Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-123-son)
03.04.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasiga yuqori malakali kadrlar va salohiyatli rahbar xodimlarni tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni zamon talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlashning ikki bosqichli — oliy taʼlim hamda maxsus kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirishdan iborat yaxlit tizimining istiqboldagi asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) tayanch oliy maʼlumotli mutaxassislar va magistrlarni tayyorlash hajmini ikki baravarga oshirish, ularni qayta tayyorlash orqali besh yilda sohadagi zamonaviy kadrlar ulushini 50 foizga yetkazish;
(b) kasbiy taʼlim orqali professional qutqaruvchilar safini uch karra oshirib, besh yilda toʻliq qamrab olish;
(v) fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish orqali 3 yilda taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilar ilmiy salohiyatini kamida 60 foizga yetkazish;
(g) 3 yil ichida favqulodda vaziyatlar davlat tizimining 4 mingdan ortiq rahbar xodimlari va masʼul mutaxassislarini toʻliq qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
(d) hayot faoliyati xavfsizligi boʻyicha har yili tuman (shahar) tashkilot va muassasalarining 35 ming nafar rahbarlari, masʼul mutaxassislari, mahalla tizimi vakillarini oʻqitish;
(j) 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab xorijiy davlatlar favqulodda vaziyatlar organlarining kadrlarini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish.
II. Tashkiliy tadbirlar
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PF-5706-son Farmoni asosida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi yuridik shaxs maqomida tegishlicha Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) hamda Malaka oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta tashkil etilsin.
4. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti va Malaka oshirish markazining asosiy vazifalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
(a) Akademiya favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, hayot faoliyati xavfsizligini taʼminlash sohalarida yuqori malakali, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar va professional mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan oliy harbiy-texnik taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;
(b) Akademiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining alohida yuridik shaxs maqomidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanib, uning tuzilmasi favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi;
(v) 2026 — 2028-yillarda Akademiya boshligʻining ilm-fan, texnologiya, innovatsiya, sunʼiy intellekt masalalari boʻyicha maslahatchisi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya boshligʻining maslahatchisi) lavozimi joriy etilib, unga xorijiy davlatlardan shartnoma asosida ekspert (mutaxassis) menejer jalb etiladi. Akademiya boshligʻining maslahatchisi maqomiga koʻra Akademiya boshligʻining oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
III. Oliy maʼlumotli mutaxassislar va professional qutqaruvchilarni tayyorlash tadbirlari
6. Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Akademiyaning umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida yagona taʼlim kampusida:
(i) Akademiya huzuridagi Qutqaruvchilar tayyorlash texnikumini (keyingi oʻrinlarda — Texnikum);
(ii) xorijiy davlatlarning favqulodda vaziyatlar tuzilmalariga oliy maʼlumotli kadrlar va professional qutqaruvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlaydigan Xorijiy kadrlarni tayyorlash fakultetini (keyingi oʻrinlarda — Xorijiy fakultet) tashkil etish;
(b) Akademiyada ikki bosqichli oliy taʼlim tizimida yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni quyidagi shakllarda yoʻlga qoʻyish:
(i) harbiy taʼlim yoʻnalishlarida kunduzgi taʼlim shaklida davlat granti, umumfuqaroviy taʼlim yoʻnalishlarida kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarida toʻlov-kontrakt asosida bakalavrlar tayyorlash;
(ii) favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar uchun harbiy va umumfuqaroviy mutaxassisliklarida toʻlov-kontrakt, kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarida magistrlar tayyorlash. Bunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuzilmalari uchun harbiy xizmatchilar kunduzgi va masofaviy taʼlim shakllarida davlat granti asosida tayyorlanadi;
(v) Akademiyada 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida “2+2” taʼlim shaklida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlashning quyidagi yangi tizimini joriy etish:
(i) oʻqish muddati ikki yilni tashkil etadigan Akademiyaning harbiy bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga umumiy qabul parametrlarining teng ulushida 3-ilovaga muvofiq taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatida ikkinchi bosqichni tamomlagan talabalar orasidan davlat grantiga maxsus kasbiy tanlov va ochiqlik mezonlari asosida qabul qilish;
