlari faoliyati kasbiy vazifalarni xavfsiz bajarish uchun yetarli darajada saqlangan boʻlsa, shuningdek sil kasalligini davolash jarayonida qoʻllanilgan kimyoprofilaktik dori vositalarining salbiy oqibatlari aniqlanmasa, nomzodga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Sil kasalligini oʻpkadan tashqari shakllarini oʻtkazgan nomzodlarga, ftiziatrning yakuniy xulosasi va ijobiy klinik-prognoz koʻrsatkichlari, shuningdek zararlangan aʼzolar va tizimlar funksional holatining toʻliq saqlanganligi asosida uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Mazkur shaxslarga 2 yil davomida terapevt tomonidan dispanser kuzatuvi belgilanadi. Ftiziatrning maslahati, shuningdek klinik koʻrsatmalarga muvofiq qoʻshimcha instrumental va laborator tekshiruvlar oʻtkaziladi.
71. Mehnat qobiliyatini yoʻqotish xavfini keltirib chiqaruvchi quyidagi nafas olish tizimi kasalliklari mavjud boʻlgan hollarda nomzodga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi:
oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (bundan buyon matnda OʻSOK deb yuritiladi);
bronxial astma;
bronxoektatik kasallik;
sarkoidoz;
diffuz pnevmoskleroz va oʻpka emfizemasi;
turli etiologiyali zotiljamning ogʻir yoki qaytalanuvchi shakllari;
surunkali bronxitning tez-tez zoʻrayuvchi shakllari.
72. Quyidagi holatlarda nomzodga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida yoki yaroqlilikka cheklovlar qoʻllangan holda tibbiy xulosa chiqariladi:
nafas olish tizimi funksiyasi toʻliq yoki yetarli darajada saqlangan boʻlsa;
kardio-respirator funksional zaxiralari normada boʻlsa;
reyestriktiv yoki obstruktiv buzilishlar mavjud boʻlmasa (klinik jihatdan ahamiyatsiz boʻlsa);
laborator-instrumental tekshiruvlar (spirometriya, arterial gazlar, koʻkrak qafasi rentgenogrammasi) natijalari ijobiy boʻlsa;
klinik simptomlar mavjud boʻlmasa yoki yengil darajada boʻlsa;
chekish faktori mavjud boʻlmasa;
OʻSOKning boshlangʻich (yengil) davri, surunkali bronxitning remissiya davri, chegaralangan pnevmoskleroz aniqlanganda;
koʻkrak qafasida oʻtkazilgan jarrohlik aralashuvidan keyin nafas olish va kardio-respirator tizimlari funksiyasi toʻliq tiklangan boʻlsa.
73. Quyidagi holatlarda nomzodga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik masalasi individual tartibda koʻrib chiqiladi:
koʻkrak qafasidagi jarrohlik amaliyotidan soʻng — 4 — 6 oy oʻtgach (operatsiya sohasining toʻliq bitishi, plevral boʻshliqda patologik oʻzgarishlar mavjud emasligi, tashqi nafas tizimi funksiyasi norma holatiga qaytgani aniqlanganda);
spontan pnevmotoraksdan soʻng — 3 oy oʻtgach (plevra bitishlari, reyestriktiv buzilishlar, rezidual boʻshliq yoki qaytalash xavfini koʻrsatadigan belgilar boʻlmaganda).
74. Surunkali bronxitning zoʻrayish davrida aviatsiya xodimlari kasbiy vazifalarini bajarishdan chetlatiladi.
Aktiv yalligʻlanish jarayoni toʻliq bartaraf etilgach, aviatsiya xodimlari toʻliq sogʻaygach va tashqi nafas olish aʼzolari funksional koʻrsatkichlari norma darajasiga qaytgani chuqurlashtirilgan tekshiruvlar bilan tasdiqlangandan soʻng ularga uchish ishiga ruxsat beriladi.
Yiringli yoki obstruktiv bronxitning mavjudligida, shuningdek takroriy pnevmotoraks holatlarida aviatsiya xodimlariga 1-klass boʻyicha tibbiy yaroqlilik xulosasi berilmaydi va ular uchish ishiga qayta tiklanmaydi.
75. Quyidagi yurak ritmi va oʻtkazuvchanligi buzilishlari, shuningdek yurak mushagi va klapan apparatining organik shikastlanishlari mavjud boʻlgan nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi:
sinus tugunining kuchsizlik (zaiflik) sindromida;
yurak qisqarishlarining takroriy tushib qolishi bilan kechuvchi oʻtkazuvchanlik buzilishlarida (2 va undan ortiq ketma-ket qisqarishlarning yoʻqolishi);
takroriy mersal aritmiyalarda (fibrillyatsiya yoki flutter epizodlari);
boʻlmachalar hilpillashida (fibrillyatsiyasi);
supraventrikulyar taxikardiyada (yurak urish tezligi ≥120 zarba/min, toʻrt va undan ortiq komplekslar bilan qayd etilgan takroriy epizodlar);
qorinchalar ekstrasistoliyasida;
bigeminiya, trigeminiya holatlari takrorlanishida;
juftlashgan ekstrasistolalarning qayta-qayta uchrashida;
qorinchalar taxikardiyasida (yurak urish tezligi ≥120 zarba/min, uch va undan ortiq qorinchalik komplekslardan iborat epizodlar);
spontant supraventrikulyar taxikardiya kuzatilgan Volf-Parkinson-Uayt (WPW) sindromida;
miokard infarktda;
stenokardiyada (har qanday funksional sinf);
yurak kasalliklarining oʻtkir davri va uning oqibatlari bilan kechuvchi hamda ritm va oʻtkazuvchanlik buzilishlari, yurak yetishmovchiligi, ogʻriq sindromi mavjudligida;
moʻtadil va ogʻir darajadagi kombinatsiyalangan yurak nuqsonlarida;
mitral klapanning 6 mm dan ortiq prolapsida;
dilatatsion kardiomiopatiyada;
gipertrofik kardiomiopatiyada;
restriktiv kardiomiopatiyada.
76. Yurak kasalliklarining klinik belgilari aniqlanganda, kasallikning anamnezi batafsil oʻrganilishi, klinik va kardiologik tekshiruvlar oʻtkazilishi lozim.
Olingan natijalar, kasallikning kechishi va prognozi, mavjud yondosh kasalliklar, nomzodning yoshi, individual xavf omillari inobatga olingan holda uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
77. Revmatizmning aktiv fazasini oʻtkazgan nomzodlarda aktiv revmatik jarayon toʻliq bartaraf etilganda va yurakda organik nuqsonlar aniqlanmaganda, kasallikdan soʻng kamida 1 yil oʻtgach, chuqurlashtirilgan klinik va kardiologik tekshiruv natijalari ijobiy boʻlsa, uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
78. Miokarditni oʻtkazgan nomzodlarda toʻliq sogʻayish kuzatilganda yoki miokarditik kardioskleroz shakllangandan soʻng kamida 3 — 6 oy oʻtgach, infeksiya oʻchogʻi toʻliq bartaraf etilganda, yurak ritmi va oʻtkazuvchanligining faqat klinik ahamiyatga ega boʻlmagan yengil oʻzgarishlari mavjud boʻlganda hamda laboratoriya tahlillari va EKGda yalligʻlanish belgilarining mavjud emasligi tasdiqlanganda, uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
79. Miokardiodistrofiya aniqlanganda, yurakning nasoslik funksiyasi saqlanganda, klinik simptomlar yengil darajada boʻlganda, kasallikni ogʻirlashtiruvchi xavf omillari mavjud boʻlmaganda uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqarilishi, bunda 3 yil davomida terapevtning dispanser kuzatuvi belgilanishi lozim.
Ushbu davr mobaynida EKG koʻrsatkichlari normada boʻlishi va yuklama (stress-test) sinamalari natijalari ijobiy boʻlishi sharti bilan 3 yil yakunida tashxis bekor qilinadi.
80. Mitral klapanning 3 mm dan 6 mm gacha boʻlgan prolapsida, klinik jihatdan ahamiyatga ega boʻlmaganda, izolyatsiyalangan va turgʻun kompensatsiyalangan yurak nuqsonlarida, shuningdek oqim yoʻllarida obstruksiya belgilarisiz kechuvchi qorinchalararo toʻsiqning assimetrik gipertrofiyasida hamda yurak faoliyati gipertrofik kardiomiopatiyaning apikal shaklida boʻlganda nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
81. Yurak yalligʻlanishi bilan bogʻliq kasalliklarni oʻtkazgan uchuvchi tarkibi toʻliq davolanganidan soʻng 3 oydan keyin takroriy tibbiy koʻrikdan oʻtishlariga yoʻl qoʻyiladi.
Takroriy koʻrikda yurakning funksional holati, ritm va oʻtkazuvchanlik koʻrsatkichlari, laborator va instrumental tekshiruvlar natijalari baholanadi.
Ritmning klinik jihatdan ahamiyatli supraventrikulyar buzilishlari mavjud boʻlgan hollarda elektrofiziologik tekshiruv oʻtkaziladi hamda uning davomida sunʼiy chaqirilgan supraventrikulyar aritmiyalar turgʻun yoki xavfli boʻlsa uning natijalari salbiy deb hisoblanadi.
Ritm buzilishlarini baholash maqsadida sutkalik EKG-monitoringi (Holter kuzatuvi) oʻtkaziladi.
Holter tekshiruvining natijalari asosida ritmning takrorlanuvchanligi, davomiyligi, klinik ahamiyati hamda yuklamaga nisbatan oʻzgaruvchanligi baholanadi.
Yurak ritmi buzilishlari muvaffaqiyatli davolanganda, shuningdek klinik simptomlar bartaraf etilganda, nomzodlar takroriy chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
82. Ritm va oʻtkazuvchanlik buzilishlari fonida EKGda qorincha kompleksining yakuniy qismi ST segmenti va T tishchasidagi beqaror oʻzgarishlarning beta-blokatorlar terapiyasi ostida toʻliq normaga kelishi, shuningdek aviatsiya xodimida shikoyatlarning yoʻqligida, funksional koʻrsatkichlar saqlangan boʻlsa, uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
B. Lown va M. Wolf tasnifi boʻyicha M. Ryan modifikatsiyasiga muvofiq simptomlarsiz kechuvchi qorinchalar ekstrasistoliyasining 1-gradatsiyasida (EKG maʼlumotlariga koʻra bir daqiqada 5 ta ekstrasistoliyadan kam, hamda sutkalik EKG monitoringida bir soatda 30 ta ekstrasistoliyadan kam boʻlganda) qoʻshimcha kardiologik tekshiruvlar talab etilmaydi va aviatsiya xodimlarga yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqarilmaydi.
83. B. Lown va M. Wolf tasnifi boʻyicha M. Ryan modifikatsiyasiga muvofiq, simptomlarsiz kechuvchi qorinchalar ekstrasistoliyasining 2, 3 va 4a-gradatsiyalarida nomzodlarga kengaytirilgan kardiologik tekshiruvlar (EKGning sutkalik monitoringi, yuklamali EKG sinamalari, exokardiografiya, zaruriyatga koʻra MSKT-koronarografiya) oʻtkaziladi va ularning natijalari asosida yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
84. B. Lown va M. Wolf tasnifi boʻyicha M. Ryan modifikatsiyasiga koʻra simptomlarsiz kechuvchi qorinchalar ekstrasistoliyasining 4b va 5-gradatsiyalarida, shuningdek qorinchalar taxikardiyasi mavjud boʻlgan hollarda, kengaytirilgan kardiologik tekshiruvlar natijasida tashxis tasdiqlanganda, nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
85. Kardiologik tekshiruvlar natijasida simptomlarsiz kechuvchi sinusli bradikardiya, shuningdek davomiyligi 3,0 soniyagacha boʻlgan simptomlarsiz sinusli pauzalar aniqlanganda, yurakning kuchli ifodalangan tuzilmaviy kasalliklari va klinik belgilari mavjud boʻlmasa, uchuvchi tarkibiga uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Ushbu hollarda uchish ishiga ruxsat berish OML yoki OCL cheklovlari qoʻllangan holda amalga oshiriladi.
86. Yurak qon-tomir tizimining funksional buzilishlarida, ularning kelib chiqish sabablari va kasbiy faoliyatni bajarish bilan bogʻliq zararli omillarning sogʻliq holatiga taʼsiri aniqlanadi.
Tibbiy xulosa chiqarishda neyrotsirkulyator distoniyaga xos simptomlar bilan kechayotgan holatlarda yurakning boshqa organik kasalliklari, yalligʻlanish jarayonlari va ekstrakardial patologiyalar mavjudligi bartaraf etilishi lozim.
Sutka davomida yuzaga keluvchi ritm buzilishlari vegetativ disfunksiyaning asosiy markeri ekanligi inobatga olinib, EKGning 24 soatlik monitoringi (Xolter monitoringi) oʻtkaziladi.
