Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3796-son)
27.03.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 27-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3796]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 7-noyabrdagi PQ-505-son “Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-mart,
342-son
Soliq qoʻmitasi raisi F. PULATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-mart,
2026-02-son
Kelishildi:
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 4-fevral
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 30-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 10-martdagi 342-son va Soliq qoʻmitasining 2026-yil 2-martdagi 2026-02-son qaroriga ILOVA
Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom alkogol (pivodan tashqari) va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan muddatlarda amalga kiritiladi va har 2 yilda yangilanadi.
Amal qilish muddati tugagan aksiz markalari yopishtirilgan alkogol va tamaki mahsulotlari markalanmagan hisoblanadi hamda ular belgilangan tartibda olib qoʻyilishi va yoʻq qilinishi kerak.
2. Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar (bundan buyon matnda korxonalar deb yuritiladi) va import qiluvchilarga (bundan buyon matnda importchilar deb yuritiladi) yangi namunadagi aksiz markalarini yopishtirish bilan bir vaqtda alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda (import qilishda) eski namunadagi aksiz markalaridan foydalanishga hamda ular bilan markalangan mahsulot qoldiqlarini besh oy mobaynida sotishga ruxsat beriladi.
Ulgurji va chakana savdo tarmogʻida eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan mahsulotlar korxonalar va importchilar uchun belgilangan muddatdan keyin oʻn ikki oy oʻtgach markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qoʻyiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi hududida yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan paytdan boshlab eski namunadagi aksiz markalarini xarid qilish va ularga buyurtmalarni joylashtirishga doir buyurtmanomalarni qabul qilish taqiqlanadi.
Eski namunadagi aksiz markali alkogol va tamaki mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotishga mazkur Nizomning 6 va 14-bandlari talablarini hisobga olgan holda yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab oʻn yetti oy mobaynida ruxsat beriladi.
4. Yangi namunadagi aksiz markalari korxonalar va importchilarning nomi yozilgan kod raqamlari bilan birga buyurtiriladi, alkogol mahsuloti uchun aksiz markalarida esa korxonaning nomi va isteʼmol idishining litrdagi hajmi ham koʻrsatiladi.
5. Eski namunadagi aksiz markalarini yoʻq qilish boʻyicha xarajatlarni eski namunadagi aksiz markalari yoki ular bilan markalangan mahsulotga ega boʻlgan korxonalar va importchilar amalga oshiradi.
2-bob. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish
6. Yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilganidan keyin korxonalar eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan mahsulotlarni sotishni eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashidan oʻn ikki oy oldin toʻxtatadi.
7. Korxonalarda yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kunda va eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashiga qadar oʻn ikki oy qolgan kunda eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan mahsulot qoldiqlari, shuningdek, foydalanilmagan eski namunadagi aksiz markalarining qoldiqlari korxonada tashkil etiladigan Aksiz markalarini xatlovdan oʻtkazish va yoʻq qilish komissiyasi tomonidan xatlovdan oʻtkaziladi.
8. Komissiyaga kelishuv asosida soliq organlarining vakillari, korxonalarning xodimlari (maʼmuriyat vakillari, aksiz markalar uchun masʼul shaxslar, buxgalteriya xizmati xodimi) kiritiladi.
Komissiya tarkibi korxona rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
9. Komissiya tomonidan xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
10. Xatlovdan oʻtkazish natijalari aksiz markalarini hisobga olish maʼlumotlari bilan solishtiriladi. Aksiz markalari kamomadi uchun mazkur korxona rahbariyati va moddiy javobgar shaxs masʼul hisoblanadi.
11. Komissiya xatlov toʻgʻri, oʻz vaqtida va belgilangan tartibga rioya qilgan holda oʻtkazilishi, shuningdek, aksiz markalari toʻliq hajmda yoʻq qilinishi uchun masʼul hisoblanadi.
12. Korxonalarda eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan alkogol va tamaki mahsulotlari mavjud boʻlganda, eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashiga qadar oʻn ikki oy qolgan kunda tayyor mahsulot qoldiqlariga yangi namunadagi aksiz markalari yangidan yopishtirilib, tovarlardan eski namunadagi aksiz markalari olib tashlanishi kerak.
13. Tovarlardan olib tashlangan aksiz markalari va eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashiga qadar oʻn ikki oy qolgan kunda qayd etilgan, foydalanilmagan eski namunadagi aksiz markalarining qoldiqlari komissiya tomonidan kuydirish yoʻli bilan yoʻq qilinadi hamda bu haqda dalolatnoma tuziladi.
3-bob. Olib kiriladigan (import qilinayotgan) alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish
14. Oʻzbekiston Respublikasi hududida yangi namunadagi aksiz markalarining joriy etilishi bilan uning hududiga eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan alkogol va tamaki mahsulotlarini olib kirish eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashiga oʻn ikki oy qolganda toʻxtatiladi.
Eski namunadagi ishlatilmagan aksiz markalarining qoldiqlari ular aksiz markalari joriy etilgan kunda va eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashiga qadar oʻn ikki oy qolgan kunda Aksiz markalarini xatlovdan oʻtkazish va yoʻq qilish boʻyicha komissiya tomonidan xatlovdan oʻtkaziladi.