(ii) Akademiyaning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga belgilangan qabul parametrlari (kvota) asosida oʻqish muddati toʻrt yil hamda ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim uch yilni tashkil etadigan kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllariga qabul qilish;
(iii) Akademiyada umumfuqaroviy bakalavriat taʼlim yoʻnalishida kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarni ikkinchi bosqichni tamomlagandan soʻng harbiy bakalavr taʼlim yoʻnalishlariga davlat grantiga maxsus kasbiy tanlov va ochiqlik mezonlari asosida qabul qilish;
(g) Akademiyaga respublikaning yirik iqtisodiyot va toifalangan obyektlari hamda xavfli ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritayotgan fuqaro muhofazasi mutaxassislarini ushbu tashkilotlarning buyurtmasi asosida maxsus kasbiy tanlovlarsiz toʻlov-shartnoma asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga imtiyozli oʻqishga qabul qilish;
(d) istisno tariqasida, 2022-2023-yillarda Akademiyaga “Yongʻin xavfsizligi” va “Texnosfera xavfsizligi” mutaxassisligi boʻyicha qabul qilingan kursantlarning oʻqish muddatini toʻrt yil etib belgilash va ularga oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi bakalavr diplomini berish;
(j) 2027/2028 oʻquv yilidan atom energetikasi sohasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash va bunda:
(i) professor-oʻqituvchilar tarkibini ilgʻor xorijiy davlatlarning sohadagi nufuzli taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida qayta tayyorlash va ularning malaka oshirishini tashkil etish;
(ii) kursant va talabalarni sohadagi ilgʻor xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqitish, shuningdek, ularni atom energetikasida xavfsizlikni taʼminlashga tayyorlash va amaliyot oʻtashi uchun xorijiy davlatlarga yuborish.
7. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumining kasbiy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari dasturi 6-ilovaga muvofiq;
(g) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasini 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) 7-ilovaga muvofiq;
(d) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi taʼlim tashkilotlari (muassasalari)ning harbiy xizmatchilariga umumiy pedagogik staji va ilmiy unvoni uchun toʻlanadigan ustamalar roʻyxati 8-ilovaga muvofiq;
(j) Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar organlarida uzluksiz oʻquv-karyera tizimi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Belgilansinki:
(a) Akademiyaning harbiy bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishga qabul qilish parametrlari yuzasidan taklifi har yili Favqulodda vaziyatlar vazirligining oʻz ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyatiga kiritiladi;
(b) Akademiyaga bakalavriat va magistratura dasturlari boʻyicha umumiy qabul parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
(v) Akademiyada xorijiy davlatlar favqulodda vaziyatlar tuzilmalari kadrlarining taʼlim olishi xorijiy davlatlarning rasmiy murojaatiga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati bilan kelishilgan holda tashkil etiladi;
(g) magistratura dasturining har bir mutaxassisligi boʻyicha oʻqish muddati bir yilni (ekologiya, kimyoviy texnologiya, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi mutaxassisliklari boʻyicha ikki yilni) tashkil etadi;
(d) 2025/2026 oʻquv yilida Institutning “Favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligi” mutaxassisligi boʻyicha magistraturasiga qabul qilingan tinglovchilar 2026/2027 oʻquv yilidan taʼlim jarayonini bevosita Akademiyada davom ettiradi;
(j) Akademiya tomonidan 2020 — 2025-yillarda kadrlar tayyorlashning bir bosqichli tizimi dasturi boʻyicha tamomlagan bitiruvchilarga berilgan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomlar hamda 2021-yilda qabul qilingan kursantlarga beriladigan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomlar magistr darajasiga tenglashtiriladi;
(z) Akademiyaning professor-oʻqituvchilar hamda ilmiy xodimlar (ofitser) tarkibi lavozimlariga tegishli sohada kamida besh yil ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega shaxslar bir oʻquv yili uchun shartnoma asosida ishga qabul qilinishi mumkin;
(i) Akademiyaning taʼlim jarayoniga soatbay haq toʻlash shartlarida jalb etiladigan mutaxassislar (harbiy xizmatchilar)ning asosiy ish joyi boʻyicha ish haqi (pul taʼminoti) ham toʻliq saqlanadi.
IV. Dual taʼlim va uzluksiz oʻquv-karyera tizimini joriy etish
9. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida Akademiyada kasbiy va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridagi mutaxassislik fanlaridan kelib chiqib dual taʼlim shaklida ushbu qarorga 10-ilovaga muvofiq biriktirilgan sanoat, energetika va ishlab chiqarish korxonalari (keyingi oʻrinlarda — sanoat hamkorlari) bilan birgalikda professional va malakali kadrlarni tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilsin.