87. Mitral klapan yetishmovchiligining turgʻun kompensatsiyasi mavjud boʻlgan hollarda, miokarditik kardiosklerozning kompensatsiyalangan shaklida, shuningdek chegaralangan va kam ifodalangan yurak nuqsonlari mavjudligida, yurak funksional koʻrsatkichlari barqaror saqlangan boʻlsa, nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
88. Toj tomirlarining va (yoki) umumiy qon aylanishining yetishmovchiligi bilan kechuvchi yurak, aorta, toj arteriyalari hamda perikardning organik kasalliklari mavjud boʻlgan nomzodlarda, shuningdek davolashga moyil boʻlmagan va yurak ritmi hamda oʻtkazuvchanligi buzilishlari aniqlanganda, uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
89. Uchuvchi tarkibida Giss tutami chap oyoqchasining blokadasi birinchi marotaba aniqlanganda, quyidagi talablarga muvofiq holda individual tartibda tibbiy baholash oʻtkaziladi va yaroqlilikka cheklovlar qoʻllangan holda tibbiy xulosa berilishiga yoʻl qoʻyiladi:
chap qorincha funksional holati saqlangan boʻlmasligi (ExoKG natijalarida chap qorinchaning otilib chiqish fraksiyasi 50 foizdan past boʻlmasligi);
yuklamali EKG sinamalari (Bryus protokoli) bajarilganda IV bosqichga qadar bajarish imkoniyati mavjud boʻlishi, miokard ishemiyasiga xos belgilar kuzatilmasligi, klinik ahamiyatga ega ritm buzilishlari aniqlanmasligi, yuklama vaqtida simptomlar (koʻkrak ogʻrigʻi, hansirash, bosh aylanishi) boʻlmasligi;
xolter-monitoring natijalarida yurak ritmi buzilishlari mavjud boʻlmasligi yoki klinik ahamiyatga ega boʻlmagan minimal koʻrinishda boʻlishi.
Zaruriyat tugʻilganda koronar angiografiya oʻtkazilishi, koronar arteriyalarda stenoz darajasi yirik tomirlarda 50 foizdan koʻp boʻlmasligi hamda proksimal segmentlarda esa 30 foizdan oshmasligi lozim.
Bunda uchuvchi tarkibiga yilda 1-marta kardiolog maslahati oʻtkaziladi.
Yuklama bilan oʻtkazilgan EKG testida ST segmentining 2 mm gorizontal pasayishi kuzatilganda, toj arteriyalari kasalligi har doim ham tasdiqlanmasligi mumkin. Shu sababli baholashda asosiy eʼtibor yurish davomiyligiga, klinik simptomlarga (mavjud boʻlsa) hamda aniqlangan oʻzgarishlarning xususiyatiga qaratiladi.
90. Uchuvchilarda mehnat qobiliyatining yoʻqolish xavfini oshiruvchi yurak qon-tomir kasalliklariga doir jarrohlik amaliyotlari (perkutan koronar aralashuv angioplastika, stent oʻrnatish bilan yoki stentsiz, aorta-koronar shuntlash) oʻtkazilganda, shuningdek anamnezida miokard infarkti ogʻir kardiologik kasalliklar qayd etilganda, tibbiy koʻrik jarrohlik amaliyot oʻtkazilgandan soʻng kamida 6 — 12 oy oʻtgach oʻtkaziladi.
Tibbiy xulosa quyidagilar taʼminlanganda individual tartibda belgilanadi:
jarrohlik aralashuvi muvaffaqiyatli bajarilganda;
jarrohlik amaliyotidan keyingi davr asoratlarsiz yoki ahamiyatsiz klinik ifodalanishda kechganda;
koʻkrak sohasida ogʻriq (angina), nafas qisishi yoki aritmiyalar kabi klinik simptomlar mavjud boʻlmaganda;
antianginal dori vositalarini doimiy qabul qilishga ehtiyoj boʻlmaganda;
yurak qon-tomir kasalliklari xavf omillari (chekish, ortiqcha tana vazni, arterial gipertenziya xuruji, dislipidemiya) baholanganda va ularning kamaytirilgani yoki nazorat ostiga olinganda;
kengaytirilgan kardiologik tekshiruvlar natijalarining ijobiyligida (kardiolog xulosasi berilgan ExoKG, Bryus protokoli boʻyicha yuklamali EKGning toʻrtinchi bosqichida).
Mazkur hollarda uchuvchilarga individual tarzda yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa beriladi va zaruriyatga koʻra TML/OSL/OPL cheklovlari qoʻllanadi.
Bunda yaroqli deb topilgan uchuvchi tarkibiga har 6 oyda terapevt tomonidan dispanser kuzatuvi, qondagi glukoza darajasi, tana vazni va arterial bosim koʻrsatkichlarining nazorati, navbatdagi tibbiy koʻrikda takroriy kardiologik tekshiruvlar va kardiolog maslahatidan oʻtishlari lozim.
91. Uchuvchi tarkibi oʻtkir bezarar aseptik perikarditni oʻtkazganidan keyin 3 — 6 oy oʻtgach, klinik simptomlar toʻliq bartaraf etilgan boʻlsa, ehokardiografiya (bundan buyon matnda ExoKG deb yuritiladi) koʻrsatkichlari normada boʻlsa, 24 soatlik EKG-monitoringida klinik ahamiyatli ritm buzilishlari aniqlanmasa hamda yuklamali EKG sinamasi ijobiy natija bersa, uchuvchi tarkibining uchish ishiga yaroqliligi masalasi individual tartibda koʻrib chiqiladi va tegishli cheklovlar qoʻllanilgan holda tibbiy xulosa berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda yaroqli deb topilgan uchuvchi tarkibi 2 yil davomida terapevt va kardiolog tomonidan dispanser kuzatuvidan hamda takroriy ExoKG, EKG-monitoring, yuklamali EKG yoki boshqa ixtisoslashgan tekshiruvlardan oʻtkazilishi lozim.
Kasallik takrorlanishi, ogʻriq sindromining qayta yuzaga kelishi yoki yurak faoliyatini izdan chiqaruvchi klinik belgilarning paydo boʻlishida uchuvchi tarkibi uchish ishiga yaroqsiz deb topilishi va uchish ishiga qayta tiklanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
92. Aviatsiya xodimlari miokarditni oʻtkazganidan keyin 3 — 6 oy oʻtgach, infeksiya oʻchogʻi toʻliq bartaraf etilgan boʻlsa, kasallikning klinik simptomlari mavjud boʻlmasa, uchuvchi tarkibiga quyidagi kardiologik tekshiruvlar oʻtkaziladi:
24 soatlik EKG-monitoring qorinchalarning murakkab ritm buzilishlari, oʻtkazuvchanlik buzilishlari yoki boʻlmachalar fibrillyatsiyasi ehtimolini aniqlash uchun;
yuklamali EKG sinamasi — jismoniy yuklama ostida yurak yetishmovchiligi yoki ishemik oʻzgarishlarni istisno qilish uchun;
ExoKG chap va oʻng qorinchalarning tuzilmaviy va funksional holatini baholash uchun.
Tekshiruvlarning barcha natijalari normada boʻlganda va ExoKGda chap hamda oʻng qorincha funksiyalarining buzilishi aniqlanmaganda, uchish ishiga yaroqlilik masalasi individual tartibda koʻrib chiqiladi va OML/TML cheklovlari qoʻllangan holda tibbiy xulosa berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
93. Quyidagi koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan nomzodlarga uchish ishiga yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi:
aorta ildizining diametri > 5,0 sm (≥50 mm) boʻlganda;
chap qorinchani yakuniy diastolik oʻlchami (KDR LJ) > 6,5 sm boʻlganda;
chap qorinchani yakuniy sistolik oʻlchami (KSR LJ) > 4,4 sm boʻlganda;
qorinchalararo parda (septum) qalinligi > 1,4 sm (≥14 mm) boʻlganda.
94. Qon aylanishi buzilmagan umumiy va toj (koronar) arteriyalar, shuningdek yurak mushaklari kasalliklari mavjud boʻlganda, uchuvchilarga ambulator yoki chuqurlashtirilgan sharoitda yuklamali EKG sinamasi oʻtkaziladi.
Tekshiruv natijalarida yurak-qon tomir tizimining funksional imkoniyatlari saqlangan boʻlsa, uchuvchiga uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Miokard distrofiyasi yoki miokarditdan keyingi kardioskleroz aniqlanganda, yurak faoliyatidagi oʻzgarishlarning uchuvchining kasbiy faoliyatiga salbiy taʼsiri boʻlmasa, yurak mushaklarining tuzilmaviy va funksional holati yetarlicha saqlanganda, uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa beriladi.
Aortaning kam ifodalangan aterosklerotik oʻzgarishlari yoki aorta devorining moʻtadil qalinlashuvi aniqlanganda, yurak-qon tomir tizimi funksional jihatdan normada boʻlsa, uchuvchiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
95. Aortadagi kam ifodalangan aterosklerotik oʻzgarishlar yoki aorta devorining moʻtadil qalinlashuvi aniqlanganda, agar yurak-qon tomir tizimining funksional holati saqlangan boʻlsa, uchuvchi tarkibiga uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
96. Asoratlarsiz oʻtgan miokard infarkti boʻlgan uchuvchi tarkibida uchish ishiga qayta tiklanish masalasi 12 oy oʻtgach quyidagi shartlar bajarilganda koʻrib chiqiladi:
yurak qon-tomir tizimining funksional koʻrsatkichlari saqlanganda;
shikoyatlar mavjud boʻlmaganda;
kasallikni ogʻirlashtiruvchi xavfli omillar aniqlanmaganda;
ishemik kasallikni davolashga ehtiyoj boʻlmaganda (faqat profilaktik maqsadda aspirin, kichik dozadagi beta-blokatorlar yoki ayrim holatlarda APF ingibitorlarini qabul qilinganlik holatlari bundan mustasno);
yuklamali EKG sinamasida jismoniy ish qobiliyati yetarli darajada saqlanganda;
yurak boʻshliqlari kengaymaganda;
chap qorinchaning otilish fraksiyasi ≥ 50 foiz boʻlganda;
24 soatlik EKG monitorlashda patologik ritm buzilishlari aniqlanmaganda;
koronaroangiografiya natijalarida miokard infarkti zonasidan tashqari asosiy toj arteriyalaridagi stenoz 30 foizdan oshmaganda (qorinchalararo pardaning old arteriyasi, aylanib oʻtuvchi arteriya, orqa pastga yoʻnaluvchi arteriya, oʻng koronar arteriya).
EKGda patologik Q tishchasi aniqlanganda, biroq miokard infarktining klinik belgilarini tasdiqlovchi maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda, anamnezni soʻrov yoʻli bilan chuqurlashtirilgan tarzda oʻrganish, shuningdek ogʻriq sindromi ExoKG oʻtkazilib, chap qorincha funksiyasi, mintaqaviy gipokineziya yoki boshqa ishemik oʻzgarishlar aniqligi tekshiriladi.
Ushbu tekshiruvlarning barchasi ijobiy boʻlsa hamda yurak mushagi funksiyasi yaxshi saqlanganligida aviatsiya xodimlari uchish ishiga yaroqli deb topiladi.
97. Arterial gipertenziyada arterial qon bosimining turgʻun ravishda >160/95 mm sim. ust. boʻlganda (takroriy oʻlchovlar bilan tasdiqlangan), kasallikning xurujli kechishi, shu jumladan takroriy gipertonik krizlar, xurujlar bilan kechuvchi barqaror arterial gipertenziya (bir martalik asoratsiz gipertonik kriz bundan mustasno), yurak-qon tomir tizimining 3-4 darajali asoratlari (gipertrofik oʻzgarishlar, chap qorincha funksional yetishmovchiligi, koronar perfuziya buzilishlari) mavjud boʻlgan hollarda uchuvchi tarkibi uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Tekshiruv natijalari bilan tasdiqlangan “oq xalat” arterial gipertenziyasi (ABPM va uy oʻlchovlari normada boʻlganda) mavjud boʻlgan nomzodlarga uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
98. Dori vositalarisiz arterial qon bosimi norma darajasiga kelganda yoki aviatsiya faoliyatida qoʻllashga ruxsat etilgan dori vositalari yordamida arterial qon bosimi 160/95 mm simob ustuni dan oshmagan hollarda, nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
99. Tibbiy xulosa chiqarishda gipertoniya kasalligi mavjud boʻlgan uchuvchi tarkibi yurak qon-tomir asoratlarini xavf darajasi (“nishon-aʼzolar”, yurak, miya, buyrak, tomirlar shikastlanishi darajasi, shuningdek semizlik, chekish, spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish, kamharakatlik va boshqa yurak-qon tomir xavf omillari) asosida xavf darajasiga koʻra stratifikatsiya qilinadi.
Xavf darajasi past yoki oʻrta boʻlgan uchuvchi tarkibi uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topiladi.
Xavf darajasi yuqori boʻlgan uchuvchi tarkibida agar davolash-sogʻlomlashtirish choralarini qoʻllash orqali xavf darajasini past yoki oʻrta darajaga tushirish imkoni mavjud boʻlsa, 1 oygacha muddatga tibbiy xulosa qabul qilinadi.
Bunda aviatsiya xodimi kasbiy vazifalarini bajarishdan 1 oyga chetlatiladi hamda individual davolash-sogʻlomlashtirish tadbirlari, qon bosimini barqarorlashtirish choralari, kardiolog maslahati va tekshiruvlar amalga oshiriladi.