Komissiya tomonidan xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
15. Komissiya tarkibiga kelishuv asosida bojxona organlari va importchilar vakillari kiritiladi.
Komissiya tarkibi tegishli hududiy bojxona organi rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
16. Xatlovdan oʻtkazilgandan soʻng, eski namunadagi aksiz markalarining ishlatilmagan qoldiqlarini importchilar tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashidan oʻn ikki oy oldin eksportchidan qabul qilib olishi kerak. Talab qilib olingan eski namunadagi aksiz markalari komissiya tomonidan kuydirish yoʻli bilan yoʻq qilinadi hamda bu haqda dalolatnoma tuziladi.
17. Komissiya xatlov toʻgʻri, oʻz vaqtida va belgilangan tartibga rioya qilgan holda oʻtkazilishi, shuningdek, aksiz markalari toʻliq hajmda yoʻq qilinishi uchun masʼul hisoblanadi.
4-bob. Ulgurji va chakana savdo tarmogʻida sotiladigan alkogol va tamaki mahsulotlari uchun yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish
18. Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab ulgurji va chakana savdo tashkilotlari korxonalardan ham yangi, ham eski namunalardagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni xarid qilishlari mumkin. Ulgurji va chakana savdo tashkilotlari tomonidan eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarning xarid qilinishi eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashiga qadar oʻn ikki oy qolganda toʻxtatiladi.
19. Ulgurji va chakana savdo tashkilotlari eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasi hududida eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishning belgilangan muddati tugashiga qadar sota oladilar.
20. Eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning belgilangan muddati tugaydigan ulgurji va chakana savdo tashkilotlarida tashkil etiladigan Aksiz markalarini xatlovdan oʻtkazish va yoʻq qilish boʻyicha komissiya tomonidan eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan alkogol va tamaki mahsulotlarining qoldiqlari xatlovdan oʻtkaziladi.
21. Komissiyaga soliq organlarining vakillari, savdo tashkilotlarining masʼul xodimlaridan (rahbar, moddiy javobgar shaxs, buxgalteriya xizmati xodimi) kiritiladi.
Komissiya tarkibi savdo tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
22. Komissiya tomonidan xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
23. Komissiya xatlov toʻgʻri, oʻz vaqtida va belgilangan tartibga rioya qilgan holda oʻtkazilishi uchun masʼul hisoblanadi.
24. Xatlovdan oʻtkazish vaqtida savdo tashkilotlarida boʻlgan, amal qilish muddati oʻtib ketgan aksiz markalari bilan markalangan alkogol va tamaki mahsulotlari qonunchilikka muvofiq olib qoʻyilishi va yoʻq qilinishi kerak.
5-bob. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki mintaqaviy boʻlinmalarida aksiz markalarini yoʻq qilish
25. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining mintaqaviy boʻlinmalari yangi namunadagi aksiz markalari joriy qilinishidan bir kun oldin importchilarga eski namunadagi aksiz markalari berishni toʻxtatadilar.
26. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining mintaqaviy boʻlinmalarida eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishga ruxsat etilgan muddatning tugashiga qadar oʻn ikki oy oldin eski namunadagi aksiz markalari Aksiz markalarini xatlovdan oʻtkazish va yoʻq qilish boʻyicha komissiya tomonidan xatlovdan oʻtkaziladi.
27. Komissiyaga soliq organlarining vakillari, korxonalar vakillari va tegishli bankning masʼul xodimlari (rahbariyat, buxgalteriya xizmati xodimi va aksiz markalari uchun moddiy jihatdan masʼul boʻlgan javobgar shaxs) kiritiladi.
28. Eski namunadagi aksiz markalarini xatlovdan oʻtkazish yakunlari aksiz markalarini hisobga olish maʼlumotlari bilan solishtiriladi. Xatlovdan oʻtkazish chogʻida belgilangan aksiz markalarining kamomadi uchun mazkur bank rahbariyati (moddiy javobgar shaxs) masʼul hisoblanadi.
29. Komissiya tomonidan xatlovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
30. Komissiya xatlov toʻgʻri, oʻz vaqtida va belgilangan tartibga rioya qilgan holda oʻtkazilishi, shuningdek aksiz markalari toʻliq hajmda yoʻq qilinishi uchun masʼul hisoblanadi.
31. Xatlovdan oʻtkazilgandan soʻng “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki mintaqaviy boʻlinmalarida mavjud boʻlgan eski namunadagi aksiz markalari shu kunning oʻzida kuydirish yoʻli bilan yoʻq qilinadi, bu haqda komissiya tomonidan tegishli dalolatnoma tuziladi.
32. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki mintaqaviy boʻlinmalarining xatlovdan keyin yoʻq qilingan eski namunadagi aksiz markalarini yetkazib berish va saqlash boʻyicha xarajatlari boʻlinmalarning oʻz mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
6-bob. Yakuniy qoida
33. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarning qoldiqlarini xatlovdan oʻtkazish
DALOLATNOMASI