Bunda taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik) xususiyatidan kelib chiqib, kursant va talabalarni dual taʼlim asosida oʻqitish bir haftada kamida ikki kun taʼlim dasturining nazariy qismini Akademiyada, qolgan kunlari esa ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismlarini sanoat, energetika va ishlab chiqarish korxonalarida oʻtkazish orqali yoki amaliyot shaklida tashkil etiladi.
10. Favqulodda vaziyatlar vazirligi sanoat hamkorlari bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar:
(a) Akademiyada tajriba-sinov va oʻquv inshootlari sifatida 11-ilovaga muvofiq korxonalar (obyektlar)ning maketlari, imitatsiya (simulyatsiya) modellari, virtual poligon, texnologik qurilmalari va laboratoriyalardan iborat Innovatsion dual taʼlim markazi;
(b) korxona va tashkilotlarda kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish uchun zarur oʻquv-uslubiy va maishiy shart-sharoitlarni yaratish choralarini koʻrsin.
11. Favqulodda vaziyatlar organlarida xizmatni oʻtash tartibiga quyidagilarni nazarda tutuvchi uzluksiz oʻquv-karyera tizimi joriy etilsin:
(a) 2027-yil 1-sentabrdan harbiy xizmatchilarga harbiy unvonlar berilishining hamda oddiy askar va serjantlar tarkibi ofitserlik lavozimlariga tayinlanishining asosiy talablaridan biri sifatida ularning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtishi zarurligi;
(b) 2030-yil 1-sentabrdan favqulodda vaziyatlar organlari rahbarlar tarkibining tegishli lavozimlariga tayinlanish uchun Akademiya, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy taʼlim tashkilotlari magistraturasida oʻqish shartligini belgilash.
12. Fanlar akademiyasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining yongʻin xavfsizligini taʼminlash, aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasiga oid muammolar va sohani rivojlantirish boʻyicha quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzurida favqulodda vaziyatlar vaziri rahbarligida Ilmiy ishlarni rivojlantirish idoralararo kengashi faoliyatini;
(b) ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda — ilmiy muassasalar) transport, neft-kimyo, togʻ-kon, elektrotexnika va energetika, qurilish, gidrotexnika, ishlab chiqarish tarmoqlari, geologiya, gidrometeorologiya, ekologiya, sanitariya va veterinariya yoʻnalishlari (profillari)da ilmiy-tadqiqot sektorlarini tashkil etish.
13. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Ilmiy ishlarni rivojlantirish idoralararo kengashi ilmiy muassasalardagi ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot sektorlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(b) ilmiy-tadqiqot sektorlari doirasida ilmiy izlanishlar, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari ilmiy muassasalarning yillik rejalari asosida mustaqil ravishda va buyurtmalar asosida amalga oshiriladi.
V. Professor-oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash tadbirlari
14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Akademiya tomonidan shartnoma asosida koʻrsatiladigan pulli xizmatlar va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar Akademiyaning budjetdan tashqari gʻazna hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi;
(b) Akademiyaning xizmatchilar hisoblangan boshqaruv va professor-oʻqituvchilar tarkibidagi xodimlariga avvalgi ish joyi boʻyicha berilgan martaba darajalari uchun belgilangan ustama haqlar (mavjud boʻlsa) saqlanib qoladi;
(v) Akademiyada toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushgan mablagʻlar uning budjetdan tashqari gʻazna hisobvaragʻiga tushadi va ushbu mablagʻlarning 30 foizdan kam boʻlmagan qismi taʼlim jarayoniga shartnoma asosida malakali mutaxassislarni jalb etishga, shuningdek, Akademiya xodim va xizmatchilarini moddiy ragʻbatlantirish hamda ularni ijtimoiy himoya qilishga yoʻnaltiriladi.
VI. Taʼlim samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha vakolatlar
15. Favqulodda vaziyatlar vaziriga quyidagi huquqlar berilsin:
(a) 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Akademiya boshligʻining maslahatchisi lavozimiga xorijiy davlatlardan shartnoma asosida ekspert (mutaxassis) menejerni tayinlash va lavozimidan ozod etish;
(b) Akademiyaning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxatiga oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritish;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati bilan kelishilgan holda favqulodda vaziyatlar organlari harbiy xizmatchilari uchun Akademiyaning masofaviy taʼlim shakliga belgilanadigan qabul kvotasining 50 foizigacha boʻlgan miqdorda toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha kvota kiritish;
(g) Akademiyaning budjetdan tashqari mablagʻlari, shu jumladan, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan bir oʻquv yili davriga Akademiyaning kafedralariga ularning shtatlar sonining 30 foizigacha boʻlgan miqdorda oʻqituvchilarning qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish;
(d) Akademiyada toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatlarini belgilash.