Davolash tadbirlari samarali boʻlganda, xavf omillari kamayganda yoki bartaraf etilganda, kardiologning ijobiy xulosasi asosida aviatsiya xodimiga uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
100. Uchuvchilikka oʻqishga qabul qilinadigan uchuvchi tarkibida arterial qon bosimi 140/90 mm sim. ust. dan yuqori boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
101. Kasalliklarning oʻtkir davrida, ogʻriq sindromi va klinik belgilarning mavjudligida, shuningdek ish qobiliyatini yoʻqotishga olib keluvchi asoratlar aniqlanganda, uchuvchi tarkibiga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Asoratlari boʻlmagan oshqozon va oʻn ikki barmoq yarasi kasalligini oʻtkazgan uchuvchi tarkibi davolash natijalari ijobiy boʻlganda, kasallik qaytalanishi kuzatilmaganda, Heliobater pylori infeksiyasi bartaraf etilgan boʻlsa, klinik belgilar yoʻqolganda va endoskopik tekshiruvda yaraning bitgani tasdiqlanganda, shuningdek xavfli oʻsmalar boʻlmaganda, davolash tugaganidan 2 oydan soʻng uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
102. Oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasining bir martalik retsidivida, klinik simptomlar mavjud boʻlmaganda, parhezga rioya qilinganda va klinik sogʻayish belgilari tasdiqlanganda, uchuvchi tarkibi uchish ishiga yaroqli deb topiladi.
Oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasining qon ketish bilan kechgan bir martalik asoratida, davolashdan keyingi 2 oy davomida klinik simptomlar qayd etilmasa, dori vositalari bilan qoʻshimcha davolanish zarurati boʻlmasa va endoskopik tekshiruvda toʻliq sogʻayish tasdiqlansa, uchuvchi tarkibi uchish ishiga yaroqli deb topiladi.
Bunda tibbiy xulosa muddati 3 yil davomida 6 oylik muddatlarga belgilanishi, TUK xulosasi va davolagan jarrohning xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) tibbiy ekspertlari tomonidan qoʻshimcha baholanishi lozim.
Aviatsiya xodimi fuqaro aviatsiya tashkilotining shifokori tomonidan 3 oyda bir marta dispanser kuzatuviga olinishi hamda yilda bir marta endoskopik tekshiruv oʻtkazilishi zarur.
103. Bittadan koʻp retsidiv yoki asorat bilan kechgan holatlar mavjud boʻlganda, uchuvchi tarkibining yaroqlilik masalasi chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar asosida, vakolatli organning tibbiy ekspertlari tomonidan individual tartibda koʻrib chiqiladi va tibbiy xulosa chiqariladi.
Gastrit va kolitlarda, davolash toʻliq yakunlanganda, laborator-instrumental tekshiruvlar natijalari ijobiy boʻlganda hamda klinika-simptomlar mavjud boʻlmaganda, uchuvchi tarkibi uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak yarasiga oid jarrohlik amaliyotlaridan soʻng aviatsiya xodimining sogʻligi toʻliq tiklangan boʻlsa, jarrohlik amaliyoti va kasallik bilan bogʻliq asoratlar uchun xavf omillari bartaraf etilgan boʻlsa hamda qayd etilgan remissiya davrida asoratlarsiz yara jarayoni tasdiqlansa, endoskopik va boshqa klinik tekshiruvlarning ijobiy natijalari asosida uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Surunkali gastrit va gastroduodenitlarda, kasallikning retsidivlari kuzatilmaganda, bemorning umumiy ahvoli qoniqarli, ish qobiliyati saqlangan boʻlsa hamda meʼda sekretsiyasida klinik jihatdan ahamiyatli salbiy oʻzgarishlar aniqlanmasa, uchuvchi tarkibi uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
104. Pankreatit va gepatitning organ faoliyati yaqqol yoki moʻtadil darajada buzilishi bilan kechuvchi faol bosqichlarida, jigar sirrozi mavjud boʻlgan hollarda, yilda 2-martadan ortiq takrorlanuvchi surunkali xolesistitda, shuningdek oʻt pufagida faoliyati saqlangan boʻlsa, koʻp sonli toshlar aniqlanganda, uchuvchi tarkibi (kursant) uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
105. Faol boʻlmagan organ faoliyatining kam ifodalangan buzilishi bilan kechuvchi surunkali gepatit va pankreatitlarda, shuningdek davolanish natijalari ijobiy boʻlganda, kam xurujli surunkali xolesistit hollarda, oʻt pufagi xolesterozi, yaxshi sifatli funksional bilirubinemiyalar, ogʻriqsiz kechuvchi oʻt chiqarish yoʻllari diskineziyasi mavjud boʻlganda, uchuvchi tarkibi (kursant)ga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Asoratlar kuzatilmaganda, laparoskopik xolesistektomiya va litotripsiya jarrohlik amaliyotlaridan soʻng 2-3 oy oʻtib, shikoyatlar yoʻqligida, klinik belgilar boʻlmaganda va ish qobiliyati saqlanganligida uchuvchi tarkibi uchish ishiga yaroqli deb topiladi.
106. Surunkali, faol boʻlmagan, klinik alomatlarsiz kechuvchi B va C virusli gepatit tashuvchilik holatida uchuvchi tarkibi kasbiy vazifalarini bajarishga yaroqli deb topiladi.
B yoki C virusli gepatitni oʻtkazgan uchuvchi tarkibida turgʻun remissiya holati tasdiqlangandan soʻng 6 oy oʻtgach, klinik, laborator va instrumental tekshiruv natijalari normada boʻlsa, uchish ishiga yaroqli deb topiladi.
Oʻt pufagida simptomsiz kechuvchi, yirik bitta tosh aniqlanganda, uchuvchi tarkibiga individual tartibda TML cheklovi qoʻllangan holda, uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Mazkur holatda rejalashtirilgan jarrohlik davolash tavsiya etiladi va jarroh tomonidan dispanser kuzatuvi belgilanadi.
107. Aʼzo faoliyati buzilishi bilan kechuvchi buyrak va siydik yoʻllari kasalliklarining faol davrida, shuningdek ularning asoratlarida (siydik yoʻllarining torayishi, siqilishi, jarrohlik amaliyotidan keyingi boshqa organik buzilishlar, ogʻriq sindromi mavjud boʻlgan hollar) uchuvchi tarkibi (kursant)ga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Buyrak va siydik yoʻllarining infeksion-yalligʻlanish kasalliklarida, kamida 14 kun davomida individual antibakterial terapiya oʻtkazilgach (ayollardagi oddiy sistit bundan mustasno) quyidagi shartlar toʻliq bajarilganda uchuvchi tarkibining (kursant) yaroqlilik masalasi koʻrib chiqiladi:
urodinamik va gemodinamik turgʻunlik toʻliq tiklangan boʻlsa;
klinik simptomlar, infeksiya belgilari, qayta yalligʻlanish epizodlari toʻliq bartaraf etilgan boʻlsa;
siydik, qon va boshqa laborator tahlillar normada boʻlsa;
nefrolog (urolog) xulosasi hamda prognozi ijobiy boʻlsa.
Mazkur holatlarda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa individual tartibda vakolatli organning tibbiy ekspertlari bilan birgalikda yoki TUK tomonidan chiqariladi.
108. Oʻtkir glomerulonefritni oʻtkazgan nomzodlar yalligʻlanish jarayonining kechishi, buyrak faoliyatining holati va arterial qon bosimi koʻrsatkichlari toʻliq baholanganiga qadar 6 oygacha muddatga vaqtincha mehnatga yaroqsiz deb topiladi.
Klinik koʻrsatkichlar barqarorlashganda va quyidagi talablar bajarilganda 1-klass uchuvchi tarkibi uchun TML yoki OML cheklovlari qoʻllanilgan holda uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
arterial qon bosimi normada boʻlsa;
siydik va qonda proteinuriya, gematuriya va azotemiya kabi oʻzgarishlar boʻlmaganda;
buyraklarning filtratsiya funksiyasi saqlangan boʻlganda;
laborator va instrumental tekshiruvlarda yalligʻlanish belgilari aniqlanmaganda.
Ushbu shaxslarda har 3 oyda arterial qon bosimini oʻlchash, siydik umumiy tahlili, qonda kreatinin va boshqa buyrak funksiyasi koʻrsatkichlari boʻyicha dispanser nazorat oʻtkaziladi.
Gemodializga tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda, nomzodlarga uchish ishiga yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
109. Surunkali pielonefrit yoki glomerulonefrit bilan kasallangan uchuvchi tarkibi uchun 2 yil davomida fuqaro aviatsiyasi tashkilotining shifokori tomonidan dispanser kuzatuvi belgilanishi, har 3 oyda qonning umumiy tahlili, siydik umumiy tahlili, mochevina va kreatinin kabi biokimyoviy koʻrsatkichlar aniqlanishi lozim.
Agar tekshirish davomida bakteriuriya va piuriya bir vaqtda aniqlansa, ushbu holatning sabablarini aniqlash maqsadida sil kasalligi (tuberkulyoz), siydik yoʻllaridagi konkrementlar (toshlar) mavjudligini aniqlash hamda buyrak va siydik yoʻllarining xavfli oʻsmalarga tekshiruvlar oʻtkaziladi.
110. Kasalliklarning faol davrida, boʻgʻimlar va ichki organlar faoliyatining buzilishi, ogʻriq sindromi va boshqa klinik simptomlar mavjud boʻlgan hollarda, shuningdek surunkali kasalliklarning 1 yil davomida 2-martadan koʻp qaytalanuvchi xurujlari kuzatilganda, uchuvchi tarkibi (kursant) uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Tibbiy xulosa chiqarishda quyidagilar inobatga olinadi:
kasallikning ogʻirlik darajasi va rivojlanish dinamikasi;
mushak-suyak va tayanch-harakat tizimi funksional imkoniyatlari;
boʻgʻimlarda harakatchanlik darajasi va uning chegaralanganligi;
uzoq muddatli davolashning salbiy oqibatlari;
xurujlar va kasallikning toʻsatdan kuchayishi natijasida ish qobiliyatining yoʻqolishi ehtimoli.
Toʻliq davolash kursi va reabilitatsiya choralari oʻtkazilgandan soʻng sogʻayish tasdiqlanganda, organlar funksiyalari saqlangan boʻlsa va turgʻun remissiya qayd etilsa, uchuvchi tarkibi uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa berilishiga yoʻl qoʻyiladi (uchuvchilikka oʻqishga nomzodlar bundan mustasno).
4-bob. Jarrohlik kasalliklari
111. Guvohnoma egalari bilan belgilanadigan kasbiy majburiyatlarni bajarishga monelik qilmaydigan suyak-mushak tizimining tugʻma yoki orttirilgan buzilishlari mavjud boʻlmaganda, ularga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlariga uchuvchilikka oʻqishga qabul qilinayotgan nomzodlar 160 sm dan past va 190 sm dan baland boʻlmagan boʻyga ega boʻlishi, oyoqning uzunligi 73 sm dan kam boʻlmasligi, shturmanlikka, bortmuhandislikka oʻqishga qabul qilinayotgan nomzodlar 160 sm dan past va 190 sm dan baland boʻlmagan boʻyga ega boʻlishi kerak.
Tana vazni boʻyiga mos boʻlishi kerak.
Boʻgʻimlar harakatchanligi ushbu Aviatsiya qoidalarining 25-ilovasiga muvofiq baholanishi, oʻqishga kiruvchilarda tana rivojlanishi mutanosib boʻlishi kerak.
20 yoshgacha boʻlgan uchuvchilikka oʻqishga kiruvchilarda tana vaznining 25 foizgacha kam boʻlishi, boshqa jismoniy koʻrsatkichlar (tana tuzilishining mutanosibligi, mushak tizimining rivojlanganligi, spirometriya va dinamometriya natijalari) yaxshi boʻlganda jismoniy rivojlanishning yetishmovchiligi sifatida baholanmaydi.
112. Nomzod guvohnoma bilan belgilangan kasbiy majburiyatlarini xavfsiz va toʻliq bajarishi uchun zarur boʻlgan oʻtirgan holdagi boʻy uzunligi, qoʻl va oyoqlar uzunligi, shuningdek mushak kuchi va jismoniy imkoniyatlarga ega boʻlishi lozim.
Jismoniy oʻlchamlar yoki antropometrik koʻrsatkichlar boʻyicha bahsli (munozarali) holatlar yuzaga kelganda, uchish trenajyorida amaliy tekshiruv oʻtkaziladi.
Tekshiruv natijalari boʻyicha trenajyor instruktori xulosasi asos qilib olinadi va yakuniy tibbiy xulosa shunga asosan chiqariladi.
Infantilizm aniqlangan hollarda nomzodning uchish ishiga yaroqliligi, endokrinologning batafsil tibbiy xulosasi asosida aniqlanishi lozim.
113. Nomzodlarda bosh jarohatlari, bosh suyagi va bosh miya sohasida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlarining asoratlari mavjud boʻlgan hollarda, ularning uchish ishiga yaroqliligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa nevrolog tomonidan klinik va instrumental tekshiruvlar natijalariga asoslanib chiqariladi.
Nomzodlarda jismoniy rivojlanishdagi nuqsonlar, suyak, mushak, boʻgʻim, pay va togʻay toʻqimalarining surunkali kasalliklari, turli jarohatlar yoki jarrohlik amaliyotlaridan keyingi asoratlar, kuyish va muzlash oqibatida hosil boʻlgan chandiqlar ularning oʻlchami, kuchayish (zoʻrayish) tendensiyasi, harakatlar hajmi, mushak kuchi hamda qoʻl va oyoqlarning funksional imkoniyatlari darajasiga koʻra baholanishi, bunda nomzodning oʻzlashtirgan havo kemasi turi, bajarishi koʻzda tutilgan kasbiy funksiyalar hajmi ham inobatga olinadi.
