4804-modda. Islomiy moliya operatsiyalariga qoʻshilgan qiymat soligʻi solish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1126-son) · Sana: 27.03.2026 · Amalda
Quyidagilar qoʻshilgan qiymat soligʻi solishdan ozod qilinadi:
1) islomiy qimmatli qogʻozlar (sertifikatlar) bilan bogʻliq operatsiyalar. Islomiy qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq operatsiyalar jumlasiga qimmatli qogʻozlarni saqlash, qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqni hisobga olish, qimmatli qogʻozlarni oʻtkazish hamda ularning reyestrini yuritish, qimmatli qogʻozlar savdosini tashkil etish boʻyicha operatsiyalar kiradi, bundan ularni tayyorlash boʻyicha xizmatlar mustasno;
2) islomiy moliya faoliyati doirasida ishonchli boshqaruv (vositachilik) shartnomalari asosida bank va mikromoliya tashkiloti tomonidan ishonchli boshqaruvning muassisiga (komitentga) pulli asosda koʻrsatilgan xizmatlar;
3) islomiy moliya faoliyati doirasida mol-mulkni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) berishda ushbu mol-mulkni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) berish boʻyicha barcha ijara toʻlovlari summasi va sotib olish narxi oʻrtasidagi ijobiy farq;
4) banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya faoliyati doirasida tuziladigan shartnomalar boʻyicha mijozga (xaridorga) realizatsiya qilinadigan tovarlarga qoʻyiladigan ustama.