VII. Xorijiy mutaxassislarni taʼlim jarayoniga jalb etish
16. Akademiyaning buyurtmalariga koʻra:
(a) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy mutaxassislarni jalb etishga ruxsatnoma berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini);
(b) Tashqi ishlar vazirligi mazkur qaror doirasida taʼlim olayotgan xorijiy talabalarga, xorijdan jalb etiladigan Akademiya boshligʻining maslahatchisiga, Akademiya professor-oʻqituvchilar tarkibidagi chet el fuqarolariga (fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga), shuningdek, ularning oila aʼzolariga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
(v) Ichki ishlar vazirligi mazkur qaror doirasida jalb etiladigan xorijiy fuqarolarga koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini hamda turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
17. Belgilansinki, 2026-yil 1-maydan boshlab mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar:
(a) asoslangan hisob-kitoblarga koʻra Favqulodda vaziyatlar vazirligiga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida;
(b) Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari;
(v) Akademiya xoʻjalik faoliyati boʻyicha va shartnoma asosida koʻrsatilgan pulli xizmatlar hamda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
(g) mahalliy grantlar, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlarning moliyaviy texnik koʻmaklari va grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
VIII. Yangi oʻquv kampusini tashkil etish
18. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Akademiyaning yangi oʻquv kampusini 12-ilovaga muvofiq barpo etish uchun Yangi Toshkent shahri hududidan 6 gektar yer maydonini Favqulodda vaziyatlar vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish;
(b) Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tegishli boʻlgan Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi 11,2 gektar yer maydonida joylashgan hudud hamda bino va inshootlarni belgilangan tartibda auksion savdolarida sotishdan tushgan, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan Akademiyaning yangi oʻquv kampusini loyihalash va qurish ishlarini moliyalashtirish;
(v) Akademiyaning yangi oʻquv kampusini loyihalashtirish va qurilish ishlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” davlat muassasasini buyurtmachi etib belgilash.
IX. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
19. Mazkur qaror ijrosini monitoring qilib borish rejasi 13-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
(a) Favqulodda vaziyatlar vazirligi rejaga asosan qaror ijrosini har yili 15-fevralga qadar monitoringdan oʻtkazsin hamda natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda reja asosida qaror ijrosini nazorat qilsin hamda har yili 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(v) “Ijro.gov.uz” tizimida qaror ijrosini nazoratdan yechishda rejada koʻrsatilgan maqsadlarga erishilganligi inobatga olinsin.
20. Qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi belgilansin:
(a) qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshligʻi M.M. Mamasiddiqov, favqulodda vaziyatlar vaziri A.I. Ikramov va oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin;
(b) Favqulodda vaziyatlar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Qaror ijrosini muhokama qilib borish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-aprel,
PQ-123-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari
1. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, hayot faoliyati xavfsizligini taʼminlash sohalarida yuqori malakali ilmiy kadrlar va professional mutaxassislarni ixtisoslashgan holda tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish (keyingi oʻrinlarda — kadrlar tayyorlash).
2. Favqulodda vaziyatlar organlarining ofitserlar tarkibidagi lavozimlariga birinchi marta tayinlangan harbiy xizmatchilarini boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻquv dasturlari asosida oʻqitish.
3. Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi tashkilotlar, shuningdek, xorijiy davlat idoralarining kadrlarini tayyorlash qamrovini kengaytirish.
4. Taʼlim-tarbiya jarayonini ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida tashkil etish, dual taʼlimda nazariya va amaliyotning uzviyligini taʼminlash hamda ochiq axborot-taʼlim muhitining rivojlanishiga koʻmaklashish.
5. Tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha zamonaviy oʻquv-uslubiy bazalar va innovatsion taʼlim texnologiyalarini yaratish.
6. Tinglovchi va kursantlar, shuningdek, koʻngilli qutqaruvchi va volontyor yoshlarning bilim olishi va kasb egallashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish.
7. Tinglovchi, kursantlarda vatanparvarlik va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishning samarali tizimini joriy etish, manfaatlar toʻqnashuvidan xoli va korrupsiyaga murosasiz munosabatda boʻlish immunitetini rivojlantirish.
8. Oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda yetakchi respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik qilish.
9. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, hayot faoliyati xavfsizligini taʼminlash sohalarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutining asosiy vazifalari
1. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslari va mutaxassislarini aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi hamda safarbarlik tayyorgarligi yoʻnalishida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
2. Aholining barcha qatlamlarini (jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni ham) favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanishga tayyorlash, shu jumladan, milliy elektron platforma orqali ularning malakasini oshirish.