Kiyim yoki oyoq kiyim kiyishni qiyinlashtiruvchi yoki amalda toʻsqinlik qiluvchi, ogʻriq sindromi mavjud boʻlgan, kuchayib boruvchi (progrediyent) xususiyatga ega, uchish xavfsizligiga taʼsir etuvchi funksional buzilishlar aniqlangan hollarda nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
114. Nomzodlarda kasallikning sil kasalligi aniqlanganda, shuningdek faoliyat buzilishining darajasidan qatʼi nazar sekvestral boʻshliqlarda bitmaydigan yoki davriy ravishda ochilib turadigan oqma yaralar mavjud boʻlsa, osteomielit negizida oqma yaralar saqlanib tursa, son suyagi boshchasi osteoxondropatiyasi aniqlansa, yirik boʻgʻimlarning l deformatsiyalanuvchi osteoartrozida faoliyatning yaqqol yoki moʻtadil buzilishlari mavjud boʻlsa, nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Davolashning ijobiy natijalar (oqma yaralarning toʻliq yopilishi, rentgenologik tekshiruvda sekvestrlarning yoʻqligi) bilan tasdiqlangan holatlarda hamda kamida 6 oy davom etgan barqaror remissiya kuzatilganda, uchish ishiga individual tartibda yaroqlilik masalasi koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻyiladi.
115. Osteomielit bilan kasallangan barcha nomzodlar terapevtik yoki jarrohlik usullar bilan davolanishi lozim.
Davolash natijasida barqaror remissiya kuzatilganda, xurujlar boʻlmaganda, sekvestral boʻshliqlar va sekvestrlar aniqlanmaganda, kasallikning xususiyati, joylashuvi, faoliyat buzilishining darajasi, shuningdek nomzodning kasbiy mahorati va ish tajribasi inobatga olingan holda, aviatsiya xodimlariga uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi (uchuvchilikka oʻqishga nomzodlar bundan mustasno).
116. Osteoxondroz, spondiloartroz va umurtqa pogʻonasining degenerativ-distrofik kasalliklarida, ogʻriq sindromi mavjud boʻlmaganda va funksional cheklanishlar kasbiy faoliyatga taʼsir etmaydigan darajada ahamiyatsiz boʻlsa, nomzodlarga uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Ildizchali sindrom aniqlanganda tibbiy xulosa nevrolog tomonidan chiqariladi.
Boʻgʻimlar chiqishi bilan kechuvchi shikastlanishlar, umurtqa pogʻonasi tanalarining sinishi, jarayonning istalgan fazasi va funksional buzilish darajasidan qatʼi nazar, shuningdek umurtqa pogʻonasining sil kasalligi mavjud boʻlganda, nomzodlarga oʻqishga, uchish ishiga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Umurtqa pogʻonasi tanalarining kompressiya sinishi boʻlganda, toʻliq davolanishdan 6 oydan keyin teri osti vertebroplastikasi oʻtkazilgan holatlarda esa 2 oydan keyin jarrohlik davolash natijalari ijobiy boʻlganda, funksional imkoniyatlar toʻliq tiklangan boʻlsa, nomzodlarga uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
117. Umurtqa pogʻonasining oʻtkir va koʻndalang oʻsimtalari sinishlari boʻlgan holatlarda, harakatchanlik va funksional imkoniyatlar toʻliq tiklanganda hamda ogʻriq sindromi mavjud boʻlmaganda, nomzodlarga oʻqishga va uchish ishiga ruxsat beriladi.
Umurtqalar shaklining oʻzgarishlari (egrilik, qiyshayish) mavjud boʻlgan hollarda, deformatsiyaning darajasi va etiologiyasi, umurtqa pogʻonasining funksional saqlanganligi, shuningdek uchuvchining kasbiy vazifalarni bajarish qobiliyati hisobga olinib, oʻqishga va uchish ishiga yaroqliligi aniqlanadi.
Laminektomiyadan soʻng funksional koʻrsatkichlar toʻliq tiklanganda hamda ogʻriq sindromi boʻlmaganda, 3 oydan keyin nomzodlarga oʻqishga va uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
118. Umurtqa pogʻonasi rentgenologik tekshiruvlarida umurtqalar ventral qirgʻoqlarining oʻtkirlashishi, qalinlashishi, yakka holdagi bigizsimon osteofitlar aniqlangan hollarda, agar klinik simptomlar mavjud boʻlmasa, nomzodlar uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topiladi.
Osteoxondroz aniqlangan nomzodlarga jarroh va nevrolog tomonidan dispanser kuzatuvi belgilanishi hamda profilaktik va davolash choralari oʻtkazilishi lozim.
Dyupyuitren kontrakturasining I darajasida nomzodlarga oʻqishga va uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa berilishi, ularga jarrohning dispanser kuzatuvi belgilanishi, konservativ davolash usullari qoʻllanilishi zarur.
Kasallikning II darajasidasida esa uchuvchilar faqat oʻzlari oʻzlashtirgan havo kemasi boʻyicha yaroqli deb hisoblanishi, bunda jarrohlik davolash usullari tavsiya etilishi hamda jarrohlik natijalari ijobiy boʻlsa, qoʻl funksiyalari yetarli darajada saqlanganda, uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
119. Ogʻriq sindromi kuzatilmaydigan, tomirlar va ichki aʼzolar faoliyatida buzilishlar aniqlanmaganda hamda skoliozning klinik ifodalanmaganda, funksional buzilishlarga olib kelmaydigan darajalarida, V bel umurtqasining sakralizatsiyasi, I dumgʻaza umurtqasining lyumbalizatsiyasida nomzodlar oʻqishga va uchish ishiga yaroqli deb topiladi.
Shmorl churralari aniqlangan hollarda, agar ogʻriq sindromi mavjud boʻlsa, nevrolog xulosasi asosida nomzodlarga oʻqishga va uchish ishiga yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
120. Tos suyaklarining birlashgan (konsolidatsiyalangan) sinishlarida, jarohat olingan vaqtdan kamida 6 oy oʻtgach toʻliq sogʻayish tasdiqlanganda, ogʻriq sindromi mavjud boʻlmaganda va ichki organlar hamda tayanch-harakat tizimi funksiyalari buzilmaganda, nomzodlarga oʻqishga va uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Tos chanogʻi sohasida alohida suyaklarning chegaralangan sinib oʻsishlarida chanoq aylanasining shakli va simmetriyasi buzilmagan boʻlsa, nomzodlar uchish ishiga yaroqli deb topiladi.
Umurtqa pogʻonasi va tos suyaklariga oid kasalliklar yoki jarohatlarda yaroqlilik holati jarroh va nevrolog tomonidan birgalikda baholanadi va ular xulosasi asosida tibbiy qaror qabul qilinadi.
121. Infeksion-allergik genezli spondiloartritlarda (Bexterev, Reyter kasalliklari) nomzodlarning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqliligi terapevt tomonidan klinik koʻrsatkichlar, kasallik faolligi, funksional holat va remissiya barqarorligi inobatga olinib aniqlanadi.
Suyaklar, togʻaylar, mushaklar, pay va boʻgʻimlarda oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan soʻng organ va tizimlarning funksional qobiliyati toʻliq tiklanganda, nomzodlarning oʻqishga va uchish ishiga yaroqliligi aniqlanadi.
Jarrohlik amaliyotlari yoki jarohatlar oqibatida qoʻl yoki oyoqning 2 sm dan kam qisqarishi mavjud boʻlgan hollarda, funksional cheklovlar boʻlmaganda nomzodlar yaroqli deb topiladilar.
Ahamiyatli funksional nuqsonlar yoki sezilarli anatomik defektlar mavjud boʻlgan hollarda, nomzodning kasbiy vazifalarni xavfsiz bajarish qobiliyati uchish trenajyorida amaliy tekshiruv asosida baholanadi. Baholash jarayonida qoʻl va oyoqlarning havo kemasining boshqaruv organlariga erkin yetishi, boshqaruvni toʻliq va xavfsiz amalga oshirish qobiliyati, harakatlar koordinatsiyasi va kuchlanishsiz bajarilishi tekshiriladi.
Trenajyor instruktorining xulosasi va tibbiy mutaxassislarning bahosiga asosan yakuniy tibbiy yaroqlilik toʻgʻrisida xulosa chiqariladi.
122. Jarrohlik amaliyotiga tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan hollarda, nomzod davolanishni rad etganda, unga oʻqishga yoki uchish ishiga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Osteosintezda fiksatsiyalovchi moslamalar oʻrnatilishi, yasama aʼzo (protez) qoʻyilganda operatsiyadan keyingi klinik holatning ijobiyligi, shikoyatlarning yoʻqligi yoki ahamiyatsizligi, funksional qobiliyatlarning toʻliq yoki yetarli saqlanganligi, rentgenologik va boshqa instrumental tekshiruvlar natijalarining ijobiyligi inobatga olinadi.
Ushbu maʼlumotlar asosida travmatolog-ortopedning xulosasi va prognozini hisobga olgan holda, nomzodlarga individual tartibda oʻqishga va uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Varus va valgus deformatsiyalari mavjud boʻlgan hollarda, oyoqlarning qiyshayishida, antropometrik nuqtalar orasidagi masofa 9 sm dan ortiq boʻlsa, nomzod yaroqsiz deb topiladi.
123. Boʻgʻimlar kasalliklari va biriktiruvchi toʻqimaning tizimli kasalliklarida, kasallikning turgʻun remissiyasida, organlar faoliyati saqlanganligida, boʻgʻimlar va organlarning funksional holati aviatsiya kasbiy faoliyatini bajarishga monelik qilmasa, nomzodlarga uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Turli etiologiyali qoʻl va oyoq nuqsonlari mavjud boʻlgan hollarda, ularning funksional saqlanganlik darajasi, kasbiy majburiyatlarni bajarish imkoniyati, havo kemasi boshqaruv elementlarini xavfsiz boshqarish qobiliyati inobatga olinadi.
Munozarali holatlarda uchish trenajyorida tekshiruv oʻtkazilib, trenajyor instruktorining xulosasi asosida yakuniy tibbiy xulosa chiqariladi.
Oyoq panjasining yoʻqligida, shuningdek yurish, muvozanat, oyoq kiyim kiyish yoki boshqaruv pedalidan foydalanishni qiyinlashtiruvchi (yoki toʻsqinlik qiluvchi) tugʻma yoki orttirilgan deformatsiyalarda nomzodlarga uchish ishiga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
124. Xavfli oʻsmalar aniqlanganda, nomzodlarga oʻqishga va uchish ishiga yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Nomzodlar tibbiy muassasada (jarrohlik, kimyoterapiya, nur terapiyasi yoki ularning kombinatsiyasi orqali) toʻliq davolangandan soʻng residiv kuzatilmasa, bosh miyada metastaz aniqlanmasa, oʻsmaning umumlashuvi (generalizatsiyasi) qayd etilmasa va organizmning umumiy funksional holati turgʻun boʻlsa (ahamiyatga ega boʻlmagan oʻzgarishlarga yoʻl qoʻyilgan holda) davolash yakunlanganidan 6 oy oʻtgach tibbiy koʻrik oʻtkaziladi.
Davolangan nomzodlarga cheklovlar qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi (ularga jarroh va onkolog tomonidan dispanser kuzatuvi belgilanadi).
Tibbiy xulosa chiqarishda quyidagilar hisobga olinadi:
davolash kasallikning ilk bosqichida oʻtkazilganligi;
keng qamrovli patomorfologik xulosa (oʻsmaning anatomik turi, morfologik xususiyatlari, regionar limfa tugunlari holati);
davolashdan keyingi klinik dinamikasi (tana vazni, laborator koʻrsatkichlar, instrumental tekshiruv natijalari);
davolashning asoratlari mavjud emasligi;
residiv va metastazlar qayd etilmaganligi;
gematologik koʻrsatkichlarning normada boʻlishi;
organlar va tizimlar faoliyatining buzilish darajasi;
nomzodning mehnatga layoqati va uchish paytida toʻsatdan mehnat qobiliyatini yoʻqotish xavfi;
kasbiy majburiyatlarni xavfsiz bajarish qobiliyati.
125. Rak in situ tashxisi boʻyicha patomorfologik xulosa olinganda, oʻsmaning joylashuvidan qatʼi nazar, oʻtkazilgan davolashning (operatsiya) turi va hajmiga koʻra, onkolog xulosasi va prognozi asosida nomzodlarga tibbiy xulosa berilishi, bunda quyidagi cheklangan yaroqlilik belgilanadi:
tropik mamlakatlarda ishlashga yaroqsiz;
faqat oʻzlashtirgan havo kemasida uchish ishiga yaroqli;
aviatsiya kimyoviy ishlarida ishlashga yaroqsiz.
Yomon sifatli eutireoid tugunli buqoq va tugunli mastopatiya aniqlanganda, onkolog maslahatiga koʻra komissiya oraligʻi davrida jarrohlik usuli bilan davolanish lozim.