3. “Hayot faoliyati xavfsizligi” hududiy oʻquv markazlari faoliyatini ilmiy va oʻquv-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish.
4. Respublikadagi barcha taʼlim tashkilotlariga hayot faoliyati xavfsizligi sohasida hamda favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlashga oid tadbirlarga uslubiy rahbarlik qilish.
5. Favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha fuqaro muhofazasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining asosiy vazifalari
1. Favqulodda vaziyatlar organlari oddiy askar va serjantlar tarkibining, shuningdek, kasbiylashtirilgan qutqaruvchilarning malakasini oshirish.
2. Favqulodda vaziyatlar organlarining barcha toifadagi harbiy xizmatchilarini innovatsion axborot va pedagogik texnologiyalarni qoʻllagan holda, shu jumladan, turdosh yoʻnalishdagi respublika oliy taʼlim tashkilotlari bazasida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
3. Vazirlik va idoralarning qutqaruvchilarini begʻaraz va shartnoma asosida, boshlangʻich kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 3-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlaridan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining “2+2” taʼlim shakliga qabul amalga oshiriladigan taʼlim yoʻnalishlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari
ROʻYXATI
* Umumfuqaroviy taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.
** Bitiruvchilar harbiy va harbiylashgan taʼlim tashkilotlarida ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin.
*** Operativ strategik boʻgʻin menejeri.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumining kasbiy taʼlim yoʻnalishlari
ROʻYXATI
Izoh: Favqulodda vaziyatlar vazirligining soha mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib, favqulodda vaziyatlar vaziriga qoʻshimcha kasbiy taʼlim yoʻnalishlarini kiritish huquqi beriladi.
Beriladigan malakalar boʻyicha oʻqish muddatlari hamda taʼlim dasturlari Kasbiy taʼlim agentligi bilan kelishiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi faoliyatini tashkil etish
CHORA-TADBIRLARI DASTURI
Izohlar:
1. Tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga bogʻliq holda normativ-huquqiy hujjatlar shakli oʻzgarishi mumkin.
2. Mazkur tadbirlar uchun talab etiladigan mablagʻlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasini 2030-yilgacha rivojlantirishning
MAQSADLI koʻrsatkichlari (indikatorlari)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 8-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi taʼlim tashkilotlari (muassasalari)ning harbiy xizmatchilariga umumiy pedagogik staji va ilmiy unvoni uchun toʻlanadigan ustamalar
ROʻYXATI
Izoh: Favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan umumiy pedagogik staji uchun oshirilgan lavozim maoshi va ilmiy unvon uchun har oylik ustama olish huquqiga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar roʻyxati tasdiqlanadi va ustama toʻlash tartibi belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 9-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar organlarida uzluksiz oʻquv-karyera tizimi
* Umumfuqaroviy oʻrta maʼlumotga ega boʻlganda.
** Umumfuqaroviy oliy maʼlumotga ega boʻlganlarni ofitserlar tarkibidagi lavozimlarga tayinlashda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 10-ILOVA
Akademiyada kasbiy va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashda ishtirok etadigan sanoat hamkorlari
ROʻYXATI
Izohlar:
1. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik (tarmoqlar boʻyicha), Yongʻin xavfsizligi, Texnosfera xavfsizligi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha dual taʼlim joriy etiladi.
2. 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofaza xavfsizligi, Hayot faoliyati xavfsizligi, Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha dual taʼlim joriy etiladi.
3. Akademiyada kasbiy va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash boʻyicha ehtiyojlardan kelib chiqib, favqulodda vaziyatlar vaziriga sanoat hamkorlari roʻyxatiga kelishilgan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 11-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida sanoat, energetika va ishlab chiqarish hamkorlari bilan birgalikda Innovatsion dual taʼlim markazini tashkil etish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Izoh: Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqlar asosida sanoat hamkorlari tomonidan oʻquv inshootlaridan iborat Innovatsion dual taʼlim markazi tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 12-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi yangi oʻquv kampusi infratuzilmasining
TARKIBI
Izoh:
Qurilish ishlari uchun belgilangan norma va talablar asosida har bir bino va obyekt (hudud) uchun alohida texnik topshiriq ishlab chiqilib, taqdim etiladi.
Loyihalashtirish jarayonida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-apreldagi PQ-123-son qaroriga 13-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini monitoring qilish
REJASI