Xavfsiz (benign) oʻsmalarda oʻsma toʻliq olib tashlanganda, uning xavfsizligi laborator-patomorfologik tekshiruvlar bilan tasdiqlanganda, organlar funksiyalari saqlanganda, shuningdek jismoniy va ruhiy sogʻliq holati normada boʻlsa, nomzodlarga oʻqishga yoki uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
126. Xavfsiz oʻsmalar jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanganidan keyin jarrohlik amaliyotining hajmi, texnik murakkabligi va davolash natijalaridan kelib chiqib, oʻqishga yoki uchish ishiga ruxsat berish muddati jarroh koʻrigidan soʻng aniqlanadi.
Maxsus kiyimlar, anjomlar yoki oyoq kiyim kiyishga toʻsqinlik qilmaydigan, kichik hajmdagi, oʻsishga moyil boʻlmagan xavfsiz oʻsmalarda (lipomatoz, soʻgalli va pigmentli nevuslar, dermoid kistalar, xondromalar) nomzodlar yaroqli deb hisoblanadi va ularga jarrohning dispanser kuzatuvi belgilanadi.
Jarrohlik muolajasi oʻtkazilgan xavfsiz oʻsmalarda, oʻqishga yoki uchish ishiga qabul qilinayotgan barcha nomzodlar oʻsmaning gistologik tekshiruv natijalari hamda oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotining tavsifini oʻz ichiga olgan tibbiy hujjatni (koʻchirma) jarrohga taqdim etadilar. Ushbu maʼlumotlar asosida tibbiy xulosa chiqariladi.
127. Oshqozon-ichak yoʻlida (ayniqsa, poliplar) va nafas olish organlarida xavfsiz oʻsmalar mavjud boʻlgan nomzodlarga mineral oʻgʻitlar bilan ishlashga yaroqli, biroq zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlashga yaroqsizligi haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Oʻsmani davolash usuli uning joylashuviga koʻra onkolog yoki proktolog tomonidan belgilanadi.
Lipoma va teriosti yogʻ qatlami xavfsiz oʻsmalari jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanganidan soʻng, mehnatga layoqatsizlik varaqasi yopilgach va shaxsiy koʻrik natijalari ijobiy boʻlganda, nomzodlarga oʻqishga va uchish ishiga ruxsat beriladi.
Buyrakning kichik va oʻrtacha hajmdagi oddiy kistalarida, shuningdek bir yoki ikki tomonlama joylashgan sinusli kistalarda, klinik belgilarning (ogʻriq, arterial bosim oshishi, siydik tahlillarida oʻzgarishlar) mavjud emasligida nomzodlar uchish ishiga yaroqli deb topiladilar.
Ular jarroh va urologning dispanser kuzatuviga olinadi, yilda 1-marta buyraklarning UZT tekshiruvi oʻtkaziladi.
Katta hajmli buyrak kistalarida ixtisoslashtirilgan muassasada kistaning punksion davolash usuli qoʻllanadi.
Asoratlar kuzatilmaganda nomzodga 2-3 haftadan keyin uchish ishiga ruxsat beriladi.
Punksiya uchun koʻrsatmalar boʻlmagan hollarda, nomzod urologning tavsiyasi asosida dispanser kuzatuviga olinadi.
128. Qalqonsimon bezda 1 sm dan kichik tugunlar aniqlanganda, nomzodlar jarroh-endokrinolog tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi hamda ularga har 6 oyda UZT tekshiruvi va dispanser kuzatuvi belgilanadi.
Birinchi marta 1 sm dan katta tugunlar aniqlanganda yoki tugunning 6 oy davomida 0,5 sm va undan koʻproq kattalashishi kuzatilganda, punksion biopciya oʻtkazilishi zarur.
Qalqonsimon bezning yirik tugunlari (3 sm dan katta), shuningdek rak, adenoma aniqlangan hollarda, shaxslar jarrohlik usuli bilan davolanish lozim.
Tugunli buqoq jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanganidan keyin nomzodning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqliligi masalasi jarroh va terapevt bilan birgalikda endokrinologning xulosasi va prognozi asosida aniqlanadi.
Oʻsmaning yaxshi sifatli ekanligi tasdiqlanganda, operativ davolash zarur boʻlmaganda, shuningdek oʻsma bilan bogʻliq anatomik defektlar mavjud boʻlmasa, qalqonsimon bez funksiyasi buzilmagan boʻlsa, oʻsmaning oʻsishga moyilligi boʻlmasa, maxsus aviatsiya anjomlarini (kislorod niqobi) yoki oyoq kiyim kiyishni qiyinlashtirmasa nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
129. Prostata bezining yaxshi sifatli giperplaziyasi mavjud boʻlgan hollarda, oʻrtacha yoki kuchli ifodalangan simptomatik obstruksiya aniqlanganda, aviatsiya xodimlari uchish ishidan chetlatilishi, bunda ularga quyidagi tekshiruvlar oʻtkazilishi lozim:
transabdominal va transrektal exografiya;
qon zardobida prostata spesifik antigeni (PSA) darajasini aniqlash;
urolog tavsiyasiga koʻra qoʻshimcha instrumental va laborator tekshiruvlar.
Kam ifodalangan yoki yengil simptomlar boʻlganda va operativ davolashga koʻrsatma mavjud boʻlmaganda, urologning shaxsiy koʻrigi va xulosasi asosida aviatsiya xodimlariga uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Prostata bezining transuretral rezeksiyasi (TURP) oʻtkazilgan hollarda, jarrohlik amaliyotidan 6 oy oʻtgach obstruktiv simptomlar toʻliq va asoratlarsiz bartaraf etilganda, organlar funksiyasi saqlangan boʻlsa, urolog xulosasi asosida individual tartibda yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Tashqi jinsiy aʼzolarning oʻsmalari aniqlanganda, ularni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash masalasi urolog yoki ginekologning tavsiyasi asosida hal etiladi.
130. Simptomlarsiz kechuvchi bachadon miomasi mavjud boʻlgan aviatsiya xodimlari dispanser kuzatuviga olinadi.
Miomaning oʻsishi, yondosh aʼzolar funksiyasining buzilishi, bachadondan qon ketishi, ogʻriq sindromi mavjudligi yoki boshqa tibbiy koʻrsatmalar aniqlanganda, aviatsiya xodimlari operativ davolanishga yuboriladi.
Jarrohlik amaliyotidan keyin yaroqsizlik muddati 4 oygacha etib belgilanadi.
Uchish ishiga (oʻqishga) qayta tiklash masalasi hal etilganda jarrohlik amaliyotining turi, asoratlarning mavjud emasligi, sogʻliq holatining tiklanganligi, aʼzolar funksiyasining saqlanganligi, kasbiy vazifalarni bajarish chogʻida toʻsatdan mehnat qobiliyatini yoʻqotishga olib keluvchi omillarning mavjud emasligi, tekshiruv natijalarining normada ekanligi hamda ginekolog xulosasi inobatga olingan holda yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
131. Nomzodlarda koʻkrak oraligʻi, plevra, bronx ichidagi va bronxdan tashqari joylashgan oʻpkaning yaxshi sifatli oʻsmalari operativ davolanganidan keyin 6 oy oʻtgach, nomzodning umumiy sogʻligʻi tiklanganda, torakotomiyadan keyingi koʻkrak qafasi deformatsiyasi mavjud boʻlmaganda, rentgenologik va boshqa tekshiruvlarda qoʻpol anatomik nuqsonlar aniqlanmaganda, tashqi nafas olish hamda yurak-qon tomir tizimi funksiyalarida buzilishlar kuzatilmaganda, uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Bunda har bir navbatdagi tibbiy koʻrikda spirografiya hamda koʻkrak qafasi aʼzolarining rentgenografiyasidan oʻtkaziladi.
132. Nomzodda tashqi nafas olish funksiyasining yaqqol buzilishlari, uyqudagi obstruktiv apnoe sindromi mavjud boʻlganda, shuningdek kasalliklar, rivojlanish nuqsonlari yoki jarohatlar sababli koʻkrak qafasi aʼzolarida yirik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilganda, shu jumladan pulmonektomiya holatlarida, u uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsiz deb topiladi.
Nomzodda jarrohlik yoʻli bilan davolash oʻtkazilganda, u toʻliq davolanib, sogʻligʻi tiklangandan soʻng tashqi nafas olish funksiyasi yetarli darajada tiklanganda, Tiffno indeksi kamida 60 foizni tashkil etganda hamda tekshiruv natijalari ijobiy boʻlganda, jarroh va terapevt xulosalari asosida uchish ishiga yaroqlilik masalasi koʻrib chiqiladi.
Nomzodda jarrohlik yoʻli bilan davolashni talab etuvchi patologiyalar yoki nuqsonlar mavjud boʻlganda, oʻpkaning qoldiq funksional hajmi, yurak-qon tomir tizimining funksional holati, koʻkrak qafasi aʼzolarining siljish ehtimoli, uchish davomida bosim tafovuti taʼsirida ogʻir asoratlar rivojlanish xavfi hamda umumiy prognoz inobatga olingan holda uning sogʻligʻi holati baholanadi va tibbiy xulosa chiqariladi.
133. Nomzodda koʻkrak devori va oʻpka toʻqimasida yirik tomirlar hamda yurakdan uzoqda joylashgan yot jismlar mavjud boʻlganda, klinik belgilar aniqlanmasa va tashqi nafas olish funksiyasi koʻrsatkichlari qoniqarli boʻlsa, unga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Spontan pnevmotoraks holatlarida tibbiy xulosa chiqarishda klinik sogʻayish bilan bir qatorda residiv xavfi ham inobatga olinadi.
Nomzodda birinchi marta spontan pnevmotoraks kuzatilgandan keyin klinik sogʻayish holati qayd etilib, tibbiy tekshiruvlar natijasida bullez emfizema yoki nafas olish aʼzolari funksiyasining boshqa buzilishlari aniqlanmaganda, unga nisbatan individual tartibdagi cheklovlar qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Nomzodda spontan pnevmotoraks qayta kuzatilganda, jarrohlik amaliyotidan keyin kamida 3 oy oʻtgach, toʻliq sogʻayish holati mavjud boʻlganda, maxsus tekshiruvlar natijalari ijobiy boʻlganda, unga nisbatan individual tartibdagi cheklovlar qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishiga yoʻl qoʻyiladi.
134. Nomzodning ichki aʼzolar shikastlanmaganda, koʻkrak qafasiga kirib borgan yaralanishlarda toʻliq sogʻaygandan soʻng tibbiy tekshiruvlar natijalariga koʻra unga uchish ishiga yaroqlilik masalasi hal etiladi.
OʻSOK remissiya turgʻunligida tashqi nafas olish funksiyasi saqlanganda, nomzodga uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Tashqi nafas olish funksiyasining yengil darajadagi buzilishlarida, OFV1 va JEL koʻrsatkichlari 70 foizdan kam boʻlmaganda hamda nafas olish va yurak-qon tomir tizimlarini tekshirish natijalari ijobiy boʻlganda, nomzodga individual tartibdagi cheklovlar (TML) qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishi, bunda nomzod jarroh dispanser kuzatuviga olinishi hamda har bir navbatdagi koʻrikda nafas olish va yurak-qon tomir tizimlari qayta tekshirilishi kerak.
Sarkoidozning oʻtkir fazasida nomzod uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsiz deb topiladi.
Kasallikdan keyin kamida 6 oy oʻtgach, remissiyaning turgʻunligida, tashqi nafas olish funksiyasi saqlanganda, dori vositalari va boshqa davolash usullari toʻliq toʻxtatilganda, nomzodga individual tartibdagi cheklovlar (TML) qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishi mumkin. Bunda nomzod jarroh dispanser kuzatuviga olinadi hamda har bir navbatdagi koʻrikda nafas olish va yurak-qon tomir tizimlari qayta tekshiriladi.
Qisilishga moyil boʻlgan yoki qiziloʻngach hamda oshqozon faoliyatida funksional buzilishlarni keltirib chiqaruvchi, shuningdek reflyuks-ezofagit asorati bilan kechuvchi diafragmal churralar mavjud boʻlganda, nomzodga uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Jarrohlik yoʻli bilan davolash ijobiy natija berganda, 3 oydan 6 oygacha muddat oʻtgach, nomzodda toʻliq sogʻayish holati mavjud boʻlsa hamda tibbiy tekshiruvlar natijalari ijobiy boʻlsa, uning uchish ishiga yaroqlilik aniqlanadi.
135. Divertikul jarrohlik yoʻli bilan davolangan va davolash ijobiy natija berganda, nomzodning kasbiy yaroqliligi masalasi koʻrib chiqiladi.
Qiziloʻngach (ezofagoskopiya va boshqa tekshiruvlar), tashqi nafas olish hamda yurak-qon tomir tizimi funksiyalarining chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlari natijasida aʼzolar funksiyalarida buzilishlar va divertikul residivi aniqlanmaganda, nomzodga nisbatan individual tartibda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Operativ davolanishni talab qilmaydigan qiziloʻngach divertikullarida nomzodlarga nisbatan individual tartibda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Qiziloʻngach venalarining varikoz kengayishi aniqlanganda, uning etiologiyasi va klinik koʻrinishlaridan qatʼi nazar, barcha nomzodlar yaroqsiz deb topiladi. Bunda nomzodlar qayta oʻqishga yoki kasbiy faoliyatga tiklanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qiziloʻngachning chandiqli stenozi sababli oʻtkazilgan qiziloʻngach plastikasi hamda funksional kasalliklar tufayli bajarilgan plastikali ezofagokardiomiotomiya kabi jarrohlik amaliyotlaridan keyin tekshiruvlar natijalari, kasbiy faoliyatni xavfsiz bajarish imkoniyati va boshqa tegishli omillar hisobga olingan holda, jarrohning xulosasi va prognozi asosida nomzodga uchish ishiga yaroqlilik masalasi individual tartibda hal etiladi.
Reflyuks-ezofagit mavjud boʻlmaganda va diafragmaning qiziloʻngach teshigi churrasi bilan bogʻliq boʻlmaganda qiziloʻngach-oshqozon birikmasi yetishmovchiligi mavjud boʻlganda, nomzodlar uchish ishiga yaroqli hisoblanadilar.
136. Qorin boʻshligʻi aʼzolarida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan keyin nomzodlar jarrohga tashxis, jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan sana, uning toʻliq bayonnomasi, jarrohlik amaliyotidan keyingi davrning kechishi, jarrohlik amaliyotining preparatning patomorfologik tekshiruvi natijalari hamda boshqa tegishli maʼlumotlar koʻrsatilgan kasallik tarixidan koʻchirmani TUKga taqdim etadi.
Jarrohlik amaliyoti ijobiy natija berganda, nomzod toʻliq sogʻayganda, mehnatga layoqatsizlik varaqasi yopilganda, kasbiy majburiyatlarni bajarish jarayonida xavf omillari aniqlanmaganda, aʼzolar funksiyasi saqlanganda, gastroenterologik tekshiruvlar natijalari ijobiy boʻlganda, tegishli mutaxassislarning xulosasi va prognozi asosida uning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik aniqlanadi.
Jarrohlik amaliyotlaridan keyingi asoratlar (pnevmoniya yoki tromboflebit) mavjud boʻlgan hollarda, shuningdek splenektomiya oʻtkazilganda yoki qorin boʻshligʻi aʼzolarining koʻp sonli shikastlanishi sababli laparotomiya bajarilganda, nomzodning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik muddati individual tartibda aniqlanadi.
Simptomlarsiz kechuvchi, bitta yirik konkrement mavjud boʻlgan xolesistolitiaz holatlarida komissiyalar oraligʻi davrida rejali jarrohlik yoʻli bilan davolash tavsiya etiladi.
137. Oshqozon va 12 barmoqli ichakning yara kasalligi hamda uning asoratlari (residiv, qon ketishi, perforatsiya, penetratsiya) davolangandan soʻng endoskopik tekshiruv natijasida yaraning bitgani tasdiqlanib, dori vositalarini qabul qilish zaruriyati boʻlmaganda, 8 hafta oʻtgach nomzodga uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Bunda nomzodlarga har 6 oyda EFGDS tekshiruvi, gemoglobin miqdorini aniqlash uchun qon tahlili hamda gastroenterolog maslahati oʻtkazish belgilanadi.
Tizimli kasalliklar sababli oʻtkazilgan xolesistektomiya yoki splenektomiyadan keyin tibbiy xulosa jarroh tomonidan terapevt bilan birgalikda chiqariladi.
Tibbiy xulosa chiqarishda kasallik bilan bogʻliq asoratlar xavfi, parhezga rioya qilingan taqdirda simptomlarning yoʻqligi, jarrohlik amaliyotidan keyingi davrning kechishi, dori vositalari bilan davolash zaruriyatining mavjud emasligi, endoskopik tekshiruvlar natijalarining ijobiyligi hamda kasbiy majburiyatlarni bajarishda parvozlar xavfsizligiga tahdid soluvchi omillarning yoʻqligi hisobga olinadi. Tibbiy xulosaning amal qilish muddatiga cheklovlar qoʻyiladi.
Yaroqli deb topilgan aviatsiya xodimlari 3 yil davomida jarrohning dispanser kuzatuvida boʻlishi kerak.
Chov, son, diafragma, kindik va qorin oq chizigʻi churralari aniqlanganda, ogʻriq sindromi mavjud boʻlsa yoki churraning qisilish xavfi mavjud boʻlsa, jarrohlik yoʻli bilan davolash tavsiya etiladi.
Jarrohlik amaliyoti ijobiy natija berganda va mehnatga layoqatsizlik varaqasi yopilganda, nomzodning uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqlilik masalasi koʻrib chiqiladi.
Agar churraning qisilish xavfi boʻlmasa hamda ogʻriq sindromi kuzatilmasa, komissiyalar oraligʻi davrida rejali jarrohlik yoʻli bilan davolash tavsiya etiladi.
Bunda nomzodga cheklovlar (OML) qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishi (oʻqishga yaroqli) mumkin.
Jarrohlik yoʻli bilan davolanishdan bosh tortgan nomzod uchish ishiga yoki (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
138. Katta boʻlmagan, fiziologik halqa chegarasidagi kindik churrasi, qorin parda oldi lipomasi hamda jismoniy zoʻriqish yoki kuchanish vaqtida churra chiqishi kuzatilmaydigan chov halqasi kengayishi aniqlanganda, nomzodlar uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli hisoblanadi.
Surunkali kolitlarda remissiya turgʻun boʻlganda, doimiy dori vositalarini qabul qilish zaruriyati mavjud boʻlmaganda, asoratlar kuzatilmaganda hamda sogʻliq holati barqaror ijobiy boʻlganda, nomzodga oʻqishga va uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Bunda 3 yil muddatga TML cheklovi qoʻllaniladi.
Kron kasalligida va yarali kolitlarda nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Kuchli ifodalangan klinik koʻrinishlar bilan kechuvchi qorin parda bitishmalarida nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Klinik belgilar bilan namoyon boʻlmagan dolixosigma mavjud boʻlsa, nomzodga uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilmaydi.
Ayollarning kichik chanoq aʼzolarida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan keyin tibbiy xulosa ginekolog maslahati asosida jarroh tomonidan chiqariladi.
Radikal jarrohlik amaliyotlaridan keyin nomzodga 2 oydan 3 oygacha muddatga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Asoratlari boʻlmagan gisterektomiyadan keyin 3 oy oʻtgach, jismoniy va ruhiy holati normada boʻlgan hamda aʼzolar funksiyasi saqlangan taqdirda nomzodning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqliligi aniqlanadi.
Endoskopik, shu jumladan laparoskopik jarrohlik amaliyotlaridan keyin 1 yarim oydan 2 oygacha muddat oʻtgach nomzodning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqliligi aniqlanadi.
Nomzodning sogʻligi toʻliq tiklanganda, kasbiy vazifalarni xavfsiz bajarishga toʻsqinlik qiluvchi kasallik asoratlari mavjud boʻlmaganda hamda mutaxassislarning ijobiy prognozi mavjud boʻlganda, vakolatli organning tibbiy ekspertlari yaroqsizlik muddatlarini individual tartibda qisqartirishiga yoʻl qoʻyiladi.
139. Toʻgʻri ichak va pararektal biriktiruvchi toʻqimalar kasalliklari tez-tez xurujlar bilan kechganda, yaqqol ifodalangan klinik belgilar mavjud boʻlganda, anus torayishi, aʼzolar funksiyalarining buzilishi, oqma yaralar yoki boshqa patologik holatlar aniqlanganda, nomzodni terapevtik yoki jarrohlik yoʻli bilan davolash tavsiya etiladi.
Tavciya etilgan davolash usullaridan bosh tortgan nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Davolash natijalari ijobiy boʻlganda, shikoyatlar va klinik simptomlar mavjud boʻlmaganda, turgʻun remissiya holati kuzatilganda, jarrohlik yarasi asoratlarsiz toʻliq bitganda, tibbiy tekshiruvlar natijalari normada boʻlganda, ich kelishi meʼyorlashganda hamda funksiyalar tiklanganda, nomzodga uchish ishiga, oʻqishga esa individual tartibda yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi. Bunda nomzodlarga 2 yil davomida har 6 oyda jarrohning dispanser kuzatuvi belgilanadi hamda zaruratga koʻra proktolog maslahati oʻtkaziladi.
Kasallik zoʻrayishi va funksional buzilishlar kuzatilmaganda, toʻgʻri ichak tushishining boshlangʻich shakllarida nomzodning uchish ishiga yaroqliligi individual tartibda aniqlanadi.
Chot sohasining kondilomatozida nomzodning uchish ishiga yaroqliligi dermatovenerolog maslahati asosida aniqlanadi.
140. Aorta anevrizmasi tashxisini aniqlash maqsadida aviatsiya xodimlarida transtorakal exokardiografiya, magnit-rezonans tomografiya yoki magnit-rezonans angiografiya oʻtkaziladi, zarur hollarda aortografiya ham amalga oshiriladi.
Aortaning ichki diametri 4,0 sm dan katta, biroq 5,0 sm dan kichik boʻlganda, nomzodga TML cheklovi qoʻllangan holda 6 oygacha muddatga tibbiy xulosa berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Aorta diametri 5,0 sm dan katta boʻlgan hollarda nomzod uchish ishiga yaroqsiz deb topiladi.
Jarrohlik amaliyotidan keyin prognoz inobatga olingan holda, operativ davolash ijobiy natija berganda, xavf darajasi minimal boʻlganda hamda koronar arteriya kasalligi mavjud boʻlmaganda, nomzodga TML cheklovi hamda faqat koʻp aʼzoli ekipaj tarkibida uchish cheklovi qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqarilishi mumkin.
Yaroqli deb topilgan nomzodlar doimiy ravishda jarrohning dispanser kuzatuvida boʻladi va har 3 oyda nazorat tekshiruvlaridan oʻtkaziladi.
Nomzodda periferik tomirlar kasalliklari aniqlanganda, bosh miya hamda yurak-qon tomir tizimi chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Koronar tomirlar bilan bogʻliq patologiyalarni aniqlash maqsadida farmakologik yuklama testi hamda talliy izotopi yordamida miokard perfuziyasini vizualizatsiya qilish tekshiruvi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
141. Endarteriit va obliteratsiyalovchi ateroskleroz holatlarida kasallikning bosqichi, klinik simptomlarning mavjudligi hamda oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalari inobatga olingan holda nomzodning yaroqliligi aniqlanadi. Arteriyalarning obliteratsiyalovchi kasalliklarida trofik buzilishlar va ogʻriq sindromi mavjud boʻlganda, nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Chuqur venalar trombozida antikoagulyant dori vositalari (varfarin, ksarelto va pradaksa) bilan davolash 3 oydan 6 oygacha davom etishi mumkinligini inobatga olib, mazkur dori vositalarini qabul qilish toʻliq toʻxtatilganidan keyin kamida 1 hafta oʻtgach nomzodning uchish ishiga yaroqliligi aniqlanadi.
Oyoq va qoʻllarning magistral arteriyalari hamda arteriovenoz anevrizmalarida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan keyin agar davolash natijasi ijobiy boʻlsa, qoʻl-oyoqlarda qon aylanishi buzilishlari kuzatilmasa va qon aylanishining kompensatsiyalanganligi funksional tekshiruvlar bilan tasdiqlansa, nomzodga tegishli cheklovlar qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Qon aylanishi buzilishining klinik belgilari kuzatilmaganda, biroq funksional tekshiruvlar natijalariga koʻra qon aylanishi normada boʻlmaganda, nomzodga davolanish tavsiya etiladi.
Davolanish yakunlangandan soʻng angiojarrohning xulosasi va prognozi inobatga olingan holda nomzodning yaroqliligi aniqlanadi, zarur hollarda esa qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkaziladi.
142. Magistral va periferik tomirlarda oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan keyin agar funksiyaning vaqtincha buzilishi kuzatilsa hamda reabilitatsiya va mehnat qobiliyatini tiklash uchun 1 oydan ortiq muddat talab etilsa, nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Venalarning varikoz kengayishida qon aylanishining dekompensatsiyasi, trofik buzilishlar, tugunlar ustidagi terining yupqalashishi hamda tomir yorilishi xavfi mavjud boʻlganda, nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Oyoq venalarining varikoz kengayishi jarrohlik yoʻli bilan davolanganda va davolash asoratlarsiz ijobiy natija berganda 3 hafta oʻtgach, angiojarrohning xulosasi va prognozi inobatga olingan holda nomzodning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqliligi aniqlanadi.
143. Fuqaro aviatsiyasi taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirayotgan nomzodlarga venalarning varikoz kengayishining faqat kompensatsiyalangan A darajasi mavjud boʻlgan taqdirda yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Surunkali venoz yetishmovchilik kuzatilmaydigan teri osti yoki chuqur venalarning oʻtkir tromboflebiti, shuningdek Mondor kasalligi aniqlanganda, nomzod vaqtincha uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Kasallikning oʻtkir belgilari yoʻqolganda, vena boʻylab infiltrat soʻrilganda, qonning umumiy tahlili hamda koagulogramma koʻrsatkichlari normada boʻlganda, angijarroh xulosasi asosida jarroh tomonidan nomzodga uchish ishiga (oʻqishga) ruxsat beriladi hamda dispanser kuzatuvi belgilanadi.
Limfa tugunlari shikastlanganda aviatsiya xodimlari tegishli mutaxassislar koʻrigidan oʻtkazilishi zarur.
Limfa tugunlari tuberkulyozida, toʻliq klinik sogʻayish kuzatilganda va tuberkulyozga qarshi dispanser nazoratidan chiqarilgandan keyin yoki uchinchi guruhga oʻtkazilganda, aviatsiya xodimining kasbiy faoliyatiga qayta tiklanish masalasi ftiziatr bilan birgalikda koʻrib chiqiladi.
Limfa tugunlari tuberkulyozi va aktinomikozini oʻtkazgan uchuvchilar aviatsiya kimyoviy ishlarida uchish ishiga yaroqsiz hisoblanadi.
Nomozdda varikotsele boʻyicha jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgandan keyin mehnatga layoqatsizlik varaqasi yopilgach, jarroh koʻrigi asosida unga uchish ishiga ruxsat beriladi.
144. Oyoq-qoʻl tomirlarining trombangiiti va aortoarteriitida, obliteratsiyalovchi aterosklerozning III-IV bosqichlarida, surunkali venoz yetishmovchilik bilan kechuvchi posttrombotik va varikoz kasalliklarida, fil oyoqlilikning II — IV darajalarida, angiotrofonevrozlarning II-III bosqichlarida, shuningdek urugʻ tizimchasi venalarining varikoz kengayishining III darajasida nomzodlar uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsiz deb topiladi.
Ogʻriq sindromi va funksional buzilishlar bilan kechuvchi urugʻ tizimchasi venalarining varikoz kengayishida nomzodga jarrohlik yoʻli bilan davolash tavsiya etiladi. Davolash ijobiy natija bergan taqdirda yaroqlilik masalasi koʻrib chiqiladi.
Urugʻ tizimchasi venalarining varikoz kengayishining I darajasida, venalar konglomerati kam ifodalanganda va qorin mushaklari taranglashganda uning sezilarli kuchayishi kuzatilmaganda, nomzod uchish ishiga (oʻqishga) yaroqli deb topiladi.
Urugʻ tizimchasi venalarining varikoz kengayishining II va III darajalarida nomzod oʻqishga yaroqsiz deb topiladi.
145. Nomzodlarda siydik-tanosil tizimi kasalliklari, rivojlanish anomaliyalari yoki shikastlanishlari bilan bogʻliq boʻlganda, tegishli guvohnomada nazarda tutilgan kasbiy majburiyatlarni xavfsiz bajarishga monelik qiluvchi organik yoki funksional buzilishlar aniqlanmaganda, ularga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Funksional buzilishlar bilan kechmaydigan I va II darajali nefroptozda nomzodlar uchish ishiga yaroqli deb topiladi, biroq uchuvchilikka oʻqishga kirayotgan nomzodlar oʻqishga yaroqsiz deb topiladi.
III darajali nefroptozda nomzodga uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqsizlik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Birlamchi gidronefrozda nomzodlar uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Jarrohlik yoʻli bilan muvaffaqiyatli davolangan aviatsiya xodimlari gidronefrotik transformatsiya toʻliq bartaraf etilganda va buyraklar funksiyasi yaxshi saqlanganda, ular uchish ishiga yaroqli deb topilishi mumkin.
Ikkilamchi gidronefrozda gidronefrotik transformatsiya sabablari bartaraf etilganda, uning qayta rivojlanishi kuzatilmaganda hamda buyraklar funksiyasining oʻrtacha yoki ogʻir darajadagi buzilishlari aniqlanmaganda, aviatsiya xodimlariga cheklovlar qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
146. Tugʻma ravishda bitta buyrakning yoʻqligida yoki nefrektomiyadan keyin buyrak funksiyasining saqlanganlik darajasi inobatga olingan holda, nomzodga nisbatan tibbiy xulosa individual tartibda chiqariladi.
Moyakni olib tashlash boʻyicha jarrohlik amaliyotini, jumladan moyakning qorin boʻshligʻida ushlanib qolishi yoki ektopiyasi sababli oʻtkazgan, shuningdek boshcha gipospadiyasi mavjud boʻlgan nomzodlar uchish ishiga yoki oʻqishga yaroqli deb hisoblanadi.
Kriptorxizmda moyakni tushirish bilan bogʻliq jarrohlik amaliyotidan keyin davolash natijalari ijobiy boʻlganda, kamida 3 hafta oʻtgach nomzodga uchish ishiga (oʻqishga) ruxsat beriladi.
Prostata bezining xavfsiz giperplaziyasida, jarrohlik yoʻli bilan davolashga koʻrsatmalar mavjud boʻlmaganda va funksional buzilishlar aniqlanmaganda, nomzodga uchish ishiga, oʻqishga, ishga yoki HHB ishiga yaroqlilik toʻgʻrisida tibbiy xulosa chiqariladi.
Prostata bezining xavfsiz giperplaziyasi simptomatik obstruksiya bilan kechganda esa, nomzod vaqtincha yaroqsiz deb topiladi.
147. Urologik kasalliklar yoki ular sababli oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan keyin nomzodning xizmatga (yoki faoliyatga) yaroqliligi quyidagi shartlar bajarilganda aniqlanadi:
tegishli mutaxassis tomonidan individual tartibda ishlab chiqilgan antibakterial terapiyaga idiotsinkratik reaksiyaning mavjud emasligi;
aktiv davolash bosqichi boshlanganidan keyin gemodinamik holatning toʻliq barqarorlashganligi;
kamida 14 kun davomida individual antibakterial davolash kursi oʻtkazilganligi (ayollarda uchraydigan oddiy sistit holatlari bundan mustasno);
takroriy oʻtkazilgan bakteriologik ekmalar natijalarida patogen mikroorganizmlar aniqlanmaganligi;
infeksiya asoratlar mavjud emasligi;
urologik tekshiruvlar natijasida anatomik yoki boshqa patologik oʻzgarishlarning aniqlanmaganligi;
siydik chiqarish tizimi organlari funksiyalarining saqlanganligi.
Mazkur shartlar bajarilganda nomzodning yaroqliligi urolog shifokorining xulosasi va tibbiy prognozi asosida belgilanadi.
148. Residiv ehtimoli yuqori boʻlganda, simptomlari tez rivojlanadigan hamda siydik yoʻllari infeksiyasi bilan kechuvchi urologik kasalliklar aniqlanganda nomzodlar uchish ishidan vaqtincha chetlatiladi.
Toʻliq davolanish oʻtkazilib, klinik va laborator tekshiruv natijalari ijobiy boʻlganda nomzodlar uchish ishiga yaroqlilik masalasi tibbiy xulosa asosida qayta koʻrib chiqiladi.
149. Asoratlarsiz kechuvchi oddiy sistit aniqlanganda ayollar 5 kun muddatga uchish ishidan vaqtincha chetlatiladi.
Buyraklar va siydik-tanosil tizimi organlarining sil kasalligining faol shakli aniqlanganda nomzod uchish ishiga yaroqsiz deb topiladi.
Kasallik toʻliq davolanib, sogʻayish tasdiqlangandan hamda organlar funksiyasi saqlangan taqdirda nomzodning yaroqlilik masalasi qayta koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻyiladi.
150. Siydik tutolmaslik (doimiy, stress bilan bogʻliq, urgent yoki siydik pufagining toʻlib ketishi bilan bogʻliq shakllari) aniqlanganda yakuniy tashxis qoʻyilgunga qadar hamda toʻliq davolanish davrida aviatsiya xodimlari uchish ishidan vaqtincha chetlatiladi. Kasallik toʻliq davolanib, uni keltirib chiqaruvchi sabablar bartaraf etilganda uchish ishiga yaroqliligi aniqlanadi.
151. Oʻtkir glomerulonefrit yoki pielonefrit aniqlanganda aviatsiya xodimlari 3 oydan 6 oygacha muddatga uchish ishidan vaqtincha chetlatiladi.
Toʻliq sogʻayish tasdiqlangandan keyin, kasallik simptomlarining namoyon boʻlish darajasi, remissiyaning turgʻunligi, infeksiyaning bartaraf etilganligi hamda boshqa klinik mezonlar hisobga olingan holda uchish ishiga yaroqlilik masalasi tibbiy xulosa asosida aniqlanadi. Tibbiy xulosa chiqarishda TML va OML ekspluatatsiya cheklovlari qoʻllaniladi.
Mazkur aviatsiya xodimlarini tibbiy kuzatuv maqsadida har 3 oyda qondagi kreatinin miqdori, umumiy peshob tahlili va zaruratga koʻra boshqa qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkaziladi.
Kasallik remissiya bosqichida quyidagi holatlar aniqlanganda aviatsiya xodimlari uchish ishiga yaroqsiz deb topiladi:
arterial qon bosimi 160/95 mm simob ustunidan yuqori boʻlsa;
proteinuriya 2-3 g/l yoki undan yuqori boʻlsa;
buyrak yetishmovchiligining klinik belgilari mavjud boʻlsa;
qondagi kreatinin miqdori 150 — 200 mkmol/l yoki undan yuqori boʻlsa.
152. Buyrakdan yakka tosh chiqqanda, jarrohlik yoʻli bilan tosh olib tashlanganda yoki konkrementlarning koʻchishi sababli buyrak sanchigʻi kuzatilganda, nomzodlarga toʻliq davolanishdan soʻng navbatdan tashqari tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrik natijalari quyidagi mezonlarga mos boʻlgan taqdirda:
umumiy tibbiy tekshiruv natijalari normada boʻlsa;
umumiy peshob tahlili va sutkalik peshob tahlillari normada boʻlsa;
peshob bakteriologik ekmasida mikroorganizmlar aniqlanmasa;
konkrement turi aniqlangan boʻlsa;
ogʻriq sindromi mavjud boʻlmasa;
buyraklar funksiyasi yaxshi saqlangan boʻlsa, ikki tomonlama boshqariladigan havo kemalari uchuvchilariga 3 yil muddatga OML ekspluatatsion cheklovi qoʻllangan holda uchish ishiga yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Buyrakdagi tosh kasalligi residiv qilganda, tijorat aviatsiyasi uchuvchilariga “faqat ikkinchi uchuvchi bilan uchish” yoki “faqat ikkinchi uchuvchi mavjudligida uchish” kabi ekspluatatsion cheklovlar qoʻllanishi mumkin.
Bunday shaxslarga har 6 oyda urolog mutaxassisining dispanser kuzatuvi doimiy ravishda belgilanadi.
Bir tomonlama boshqariladigan havo kemalari uchuvchilari toʻliq davolanib, sogʻayganidan keyin hamda barcha tibbiy tekshiruv natijalari ijobiy boʻlganda, uchish ishiga yaroqli deb topilishi mumkin.
Mazkur shaxslarga ham har 6 oyda urolog dispanser kuzatuvi belgilanadi.
153. Buyrak va peshob chiqarish yoʻllarida mikrolitlar aniqlanishi, oʻz-oʻzidan, peshob tosh kasalligi tashxisini qoʻyish uchun asos boʻlmaydi.
Buyrak va peshob yoʻllarida morfologik hamda funksional oʻzgarishlar aniqlanmaganda, aviatsiya xodimlari uchish ishiga yaroqli deb topiladi.
Asoratlarsiz kechgan ekstrakorporal litotripsiya yoki teri orqali litotomiya oʻtkazilgandan keyin aviatsiya xodimlarining uchish ishiga yaroqliligi kamida 1 oy oʻtgach, klinik, laborator va instrumental tekshiruvlar natijalari asosida aniqlanadi.
Buyrak kosachasi divertikulida, buyrak parenximasida yoki kista ichida joylashgan, klinik belgilarsiz kechuvchi hamda mehnat qobiliyatining toʻsatdan yoʻqolishiga olib kelmaydigan toshlar mavjud boʻlganda, aviatsiya xodimlarining uchish ishiga yaroqlilik individual tartibda aniqlanadi.
5-bob. Teri-tanosil kasalliklari
154. Nomzodlarda tegishli guvohnomada nazarda tutilgan kasbiy majburiyatlarni xavfsiz bajarishga monelik qiladigan teri-tanosil kasalliklari aniqlanmaganda, ularga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Surunkali, qaytalanuvchi ekzema aniqlanganda nomzodlar uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Ekzemaning yengil shakllarida, shuningdek teri zamburugʻli shikastlanishlari, parazitar kasalliklar (leyshmanioz, qoʻtir), piodermiya hamda boshqa teri-tanosil kasalliklarining oʻtkir bosqichida nomzodlar davolanishi zarur.
Davolanish yakunlanib, tekshiruv natijalari ijobiy boʻlganda hamda sogʻayish tasdiqlangandan keyin dermatolog mutaxassisning xulosasi va prognozi asosida nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Ixtioz va tangachali temiratkining (psoriazning) chegaralanganda va yengil shakllarida, nomzodning umumiy sogʻligʻi qoniqarli boʻlganda, unga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqlilik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Teri va teri osti biriktiruvchi toʻqima kasalliklarining keng tarqalgan shakllari, davolash natijalari qoniqarsiz boʻlgan holatlarda, shuningdek surunkali ogʻir kechuvchi shakllari aniqlanganda, nomzodlar uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi.
Virusli gepatit yoki gemorragik bezgak kasalliklari oʻtkazilgandan keyin nomzodlarning uchish ishiga yaroqliligi kamida 3 — 6 oy oʻtgach, organlar funksiyalari saqlanganligi, tekshiruv natijalari normada ekanligi hamda sogʻligʻi tiklanganligi tasdiqlangan taqdirda, tegishli mutaxassis shifokorning xulosasi va prognozi asosida aniqlanadi.
Aviatsiya kimyoviy ishlari bilan bogʻliq uchuvchilikka 12 oydan keyin ruxsat etiladi,(mineral oʻgʻitlar bilan ishlash bundan mustasno).
155. OITS kasalligi tashxisi aniqlanganda barcha nomzodlar uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsiz deb topiladi hamda bu haqda tibbiy xulosa chiqariladi.
Nomzodlarda jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyalar yoki yuqumli teri kasalliklari aniqlanganda yoxud ulardan shubha qilinganda ular teri-tanosil kasalliklari dispanserida majburiy tartibda tekshiruvdan oʻtkazilishi va davolanishi lozim.
Tashxis tasdiqlanib, kasallik toʻliq davolangandan, klinik, laborator va instrumental tekshiruv natijalari normada boʻlgandan keyin nomzodning uchish ishiga (oʻqishga) yaroqliligi dermatovenerolog mutaxassisning xulosasi va prognozi asosida aniqlanadi.
6-bob. Ginekologik kasalliklar va homiladorlik
156. Quyidagi holatlar aniqlanganda barcha nomzodlarga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi:
funksional buzilishlar va ogʻriq sindromi bilan kechuvchi anatomik defektlarning asoratlari mavjud boʻlgan surunkali ginekologik kasalliklarda;
yalligʻlanish jarayonlarining yilda 3-martadan ortiq retsidivlarida;
qin devori va bachadonning III darajali pastga tushishida;
siydik-tanosil va ichak-tanosil oqma yaralarida;
orqa chiqaruv yoʻli sfinkteri funksiyasining buzilishi bilan kechuvchi chotning yirtilishida;
bachadonning notoʻgʻri joylashuvi yoki yetilmaganligida;
ikki shoxli bachadon mavjud boʻlib, funksional buzilishlar (bachadondan qon ketishi, ogʻriq) kuzatilganda.
157. Surunkali ginekologik kasalliklarning oʻtkir bosqichida nomzodlar davolanishi lozim.
Davolanish natijalari ijobiy boʻlganda, sogʻayish tasdiqlangandan keyin nomzodlar uchish ishiga ruxsat etiladi hamda remissiyaning turgʻunligini aniqlash maqsadida ularga 2 hayz davri davomida ginekolog mutaxassisining tibbiy kuzatuvi belgilanadi.
158. Quyidagi holatlar aniqlanganda nomzodlarga yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqarilmaydi:
kichik tos sohasida ogʻriq sindromisiz kechuvchi chandiqli bitishmalar;
funksional buzilishlarsiz bachadon, tuxumdon yoki fallopiy naylarining tugʻma yoʻqligi;
qinning atreziyasi;
bepushtlik.
159. Bachadon boʻyni kasalliklarida (endotservitsit, eroziya, ektropion eroziyasi), shuningdek trixomonad kolpiti va trixomoniaz aniqlanganda nomzodlar 3 haftagacha muddatga davolanish uchun uchish ishidan vaqtincha chetlatiladi.
Funksional buzilishlarsiz qin devori va bachadonning I-II darajali pastga tushishi aniqlanganda aviatsiya xodimlari uchish ishiga yaroqli deb topiladi hamda ularga ginekolog mutaxassisining dispanser kuzatuvi belgilanadi.
Siydik-tanosil va ichak-tanosil oqma yaralari jarrohlik usuli bilan davolangandan keyin davolash natijalari ijobiy boʻlganda, aviatsiya xodimlari uchish ishiga yaroqlilik masalasi qayta koʻrib chiqiladi.
160. Ayollar jinsiy organlarida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan keyin asoratlar boʻlmaganda va organlar funksiyalari saqlanganda, aviatsiya xodimining uchish ishiga qayta tiklanish masalasi quyidagi muddatlardan keyin koʻrib chiqiladi:
laparotomiya operatsiyalaridan keyin — kamida 2 oy oʻtgach;
laparoskopik operatsiyalardan keyin — 4 — 6 hafta oʻtgach;
total gisterektomiyadan keyin — kamida 6 oy oʻtgach.
Mazkur hollarda postovariektomik, klimakterik va predmenstrual sindromlar, shuningdek ruhiy-emotsional buzilishlar va vegetativ disfunksiya mavjudligi hamda ularning ifodalanish darajasi hisobga olinadi.
Ayollar jinsiy organlarida diametri 5 sm dan katta kista yoki yaxshi sifatli oʻsmalar aniqlanganda aviatsiya xodimlari jarrohlik davolanish uchun uchish ishidan vaqtincha chetlatiladi.
Davolanish natijalari ijobiy boʻlganda, ginekolog-jarrohning xulosasi asosida aviatsiya xodimining uchish ishiga yaroqlilik masalasi aniqlanadi.
161. Klinik belgilarsiz kechuvchi, funksional buzilishlar bilan kechmaydigan kichik hajmdagi bachadon miomasi, endometrioz hamda diametri 5 sm dan oshmaydigan endometriy va follikulyar kistalar aniqlanganda aviatsiya xodimi uchish ishiga yaroqli deb hisoblanadi.
162. Tuxumdonlar disfunksiyasi mavjud boʻlganda, aviatsiya xodimlari uchish ishidan chetlatilmagan holda tekshiruvdan oʻtkazilishi hamda davolanishi mumkin.
Ushbu holatda uchish ishiga yaroqlilik endokrinolog va ginekolog-endokrinolog mutaxassislarining xulosalari hamda kasallik prognozi hisobga olingan holda belgilanadi.
163. Bachadondan disfunksional qon ketishida aviatsiya xodimlari davolanishi lozim.
Birlamchi algomenoreya va dismenoreyada uchish ishiga yaroqlilik klinik belgilarning ifodalanish darajasi, davomiyligi, funksional majburiyatlarni bajarish imkoniyati hamda boshqa tibbiy mezonlar hisobga olingan holda, ginekolog mutaxassisining xulosasiga koʻra individual tartibda aniqlanadi.
Ikkilamchi dismenoreyada uchish ishiga yaroqlilik har tomonlama tekshiruv natijalari, mutaxassislar xulosalari va kasallik prognozi asosida belgilanadi.
Hayz koʻrish davrida aviatsiya xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmaydi va uchish ishidan 3 kungacha chetlatiladi.
164. Quyidagi holatlarda aviatsiya xodimlari jarrohlik usuli bilan davolanishga yuboriladi:
hajmi 12 haftalik homiladorlik muddatiga teng yoki undan katta boʻlgan bachadon miomasi mavjud boʻlganda;
mioma tugunining shilliq ostida joylashuvi aniqlanganda;
mioma tugunining sentripetal oʻsishi kuzatilganda;
mioma tugunining qin tomonga joylashuvi aniqlanganda;
bachadondan qon ketish kuzatilganda;
tugunda modda almashinuvi buzilishi belgilari mavjud boʻlganda;
ikkilamchi anemiya rivojlanganda;
yondosh organlar funksiyasining buzilishiga olib keluvchi holatlar mavjud boʻlganda;
peshob chiqarish obstruksiyasi yoki oʻtkir peshob tutilishi xavfi mavjud boʻlganda.
165. Ichki endometrioz klinik belgilar bilan kechganda va anemiya bilan asoratlanganda aviatsiya xodimlari uchish ishiga yaroqsiz deb topiladi.
Ogʻriq sindromisiz kechuvchi, klinik belgilarsiz yoki kam ifodalangan tashqi genital endometriozda aviatsiya xodimining uchish ishiga yaroqlilik individual tartibda belgilanadi.
166. Tuxumdonlarning funksional kistalari retsidivga moyil boʻlganda, shuningdek follikulyar yoki lyuteinli kistalar 1 yil davomida 2-martadan ortiq kuzatilganda, aviatsiya xodimiga uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Bachadon boʻynining tugʻma eroziyasi, ektropioni yoki ektopiyasi uchish ishidan chetlatish uchun asos hisoblanmaydi.
Bachadon boʻynining IA darajali intraepitelial saratoni boʻlganda, organ saqlovchi jarrohlik amaliyotidan keyin tekshiruv natijalari ijobiy boʻlsa hamda onkologning xulosasi va kasallik prognozi hisobga olingan holda aviatsiya xodimlariga uchish ishiga yaroqlilik individual tartibda belgilanadi.
167. Homiladorlik aniqlanganda aviatsiya xodimlariga uchish ishiga yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi.
Aviatsiya xodimlarini homiladorlik sababli uchish ishidan chetlatish hamda tugʻruqdan keyin uchish ishiga ruxsat berish akusher-ginekologning xulosasiga asosan jarroh tomonidan amalga oshiriladi.
Sunʼiy abort (homilani vakuum-aspiratsiya yoki dilatatsiya yoʻli bilan chiqarib tashlash) hamda kyuretaj oʻtkazilgandan keyin kamida 2 hafta oʻtgach, jarrohlik amaliyotidan keyingi asoratlar mavjud boʻlmaganda va aviatsiya xodimlarining umumiy sogʻliq holati normada boʻlganda, shuningdek homiladorlik muddati bilan bogʻliq asoratlar (qon ketishi, kichik tos aʼzolarining yalligʻlanish kasalliklari, peritonit va septik holatlar) mavjud emasligi yoki ularning rivojlanish xavfi baholangandan soʻng akusher-ginekologning xulosasi va prognozi asosida jarroh tomonidan ularga uchish ishiga ruxsat beriladi.
Istalgan homiladorlikda vaqtidan ilgari homila tushishi holatlarida uchish ishiga yaroqlilik masalasi abortdan keyingi ruhiy holat, umumiy klinik ahvol, oʻtkazilgan davolash natijalari hamda akusher-ginekologning xulosasi hisobga olingan holda individual tartibda aniqlanadi.
7-bob. Oftalmologik kasalliklar
168. Nomzodlarda tegishli guvohnoma va malaka belgilari bilan nazarda tutilgan huquqlarni xavfsiz amalga oshirishga monelik qiluvchi tugʻma yoki orttirilgan nuqsonlar, anomaliyalar, oʻtkir yoki surunkali kasalliklar, shuningdek koʻz va uning qoʻshimcha apparati jarohatlari, koʻrish organlarida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan keyingi asoratlar hamda koʻrish funksiyasining buzilishlari boʻlmasligi kerak.
Nomzodlarning koʻrish maydoni, koʻz ichki bosimi, binokulyar koʻrish funksiyasi va ranglarni ajratish qobiliyati normada boʻlishi yoxud oʻz kasbiy majburiyatlarini xavfsiz bajarish uchun yetarli darajada saqlangan boʻlishi zarur.
Nomzodlar koʻzda har qanday jarrohlik davolash usuli qoʻllanishidan oldin, jarrohlik amaliyotlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan asoratlar, uchish ishiga yaroqsizlikka olib kelishi ehtimoli mavjud boʻlgan omillar, shuningdek uchish ishiga qayta tiklanish muddatlari toʻgʻrisida oftalmolog mutaxassis bilan maslahatdan oʻtishi lozim.
169. Nomzodning kasbiy vazifa va majburiyatlarini xavfsiz bajarishiga monelik qiluvchi quyidagi koʻz kasalliklari, nuqsonlari, jarohatlari va patologik holatlari mavjud boʻlganda ular uchish ishiga (oʻqishga) yaroqsizlik haqida tibbiy xulosa chiqariladi:
koʻzning himoya funksiyasini buzuvchi qovoqlar funksional buzilishlari;
qovoqlarning oʻzaro yoki koʻz olmasi bilan bitishib ketishi;
koʻrish maydoni buzilishiga olib keluvchi ptoz, qovoq va koʻz mushaklarining falaji, shu jumladan ektropion va entropion;
qovoq funksiyasini buzuvchi katta hajmli yoyilgan oʻsmalar;
koʻrish funksiyasining buzilishiga olib keluvchi residivlanuvchi keratit, shox parda yarasi, degeneratsiyasi, chandiqlari, yalligʻlanishlari va vaskulyarizatsiyasi;
funksional buzilish bilan kechuvchi turli etiologiyali keratitlar;
keratokonus;
koʻzning rangdor pardasi yoki tomir pardasi kolobomasi;
asoratlar bilan kechuvchi uveitlar;
koʻzning doimiy yoshlanishiga sabab boʻluvchi koʻz yoshi nuqtalarining notoʻgʻri joylashuvi;
koʻz yoshi yoʻllarining torayishi yoki obstruksiyasi;
koʻz yoshi bezining yalligʻlanishi yoki jarohatli shikastlanishlari;
pigmentli retinopatiya bilan kechuvchi yoki usiz kuzatiluvchi toʻr pardaning barcha turdagi tapetoretinal degeneratsiyalari;
toʻr pardaning koʻchishi yoki retinoshizis;
sariq dogʻ (makula) sohasining har qanday etiologiyali buzilishlari;
har qanday etiologiyali retrobulbar nevrit;
patologik nistagm;
koʻrish nervi atrofiyasi;
koʻz qorachigʻining meʼyoriy reflekslari yoʻqolishi;
koʻrish oʻtkirligi yoki koʻrish maydoniga salbiy taʼsir qiluvchi va koʻrlikka olib keluvchi katarakta;
bir tomonlama yoki ikki tomonlama afakiya;
koʻz gavharining toʻliq yoki qisman siljishi;
koʻz, uning qoʻshimcha apparati yoki koʻz kosasining xavfli oʻsmalari;
https://neolex.uz/uz/laws/law-8124623
